🔍

Article

QUTLUG’ BAYRAM TANTANALARI.

By T. Botirbekov,OʻzA maxsus muxbiri • in 1996

$$Ikkinchi jahon urushi$$ $$Oʻzbekiston hududi$$dan ancha uzoqda kechgan boʻlsa-da, yurtimizda uning jabrini chekmagan xonadon deyarli yoʻq. Zero, qariyb bir yarim million hamyurtimiz urush mashaqqatlarini boshidan kechirdi. Toʻrt yuz mingga yaqin kishi oʻlkamizga qaytib kelmadi.

Prezidentimiz [Islom Karimov]ning «Gʻalaba kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida»gi Farmoni urush faxriylari va nogironlariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va eʼtiborning yana bir yorqin namunasi boʻldi. Bayramga oʻzgacha ruh, oʻzgacha shukuh bagʻishladi. Zotan, ikkinchi jahon urushining jang maydonlarida koʻplab oʻzbekistonliklar mardlik va qahramonlik namunalarini koʻrsatdi, xalqimiz bolalardan tortib ayollargacha front ortida fidokorona mehnat qildi. Bu bilan ular gʻalabaga erishishga munosib hissa qoʻshdilar. 170 mingdan ziyod vatandoshimiz orden va medallar bilan mukofotlandi. Shulardan 338 kishiga Qahramon unvoni berilgan, 53 kishi esa «Shuhrat» ordenining toʻla nishondoridir.

Koʻksilarini qator orden va medallar bezagan, chehralaridan nur yogʻilib turgan faxriylar, Qurolli Kuchlar hamda mehnat jamoalarining vakillari Vatan ozodligi va mustaqilligi uchun kurashda qurbon boʻlgan hamyurtlarimiz hurmatini bajo keltirish, nomlarini yod aylamoq, ularning ruhi poklariga taʼzim qilmoq maqsadida 9 may kuni poytaxtning Mustaqillik maydoniga keldilar. Maydon bayramona bezatilgan, bahorning yoqimli shabadasi bayroqlarni hilpiratib turibdi.

Oʻzbekiston Prezidenti, respublika Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qoʻmondoni [Islom Karimov] urush faxriylari, Qurolli Kuchlar va mehnat jamoalari vakillarini, ular siymosida butun Oʻzbekiston xalqini qutlugʻ bayram bilan qizgʻin tabrikladi.

Gʻalaba kuni bugun Oʻzbekiston xalqi uchun, ayniqsa, urush faxriylari uchun tarixiy kundir, dedi Prezident. Chunki, bundan 51 yil muqaddam mana shu insonlar, ularning urushda koʻrsatgan mardligi va qahramonligi tufayli gʻalaba qozonildi. Bugun Vatan uchun, mustaqil hayotimiz hamda kelajak avlodlarimiz, ularning baxt-saodati uchun kurashda jonini fido qilgan hamyurtlarimizning xotirasini doimo eslashimiz, eʼzozlashimiz darkor. Zero, biz urush davrida va urushdan keyingi yillarda boshimizdan juda mashaqqatli, ogʻir kunlarni kechirdik. Lekin tushkunlikka tushmadik. Chunki, mana shu faxriylarimiz, ularning amalga oshirgan ishlari, bergan nasihatlari hamisha bizlarga kuch bagʻishlab, ruhimizni koʻtarib turdi.

[Islom Karimov] faxriylarimizga sihat-salomatlik, uzoq umr, bardamlik tiladi.

Mustaqillik maydonida soat 10. Faxriy qorovul saf tortgan. Harbiy orkestrning tantanavor sadolari yangraydi. Bosh maydondagi Nomaʼlum jangchi qabri oldiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti [Islom Karimov] nomidan, respublika Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, Mudofaa vazirligi, Faxriylar tashkilotlari uyushmasi kengashi, Toshkent viloyati va shahri hokimliklari, shahar jamoatchiligi nomidan gulchambarlar qoʻyildi.

Nomaʼlum jangchi xotirasi bir daqiqa sukunat saqlab yodga olinadi. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi. Respublika Milliy gvardiyasining jangchilari Nomaʼlum askar xotirasiga hurmat bajo keltirib, minbar yonidan shahdam qadamlar bilan oʻtdilar.

Soʻng Prezident [Islom Karimov] urushda ogʻir jarohat olib, Toshkent gospitallarida hayotdan koʻz yumgan jangchilar dafn etilgan «Birodarlik qabristoni» tomon yoʻl oldi. Bu yer ham odamlar bilan gavjum boʻldi. «Motamsaro ona» meʼmorial yodgorligi poyiga gulchambarlar qoʻyildi.

Marosimlarda respublika Oliy Majlisi Raisi [Erkin Xalilov], Bosh vazir [Oʻtkir Sultonov], Oʻzbekiston Prezidentining Davlat maslahatchilari, Oliy Majlis Raisining oʻrinbosarlari, Bosh vazir oʻrinbosarlari, Toshkent shahar hokimi [K. Toʻlaganov] va boshqa rasmiy kishilar ishtirok etdi.

Bayram kuni Toshkentning Mustaqillik maydonida, madaniyat va istirohat bogʻlarida, markaziy xiyobonlarida, dam olish maskanlarida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyat va tuman markazlarida xalq sayillari kechgacha davom etdi. Urush qatnashchilari bilan uchrashuv va suhbatlar oʻtkazildi. Ularning holidan xabar olindi.
Sanʼatkorlar ishtirokida rang-barang kontsert dasturlari, turli tomoshalar koʻrsatildi, qiziqarli sport musobaqalari tashkil etildi.

Total words

490

Unique words

376

Annotated anthroponyms

8

Toponyms

2

TTR

0.767

Hapax

317

Distribution

Top frequency chart

Dataset