🔍

Article

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA UMUMIY OʻRTA TAʼLIMNI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA

By Vazirlar Mahkamasining Raisi Toshkent shahri, … • in 1998

Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq, umumtaʼlim maktablarining oʻqitish dasturlarini isloh qilish, toʻqqiz yillik umumiy oʻrta taʼlimning sifat jihatidan yangi tizimini yaratish, uning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi bilan davomiyligini va uzviy bogʻliqligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:

1. Belgilab qoʻyilsinki, umumiy oʻrta taʼlimning (maktabning 1–9-sinflari) taʼlim dasturlari:
— oʻquvchilarning muntazam bilim olishini, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirishni, asosiy oʻquv, oʻq ilmiy va umummadaniy bilimlarni shakllantirishni;
— Oʻquvchilarida mehnat koʻnikmalari, mustaqil ijodiy fikrlash, kasb tanlashga va atrof-olamga ongli munosabatni hosil qilishni; milliy va umumbashariy qadriyatlarni uzviy birlashtirish asosida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalashni, oʻz Vataniga va xalqiga sodiq fuqaro sifatida shakllantirishni;
— 1–9-sinflar oʻquv dasturlarining akademik litseylar va kasb-hunar kollejlaridagi oʻqitish dasturlari bilan oʻzaro uzviy bogʻlanishini taʼminlashi lozim.

2. “Oʻzbekiston Respublikasida umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi [Nizom] tasdiqlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
1998-yil 1-avgustga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda umumiy oʻrta taʼlim davlat taʼlim standartini ishlab chiqsin, unda:
— tayyorlash sifati va taʼlim mazmuniga talablarni belgilashni;
— oʻquvchilarni tayyorlash uchun maqbul boʻlgan zarur oʻquv fanlarini, taʼlim dasturlarini va oʻquv soatlari hajmlarini shakllantirishni;
— maktab bitiruvchilariga nisbatan malaka talablarini belgilashni;
— asosiy (maktab) taʼlim muassasasi faoliyatini baholash tartibini ishlab chiqishni nazarda tutsin;
— 1998–1999 oʻquv yili davomida umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartini sinovdan oʻtkazishni taʼminlasin;
— 1999-yil 1-iyulga qadar sinov natijalarini hisobga olgan holda umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartini puxta ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
— 1999–2000 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartini umumtaʼlim maktablarida oʻqitish dasturlari bilan birgalikda joriy etilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
1998-yil 1-sentabrga qadar umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartini ishlab chiqish bilan bir paytda, uning asosida umumtaʼlim maktablari uchun tajriba oʻquv dasturlarini ishlab chiqilishini taʼminlasin.
Bunda 10–11-sinflar oʻquv yuklamalari va dasturlarining tegishli ravishda 5–9-sinflar oʻquv dasturlariga, shuningdek, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlaridagi dasturlarga oʻtkazilishini nazarda tutsin;
1998–1999 oʻquv yili mobaynida koʻrsatilgan oʻquv dasturlarini umumtaʼlim maktablarida tajriba tariqasida sinab koʻrsin;
1999-yil 1-iyulgacha tajriba oʻquv dasturlarini joriy etish tajribasi yakunlarini hisobga olgan holda xalq taʼlimi tizimidagi mutaxassislar, pedagoglar va rahbarlarning xulosalarini umumlashtirsin va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Tajriba oʻquv dasturlari ishlab chiqilishi va ularning sinab koʻrilishi ustidan nazoratni taʼminlash, shuningdek, kiritilgan takliflarni umumlashtirish maqsadida Respublika komissiyasi va maxsus ishchi guruhlari tashkil etilsin.
Komissiyaga va ishchi guruhlariga ona tili, adabiyot, tarix, matematika, fizika, kimyo, biologiya va boshqa fanlar boʻyicha oʻquv dasturlari tayyorlash, shuningdek, ularning respublikada tajriba tariqasida sinab koʻrilishi uchun javobgarlik yuklansin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida ham shunday komissiyalar tuzilsin. Komissiyalarga malakali pedagoglar va mutaxassislarni ishga jalb qilishga ruxsat etilsin.

