Istiqbol tufayli milliy qadriyatlarimiz, boy ma’naviy merosimiz, tariximiz qayta tiklandi va tiklanmoqda. Insoniyat taraqqiyotida beqiyos ahamiyat kasb etgan ma’naviyatimiz durdonasi «Avesto» kitobining 2700 yilligi keng nishonlanishi esa ana shu ulug‘vor ishlarning uzviy davomi bo‘lajak. Shu munosabat bilan tarix fanlari doktori, professor [Mirsodiq ISHQOV] O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
Xalqimiz azaldan ma’naviy yetuklik, yuksak ma’naviyat masalalariga katta e’tibor berib keladi, deb so‘z boshladi olim. «Avesto»da keltirilgan o‘lmas pand-nasihatlar, qimmatli hikoyatlar ham shaxsning kamoloti ajdodlarimiz nazarida birlamchi vazifa bo‘lganidan yorqin dalolatdir.
«Avesto» olimlar tomonidan «ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal qoidasi asoslangan umumboshariy axloq falsafasi kitobi», deb ta’riflanadi. Bu adolatli ta’rif. Negaki, mazkur kitob mazmunan diniydan ko‘ra ko‘proq axloqiy-falsafiy qarashlarni o‘zida mujassam etgan. Necha ming yil oldin yaratilgan bu qadimiy manbadagi fikrlar har qanday jamiyat hayotida, har bir davrda dolzarb va ahamiyatlidir.
Undagi «Taning va ruhing sog‘lom bo‘lishi uchun g‘iybatdan saqlan... G‘azabdan o‘zingni asra, chunki g‘azab tufayli inson o‘z maqsadlarini, ezgu ishlarini unutadi... Inson hasaddan o‘zini ehtiyot qilishi kerak. Hasad tufayli hayotda halovat yo‘qoladi... Inson o‘z aql-idroki yordamida kamol topishi mumkin. O‘zgalar molini olma, aks holda o‘zingnikini yo‘qotasan... Oqil hukmdorning ishini quvvatlash fuqaroning farzidir,» degan purma’no so‘zlar ayni kunlarimizga ham tegishlidir.
Uzoq o‘tmishda yashab o‘tgan bobokalonlarimizning barcha yaratuvchilik, bunyodkorlik ishlarida ana shu hayotbaxsh ta’limot kuch-quvvat, ilhom manbai sanalgan. «Avesto»ning shu mazmun va toifadagi boshqa kitoblardan ajratib turuvchi jihati shundaki, unga muvofiq barcha narsalar, shu jumladan diniy qadriyatlar ham ma’naviy-axloqiy negizga asoslanadi. Shuning uchun ham zardushtiylikda marosimlarni ko‘r-ko‘rona bajarish qoralanadi. E’tiqod sidqidildan, hushyor ruh bilan bo‘lishi lozimligi ta’kidlanadi. Unda ma’naviy poklik va yuksak axloq ustuvor o‘ringa qo‘yilgan. Inson qadri-qimmati, martabasi uning jaholat va zulmga qarshi mardonavor kurashi bilan belgilanishi e’lon qilingan.
«Avesto» falsafasining yana bir muhim jihati, meningcha, haqiqatparvarlik va ma’rifatparvarlikda namoyon bo‘ladi. Uning boshidan oxirigacha inson jahonni teran idrok etishga, har jihatdan bilimli bo‘lishga, dononi nodondan, yaxshini yomondan, pokni nopokdan ajrata bilishga, ezguliklarni ko‘paytirishga, qabohat va razolatni, ayniqsa yaklit razolat timsoliga aylangan «yolg‘on»ni yo‘q qilishga da’vat etiladi.
Shunisi diqqatga sazovorki, «Avesto» kishilarni rostlik va durustlik yo‘liga undar ekan, inson hayoti va yurt ravnaqini tanazzulga eltadigan qingir amallar tarafdorlariga qarshi dadil kurashga chaqiradi.
«Avesto»ning «Videvdat» qismi jamiyatdagi chuqur ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy jarayonlarning barcha tomonlarini qamrab olgan huquqiy munosabatlar majmuini tashkil etadi, deyish mumkin. Unda halollik va poklik, odamlarning vazifa va burchlari, majburiyatlari belgilab berilgan, ijtimoiy va axloqiy qarashlarning butun bir tizimi o‘z mujassamini topgan.
Shu bois, milliy turmush tarzimiz, urf-odatlarimizda «Avesto»da keltirilgan son-sanoqsiz udumlar hamon yashab kelmoqda. Ularning mavjudligi ma’naviyatimizni yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu hol «Avesto»ni biz uchun boy ma’naviy merosimizning muqaddas obidalari qatoriga qo‘yadi.
«Avesto»da aks etgan yuksak insoniy g‘oyalar jahon miqyosida madaniy-ma’naviy hayotga ulkan ta’sir ko‘rsatgani fanda va butun dunyoda chuqur e’tirof etilmoqda. Bu e’tirof kitobning umumboshariy meros darajasiga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
Millatimiz faxri, xalqimiz boyligi hisoblangan «Avesto»ning 2700 yilligi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanishi ayniqsa quvonchlidir.
Qolaversa, ushbu sanani nishonlash va bebaho merosimiz sarchashmasini chuqur o‘rganish bilan bog‘liq barcha tadbirlar jahon hamjamiyatini eng ezgu, umuminsoniy g‘oyalar atrofida jipslashtirishga xizmat qiladi. Binobarin, YUNESKOdek nufuzli xalqaro tashkilot bu to‘g‘rida maxsus qaror qabul qilgani bejiz emas.
Xulosa qilib aytganda, ushbu kitob qadimiy tarix, din, etnografiya, tarixiy geografiya, axloqiy-falsafiy qarashlar, astronomiya, kosmogoniya, ilohiyot va boshqa ko‘plab sohalar uchun qiziqarli ma’lumotlar beradi. Shu bilan birga u o‘z mohiyati jihatidan ilk badiiy ijod va adabiyot obidasi hamdir. Uni chuqur tadqiq va tahlil etish, keng xalq ommasiga yetkazish olimlarimiz oldida turgan dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.