🔍

Article

QONUN ISHLAMAS EKAN, SHARTNOMA BAJARILMAYDI.

By Nosir Rihsiev,«Toshkent haqiqati»ning maxsus muxbiri. • in 1996

HAR QANDAY yaxshi ish, qo‘lga kiritilgan yutuq, muvaffaqiyatlar, tabiiyki, asosli va yaxshi niyatdan, rejadan boshlanadi. Ayniqsa, hozirgi bozor iqtisodi sharoitida qayerda, qaysi vazifa, qaysi lavozimda, qaysi kasbda ishlamaylik, rejani puxta olmasak, pand eb qolamiz. Bu gaplar, ayniqsa, dehqonlarimizga, ko‘proq moddiy boylik yaratuvchilarga daxldordir.

Shukrki, hozirgi paytda dehqonlarimiz ancha emin-erkin ishlaydigan bo‘lib qoldilar. Yerga, mulkka egalik qilmoqdalar: pudratchi, ijarachi, fermer sifatida faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Ular o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarining bir qismini o‘zlari tasarruf qilsalar, ma’lum qismini xo‘jalikka, uyushmaga yetkazib beradilar. Buning uchun xo‘jalik ma’muriyati bilan maslahatlashadilar, kelishadilar. Ma’muriyat: “Mana bu turdagi mahsulotdan shuncha miqdorda yetkazib berasiz”, deb taklif qiladi. Dehqon imkoniyatini hisobga olib, rozi bo‘ladi. Ana shu tariqa ma’muriyat bilan dehqon, fermer o‘rtasida ichki shartnoma vujudga keladi. Bu ichki shartnomalar umumlashtirilib chiqiladi va xo‘jalik yetishtiradigan jami hosil hisobga olinib, iste’molchi tashkilotlar, korxonalar bilan o‘zaro shartnoma tuziladi.

Demak, dehqonning xaridori ma’lum. Endi u astoydil ishga kirishsa bo‘ladi. Har yili shu ahvol deyarli takrorlanadi. Lekin, ming afsuski, xo‘jalik bilan iste’molchilar o‘rtasida ne-ne umidlar bilan tuzilgan shartnomalar to‘la-to‘kis bajarilmaydi, o‘lda-jo‘lda qolib ketadi. Bu muammo umumiy kasallikka aylanib bormoqda. Shu sababdan ham Prezidentimiz yaqinda bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasidagi yig‘ilishda nutq so‘zlab, “Bizda shartnomalar mazmun-mohiyatiga ko‘ra xo‘ja ko‘rsinga tuzilishi an’anaga aylanib qoldi”, deb haqli ravishda tanqid qildilar.

Xo‘sh, nega shunday bo‘lmoqda? Buning uchun kim aybdor?!

Biz bu savolga javob olish uchun Toshkent tumanidagi “Toshkent” moah xo‘jaligida bo‘lib, xo‘jalikning faoliyati, tuzilgan shartnomalarning qanday bajarilayotganligi bilan qiziqdik.

— Haqiqatdan ham shartnomaning ahamiyati katta, — dedi jamoa xo‘jaligi raisi [Mahamadjjon Usmonov], — unga to‘liq rioya etilsa, ko‘ngling to‘q, xotirjam ishlaysan. Lekin o‘tgan yili biz karam uchun shartnoma tuzmadik. Chunki, xaridor topilmadi. ORKlar esa: “Kerak emas, olmaymiz”, deyishdi. Ularni ham tushunish qiyin emas. Chunki, u yoq-bu yoqqa yuborish mushkul bo‘lib qoldi, transport xarajati qimmatlashib ketdi. Shu sababdan o‘tgan yili yetishtirgan karamimizni o‘zimiz xaridor topib, bozorda sotdik.