Respublika komissiyasi tadbirlar ish rejasi tayyorlasin hamda tajriba oʻtkazish jarayonida oʻtkazilgan tajribaning toʻplangan natijalarini, fanlar boʻyicha maxsus ishchi guruhlari va hududiy komissiyalar takliflarini hisobga olgan holda, 1999-yil 1-avgustga qadar 1–9-sinflar uchun maktab darsliklarini tayyorlash dastur-topshiriqlarini ishlab chiqishni taʼminlasin.

Darsliklarni tayyorlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri hamda Davlat matbuot qoʻmitasi raisi zimmasiga yuklansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda umumiy oʻrta maktablarda yangi oʻqitish dasturlari va uslublari boʻyicha maxsus kurslarni ishlab chiqsin va ularni 1999–2000 oʻquv yilidan boshlab pedagogika institutlari va universitetlarining talabalari tayyorlash dasturiga kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat test markazi:
1998-yil 1-avgustga qadar taʼlim muassasalari, umumiy oʻrta taʼlim rahbar xodimlarini va pedagog kadrlarni davriy ravishda attestatsiyadan oʻtkazib turish tartibini ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar;
1998-yil 1-sentabrigacha 5–9-sinf oʻquvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi toʻgʻrisidagi [Nizom]ni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
1998–1999 oʻquv yili mobaynida 5–9-sinflar bitiruvchilarini yakuniy attestatsiyadan oʻtkazishning test usullarini tajriba tariqasida sinab koʻrsinlar va ularning 1999–2000 oʻquv yilidan boshlab joriy qilinishini taʼminlasinlar.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
1998-yil 1-sentabrgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda xalq taʼlimi tuman, shahar boʻlimlari tuzilmasida oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazlarini tashkil etsin;
markazlarni oʻquvchilar kontingentini hisobga olgan holda, xalq taʼlimi tuman, shahar boʻlimlari va ularning uslubiyot kabinetlarining mehnatga haq toʻlash fondi va xodimlar soni doirasida tashkil etsin. Markazlar shtatdagi xodimlarining chekli soni koʻpi bilan 4 nafardan iborat etib belgilansin;
oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazi toʻgʻrisidagi [Nizom]ni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
— bolalar rivojlanishiga psixologik-pedagogik jihatdan tashhis qoʻyish, ularning qobiliyati va moyilligini aniqlash, bolani olti yoshdan boshlab maktabga qabul qilish toʻgʻrisida tavsiyanomalar berish;
— oʻquvchilarni har yili tibbiy-pedagogik tekshiruvlardan oʻtkazish;
— bolalarga va ota-onalarga oʻquvchilarni oʻqitishda, tarbiyalashda va ijtimoiy moslashtirishda psixologik-pedagogik yordam koʻrsatish;
— maktab oʻquvchilariga, ularning qobiliyatlarini, kasb-hunarga moyilliklarini va qiziqishlarini hisobga olgan holda, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejidagi taʼlim yoʻnalishini tanlashda koʻmaklashish.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1-avgustga qadar:
— maktablarning malakali pedagog kadrlar, oʻquv-uslubiy adabiyotlar va didaktik materiallar, oʻqitishning texnik va axborot vositalari bilan taʼminlanishini;
— umumiy oʻrta taʼlim tizimi taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini tayyorlashni, oʻquvchilar uchun zarur sanitariya-maishiy va ijtimoiy sharoitlar yaratilishini taʼminlasinlar.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, “Ustoz” jamgʻarmasi oʻqitishning ilgʻor usullarini, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiqayotgan hamda ulardan foydalayotgan umumiy oʻrta va oliy taʼlimning ilgʻor taʼlim muassasalari negizida umumiy oʻrta maktablar oʻqituvchilarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etsinlar va ularning muntazam ishlashini taʼminlasinlar.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda maktab oʻquvchilarini har yili tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni, sanitariya va maktab gigiyenasi normalariga, oʻquv-tarbiyaviy jarayonning sogʻlomlashtirish yoʻnalishiga rioya qilinishini taʼminlasin.

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari [A. A. Azizxoʻjayev] zimmasiga yuklansin.

Total words

906

Unique words

446

Annotated anthroponyms

4

Toponyms

0

TTR

0.492

Hapax

308

Distribution

Top frequency chart

Dataset