🔍

Article

HAMMAMIZGA MA’QUL QAT’IY QAROR

By Salima Xoldorova, Navoiy kon-metallurgiya kombinati … • in 2019

Ko‘p yillardan beri ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan shug‘ullanaman. To‘y mavzusida juda ko‘p tadbirlar, uchrashuv va suhbatlar tashkil qilganmiz. Biroq samara deyarli sezilmayotgan edi. Negaki, xalqimizning qon-qoniga singib ketgan to‘y va marosimlar bilan bog‘liq tadbirlarni gap-so‘z bilan me’yoriga solishning deyarli iloji bo‘lmayotgan edi. Buning uchun mana shunday dadil qadam, qat’iy qaror kerak edi.

Qariyb chorak asrdan beri turli millat vakillari orasida mehnat qilaman. Ochig‘ini aytganda, to‘y-u tomoshalar, huda-behuda lozimandlarga birozchalik ruju qo‘ygan millat yo‘q. To‘y ekan deb, orqa-oldimizga qaramay, uylanay-netmay, bor-budimizni sovurib, aziz jonimizni ming bir balolarga giriftor qilib, harakatga tushib qolamiz. Ba’zi birlar o‘n-to‘rt so‘m topib, bosar-tusarini bilmay qolganlar-ku, xuddi kimlar bilandir musobaqaga kirishgandek, shohona dasturxonlar tuzab, unga odamni jonidan boshqa hamma narsani qo‘yadiganlar ham ko‘payib ketdi. Vaholanki, ayrimlarimiz bu kabi dasturxonlardagi ushbu nozu ne’matlarni umuman ko‘rmagan.

Zamondoshlarimizdan birining ana shunday to‘yiga yurtimizda xizmat safarida bo‘lgan bir chet ellik mehmon ham taklif etilibdi. ^^Annabiy xonim^^ to‘yga kelib, tuzatilgan dasturxonga qarab hang-mang bo‘lib qolibdi. Biroq unga har qancha iltimos qilishmasin, hech narsaga qo‘l tekkizmasmish. Oldidagilar hademay “olavering” deyaverishganidan keyin, sekingina “Buncha yegulikka to‘laydigan puli yo‘q”, debdi. Shunda ayollar: “Ola bering, pulini kuyovning otasi to‘lab qo‘ygan”, deyishibdi. Hayratdan lol bo‘lgan mehmon: “Kuyovning otasi biror kompaniyaning direktormi?” deb so‘ragan ekan. Ha, achchiqroq bo‘lsa ham aytishga majburman, shu kunlarda bizda o‘tkaziladigan har bir to‘y egasi bir kunga kompaniya direktoriga aylanadi, to‘y tugagach esa, mashhur ertakdagi teshik tog‘ora bilan qoladi. Boshqacha aytganda, baxtning kampiriday abgor ahvolga tushadi.

Ko‘p yillar nufuzli boshqarmada fuqarolar murojaati bo‘yicha ishlaganman. To‘y o‘tkazish uchun foizsiz ssuda so‘rab keluvchilarning aksariyati o‘zbeklar edi. Rahbariyat korxona imkoniyatidan kelib chiqib, bunday iltimoslarga ham mablag‘ ajratardi. Hech esimdan chiqmaydi, bir ayol bolasiga sunnat to‘yi qilish uchun foizsiz ssudaga ariza qoldirib ketdi. Keyin bir tanishining uyiga borib, ssudaga ariza berganini, 15 kunda qo‘liga pul tegishini, foizi bilan qaytarishini aytib, undan katta miqdorda qarz olibdi. Bu pullarga butun qishloqni yig‘ib, katta sunnat to‘y o‘tkazibdi. Bu orada korxonada iqtisodiy taqchillik yuz berib, murojaatchilarga foizsiz ssuda berish bekor qilindi va ayolning arizasi qanoatlantirilmay qoldi. Buni eshitgan ayolning holatini tasavvur qilayapsiz, to‘g‘rimi? Tang ahvolda u bu yoqqa qarz so‘rab rosa yugurdi, deyarli borsinman degan xonadoni qolmadi. Uning joniga eri ham, qaynota-qaynonasi ham, qarindosh-urug‘i ham ora kira olmadi. Ming afsuski, bir kunlik to‘yni deb, xonavayron bo‘lgan ayol bolalarini och-nahor qo‘yib, olgan qarzini to‘rt yil yig‘ib, zo‘rg‘a to‘lab yurdi. Ha, to‘y o‘tkazish bilan bog‘liq bunday voqealarning juda ko‘piga guvoh bo‘lganman. Hatto, oqibati fojia bilan tugagan holatlar ham bo‘lgan. Shu bois sal es-hushimizni yig‘ib, boshqa millat vakillaridan ibrat olaylik.

