$$Quyi Chirchiq tumani$$dagi $$[Navoiy] nomli xalq korporatsiyasi$$ sholichilikka ixtisoslashgan. Shuning uchundirmi, hosildorlik muqim. Masalan, o‘tgan yili 54 sentner bo‘ldi.
Xo‘sh, hosilning yuqori va ayniqsa muqimligi faqat sholichilikka ixtisoslashganlikdamı? Yoki boshqa omillari bormi? Biz shu masalaning tagiga yetish uchun xo‘jalikning keyingi yillardagi faoliyati bilan tanishdik, rais bilan erinmay, obdon suhbatlashdik. Pirovard xulosamiz shunday bo‘ldi: ixtisoslashish o‘z yo‘liga, biroq xo‘jalikda ish tutumi puxta, rahbar har sohada tashkilotchi. Bu ishlar ishlab chiqarish va iqtisodiy ko‘rsatkichlarda manaman, deb turibdi.
Keling, gapni bir boshdan boshlaylik. Xo‘jalikda Respublika hukumatining qishloq infrastrukturasini takomillashtirish, ya‘ni dehqonchasiga aytganda bevosita dalada ishlayotganlar sonini kamaytirib, ularni boshqa sohalarga ishga o‘tkazishga qaratilgan agrar siyosati asta-sekin amalga oshirilmoqda. Chunonchi, dehqonchilik qilinadigan qariyb 2500 gektar yerda ilgari 1200 kishi ishlab kelgan bo‘lsa, endi 340 kishi bemalol eplayapti. Qolganlar boshqa sohalarda — masalan, shlakoblok quyish, taxta yog‘ochni qayta ishlab, eshik-deraza romlari tayyorlash tsexlarida, xo‘jalik va xonadonlar buyurtmalarini bajaruvchi ikkita qurilish brigadasida, korporatsiyaning qishloq xo‘jalik texnikalarini ta‘mirlash ustaxonasida ishlamoqda.
Darvoqe, korporatsiya o‘zi uchun yetarli texnika vositalari va mashina-mexanizmlariga ega. MTPlarning xizmatiga muhtoj emas. Har yili sholi hosili yig‘ishtirib olinganidan so‘ng, hamma haydov traktorlar ishga solinib, kuzgi shudgor barvaqt tugallanadi. Sholiga o‘roq tushganda esa, avvaldan shay qilib qo‘yilgan “[Keys]” va “[Yenisey]”lar “til”ga kiradi. Hozir xo‘jalikda “[Keys]”ning o‘zidan oltita.
Davlatimiz rahbari viloyat Kengashi sessiyasida so‘zlagan nutqida urug‘chilik bilan shug‘ullanish masalasiga alohida to‘xtalib, ertapishar va serhosil yangi navlarni yaratish hamda dehqonlarga yetkazib berish borasidagi ishlar mutlaqo qoniqarsiz ekanligini ta‘kidladi. Korporatsiya rahbarlari esa bu masalaga ijodiy yondashib, mavjud sholi navlaridan har yili muqim hosil olishga erishmoqdalar. Ammo bu darajaga yetishish uchun ular ko‘p izlandilar. Chunonchi, sholining “Lazur”, “Alanga”, “Intensiv” navlari sinchkovlik bilan sinovdan o‘tkazildi. Ertapisharligi, guruchining ta‘mi jihatidan bu navlar yomon emas. Ammo eng kerakli masala — ya‘ni hosildorlik jihatidan xo‘jalik rahbarlariga ma‘qul kelmadi. To‘g‘rida, mehnat qilishdan maqsad — ko‘ngildagidek daromadga ega bo‘lish. Daromadning salmog‘ini esa hosilning cho‘g‘i belgilaydi.
— Xullas, obdon sinab ko‘rganimizdan so‘ng nihoyat bir to‘xtamga keldik, — deydi boshqaruv raisi [Tursunxo‘ja Iskandarov]. — Mana, keyingi yillarda faqat “Avangard” va “Uzros-7-13” navlarini ekayapmiz. Nav tanlashda yanglishmaganimiz uchun har yili omborlarimiz sholiga to‘layapti, daromadlarimiz salmoqli bo‘layapti.
Xo‘jalikda faqat “Avangard” va “Uzros-7-13” navlari ekilayotganining siri shundaki, ularning biri ertapishar, ikkinchisi serhosil. Masalan, “Avangard” navi 115–120 kunda pishadi. Biroq poyasi bo‘shroq, ob-havo sal noqulay kelsa, yotib qolishi mumkin. “Uzros-7-13” navining hosili esa 140–145 kunda yetiladi. Juda hosildor — 80–90 sentnergacha boradi. Poyasi mustahkam, yotib qolmaydi. Guruchi mazali.
Sholiga mo‘ljallangan yerning uchdan bir qismiga, ya‘ni 600–700 gektariga har yili “Avangard”, uchdan ikki qismiga esa “Uzros-7-13” ekiladi. Sababi shundaki, “Avangard” erta pishib yetilgach, kombaynlar ishga tushadi. Bu hosil o‘rib-yanchib olinguncha, “Uzros-7-13” ham obdon yetiladi. Shunday qilib, sholi ketma-ket pishaveradi va peshma-pesh saralanib olinadi.
