Sharqda qadim-qadimdan oila muqaddas hisoblangan. Ajdodlarimiz oilaning ma’naviy, moddiy va axloqiy darajasiga alohida e’tibor berganlar. Oilani mustahkamlash ularning birlamchi vazifalari bo‘lgan. Quda bo‘lmish har ikki tomon bir-birining yetti pushtigacha surishtirib, so‘ng to‘y tadorigini ko‘rishgan. O‘zbek tilining izohli lug‘atida oilaga quyidagicha ta’rif berilgan: «Er-xotin, ularning bola-chaqalari va eng yaqin tug‘ishganlaridan iborat birga yashovchi kishilar majmui». Zero, ana shu «kishilar majmui» komil insonni kamol toptiradi, ijtimoiy qadriyatlar va milliy an’analarni avloddan avlodga o‘tkazishda asosiy omil vazifasini o‘taydi.
— Huquqiy demokratik davlatni barpo etishda oila alohida muhim vazifalarni bajaradi. Shuning uchun ham mustaqillik yillarida mamlakatimizda oilani mustahkamlashga g‘oyat katta ahamiyat berilmoqda, — deydi suhbatdoshimiz, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi Notariat va $$FHDYO bo‘limi$$ boshlig‘i, xalq deputatlari shahar Kengashi deputati, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi Xotin-qizlar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish uyushmasi raisi, yuridik fanlar nomzodi ^^Gulnora INOMJONOVA^^. — Xususan, so‘nggi yillarda farmon, qonun, qaror va qator davlat dasturlarini qabul qilish yo‘li bilan amalga oshirilayotgan tadbirlar oilalar, ayollar, ko‘p bolali va yolg‘iz onalar, yoshlarga hukumatimiz tomonidan moddiy va ma’naviy yordam berish ko‘lamini kengaytirib, mustahkamlamoqda. Konstitutsiyamizning XIV bobi maxsus ravishda oilaga bag‘ishlangan. Bugun oilaning jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy ahamiyati tobora ortib bormoqda. Darhaqiqat, oila farovonligi jamiyat va millat kelajagi barqarorligini ta’minlaydi, desak, xato qilmagan bo‘lamiz. — Bugungi oilaga bo‘lgan e’zoz nimalarda ko‘rinadi? — Oila to‘g‘risidagi g‘amxo‘rlik, eng avvalo, davlatimizning izchil amalga oshirib kelayotgan kuchli ijtimoiy siyosati bilan belgilanadi. O‘zbek oilasi o‘ziga xos mentalitetga ega bo‘lib, insoniy fazilatlarni mujassamlashtirgani bilan ham boshqa xalqlardan ajralib turadi. Oilalarimizda milliy urf-odatlarga ehtirom, kattaga hurmatu kichikka izzat, bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, mehru oqibat yuksak qadrlanadi. Shu bois yurtimiz sobiq tuzumdan ajralib chiqqach, o‘ziga xos oilaviy munosabatlarni huquqiy tartibga solish maqsadida Oliy Majlisning 1998-yil 30-apreldagi qarori bilan Oila kodeksini qabul qilib, uni o‘sha yilning 1-sentyabridan amalga kiritdi. Mazkur kodeks qabul qilinishi bilan oila munosabatlarining huquqiy tartiblashtirilishi Konstitutsiya va boshqa qonunlar, shuningdek, yangi Fuqarolik kodeksi bilan muvofiqlashtirildi. Bundan tashqari, Oliy Majlis sessiyasida ratifikatsiya qilingan qator xalqaro huquqiy hujjatlarning muhim qoidalari bilan ham boyitildi. Bunga misol tariqasida 1919-yil Jenevada qabul qilingan va 1952-yilning 28-iyunida qayta ko‘rib chiqilgan «Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Konvensiya, «Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi» (1948-yil, 10-dekabr), «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiya (1959-yil, 20-noyabr) va «Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida»gi Xalqaro paktni (1966-yil, 16-dekabr) keltirishimiz mumkin. Jamiyatimizda yetim-yesirlarning uy-joy, oziq-ovqat va kiyim-kechak ta’minoti, shuningdek, tarbiyasi davlatimiz zimmasida.
— Ma’lumki, Oila kodeksida nikoh shartnomasi, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kabi yangiliklar o‘z aksini topgan. Bugungi kunda ular amaliyotda qanday natija bermoqda?