Masalan, yevropaliklar to‘ylarini moddiy sharoitiga qarab, 30-40 nafar odam ishtirokida, ixchamgina o‘tkazishadi. To‘y dasturxoniga ketgan xarajatni tashrif buyurgan mehmonlarning tuyanasi qoplab ketadi. Ota-onalar yig‘ilgan pullardan yoshlar uchun zarur bo‘lgan muzlatgich, televizor, kompyuter kabi narsalarni sovg‘a qilishadi.

Shu yil aprel oyida qizimizni turmushga uzatdik. Gap-so‘zlarimning isboti sifatida, kamtarona va kamchiqim to‘y qilishga harakat qildim. Qizim ham: “Ota-onam, meni ulg‘aytirib, voyaga yetkazib turmushga uzatayapsizlar, rahmat. Bu yo‘lda ortiqcha xarajat qilishni istamayman. Kerakli jihozlarni o‘zimiz erim bilan ishlab, asta-sekin olamiz”, dedi. Biz rozi bo‘ldik.

To‘y oldidan ortiqcha borib-kelishlarga yo‘l qo‘ymadim. Faqat besh-olti nafar kishi bilan unashtirish marosimini o‘tkazdik, xolos. Kelinimizni bir kunlik to‘yda uzatdik. Ertalab biz osh qilib, ehson o‘tkazdik, kechqurun kuyov tomoni to‘y qildi. Asosiy narsa — son-sanoqsiz tog‘oralar u yoqdan bu yoqqa sarson bo‘lmadi. Kelin kuyovdan tashqari boshqaga sarpo qilinmadi. Chiroyli patnisga “Qur’on”, “Hadis”, “Baxtiyor oila”, “Ota-onaga xizmat qilish” kabi muqaddas kitoblarni chiroyli tilaklar bilan to‘yda tantanali ravishda yoshlarimizga topshirdik. Bu barcha mehmonlarga ma’qul keldi.

Qudalar o‘zaro kelishib, ish tutishganimiz uchun bu juda chiroyli to‘y bo‘ldi. Hamma xursand, hamma shod. Mehmonlar yayrab kelib, yayrab ketishdi. Ayniqsa, Qirg‘izistondan kelgan qarindoshlarim “Voy tavba, shuncha kamchiqim to‘y qilib bo‘lar ekan-ku!” deb hayrat bilan qaytishdi.

Yana e’tiborli tomoni shuki, to‘y tugagach, bir oy davomida quda-andalar bir-birimizni bezovta qilmadik. To‘y tashvishlari bilan charchaganimiz uchun bir-birimizga dam olishga imkon yaratdik. Qizimizdan telefon orqali hol-ahvol so‘rab turdik. Oradan bir oy o‘tib, kudalarimiz kelin-kuyovni olib, mehmon bo‘lib kelishdi.

Demak, hayotimizni osonlashtirish o‘z qo‘limizda ekan. Ming mashaqqat bilan topgan mablag‘larimizni turmush sharoitimizni yaxshilashga, salomatligimizni tiklashga, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga, dam olish va sayohatlarga sarf qilsak, naqadar a’lo ish bo‘ladi. Hamma gap o’zimizda, jur’atimizda qolgan.

Total words

665

Unique words

512

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

0

TTR

0.770

Hapax

436

Distribution

Top frequency chart

Dataset