O‘tgan yili xo‘jalikda 4274 tonna sabzavot tayyorlandi. Shundan 3700 tonnasi bozorlar va tashkilotlar orqali xalqka yetkazib berildi. Iste’molchi bilan tuzgan shartnomalarimiz ham bor, busiz mumkin emas, albatta. Biz har yilgidek Yangiyo‘l, shuningdek, Yangi Toshkent konservalar zavodlari bilan shartnoma tuzdik. Afsuski, to‘g‘risini aytish kerak, bu shartnomalarning bajarilishi biz dehqonlarni qoniqtirmadi. Aksincha, ranjitdi. Masalan, Yangi Toshkent konserva zavodi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha biz ularga 600 tonna sabzavot, jumladan, 500 tonna pomidor yetkazib berishimiz kerak edi. Biz va’daning uddasidan chiqdik. Lekin ular...

Bu gaplardan so‘ng biz tegishli ma’muriy idoralar tomonidan ishlab chiqilgan va mutasaddilar tomonidan ma’qullanib, maxsus qaror bilan tasdiqlangan shartnomaning mazmuni va ularning bandlari mohiyati bilan tanishib, ularga qanday amal qilinayotganligi bilan qiziqdik.

Ana shu bandlarning birida iste’molchi oladigan mahsuloti uchun oldindan, ya’ni hosil pishib yetishishi arafasida bu mahsulotga to‘lanadigan haqning 25 foizini xo‘jalik hisobiga o‘tkazishi shart, deyilgan. Lekin, ular bu hakni o‘tkazmasdan turib, mahsulotni olib ketishga kelishdi. Nima qilish kerak? Quruq qaytarib yuborsa bo‘ladimi? Dehqonlarning boshi qotib, ikki o‘t orasida qoladi, bunday paytda. Pomidorlar terilib, yashchiklarga joylanib, dala boshiga olib chiqib qo‘yilgan. Yo‘q deyishsa, iste’molchilar ketvorishadi, pomidor esa paykalda qolib ketadi. U ozmuncha mahsulotmi?! Bir-ikki kunda eplab bo‘lmaydi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, turgan joyida iriydi, chiriydi va nobud bo‘la boshlaydi. Shuning uchun nochor ahvolda qolgan dehqonlar, ta’gin burgaga achchiq qilib ko‘rpaning kuydirib qo‘ymaslik, degan mulohazaga borishadi-da, mahsulotlarini nasiya bo‘lsa ham berib yuborishadi. Shartnomaning tuzilishidagi birinchi qadam ana shunday boshlanadi. Bu qadam ikkinchi buzilishga olib keladi.

Xo‘p, mayli, nasiya olib ketishga ketishdi. Endi boshqa bir bandga amal qilishsa-ku, yaxshi bo‘lardi. Bu bandda iste’molchi mahsulotni olib ketgach, har besh kunda ana shu mahsulot qiymatining ma’lum qismini xo‘jalikka o‘tkazib turishi zarur, deb aytilgan. Ming afsuski, bu band ham bajarilmaydi. Yana o‘sha bahona: pul yo‘q, o‘zimiz qarzmiz. Shunday qilib, sentyabr oyida topshirilgan pomidor haqqi yil oxirigacha cho‘ziladi. Axir, bu qanaqasi bo‘ldi? Sentyabrda-ku, bir kilogramm pomidor narxini o‘rtacha bir so‘mdan baholab topshirgan edilar. Shunday ham bozorga nisbatan ancha arzon narxda berilgan mahsulotga o‘sha paytda hisob-kitob qilinganda edi 553 ming so‘m pul olgan bo‘lardilar. Yarim million so‘mdan oshiq bu pulga o‘sha paytdagi narx-navo hisobidan dehqon o‘zi uchun zarur ancha-muncha narsalarni xarid qilib, ehtiyojiga ishlatgan, orzu-havasiga sarf qilgan bo‘lardi. Afsus, oradan to‘rt oy vaqt o‘tib ketgach, iste’molchi o‘sha pulning hisob-kitobini qildi. Vaholanki, bu vaqt ichida narx-navo o‘zgardi, qimmatlashdi. Dehqonga jabr bo‘lmaydimi? Bunga kim javob beradi?

