🔍

Article

RAQAMLASHTIRISH TIZIMI sudlar faoliyatiga tatbiq etiladi

By Abdullajon MUHIDDINOV, Chilonzor tuman ma’muriy … • in 2020

Hayot shiddat bilan o‘zgarayotgan bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalaridan tobora keng foydalanilmoqda. Jumladan, sudlar faoliyatida ham ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda axborot tizimlari joriy etilmoqda. Prezidentimizning shu yil 3 sentyabrdagi “Sud faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shu maqsadga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.

Qarorda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda raqamli texnologiyalarni sud organlari faoliyatiga joriy etish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internet tarmog‘ida e’lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etildi.

Qarorga asoslanib amaldagi qonunchilikka sud organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bundan tashqari, fuqarolarga va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlari kengaytiriladi. Har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishi ta’minlanadi. Sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyati yaratiladi. Sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishi ta’minlash maqsadida vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumotlar almashinuvi yanada kengaytiriladi. Maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi ta’minlanadi. Sud majlislarida masofadan turib, jumladan, mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyati kengaytiriladi. Shuningdek, ish bo‘yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyati yaratiladi.

Mazkur qaror bilan 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi hamda sudlarning axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.

Dasturda 2021-2023 yillarda barcha sudlarda sud majlislari ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalanib qayd etib borish ko‘rsatildi. Unga ko‘ra, sud majlislarining bayonnoma parchasi ushbu tizimdan foydalanib shakllantiriladi, apellyatsiya va kassatsiya instantsiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash belgilandi. Bundan tashqari, barcha ishtirokchilarga sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali ma’lumot beriladi. Sud qarorlari ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa xolat shaklida taqdim etiladi.

Sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga odil sudlovga erishish imkoniyatini yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish, sudlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash kabi chora-tadbirlar belgilandi.

Qaror bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasi asosida bir qator vazifalar belgilandi. Xususan, davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, $$O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti$$ virtual qabulxonasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi axborot tizimlari Oliy sud axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulanadi. Sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan ma’lumotlar elektron shaklda yuboriladi.

Muayyan ishni ko‘rish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlar fuqarolarni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olinadi. Sudlar tomonidan jazolarni kamaytirish yoki ularni qo‘llamaslik masalalari, “Ijtimoiiy himoya yagona reestri” va boshqa axborot tizimlarining integratsiyasi orqali fuqaroning mol-mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqida ishonchli ma’lumotlar bilan tanishiladi. Shuningdek, sudlar tomonidan aliment miqdorini belgilashda tumanlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olish vazifalari belgilandi.

Endilikda Oliy sud axborot tizimi bilan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi mavjud ma’lumotlar sudlarning elektron so‘rovi bo‘yicha bepul asosda taqdim etiladi.

Qaror, asosan, 2022 yil 1 yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga “^^Adolat^^” axborot tizimlari kompleksi joriy etilishi nazarda tutilgan. Mazkur tizim orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlar faqat elektron shaklda taqdim etiladi. Manfaatdor shaxslar da’vo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib boradi.

Qarorda joriy yil yakuniga qadar sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dastur ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish belgilangan. Shuningdek, qarorda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jazoni ijro etish muassasalarida maxsus xonalarni mahbuslarning sud majlislarida va sud rahbariyati qabulida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishlari imkonini beruvchi uskuna bilan jihozlash choralari nazarda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, qarorda belgilangan vazifalar ijrosi sudlarda ishlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rishga sharoit yaratadi. Shu bilan birga fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish orqali ularning sud organlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Total words

657

Unique words

369

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

1

TTR

0.562

Hapax

260

Distribution

Top frequency chart

Dataset