Millatning taraqqiyot darajasi milliy tilning xalqaro miqyosdagi nufuziga ko‘ra belgilanadi. Til bunday mavqega erishmog‘i uchun uning rivojiga davlat siyosati maqomida e’tibor ko‘rsatilmog‘i zarur. Prezidentimiz [Shavkat Mirziyoyev] joriy yil 4 oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” tarixiy qaror imzolagani ona tilimiz ravnaqiga yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir.
Bugun $$O‘zbekiston$$ taraqqiyotning yangi bosqichi bo‘lgan milliy yuksalish davriga qadam qo‘yayotir. Bu esa, milliy til rivojiga ana shu miqyosdagi yondashuvni taqozo etadi. Til ravnaqining asosiy omillari, bizningcha, quyidagilardir:
1. ona tili taqdiri uchun kuyinish hissi millatning har bir vakili qalbiga ko‘chishi,
2. til ilmining milliy negizda rivojlanishi,
3. zamonaviy texnika-texnologiyalar va tilning o‘zaro teng ta’sir asosida taraqqiy etishi,
4. milliy adabiy tilda yaratilgan adabiyotning ravnaqi.
Mabodo mazkur omillardan birortasi mavjud bo‘lmasa ham, tilning rivoji haqidagi gaplar gapligicha qolishi ehtimolga yaqin. Biz mustaqil taraqqiyotning yigirma to‘qqizinchi yildamiz. Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganiga esa roppa-rosa o‘ttiz yil to‘lyapti. Bu juda katta muddat bo‘lmasa-da, kichik ham emas. Yutuqlar o‘zimizniki. Shu bois asosan kamchiliklarimiz haqida, bajarilishi benihoya zarur bo‘lgan vazifalar haqida so‘z yuritmoqchimiz. Zero, oynaga qarashdan maqsad o‘z-o‘ziga mahliyo bo‘lmoq emas, nuqsonni aniqlash va tuzatishdir.
Ona tili taqdiri uchun kuyinish hissi u xoh tilshunos olim, biror soha rahbari yoki muallim bo‘lsin, xoh oddiy dehqon, tijoratchi yoki muhandis bo‘lsin, millatning har bir vakili qalbiga ko‘chmas ekan, tilning ravnaqi haqida gapirish mahal. Shukrki, kuyinayotgan olimlarimiz, ziyolilarimiz, oddiy vatandoshlarimiz bor. [Eshqobil Shukur]ning “Bobo so‘z izidan” kitobi, shoiru adiblarimiz, ziyolilarimizning matbuotdagi, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari buning yorqin misoli. Lekin kuyinchaklar va loqaydlar nisbatiga e’tibor qaratilsa, ahvol u qadar quvonarli emasligi ayon bo‘ladi. Aks holda reklamalar tili bu qadar achinarli bo‘lmas edi. Dori reklama qilinmoqda: “Bu dori ich og‘rig‘idan, unisi tish og‘rig‘idan samarali vosita.” (Ta’kid bizniki — N.J.) Samimiyatdan yiroq, o‘zga til qolipida yasalgan so‘zlarning bunday yig‘indisi, ming afsuski, milliy ruhdan yiroqlashilayotganidan darak. Aks holda “Mana bu dori dardingizga malham bo‘ladi. Unisi dardingizni oladi” singari tinglovchining ongiga ham, ko‘ngliga ham yaqin ta’sirchan so‘zlardan foydalanilmasmidi?
Shaharlarimizda aholiga xizmat qilayotgan avtobuslar havas qilarli. O‘rindiqlari o‘hori, yo‘lning tanobini tortadi — bu juda yaxshi. Ko‘tarinki kayfiyatda chiqish eshigiga yaqinlashasiz. Mana bu bitikni ko‘rganingizda esa dilingiz xufton bo‘ladi: “Halokat bolg‘asi. Halokat sodir bo‘lganda, yon oynalar halokat bolg‘asi yordamida sindiriladi!” Hoy, nafasing issiq bo‘lgur! “Halokat” so‘zi qanday ma’no anglatishini nahot bilmasang? “Halokat sodir bo‘lganda”... odamning ruhi tanasini tark etadi. Nahotki, yaxshi niyatda “Kutulish bolg‘asi” yoki “Najot bolg‘asi” deb atash mumkin bo‘lmasa?!
