Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish, bilimlar asoslarini puxta oʻrganish hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi boʻyicha kadrlar tayyorlash uchun akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
1. Hozirgi zamon talablariga javob beradigan bilimli, malakali mutaxassislarni tayyorlash va tarbiyalashning bosqichli boʻgʻini sifatida akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishini ta’minlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar va kompaniyalarning, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining muhim vazifasi deb hisoblansin.
2. «Oʻzbekiston Respublikasida oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi toʻgʻrisida»gi Nizom tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;
akademik litseylar, qoida tariqasida, oliy ta’lim muassasalari huzurida, ishlab turgan oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, boshqa ta’lim muassasalari negizida va yangi qurilish hisobiga tashkil etiladi;
kasb-hunar kollejlar ishlab turgan oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari va ularga tenglashtirilgan ta’lim muassasalari negizida, shuningdek yangi qurilish hisobiga tashkil etiladi;
qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan oʻquv yurtlari oʻquvchilarining oʻqishni tamomlashlari ushbu oʻquv yurtlari negizida tashkil etilayotgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlar tomonidan ta’minlanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda:
1999 yil 1 iyunga qadar oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartini ishlab chiqsinlar, unda:
umumiy oʻrta va oliy ta’lim bilan uzluksizlik va izchillik prinsipini amalga oshirish, oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi sifati va mazmuniga talablarni belgilashni;
akademik litseyda bilimlar asoslarini puxta oʻrganish hamda kasb-hunar kollejida mutaxassislar tayyorlash uchun zarur boʻlgan oʻquv fanlarini, ta’lim dasturlarini va maxsus dasturlarni, oʻquv soatlari hajmlarini shakllantirishni;
oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilariga nisbatan malaka talablarini belgilashni;
oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini baholash tartibini ishlab chiqishni nazarda tutsinlar;
1999–2000 oʻquv yilidan boshlab oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standarti sinab koʻrilishini ta’minlasinlar;
2000 yil 1 iyulga qadar sinov natijalarini hisobga olgan holda oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat standartini puxta ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi:
1999 yil 1 sentyabrgacha oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi davlat standarti asosida akademik litseylar va kasb-hunar kollejlar uchun tajriba oʻquv dasturlari ishlab chiqilishini ta’minlasin, ularga umumta’lim maktablarining 10–11-sinflari oʻquv yuklamalari va dasturlari bir qismining oʻtkazilishini nazarda tutsin;
1999–2000 oʻquv yilidan boshlab koʻrsatilgan oʻquv dasturlarini ishlab turgan hamda tashkil etiladigan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida tajriba tariqasida sinab koʻrsin;
2000 yil 1 iyulga qadar tajriba oʻquv dasturlarini joriy etishning tajriba tariqasida sinovdan oʻtkazish yakunlarini hisobga olgan holda oʻrta maxsus, kasb-hunar, oliy va xalq ta’limi tizimi oʻqituvchilari, mutaxassislari, rahbarlarining xulosalarini umumlashtirsin va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Tajriba oʻquv dasturlari ishlab chiqilishi va ularning sinovdan oʻtkazilishi ustidan nazoratni ta’minlash, shuningdek kiritilgan takliflarni umumlashtirish maqsadida Respublika komissiyasi va maxsus ishchi guruhlar tashkil etilsin. Komissiyaga va ishchi guruhlarga akademik litseylar va kasb-hunar kollejlar dasturlarini tayyorlash, shuningdek ularning respublikada tajriba tariqasida sinovdan oʻtkazilishi uchun javobgarlik yuklansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida ham shunday komissiyalar tuzilsin. Komissiyalarga vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, kompaniyalar va korxonalarning zarur mutaxassislarini ishga jalb qilishga ruxsat etilsin.
Respublika komissiyasi tadbirlar ish rejasini tayyorlasin hamda tajribaning toʻplangan natijalarini, maxsus ishchi guruhlar va hududiy komissiyalar takliflarini hisobga olgan holda, 2000 yil 1 avgustgacha akademik litseylar va kasb-hunar kollejlar uchun darsliklar tayyorlash dastur-topshiriqlari ishlab chiqilishini ta’minlasin.