Lekin nav to‘g‘ri tanlangani asosiy omil emas. Gap shundaki, bir necha yildan beri xo‘jalik o‘zi uchun kerakli urug‘likni o‘zi yetishtiryapti. Buning uchun quyidagi tartibga amal qilinadi. Har yili Sholichilik ilmiy tadqiqot institutidan 20 tonna elita urug‘lik olinadi. U yuz gektar yerga yetadi. Shuncha maydondagi sholida kuzga borib 400 tonna birinchi reproduksiya urug‘ chiqadi.
Xo‘jalik uchun esa yiliga 500 tonna urug‘lik sholi kerak bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, har yili asosiy maydonga, ya‘ni 2000 gektar yerga birinchi reproduksiya urug‘lik sepiladi. Qolgan yerning yuz gektariga elita va faqat 200 gektariga ikkinchi reproduksiya urug‘i tushadi. Shu miqdor har yili birdek takrorlanaveradi. Demak, asosan yuqori reproduksiya urug‘ ekilayotgani uchun xo‘jalikda hosildorlik muqim va yuqori.
Masalan, o‘tgan mavsumda o‘rtacha hosildorlik 54 sentnerga to‘g‘ri keldi. Gerbitsidni vaqtida sepib, begona o‘tlarning rivojlanib ketishiga yo‘l qo‘ymagan ayrim brigadalarda esa 80–90 sentner edi.
Shunisi muhimki, xo‘jalikda dala mehnatkashlarining oylik ish haqlari ham muqim. Negaki, xo‘jalikning daromadi tayin. Masalan, 1998-yilgi umumiy daromadi 340 million so‘mdan oshib ketdi. Sof foyda ham uncha-muncha odam ishonmaydigan darajada — 108 million so‘m. Bungacha ham xo‘jalikning “G‘allabank”dagi hisob raqamida 80 million so‘mdan ko‘proq puli bor edi. Shunday bo‘lgach, korporatsiya a‘zolarining oylik maoshlari tayin ekanligi tabiiy holdir.
Hatto har safar ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni oshirish to‘g‘risida Prezident farmoni e‘lon qilinganda bu xo‘jalikda ham oylik maosh albatta oshiriladi. Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun aniq misol keltirishimiz mumkin. 1998-yilning 1-iyuligacha xo‘jalik a‘zolari fevral oyidan boshlab o‘rtacha 2500–3200 so‘mdan, 1-iyuldan esa 4300–5500 so‘mdan maosh oldilar.
Darvoqe, u bejiz emas, albatta. Chunki korporatsiya bilan ular o‘rtasida tuzilgan shartnomada hosildorlik 45 sentner qilib belgilanadi. Shundan oshganini esa sholikorning o‘zi oladi. Hammasini jamlab hisoblaydigan bo‘lsak, xo‘jalik bo‘yicha oddiy sholikorning o‘rtacha oylik daromadi 30 ming so‘mdan kam bo‘lmaydi. Kezi kelganda shuni ham aytish joizki, agar dalada hozir ham ilgarigidek 1200 kishi ishlayotgan bo‘lganida bu daromad 8 ming so‘mdan oshmasdi. Demak, Prezidentning qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan odamlarning asosiy qismini asta-sekin boshqa sohalarga o‘tkazish haqida qayg‘urayotganligi bejiz emas, albatta.
— Biz Yurtboshimiz belgilab bergan beshta asosiy tamoyildan biri — kuchli ijtimoiy himoya masalasiga ham og‘ishmay amal qilmoqdamiz, — deydi rais. — 400 dan ziyod pensionerimiz bor. Ularga har yili 100 kilodan bepul sholi tarqatamiz. O‘qituvchi va shifokorlarimizga esa tannarx, ya‘ni eng arzon narxda sotamiz. Bu ham katta iqtisodiy yordam, albatta. Rais bilan suhbatimiz yaqqol misoldir.
O‘z chog‘ida “E-e, omilkor rahbar osmondan tusharmidi”, deb qoldi u. Keyin hukumat, ayniqsa Prezident olib borayotgan agrar siyosat tufayli qishloq xo‘jaligidagi rahbarlar uchun salohiyatini namoyon etish, qo‘lidan nima kelishini amalda ko‘rsatish imkoniyati tug‘ilganligi haqida to‘lqinlanib gapirdi.
Uning so‘zlarini eshitib turib, xayolimga shunday fikr keldi: “Haqiqatan ham shunday. Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan ko‘plab qonunlar, Prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi. Bularning hammasi oddiy dehqondan tortib to rahbargacha har tomonlama erkinlik beradi, huquqlarini kengaytiradi. Buni tushunib, amal qilib, jon kuydirib ishlayotgan rahbarlar rejani puxta olib, maqsadga erishmoqdalar, xo‘jaliklarini iqtisodiy tanazzuldan olib chiqmoqdalar. [Tursunxo‘ja Iskandarov]ning o‘zi bunga yaqqol misoldir.”