Mamlakatlararo integratsiyalashuv tobora jadal sur’atga kirayotgan yangi dunyoda turizm tez rivojlanayotgan sanoat hisoblanmoqda. Ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy yuksalishda bu sohaning ta’sir doirasi kengayib bormoqda. Zotan, hozirda jahon bo‘ylab har o‘ninchi ish o‘rni turizmga to‘g‘ri kelyapti. Bu sohada o‘rtacha 292 million ish o‘rni mavjud, deganidir. Rivojlanayotgan har uchinchi davlatda turizm asosiy valyuta manbaiga aylanmoqda.
Yer yuzidagi geosiyosiy manzara tobora murakkablashayotgani va global taraqqiyotga mavhumlik “soya” solib turganiga qaramay, Yer yuzining maftunkor, mo‘’jizakor va qadimiy manzillariga sayyohlarning oqimi ortsa ortmoqda-ki, aslo kamaygani yo‘q. Jumladan, noyob tarixiy va madaniy merosga ega O‘zbekiston ham turizm iqtisodiyotning yetakchi drayverlari qatorida turibdi. “BBC Travel” global media portali ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimiz 2025 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi 25 ta yo‘nalish ro‘yxatiga kiritilgani ham bejiz emas.
O‘zbekistonda turizm infratuzilmasi zamon talablariga mos ravishda ravnaq topmoqda. Mehmonxona, transport, umumiy ovqatlanish, turoperatorlik xizmatlari mamlakat turizm salohiyatini kengaytiryapti. 90 dan ortiq davlat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishi mumkinligi va qo‘shni davlatlar bilan chegarani bosib o‘tishning qulaylashgani jahon ahli uchun sayohatni sezilarli darajada osonlashtirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina o‘tgan yilning o‘zida yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar soni 10,28 million nafarga yetdi. Bu 2023 yilga nisbatan 55 foizga ko‘pdir. Vaholanki, 2017 yilda O‘zbekistonga 2,6 million turist mehmon bo‘lib kelgan. Sakkiz yil ichida bunday keskin yuksalish o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Shuningdek, ichki turizmda ishtirok etganlar soni 22,67 million nafarga yetdi, bu esa 2023 yilga nisbatan 2 million nafarga yoki 10 foizga o‘sishni anglatadi.
QO‘LLAB-QUVVATLASH VA JORIY TRENDLAR
Sal avval aytib o‘tganimizdek, O‘zbekistonda bugun turizm eng istiqbolli va drayver sohalar qatoridan o‘rin olayotganiga shunchaki tabiiy jarayon sifatida qarash noxolislikdir. Buning ortida davlat tomonidan oqilona yondashuvga asoslangan qo‘llab-quvvatlash siyosati turganini anglash mushkul emas.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qilishicha, 2024 yilda yurtimizda turizm sohasi uchun davlat byudjetidan jami 117 milliard so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lar tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy ko‘maklashish uchun yo‘naltirilgan. Xorijiy turizm bozorlarida O‘zbekistonning bu boradagi salohiyatini targ‘ib qilish, yangi yo‘llarni, mehmonxonalarni qurish va jihozlash maqsadlariga salmoqli mablag‘lar ajratilgan. Shu bir yil ichida hududlarimizda 80 ta mehmonxona, 215 ta xostel, 294 ta oilaviy mehmon uylari, 2 ta sanatoriy va sog‘lomlashtirish markazlari tashkil etilgan. Turizm tashkiloti va turagentliklar soni 3 ming 686 taga yetgan.
Turish-turmushimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizga qiziqqan chet elliklar uchun eng jozibador loyihalardan biri – turizm qishloqlari soni 20 taga yetgan. Parkent tumanining “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘ chang‘i zonasi barpo etilyapti.
Bugungi kunda poytaxtimizdagi muhtasham mehmonxonalardan tortib, ochiq osmon ostidagi muzey shaharlar — Samarqand-u Xiva, Buxoro-yu Qo‘qondagi kichik xostellar, milliy hunarmandchilik do‘konlari va xalqimiz mehmondo‘stligining yorqin ifodasi bo‘lgan bozorlarimizda ham hayrat, ham mamnuniyat bilan sayr qilib yurgan xorijiy sayyohlarni ko‘ramiz. O‘zga yurtlardan orziqib kelayotgan sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib borayotgani sohada joriy etilayotgan trendlar kutilgan natijani berayotganini dalillaydi.