Darsliklarni tayyorlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vaziri, Oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi rahbari va Davlat matbuot qoʻmitasi raisi zimmasiga yuklansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat test markazi akademik litseylar va kasb-hunar kollejlar bitiruvchilarini yakuniy attestatsiyadan oʻtkazish test usullarining tajriba sinovini bosqichma-bosqich amalga oshirishni nazarda tutgan holda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlar oʻquvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi toʻgʻrisidagi [Nizom]ni 1999 yil 1 sentyabrgacha ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, «Ustoz» jamgʻarmasi bilan birgalikda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini pedagog kadrlar bilan ta’minlash dasturini ikki oy muddatda tayyorlasin, unda:
Oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi pedagoglari va muhandis-pedagog xodimlariga qoʻyiladigan malaka talablarini belgilovchi [Nizom], shuningdek mehnatga haq toʻlash boʻyicha tegishli tarif setkasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
umumta’lim maktablarining 10–11-sinflaridan, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari va hunar-texnika bilim yurtlaridan boʻshab qolayotgan oʻqituvchilarni akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida ishlashga jalb qilishni;
xorijiy ta’lim va ilm-fan markazlarida tayyorgarlikdan oʻtgan pedagog xodimlarning oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimiga yuborilishini;
fan, oliy ta’lim, iqtisodiyot, ishlab chiqarish va madaniyat sohasidan amaliyotchi mutaxassislarning pedagogik faoliyatga faol jalb etilishini;
1999–2000 oʻquv yilidan boshlab tayanch pedagogika institutlari va universitetlar talabalarini tayyorlash dasturiga yangi ta’lim, kasb-hunar dasturlari hamda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida oʻqitish uslubiyoti boʻyicha maxsus kurslar kiritilishini;
muhandis-pedagog kadrlar tayyorlashda fan va ishlab chiqarish muassasalarining moddiy-texnika bazasi va uslubiy imkoniyatlaridan keng foydalanilishini;
respublikaning zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiquvchi va ulardan foydalanuvchi tayanch oliy ta’lim muassasalarida, ilgʻor ta’lim muassasalarida professor-oʻqituvchilar tarkibini, pedagoglar va muhandis-pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha muntazam kurslar tashkil etilishini nazarda tutsin.
9. Maxsus Hukumat komissiyasiga ([Oʻ. T. Sultonov]) akademik litseylarni va kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mablagʻ bilan ta’minlashning 1999–2005 yillarga moʻljallangan dasturini 1998 yil 1 sentyabrgacha ishlab chiqish yuklansin. Dasturda:
ishlab turgan hunar-texnika bilim yurtlari, texnikumlar, litseylar va kollejlarning mavjud moddiy-texnika bazasidan foydalanish;
maktablar, hunar-texnika bilim yurtlari va texnikumlarning boʻshayadigan binolarini rekonstruksiya qilish;
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining yangi binolarini, ularning hududlar boʻyicha maqbul joylashtirilishini hisobga olgan holda qurish;
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini moddiy-texnikaviy ta’minlash, ularni laboratoriyalar va ustaxonalar, asbob-uskuna hamda hisoblash texnikasi vositalari bilan jihozlash;
yotoqxonalar bilan ta’minlash va zarur maishiy sharoitlar yaratish nazarda tutilsin.
Dastur tumanlar, shaharlar, viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasining kadrlar ehtiyojini hisobga olgan holda, kalendar yil boʻyicha amalga oshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda 1999 yil va kelgusi yillar uchun byudjetni tayyorlashda Dastur topshiriqlarini bajarishni mablagʻ bilan ta’minlash manbalarini – respublika byudjeti, viloyat byudjetlari, tegishli vazirliklar, korporatsiyalar, uyushmalar, kompaniyalar va korxonalar, homiylar mablagʻlari hisobiga – nazarda tutsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri [Oʻ. T. Sultonov] zimmasiga yuklansin.