Prezident parlament majlislarini to‘g‘ridan to‘g‘ri jamoatchilikka ko‘rsatish bo‘yicha tavsiya berdi. Jarayon boshlandi. Birinchi qadamlar hamma tomon uchun ham oson emas, maqtovlar ham, tanqidlar ham bor. Eng katta yutuq tabiiylik, deyishmoqda. Tabiiylik, ochiqlik va to‘g‘riliksiz demokratiya tomon yura olmaymiz.
Emishki, xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan sessiyasida viloyat hokimi aholiga murojaat qiladi. Shu majlisda qatnashadigan deputatlardan hokimga savol bermaslik talab qilingan. Ijtimoiy tarmoqlarda avj olayotgan xabarlarga ko‘ra, shahar va tuman kengashlarining deputatlari, doimiy komissiyalar raislari hamda kotibiyatlar rahbarlari rasmiy ko‘rinishda, ya’ni oq ko‘ylak, qora shim va poyabzalda, deputatlik nishoni hamda guvohnomasi bilan kelishlari shartligi ta’kidlangan.
Shuningdek, viloyatdagi kengashlar kotibiyatlari mudirlariga yo‘llangan xatda sessiya vaqtida telefon ishlatmaslik haqida ogohlantirilgani aytilmoqda. Sessiyada saxna orqali so‘z berilmaydi.
Xatda, agar sessiya kun tartibi bo‘yicha intervyu berilsa, viloyat hokimi murojaatidan kelib chiqish lozimligi hamda sessiya bo‘layotgan jarayonda savollar berilmasligi qayd etilgan.
Parlament majlislarida va mahalliy Kengashlar sessiyalarida deputatlar turli masalalarni ko‘radilar. Bahs-munozaralar, qizg‘in fikr almashuvlar ham kuzatiladi. Haqiqiy jarayonni boricha ommaga namoyish etish esa davlat organlari shaffofligini ta’minlashda, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda va odamlarda ishonchni oshirishda xizmat qiladi.
Mazkur masalada xalq demokratik partiyasidan saylangan deputatlarning ham o‘z qarashlari, vaziyatga munosabatlari bor. Yangi tartib joriy etilmoqda, biroq quyida aytilganidek, bu jarayon g‘ildiragini aylantirishga ongi va munosabati yetadiganlar kam, ko‘pchilik sustkash qolgan. O‘zgarishlar uchun esa vaqt talab etiladi.
Sessiyalarning to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilishi deputatlarning aytayotgan so‘ziga nisbatan mas’uliyatini oshiradi. Kun tartibidagi masalalar, joylardagi ijtimoiy ahvol bilan bog‘liq takliflar tayyorlashga, fikr bildirishga undaydi. Chunki xalqimiz dono. Kim populist, soxta obro‘ uchun faqat xujako‘rsinga ish qilayotgani, kimda vijdon va sadoqat borligi, aholi dardini his qilayotgani ayon bo‘ladi.
[Abdurashid UBAYDULLAYEV], $$Namangan viloyat$$ Kengashi deputati:
Biz huquqiy demokratik davlat qurish yo‘lidan ketyapmiz. Bu jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashni anglatadi. Nima xohlasam gapiraman, qanday istasam yuraman, kimni xohlasam tanqid qilaman degan odam ham o‘zi oldidagi javobgarlikni unutmasligi kerak. Chunki qonun hamma uchun baravar qilib belgilangan hujjat.
Deputat — o‘zi saylangan hududdagi xalqning vakili. Demak, “men”ning emas, ularning manfaatidan kelib chiqib, xalq nomidan gapirish kerak.
Yuqorida xalq farovonligiga xizmat qiluvchi qonuniy hujjatlar qabul qilinmoqda, qaror va farmonlar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Shu o‘rinda yana bir gap. Demokratiya — og‘izga kelganini gapirish emas. So‘z mas’uliyati, majburiyati degan narsa ham bo‘lishi kerak. O‘ylaymanki, bunga ayrim blogerlar ham amal qilishi zarur, qonun va madaniyat doirasida ishlash tarafdori bo‘lishi kerak. So‘nggi paytlarda haqorat va nojo‘ya so‘zlar ko‘paydi.
Turli xabarlarga kelsak, hududiy televideniye hamda ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritilishini inobatga olgan holda, sessiya yig‘ilishiga xalal bermaslik maqsadida telefonni ovozsiz holatga keltirish tavsiya etilishi mumkin. Biroq uni olib kirishni taqiqlash tabiiy emas.
^^Zulfiya TUYEVA^^, $$O‘zbekiston XDP Buxoro viloyat Kengashi$$ raisi, viloyat Kengashi deputati:
Sessiya majlisi nafaqat xalq deputatlari Kengashlari qarori qabul qilinadigan siyosiy yig‘ilish, balki bu muhim munozaralar maydoni hisoblanadi. Hududga tegishli, xalq dardiga aylangan muhim masalalar deputatlar muhokamasiga qo‘yiladi. Sessiyaga kiritiladigan masalalar bir necha kun oldin e’lon qilinadi, shuning uchun deputatlar shu mavzu doirasida tegishli ma’lumotlarga ega holda kelishlari talab etiladi. Ular o‘z fikrini bildiradilar, yangi g‘oyalar, takliflar aytadilar. Bu tabiiy hol. Albatta, xalq vakili hisoblangan deputat har bir masala yuzasidan o‘z qarashlariga ega holda sessiyada ishtirok etishi kerak.
Forma masalasiga kelsak, buni talab qilish noto‘g‘ri emas. Lekin madaniyat bilan, ko‘pchilik orasiga kirayotganini hisobga olgan holda ozoda, orasta kiyinish maqsadga muvofiqdir. Chunki bu o‘zi va boshqalarga nisbatan hurmat va e’tiborni ifodalaydi. Ammo deputatlik nishoni bo‘lishi kerak, uni olib yurmaslik mumkin emas.
Albatta, sessiyada nutq so‘zlash, fikr bildirish va savollar bilan murojaat etishda o‘ziga xos madaniyat talab etiladi. Har holda sessiya majlisi bozor emas. Unda reglament belgilangan bo‘lib, shu asosda gapirish, har bir fikrga asos keltirish, ma’lum takliflarni o‘rganishlardan kelib chiqib asoslab berish va, albatta, notiqlik san’ati muhim ahamiyatga ega.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari reglamenti to‘g‘risidagi qonunning 61-moddasiga asosan viloyat hokimi har yili viloyat Kengashiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobot taqdim etishi belgilangan. Shunday ekan, tinglash madaniyatiga ko‘ra, axborotni tinglash, unga munosabat bildirish, elektorat manfaatlaridan kelib chiqib takliflar aytish lozim. Asosiy narsa — deputat shaffoflik va ochiqlik nuqtayi nazaridan yondashishi zarur. Shundagina ishimizda samaradorlik bo‘ladi.
Hamma ham sessiyaga tayyor holatda keladi, desam, mubolag‘a bo‘ladi. Shuning uchun taklif etilganlar orasida bir-ikkita beparvolik bilan telefon kovlab o‘tirganlari yoki shunchaki kirish uchun qatnashib, hatto qo‘l ko‘tarib tasdiqlashda ham hafsala bilan emas, e’tiborsiz munosabatda bo‘lganlar kam uchraydi.
$$Buxoroda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari$da partiyamizdan 90 nafar deputat bor. Ularning 70–80 foizi faol, 20–30 foizi esa ijobiy ko‘rsatkichlarga ega emas. 100 foiz natijaga erishish uchun albatta ko‘proq ishlashimiz zarur.