— Milliy qonunchiligimizda ilk bor nikoh shartnomasi degan yangi institut paydo bo‘ldiki, u muayyan ma’noda ayollarni ijtimoiy-huquqiy himoyalashga qaratilgan. Oila kodeksining 29-moddasiga binoan, nikoh shartnomasi deganda, nikohlanuvchi shaxslar yoki er va xotin nikohda bo‘lgan yoxud aksincha, nikohdan chiqqan taqdirda, ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi (ahdnomasi) tushuniladi. Hozirda qonuniy mulk tartibini saqlab qolish bilan birga, uning shartnomaviy tarkibiga ham o‘rin berilgan. U nikoh shartnomasi yoki nikoh kontrakti deb yuritiladi. Shartnomaning mazmuni er-xotinning mol-mulkiga bo‘lgani huquq va majburiyatlaridan tashkil topib, ular o‘rtasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni sud amaliyotida to‘g‘ri va adolatli hal qilishga yordam beradi. 2004-2005-yillar davomida Toshkent shahri bo‘yicha FHDYO organlari tomonidan salkam 30 mingga yaqin nikoh yozuvlari qayd etilgan. Shu davrda tuzilgan nikoh shartnomalari esa 41 ta. To‘g‘ri, Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga ko‘ra, nikoh shartnomasini tuzish ixtiyoriydir. Lekin shu davrda qayd etilgan 3000 dan ortiq ajralishlarni (sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilingan nikoh bu sanoqqa kirmaydi) hisobga olsak, aynan ayollarning mulkka bo‘lgan huquqi poymol etilib, ular sarsongarchilikka uchramoqdalar. Buning asosiy sabablaridan biri nikoh shartnomasining hayotga sust tatbiq etilayotganidir. Huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borishda ko‘pchilik huquqshunoslarda tashabbus sust. Nikoh shartnomasi haqida zarur tavsiyalar va qo‘llanmalar yetishmayotgani tufayli fuqarolarga tushuncha berishda kiyikchiliklar tug‘ilmoqda. Qonunda nikoh tuzuvchilar ariza berganlaridan so‘ng bir oy o‘tgach, nikoh tuzilishi belgilagan. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustda qabul qilingan «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi 365-sonli qarori talablaridan kelib chiqib, yoshlarning tibbiy ko‘ridan o‘tkazilishi ushbu bir oylik muddatda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Bo‘limimizning 2005-yil va 2006-yil 9 oylik hisobotlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari Nizomda ko‘rsatilgan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha kasalliklar aniqlanganini ko‘rsatadi. Oqibatda ba’zilarga oila qilishi mumkin emasligi aytildi yoki ma’lum muddatga kechiktirildi, Zero, tibbiy ko‘rikning asosiy mazmun-mohiyati ham bolalar va onalar o‘limi, tug‘ilishdan keyingi asoratlar, nogironlik, bepushtlik kabi illatlarning oldini olishdan iborat.
— Oilaning barbod bo‘lishi ko‘p hollarda nimalarga bog‘liq?
— Bu masala Sud va FXDYO idoralari xodimlari oldidagi jiddiy vazifadir. Sabablari o‘rganilib, tahlil qilib chiqilganda yoshlarimizning oila qurishga, xususan, yigitlarimizning ro‘zg‘or tebratishga, farzandlarini ma’naviy va jismonan sog‘lom tarbiyalashga tayyor emasliklari, qizlarimizning esa ona bo‘lishdek mas’uliyatni to‘liq tushunmasliklari ayon bo‘layotir. Aksariyat ajrashganlarning yoshi 20-25 da bo‘lib, 1-1,5-yil turmush qilishgan, xolos. Ajralishlarning 25 foizi xiyonat, 18 foizi o‘zaro kelishmovchilik, 22 foizi mehr-muhabbatning yo‘qligi, xarakterlarning to‘g‘ri kelmasligi, qolgan qismi farzandsizlik, er yoki xotinning betobligi, moddiy yetishmovchilik, eng achinarlisi, yigitlarning ichkilik, giyohvandlik, nashavandlikka berilib ketishlari oqibatida sodir bo‘lmoqda. Yaqinda eri bedarak yo‘qolgan ayol nikoxdan ajratish haqidagi da’vo-ariza bilan sudga murojaat qilibdi. Er-xotindan birining ishtirokisiz ham nikoh bekor qilinishi mumkinmi?
— Hayot tasodiflarga to‘la. Agar er-xotindan biri sud tomonidan bedarak yo‘qolgan, ruhiy kasalligi yoxud aqli zaifligi tufayli muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek, sodir qilgan jinoyati uchun 3-yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lsa, o‘rtada voyaga yetmagan bolalari-bo‘lishidan qat’i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra FXDYOda ularning nikohi bekor qilinadi.
— Oila mustahkamligi xotin-qizlarning huquqiy savodxonligi bilan ham bog‘liq, albatta. Bu borada siz boshqarayotgan Xotin-qizlar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish uyushmasi qanday faoliyat ko‘rsatmoqda? — Uyushmamiz a’zolari «Baxtni oilangizdan izlang» shioriga tayangan hoLda ish yuritadilar. Joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlar: seminar-kengashlar, uchrashuvlar va savol-javob kechalarida erkak va ayolning oiladagi mavqei, o‘rni, mas’uliyati, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yuzasidan hukumat qarorlarini jamoatchilikka tushuntirish o‘z natijasini berayotir. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda siyosiy partiyalar tomonidan ham oila mustahkamligiga, ajralishlarning oldini olishga katta ahamiyat berilmoqda. Xususan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasining dasturidan joy olgan oila byudjeti daromadlarini oshirish, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash hamda ularga farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishlariga imkoniyat yaratish kabi masalalarga oilaning iqtisodiy, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish omili sifatida yondoshilmoqda. Bunday muammolarni hal etishda deputatlar, jamoatchilik, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla faollari yaqindan hamkorlik qilishi davr talabidir.