Buni qarangki, shartnomada bu muammoni ham ozmi-ko‘pmi yechish nazarda tutilgan ekan. Iste’molchi tayyorlovchiga, ya’ni dehqonga topshirgan mahsulotiga pulni o‘z vaqtida o‘tkazmaganligi uchun ana shu nasiya pulining-summaning besh foizi miqdorida jarima, bundan tashqari muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun belgilangan muddatda to‘lanmagan summaning 0,1 foizi miqdorida penya to‘lashi kerak edi. Ana endi hisoblaylik. Jarima puli taxminan 30 ming so‘m, penya puli 70 ming so‘m. Jami 100 ming so‘m bo‘lar ekan. Bu pul undirilsa, 10-15 dehqonga oylik maosh bo‘lardi-ku! Bu ham dehqonni cho‘michda qoqish emasmi? Dehqonlarning norozilik qilayotganliklarining sababi mana, qaerda? Ular hayron bo‘lishadi. Nahotki iste’molchilar shunchalik «kambag‘al» bo‘lib qolishgan bo‘lsa. Bunga ishonish qiyin. Nega, deysizmi? Mana, oddiy hisob-kitob. Yetti kilogramm pomidordan bir kilogramm tomat pastasi chiqadi: 7 so‘m. Endi bu summa yoniga sarf-xarajat, ishlab chiqarish, uskunalarni ishlatganlik va boshqa xarajatlarni qo‘shaylik. Boringki, ana shunda bir kilogramm tomat 14-15 so‘mga aylansin. Axir, iste’molchilar uni 29-30 so‘mdan sotishyapti-ku. Oradagi farq osmonga chiqib ketgan-ku. To‘rt baravar. Nahotki, ana shu farqning bir qismi hisobidan dehqonga, mana, pirovard natijadan sizlar ham bahramand bo‘linglar, deb berishmasa?!

Lekin, iste’molchilar, biz aminmizki, bu fikrga qo‘shilishmaydi. «Mahsulotlarimiz o‘tmay turib qolyapti-da», deb bahona qilishadi. Bu ham rost. Axir, o‘zingiz o‘ylang. Tomat pastasi har bir oila, xonadondagi jon boshining oz-ko‘pligiga qarab, ishlatiladigan mahsulot. Bunday kunda kerak bo‘ladigan mahsulotni esa 9-10 kilogrammli idishlarga joylab chiqarishadi.
Uni biryo‘la xarid qilib olib ketish ancha noqulay, ochilgandan so‘ng qolgan qismi tez urunib qoladi. Savol tug‘iladi. Nega, rivojlangan xorijiy mamlakatlardagi singari bu tomatlarni 300-500 grammli idishlarga joylab, chiroyli yorliqlar yopishtirib, savdoga chiqarish mumkin emas?! Ana shunda bu mahsulotlar tez ketardi, turib qolmasdi.

Zavod-ku, hozircha, bu ishning uddasidan chiqmayotgan ekan. Nega, xo‘jaliklarning o‘zi kichik-kichik tsexlar qurib, ana shunday mahsulotlarni ishlab chiqarib, iste’molchiga yetkazib berishi mumkin emasmi? Unda dehqon o‘z mahsulotining pirovard natijasidan ko‘proq bahramand bo‘lardi.

Mumkin, deydi jamoa xo‘jaligi raisi, bizda konser va tsexi bor. Ko‘p yillardan beri ishlab kelyapti. Shu hisobga anchagina daromad qilyapmiz. Bu daromadni ko‘paytirish, mahsulot xili, turini ko‘paytirib, sifatini yaxshilash uchun izlanyapmiz. Lekin, o‘sha siz aytgan kichik hajmdagi idishlarni o‘z vaqtida va yetarli topish ancha muammoli ish bo‘lib qolyapti. Lekin, bu muammoni hal qilmasak bo‘lmaydi.