Bunday misollarni sanoqsiz keltirish mumkin. Poytaxtdan tortib barcha yirik shaharlarimizda ko‘cha lavhalari ajnabiy tillarda yozilishiga allaqachon ko‘nikib bo‘lganmiz. Nazarimizda, buyuk millatparvar bobokalomiz hazrat [Alisher Navoiy] qariyb olti yuz yil naridan: “Tilga e’tiborsiz elga e’tiborsiz” deya biz avlodlarga ta’nali nigohlarini tikib turgandek.
Bugungi kunda atamashunoslik (tilshunoslar ta’birida “terminologiya”) oqsab qoldi. Tadbirkorlar, xususiy va qo‘shma korxonalar, nodavlat tashkilotlar nom qo‘yishda, reklamalarda biror mutaxassis bilan maslahatlashmay, o‘zlari xohlagancha yo‘l tutyapti. Xalqimizning sevimli shoiri, $$O‘zbekiston$$ Qahramoni [Erkin Vohidov] aynan atamalarni tartibga solish zaruriyati haqida mana bunday yozgan edi: “Keyingi she’rlarimda ona tilimiz to‘g‘risida yozganlarim Marokash safarida tug‘ildi, desam ko‘plar ajablanishi mumkin. Munosabat haqiqatan ham uzoq. Lekin gap shundaki, $$Marokash$$dagi Arab tili markazini ko‘rib, u yerlik olimlar arab tilini chuqur o‘rganish, uni yangi atamalar bilan butun dunyoda targ‘ib qilish borasida shunday ishlar qilishmoqdaki, ochig‘ini aytganda, o‘zbek tilshunoslaridan hafa bo‘lib ketasan kishi. Bu markazda vaqt-vaqti bilan barcha arab mamlakatlaridan tilshunos olimlar yig‘ilib, dunyo tillarida yangi paydo bo‘lgan atamalarni arab tilida qanday ifoda qilish ustida, umuman, turli tillar bilan arab tilining o‘zaro aloqalari xususida ilmiy kengash o‘tkazadilar. Ijtimoiy terminlarga ham, ilmiy-texnika terminlariga ham ekvivalent topadilar. Bizning tilshunoslik markazimiz nima bilan shug‘ullanadi, Xudoning o‘zi biladi. ‘Tilga e’tibor elga e’tibor’ deymizu, hech birimiz tilimiz imkoniyatlaridan to‘la foydalanishni o‘ylamaymiz.”
Bizningcha, fan-texnika va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi kunda hayotimizga kirib kelayotgan har bir atamani ona tilimiz tabiati bilan mos tarzda qabul qilish, atamalarni muvofiqlashtirish uchun ushbu masalada vakolatli davlat muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurati bor.
Til chin ma’noda taraqqiy etishi uchun tilshunoslik milliy negizda rivojlanmog‘i zarur. Afsuski, bu borada ham maqtanarli ahvolda emasmiz. Bugun tilshunoslikda kompyuter lingvistikasi degan alohida ilmiy yo‘nalish paydo bo‘ldi. Shakllanishi va rivojlanishi to‘la ma’noda milliy mustaqilligimiz bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zbek substantsial tilshunosligi borasida muayyan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Shu yo‘nalish zaminida yuzaga kelayotgan gradual lingvistika bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. O‘zbek zamini da shakllangan bu tilshunoslik natijalaridan G‘arb mamlakatlarida, xususan, Germaniyada zamonaviy “WortShatz” internet lug‘atlarini tuzishda keng foydalanilmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu tilshunoslik yutuqlarini ilmga joriy etish dunyo miqyosida tom ma’nodagi yangi milliy o‘zbek tilshunosligi shakllanishi uchun zamin yaratadi.
Bundan tashqari, tilshunoslik va sotsiologiya kesishuvida yuzaga kelgan sotsiolingvistika, psixologiya va tilshunoslik sintezida maydonga chiqayotgan psixolingvistika tobora rivojlanayotir. Tilshunoslik va tabiiy fanlar degan alohida ilmiy yo‘nalish shakllandi va u fan sifatida o‘qitilmoqda. Tilshunoslik va tibbiyot, jumladan, politerapiya va notiqlik san’ati, shuningdek, tilshunoslik va psixiatriya, ya’ni turli ruhiy kasallik holatidagi nutqiy xususiyatlar masalalarini tadqiq qilish, matematik metodlarning tilshunoslikka o‘tishi, boshqacha aytganda, ehtimollik nazariyasi va statistik metoddan foydalanish muammolarini ana shu fan o‘rganadi. Bundan tashqari, lingvogeografiya, ya’ni tilshunoslik va kartografiya, shevashunoslik hamda areal lingvistika masalalari ham shular jumlasidandir.
