Inson hech qachon tashqi dunyodan, o‘zini qurshab turgan olamdagi o‘zgarishlar, rivojlanishlar jarayonidan ajralib, ularni his etmasdan yashay olmaydi. Xalqlar, millatlar, ijtimoiy-siyosiy kuchlar faoliyatida sodir bo‘lgan turli hodisa va jarayonlar, ayniqsa, g‘oyaviy hamda mafkuraviy omillar inson ongi, tafakkuri va dunyoqarashiga ta’sir etmasdan qolmaydi. Binobarin, har qanday g‘oya muayyan millat va xalq^ing maqsad-muddaolari, manfaatlari zamirida shakllanadi hamda takomillashib boradi. Xususan, milliy g‘oya ham millat manfaatlarini, xalqning orzu-intilishlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Chunki millat huquqi va izzat-obro‘yi, shon-shuhrati, g‘urur-iftixor tuyg‘ulari millat qiyofasini belgilovchi ustuvor tamoyillardir. Bu mezonlarning har birida milliylik va umuminsoniylik mujassamlashgan. Ammo ular, mohiyatan umuminsoniy xarakterga ega bo‘lsa-da, har bir tarixiy davrda muayyan xalqlarning ehtiyojlarini yuzaga chiqaradi. Shu bois, ularning mazmun-mohiyatida namoyon bo‘lgan umuminsoniylik, milliy ehtiyojlarni muayyan milliy shaklda ifodalab, o‘z mazmunini ularga moslashtirgan holda yuzaga chiqaradi.
Bugungi kunda fuqarolarning ehtiyoj va manfaatlari, mamlakat taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiluvchi ustuvor g‘oya ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayotni barpo etish orqali qondirilishidek ommabop maqsad asosida namoyon bo‘lmoqda. Bu ham bizning milliy mentalitetimizga xos xususiyatdir. Ushbu xususiyatlar milliy g‘oya va mafkuraning maqsadi, mohiyati hamda mazmuniga to‘laligicha singdirilgan. Mafkuramizning "Milliy mafkura” deb, g‘oyamizning “Milliy g‘oya” deb atalishida ham juda katta ma’no bor. Eng avvalo, uning faqat o‘zbeklar uchungina emas, balki $$O‘zbekiston$$dagi barcha xalqlar va millatlarning umumiy maqsad va manfaatlari yo‘lida bir xilda, ayirmachiliksiz xizmat qilishini bildiradi. Ikkinchidan esa, milliy mafkura mustaqillikning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, madaniy, ma’naviy zaminlarini mustahkamlash orqali jamiyat rivojlanishini tezlashtirishni ta’minlaydigan omillardan bo‘lib hisoblanadi. Zero, har qanday mafkura xalq ma’naviy-ruhiy ehtiyojlari hamda manfaatlarini, milliy an’analari va turmush tarzini hisobga olgan taqdirdagina yashovchan, ta’sirchan bo‘ladi.
Binobarin, milliy g‘oya — xalqning tub manfaatlarini ifoda etadigan, uni o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlar sari birlashtiradigan va safarbar etadigan g‘oya ekan, demak, o‘z-o‘zidan anglanadiki, bu g‘oya o‘zida ehtiyoj va manfaatlarni, milliy xususiyatlarni uyg‘unlashtiradigan omillarga ham tayanadi. Bu omillar esa milliylik hamda uning hayotbaxsh qadriyatlari ustuvor bo‘lgan g‘oyalar tizimidan iborat bo‘lgan mafkurada mujassamdir. O‘z navbatida milliy mafkura ham, eng avvalo, hayotga endigina qadam qo‘yayotgan yosh avlod hayotida yangicha ma’no va mazmun baxsh etishga, unda faol hayotiy pozitsiyani shakllantirishga qaratilgandir. Zero, yoshlar faqat milliy g‘oyani mamlakat taraqqiyoti, yurt tinchligi va xalq farovonligini ta’minlashning muhim vositasi sifatida anglaydilar. Yoshlar tabiatan turli g‘oyalarga qiziquvchan va ularga tez beriluvchan bo‘ladilar. Milliy mafkura hali turmushning achchiq-chuchugini tatib ko‘rmagan, hayot tajribasiga ega bo‘lmagan ana shu avlodni milliy taraqqiyotimiz manfaatlariga yot bo‘lgan soxta va buzg‘unchi g‘oyalar tajovuzidan himoya qiladi. Biz o‘n besh yillik taraqqiyot davomida buni chuqur his qildik. Amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat siyosiy tizimni yangiladi, iqtisodda, ijtimoiy hayotda tub o‘zgarishlar yasadi, balki odamlar tafakkurini ham qadam-baqadam o‘zgartirib bormoqda. Odamlar o‘tmishini hozirgi kun bilan qiyoslab ko‘rmoqdalar. Erishilgan yutuqlarning mohiyatini va ahamiyatini anglashga intilmoqdalar. Shu bilan birga shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamon oldimizga bir qancha masala va vazifalarni qo‘ymoqda.
Masalan, uchinchi ming yillikda jahonda xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, OITS, narkotik moddalarni iste’mol qilish kabi illatlar qatorida "axborot xuruji” muammosi ham paydo bo‘ldi.
Muammo shundaki, axborot xuruji erkinlik niqobiga yashiringan egotsentrizm axloqsizlik falsafasini singdirishda yetakchi kuch bo‘lib xizmat qilmoqda. Dunyoga hukmronlik qilishga da’vo qilayotgan ayrim davlatlar, nima bo‘lsa ham, “demokratiya” niqobi ostida jahondagi barcha xalqlarga, jumladan bizning mintaqamiz xalqlariga ham o‘z g‘oyalarini tiqishtirishga harakat qilmoqda. Shu o‘rinda tan olib aytishimiz kerakki, ular milliy qadriyatlarimiz, milliy madaniyatimizni mensimaydigan ayrim yoshlarga mana shunday g‘oyalarni singdirish payida yuribdi. Yon-atrofimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga beparvolik, loqaydlik kabi illatlar esa yoshlarimiz ongida “yot g‘oya”larning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatimizda va umuman dunyoda nimalar sodir bo‘layotganiga doimiy daxldorlik hissining yetishmasligi, nima yolg‘onu, nima bo‘hton, haqiqatni anglab yetish hissining yo‘qligi “demokratiyaparast”larga, ayniqsa, qul kelmoqda. Prezidentimizning «Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida»gi qarorida ta’kidlanganidek, xalqaro maydonda mafkuraviy, g‘oyaviy va axboriy kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish nihoyatda muhimdir. Yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yurtdoshlarimizning hayotga ongli munosabatini kuchaytirish, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi, tinch-osoyishta hayotimizga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Shuningdek, ushbu hujjatda yurtimizda faoliyat yuritayotgan gazeta va jurnallar, tele va radiokanallar bu masalada yetakchi rol o‘ynashi alohida qayd etilgan. Ular Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Ma’naviyat targ‘iboti markazida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalarini, tahliliy materiallar xulosalarini, qarorda belgilab berilgan ustuvor vazifalarni keng jamoatchilikka yetkazishda yetakchi kuch bo‘lmog‘i darkor.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, har bir yurtdoshimiz milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligiga o‘z ulushini qo‘shsin. “Yot mafkura”larga o‘zining “mafkuraviy immuniteti”ni qarshi qo‘ya olib, milliy g‘oya va mafkura targ‘ibotchisi bo‘la olsin.