O‘tgan yili sabzavotdan 612 ming so‘m sof foyda oldik. Kartoshkadan 43 ming so‘m. Tan olish kerak. Bu sohada ham imkoniyatlarni boy beryapmiz. Mana, qarang, pomidorni o‘rta hisobda bir so‘mdan, karamni ham bir so‘mdan, piyozni ikki so‘mdan, kartoshkani 4 so‘mdan sotdik. O‘sha paytda narx ancha arzon edi-da. Lekin, keyin u birdaniga ko‘tarilib ketdi. Mana, hozirgi paytda bir kilogramm kartoshkaning narxi bozor...
... narxi bozorda 20-25 so‘m, piyoz 8-10 so‘m. Boshqa sabzavot mahsulotlari ham ancha qimmatlashib ketdi. Agarda shu mahsulotlarning ma’lum bir qismini saqlab, ayni kunlarda sotganimizda edi...

Ha, mayli, o‘tgan ishga salavot. Bu saboqlardan dehqon to‘g‘ri xulosa chiqarib olishiga ishonchimiz komil. Lekin, yana shartnomalarning bajarilish va bajarilmasligi muammolariga qaytaylik.

Ko‘rdik, mulohaza qildik. Shartnoma tuzilishga tuziladi-yu, har yili buzilaveradimi? Bunga qachongacha befarq qaraymiz va yaxshi bo‘lib qolar, deb qo‘l siltab, ko‘nikib, o‘zimizga, dehqonga jabr qilamiz! Qancha va’da berib, albatta, bajarimiz, deb shartnomaga qo‘l qo‘ygan tomonning imzosi shunchalik qadrsizmi? Nega ular javob berishmaydi? Nega qarzlar vaqtida undirilmaydi?

Undirib olsa bo‘ladi. Buning uchun qonun bor, jamoa xo‘jaligi o‘sha intizomsiz korxonani, iste’molchini xo‘jalik sudiga berishi kerak!

Nega shunday qilmayapsizlar? Bir muammo boshqa muammoni keltirib chiqarmoqda, deydi rais. Gap shundaki, agar biz sudga beradigan bo‘lsak, masalani ko‘rishligi uchun arbitrgacha oldindan naqd 55-60 ming so‘m pul o‘tkazishimiz kerak bo‘lardi. Vaholanki, bu pul o‘sha paytda bizda yo‘q edi. Qizig‘i, iste’molchi pul tushganda beramiz, deb tayyor mahsulotni nasiya olib ketsa mayli, xo‘jalik sudi shuni hisobga olib, dehqonga bir oz yon bossa bo‘lmaydimi? «Mayli, sizlarga qiyin bo‘libdi, hozircha joriy hisoblaringizda pullaringiz yo‘q ekan, istisno tariqasida biz ishga kirishaveramiz. Haqlaringizni undirib bergach, shu hisobdan bizning haqqimizni ham to‘laysizlar», desa bo‘lmaydimi?

Bu shunchaki mulohaza. Hozir bozor iqtisodi. Ularning ham o‘zlariga yarasha muammolari bo‘lishiga shubha qilmaymiz. Xo‘jalik hisobida ishlashadi-da. Xullas, «nega» degan bir savolga javob bersangiz, uning orqasidan ikkinchi bir «nega» kelib chiqaveradi. Axir, bu nega-negalarining oxiri, chegarasi nahotki bo‘lmasa?

Tuman dehqonchilik sanoat uyushmasi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini xarid qilish va sifati bo‘yicha bosh davlat nazoratchisi, tajribali mutaxassis [Qurbon aka Qayumov] hammamizga ayon bo‘lgan oddiy haqiqatni yana bir takrorladi:

— Buning uchun, — dedi u, — qonun ishlashi kerak. Afsuski, ko‘p hollarda qonun ishlamayapti. Prezidentimiz bu haqda bekorga kuyunib gapirmadilar. Biz qonun bo‘yicha ishlashga o‘tmas ekanmiz, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ko‘zda tutilgan maqsadlarga erisha olmaymiz. Endi buyruqbоzlikning zamoni o‘tdi. Qonunning o‘zi har qanday buyruq, ko‘rsatmadan ustun turishi lozim.