Xo‘sh, sayyoh uchun nima muhim? Albatta, uzoq o‘tmishdan va ajdodlar zakosidan so‘zlovchi osori-atiqalar, milliyligimizni namoyon etuvchi an’ana hamda eksponatlar, hunarmandchilik buyumlari — bular hech bir xorijlikni befarq qoldirmaydi. Biroq kengroq olib qarasak, faqat bularning o‘zi sayyohlarni vaqt va mablag‘ sarflab zaminimizga qadam qo‘yishiga kamlik qiladi.
Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda sayyohlar uchun vizasiz va arzon sayohatni taklif etish, xavfsizlik va qulaylikni kafolatlash, barqaror va aqlli turizmni shakllantirish tamoyillariga ustuvor e’tibor qaratilayotgani ayni muddaodir.
ASLIDA IMKONIYAT BUNDAN HAM KENG...
Tadqiqotchilar O‘zbekistonda turizm sanoati o‘sishi va rivojlanishi uchun imkoniyat qamrovi juda keng ekanini urg‘ulaydilar. Faqat bu ulkan imkoniyatdan foydalanishning innovatsion yechimlari zarur. Qolaversa, bugun yurtimizga kelayotgan sayyohlarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan kamchiliklarga hali uzil-kesil nuqta qo‘yilmagani ham bor gap.
O‘tgan haftada Prezident [Shavkat Mirziyoyev] raisligida hududlarning turizm salohiyatini oshirish va xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shu xususida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, aslida yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiati asosida sayyohlarni yana 2–3 karra ko‘paytirish mumkin. Lekin ayrim hududlarda yo‘l va transport noqulayligi, sanitariya-gigiyena shoxobchalari, ko‘ngilochar joylar va qiziqarli dasturlar yetishmasligi kabi muammolar ushbu maqsad uchun to‘siqlik qilmoqda.
Yig‘ilishda joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari ilgari surildi. Masalan, Sariosiyo tumani asosiy qismi tog‘lardan iborat bo‘lib, bu yerda qishki turizmni yo‘lga qo‘yish mumkin. Chortoq tumani go‘zal tabiati, shifobaxsh suvi bilan sayyohlarni jalb qiladi. Ne baxtki, bunday o‘xshashi yo‘q manzillar yurtimizda juda ko‘p.
Mutasaddilarga shu kabi 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Milliy turizm yagona platformasi ishga tushirilgach, unga elektron viza berish, chipta olish jarayonlari ulanadi, barcha tarixiy obidalarga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilinishi xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy qulayliklarni yaratadi.
Umuman, bunday imkoniyatlar evaziga joriy yilda 15 million turistni jalb qilish va eksportni 4 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi. Tadbirda ichki turizmni rivojlantirish masalasi ham o‘rtaga tashlandi.
Sir emas, o‘zbekistonlik fuqarolarning turistik maqsadlarda xorijiy davlatlarga chiqish tendensiyasida shiddatli o‘sish kuzatilmoqda. Mohiyatan qaraganda, bu mamlakatimiz aholisining farovonlik ko‘rsatkichi oshib borayotganiga bir isbot. Misol uchun, shu yilning yanvar–fevral oyida bir milliondan ortiq o‘zbekistonlik aynan turistik maqsadlarda chet elga chiqqan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga ko‘p.
Xuddi shunday, yurtimizda mahalliy sayyohlar sonini ham oshirish hayotiy zaruratdir. Axir hali ham ko‘hna Samarqandni, muazzam Buxoroni, ertaknamo Ichan qal’ani ko‘rish orzusidagi yurtdoshlarimiz oz emas.
Ichki turizm rivojini rag‘batlantirish maqsadida endi har oyning bir shanba–yakshanbasi “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” deb e’lon qilinadigan bo‘ldi. Yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat yo‘llanmasi sovg‘a qilinadi.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Xalqaro turizm bozorida yetakchi davlatlar yuqori sifatli va arzon tur sayohatlarni taklif qiladilar. Binobarin, o‘zbekistonliklar uchun poytaxt biqinidagi bahavo dam olish maskaniga borishdan ko‘ra Fors ko‘rfazi bo‘yidagi “Sahro ustiga qurilgan” shaharga sayohat qilish jozibador va iqtisodiy yengilroq bo‘lib qolmoqda.
Nima demoqchimiz? Ichki turizmning intensivlik darajasini oshirish uchun aniq chora-tadbirlar kerak. Shaharlararo sayohatlar uchun imtiyozlar (ovqatlanish, avtostoyanka uchun chegirmalar) berish, arzon va sifatli jamoat transporti, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish tizimini rivojlantirish shular jumlasidan.