Bular yutuqlarimiz. Ular shubhasiz o‘zimizniki. Biroq, modomiki ona tilimiz mahkam hozirgidan ham yuksalishini xohlar ekanmiz, kamchiliklarimizni ham e’tirof etishimiz kerak. Ularni tuzatish choralarini ko‘rmoq zarur. Men tilshunoslikning jamiyat rivojiga ta’sirini nazarda tutyapman. Bugun go‘yo “Tilshunoslik tilshunoslik uchun” degan qoida amal qilayotgandek tasavvur uyg‘onadi. Vaholanki, tilshunoslik va ijtimoiy voqelik o‘zaro mutanosiblikda, o‘zaro ta’sir asosida rivojlanishi sir emas. Xo‘sh, tilshunoslikning ilmiy natijalari bugungi kunda o‘quv jarayonidan boshqa (aslida bu borada ham muammolar yetarli) qaysi jabha ga faol tatbiq etilyapti?
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bugun filologiya sohasida eng ko‘p dissertatsiyalar zamonaviy tilshunoslik muammolari bo‘yicha himoya qilinyapti. Lekin ularning amaliyotga tatbiqi qoniqarlimi? Tashvishki, bu savolga beriladigan javob biz kutgan darajada ijobiy emas. O‘zbek tilshunosligida hozircha himoya qilinayotgan dissertatsiyalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish zarurati paydo bo‘lyapti. Aksar hollarda ingliz, nemis va hokazo xalqlar tilshunoslarining tadqiqotlaridagi nazariy qarashlar hech bir o‘zgarishsiz olinib, o‘zbek tilidagi misollar bilan to‘ldirilmoqda hamda buning uchun ilmiy daraja talab qilinyapti. Boshqacha aytganda, millatning ruhi bo‘lgan milliy tilshunoslik uni “vositai jahon” etganlarning kasriga tanazzulga yuz tutyapti. Ayrim tilshunoslarimiz esa ahvolni o‘nglash uchun harakat qilish o‘rniga sohaning “reanimatsiyaga tushgani” haqida bong urishdan nariga o‘tmayapti.
Oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri — bugungi kunda jahon miqyosida kechayotgan integratsiya va globallashuv jarayonida o‘zbek tilini dunyoviy tillar darajasiga olib chiqish bilan bog‘liq. Buning uchun o‘zbek tilining axborot (kompyuter) uslubini yaratish zarur. Chunki sanalgan barcha muammolarning yechimi shunga bog‘liq. Zero, jahon andozalari talablariga javob beruvchi, har tomonlama mukammal, qulay va ommabop axborot (kompyuter) uslubi yaratilganidan so‘nggina boshqa muammolarni hal qilish mumkin bo‘ladi.
Bir necha yil muqaddam “Dunyoviy o‘zbek tili” kitobi bosmadan chiqqan edi. Unda o‘zbek tilidagi birgina “kishlamoq” fe’lining taxminan yuz ming shakli (leksik-grammatik paradigmalari) rus va ingliz tillariga o‘girilgan. Ivetva tilida esa bu fe’lning bor-yo‘g‘i 100 ta shakli borligi ma’lum. Mana sizga qiyos: 100.000 ta va 100 ta.
Til, ulug‘ ma’rifatparvar [Abdulla Avloniy] ta’riflaganidek: “Millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti.” Millatning yuzi bo‘lgan oynani dog‘lardan pok tutish har birimizning burchimizdir. Zero, o‘zini hurmat qilgan, ertangi kuni yorug‘ va nurli bo‘lishini, xalqaro miqyosda o‘z so‘zini aytishni istagan har bir millat til taraqqiyotiga ustuvor ahamiyat bermog‘i shart va zarurdir. Muhtaram Prezidentimiz [Shavkat Mirziyoyev] imzolagan tarixiy qarorni o‘qiganda ona tilimiz taqdiri, taraqqiyoti bilan bog‘liq ana shu fikrlar xayolimdan o‘tdi.