Aziz yurtdoshlarim, vatandoshlarim! Avvalambor, barchangizni kirib kelayotgan yangi — 2007-yil bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Bugun biz yakuniga yetib borayotgan 2006-yilni kuzatar ekanmiz, yil davomida boshimizdan kechirgan quvonchli va tashvishli kunlarni, yurtimiz hayotidagi muhim va unutilmas voqealarni beixtiyor xayolimizdan o‘tkazishimiz tabiiydir. O‘z poyoniga yetayotgan yil mamlakatimizning taraqqiyot yo‘lida, hayotimizning barcha yo‘nalishlarida oldin boshlagan islohotlarni chuqurlashtirish, jamiyatimizni yangilash, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash, xalqimizning farovonligini oshirishda alohida o‘rin egallaydi, desak, o‘ylaymanki, xato bo‘lmaydi. Iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlari 107,2 foizni tashkil etgani, xaridorbop mahsulotlarimizni chetga sotish, ya’ni, eksport miqdori taxminan 30 foizga, oltin-valyuta zaxiralarimiz 33 foizga, davlat byudjetimizning hajmi 27 foizga o‘sgani, shular hisobidan mehnatchilarimizning real ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 36 foizga ko‘paygani, inflyatsiya — narx-navoning o‘sish darajasi esa 7 foizdan oshmagani mamlakatimiz joriy yil mobaynida qanday yuksak marralarga erishganining yaqqol tasdig‘idir.
Shu bilan birga, “Homiylar va shifokorlar yili” doirasida amalga oshirgan tadbirlarimiz, saxovat va muruvvat tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan sa’y-harakatlarimiz, shu maqsadda 280 milliard so‘mdan ziyod davlat byudjeti va homiylik mablag‘lari sarflangani aholining, avvalambor, ko‘mak va madadga muhtoj toifalarning og‘irini yengil qilishda katta amaliy yordam bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. O‘tgan yili iqtisodiyotimizni rivojlantirish, el-yurtimiz farovonligini oshirish yo‘lida qo‘lga kiritgan ana shunday yutuqlarimiz yurtimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, qisqa va lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizni modernizatsiya qilish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, davlat boshqaruvini liberallashtirish jarayonlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini yaxshi anglab olishimiz zarur. Shu borada amalga oshirilayotgan qat’iy o‘zgarishlar, avvalambor, hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarni zamon talablari darajasiga ko‘tarish, xususiy mulk egalariga, kichik biznes va tadbirkorlikka, qishloq xo‘jaligi sohasida fermerlik harakatiga ham qonuniy, ham amaliy jihatdan keng yo‘llar ochib berish, ularni jamiyatimizning haqiqiy tayanchi va suyanchi, mamlakatimiz istiqbolining hal qiluvchi kuchiga aylantirish masalalariga qaratilgani va bu vazifalar bundan buyon ham davlatimizning e’tibor markazida bo‘lishini ta’kidlamoqchiman.
Xalqimizning ezgu orzu-umidi bo‘lmish barkamol avlod, komil inson tarbiyasini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan umummilliy dasturlarimiz, shu jumladan kadrlar tayyorlash va maktab ta’limini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish yo‘lida bajargan ishlarimiz jamiyatimizni yangi bosqichga ko‘tarish, yuksak marralarni egallashga xizmat qilayotganini hozirning o‘zida kuzatish qiyin emas. Bugungi hayotimizning ko‘zga tashlanayotgan muhim alomatlari va mohiyati haqida gapirganda, avvalo, yurtdoshlarimizning ichki dunyosi, ongu tafakkuri tubdan yangilanib, ijtimoiy va siyosiy faolligi tobora ortib borayotgani — bularning barchasi zamonamiz qanchalik o‘zgarayotganining eng yorqin belgisi, desak, o‘ylaymanki, hech qanday xato bo‘lmaydi.
Ishonchim komil, mana shu saxovatli $$O‘zbekiston$$ zaminida yashayotgan barcha insonlar, millati, tili va dinidan, qarash va e’tiqodidan qat’i nazar, bugungi va ertangi hayotimizning eng katta boyligi, Ollohning o‘zi bizga in’om etgan bebaho ne’mat bo‘lmish yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik, jamiyatimizda mustahkamlanib borayotgan o‘zaro hurmat va hamjihatlik ekanini chuqur anglaydi va yuksak qadrlaydi.
Aziz do‘stlar!
Bugun, barchamiz bayram dasturxonlari atrofida jamuljam bo‘lib o‘tirgan mana shu fayzli oqshomda, tabiiyki, o‘y-xayollarimiz, fikru zikrimiz yangi yil bilan chambarchas bog‘lanib, bu yil ham oilamizga, elu yurtimizga tinchlik-omonlik, yaxshilik va to‘kinlik olib kelsin, deb ezgu niyat qilamiz. Ana shunday orzu-umidlarning ushalishi uchun kirib kelayotgan yangi yilda ham eng ustuvor vazifamiz — avvalambor, yon-atrofimiz va dunyodagi o‘ta murakkab vaziyatni inobatga olgan holda, xalqimizni har qanday xavf-xatarlardan asrash, uyimiz, oilamiz, Vatanimizning osoyishtaligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini saqlash maqsadida butun kuchimizni safarbar etishimiz zarur, desam, o‘ylaymanki, bu fikrga siz, qadrli yurtdoshlarim albatta qo‘shilasiz.
Ayni vaqtda mamlakatimizning barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirish, aholimizning qabul qilinayotgan qarorlardan xabardor bo‘lish va ularning ijrosini ta’minlashga ta’sir o‘tkazish imkonini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish — o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga yetish uchun g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish, aholi ehtiyojlarini ta’minlash bo‘yicha 2006 va undan oldingi yillarda boshlagan ijobiy ishlarimizni izchil davom ettirish, jumladan, ishchi-xizmatchilarimizning oylik ish haqi hamda pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq oshirish masalasi ham yangi yildagi rejalarimiz qatoriga kiradi.
Ayniqsa, aziz farzandlarimizning kelajagini oʻylab, bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solish, onalik va bolalikni himoya qilish, tabarruk keksalarimizning izzat-hurmatini joyiga qo‘yish singari masalalarga ham doimiy e’tibor qaratishimiz tabiiy. Shu ma’noda, 2007-yilga "Ijtimoiy himoya yili” deb nom berganimiz zamirida ham, avvalo, hayotimizni yangi bosqichga ko‘tarish, muhtoj insonlar va kam ta’minlangan oilalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, eng muhimi, jamiyatimizda o‘zaro qadr-qimmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash kabi olijanob maqsadlar mujassam ekani barchamizga ayon. Bir so‘z bilan aytganda, 2007-yilda amalga oshiradigan reja va dasturlarimizning ma’no-mazmuni va pirovard natijasi o‘tgan yillardagidan aslo kam bo‘lmaydi, deb ishontirib aytishga barcha asoslarimiz bor.
Aziz do‘stlarim, birodarlarim, qadrli vatandoshlarim! Mana shunday shukuhli damlarda yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmonlar qatori muborak Qurbon hayitini shodu xurramlik bilan bayram qilayotgan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin dildan qutlab, o‘zimning samimiy tilaklarim, mehr va hurmatimni izhor etaman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat va omad tilayman.
Yangi — 2007-yilning qadami qutlug‘ va xosiyatli kelsin!
Xonadonlarimizdan fayzu baraka arimasin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!