[Odiljon Iminov], $$Oliy Majlis Qonunchilik palatasi$$dagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
— Jahon turizm bozorida yetakchilik qilayotgan davlatlardan sanalgan Fransiya bilan Ispaniyaga butun dunyodan eng ko‘p turistlar kelib-ketayotganiga 90-yillar boshida yevropaliklarga chegaralar ochilgani sabab bo‘ldi.
Yoki $$Italiyaning ko‘hna Venetsiyasi$$ni olaylik. O‘rganishlar bu shaharda nogironligi bor kishilar uchun yo‘llar ko‘pligi, inklyuziv muhit yaratilgani sayyohlar oqimi uzilmasligining sabablaridan biri ekanini ko‘rsatadi. Ya’ni, shaharning 50 foizi nogironlik aravachasida yurish uchun moslashtirilgan.
Bilamizki, yosh kesimida ko‘rganda ko‘proq vaqti bemalol va mablag‘i bo‘lgan keksa kishilar xorijga sayohatga chiqadilar. Ular uchun har tomonlama qulaylik kerak. Turizmni rivojlantirishda inklyuzivlikni ta’minlash g‘oyatda muhim ekani boisi ham shunda.
Yurtimiz asrlar bilan bo‘ylashgan osori-atiqalari bilan ham mashhur. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda madaniy meros obyektlari soni 8 ming 366 tani tashkil qiladi. Shundan 4 ming 796 tasi arxeologik, 2 ming 268 tasi arxitektura va 772 tasi monumental san’at yodgorliklari hisoblanadi. Diqqatga sazovor joylar 530 ta bo‘lsa, mozaika va kompozitsiyalar soni 157 ta.
Sayohatchilar qadami uzilmaydigan bu obyektlarni asrash, muhofaza qilish har qachongidan dolzarb. Davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan yig‘ilishda madaniy meros obyektlarini restavratsiya va konservatsiya qilish, ularga tushumlarni raqamlashtirish singari ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tilgani zamirida ajdodlarimizdan qolgan bu boylikni bekamu ko‘st kelajak avlodlarga yetkazish maqsadi turibdi.
[Obloberdi Olimov], xalq deputatlari Quva tuman kengashi deputati:
— Turizm yurtimizning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi, vodiy gavhari Farg‘ona viloyatida ham YAIM hajmini oshirish imkonini berayotgan sektorlardan biri. Masalan, so‘nggi yilda viloyatda 9 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirildi. 25 ta yangi mehmonxona va xostellar faoliyat boshladi. Turizm xizmatlari eksporti 25 million dollardan oshdi.
Turizmni keng targ‘ib etish maqsadida har yili $$“Atlas bayrami”$$, $$“Askiya kechalari”$$, $$“Uzum sayli”$$ kabi xalq sayillari o‘tkazilmoqda. Ushbu festivallar orqali milliy an’analarimiz, taomlarimiz, hunarmandchilik va xalq og‘zaki ijodi sayyohlarga namoyish etiladi.
Farg‘ona turizm halqasi loyihasi doirasida 577 ta maskan va 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu loyiha asosida sayyohlarning viloyatda qolish muddati 3 kundan 7 kungacha uzayishi, tashrif obyektlari soni esa ikki barobar oshishi kutilmoqda. Shu bilan birga, turizm sohasidagi yangi loyihalar va tadbirlar viloyat aholisi bandligini oshirishga, mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hududlarning turizm salohiyatini yaxshilash bo‘yicha davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslar viloyatimizda ham amaliy tasdig‘ini topib borsa, so‘zsiz, Farg‘ona nafaqat tarixiy, balki zamonaviy turistik markaz sifatida yanada sayyohlarni o‘ziga chorlaydi. Bu esa hududning iqtisodiy yuksalishi, madaniy boyligi va xalqimiz hayotining sifat jihatdan yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Yuqorida keltirilgan yig‘ilishda, shuningdek, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalar hududlar kesimida tahlil qilindi. Xalqaro moliya tashkilotlari bilan energetika, transport, agrar, kommunal va ijtimoiy sohalarda 20 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilayotgani e’tirof etilib, hududlarda yana kamida 3 milliard dollarlik loyihalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Vaqtida bajarilmagan yoki asossiz cho‘zilayotgan holatlar tilga olindi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish qamrovini oshirish yuzasidan vazirlar, hokimlar, xorijiy davlatlardagi elchilar va sohadagi tadbirkorlarning takliflari tinglandi.