Haq gap. Bu yil tumanda shartnomalarning o‘z vaqtida bekamu ko‘st bajarilishini ta’minlash uchun hozirning o‘zidayoq puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda, katta tashkiliy ishlar amalga oshirilib, ishga yangicha munosabatda bo‘linayotir. Bu yil tuman bo‘yicha 4500 tonna don, 3 ming tonna kartoshka, 20 ming tonna sabzavot, 1600 tonna meva, 3200 tonna uzum, 2500 tonna sut, 230 tonna go‘sht yetkazib berish bo‘yicha tegishli iste’molchi korxonalar, xususan, Toshkent shahar kooperativ dehqonchilik-sanoat birlashmasi, Toshkent konserva zavodi, tuman tayyorlov tashkiloti, tuman bo‘rdog‘ichilik bazasi va Toshkent sut hissadorlik jamiyati bilan shartnoma tuzildi. Shartnomalarning har bir bandi ikki tomonlama ko‘rib, o‘rganilib, puhtalab olindi. Endi o‘tgan yilgi kamchiliklarni takrorlamaslik uchun nimalar qilish, qanday tadbirlarni amalga oshirish haqida kelishib olindi. Bu tadbirlar, shartnomaga yangicha munosabat, tub farqlar nimalardan iborat?

Masalan, don mahsulotini olaylik. Topshiradigan mahsulotga olinadigan haqning 40 foizini Toshkent don qabul qilish korxonasi oldindan uch bosqichda to‘laydi. Birinchi bosqich amalga oshdi.

Dehqonlar, mutasaddilar sabzavot masalasida ham qat’iy turib dehqonning manfaatini himoya qilishga ahd qilib qo‘yishdi. Ularning aytishiga qaraganda, daladagi ekin hosili pishib yetilishidan 20-25 kun oldin tayyorlovchilar xo‘jalikka taklif etiladi.
Hosil ko‘rsatiladi, qachon, qaysi mahalda, qancha mahsulot olib ketishingiz mumkin, lekin, bilib qo‘yinglar, agar aytilgan paytda kelib, tayyorlab qo‘yilgan mahsulotni olib ketmasalaringiz, ko‘riladigan ziyonni o‘zlaringiz to‘laysizlar, qanday bo‘lmasin, undirib olamiz, deb shart qo‘yiladi. Iste’molchi bunga rozi bo‘lgach, jadval tuziladi. Ana shu jadval asosida mahsulot tayyorlovchiga o‘z vaqtida va sifatli qilib yetkazib beriladi. Tayyorlovchining ham talabi bo‘ladi, albatta: mahsulotingiz sifatli bo‘lmasa, aytilgan vaqtdan ozroq kechiksangiz, o‘zlaringizdan ko‘ringlar...

Biz shunday deb mulohaza yurityapmiz-u, lekin, ko‘p yillardan buyon kasalga aylanib qolgan loqaydlik illatidan qutulish oson bo‘lmaydi. Yuqorida shartnomaning bajarilishi uchun, albatta, qonun ishlashi kerak, deb aytdik. Bu og‘izdagi gap bo‘lib qolmasligi lozim. Buning uchun har bir xo‘jalik o‘zining qonunshunosiga ega bo‘lishi shart. Negadir, keyingi paytlarda xo‘jalik boshqaruvi apparatini ixchamlashtirish, shtatlarni qisqartirish bahonasi bilanmi, qonunshunoslik vazifasi ro‘yxatdan o‘chirib qo‘yildi.

Endi xo‘jalikni yuritishdagi ana shu kemtik joyning o‘rnini to‘ldirmasak bo‘lmaydi. Busiz xo‘jalikning bozor iqtisodiga kirib borishi qiyin.

Total words

1,689

Unique words

996

Annotated anthroponyms

2

Toponyms

0

TTR

0.590

Hapax

751

Distribution

Top frequency chart

Dataset