🔍

Article

Ziyobaxsh nashr «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi ellik yoshga to‘ldi

By Abdunabi HAYDAROV, "Xalq so‘zi" muxbiri. • in 2006

Dastlab “O‘zbekiston madaniyati” deb nomlangan va asosan ijod ahliga mo‘ljallangan bu gazetaning zuvalasi yo‘rgakdaligidayoq puxta yo‘g‘rildi. Unga dastlab [Mumtoz Muhamedov], [Rahmat Fayziy], [Vohid Zohidov], [Laziz Qayumov] singari yozuvchi, faylasuf va adabiyoshunoslar muharrirlik qilishdi. Natijada u ko‘p o‘tmay o‘z o‘quvchilari va mualliflarini topdi. Adiblar-u san’atkorlarning doimiy minbari va sevimli yo‘ldoshiga aylandi. Shu bois milliy adabiyotimizning peshqadamlari [G‘afur G‘ulom], [Oybek], [Maqsud Shayxzoda], [Zulfiya, Mirtemir], [Odil Yoqubov], [Pirimqul Qodirov], [Erkin Vohidov], [Abdulla Oripov] kabi ko‘plab iste’dodlarning hali siyohi qurimagan sara asarlaridan aksariyati, eng avvalo, ushbu gazeta orqali xalqqa yetib bordi.

1981-yilga kelib, gazetaning nomi “$$O‘zbekiston$$ adabiyoti va san’ati” deb o‘zgartirildi. Unga uzoq vaqt “Sharq yulduzi” va “Guliston" jurnallarida ishlab, o‘ziga xos betakror ijodiy jamoalarni shakllantirish sharafiga muyassar bo‘lgan $$O‘zbekiston$$ xalq yozuvchisi [Asqad Muxtor] Bosh muharrir etib tayinlandi. Ustod adibning boy tajribasi Adabiyot gazetasining tom ma’noda qayta tug‘ilishida juda qo‘l keldi. Pirovardida nafaqat ziyolilar, balki boshqa kasb egalari ham uning har bir sonini intiqlik bilan kutadigan bo‘lib qolishdi. Yana bir zabardast adibimiz — $$O‘zbekiston$$ xalq yozuvchisi [Odil Yoqubov] rahbarlik qilgan yillarda “O‘zAS”ning ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi obro‘-e’tibori yanada yuksaldi. Gazeta har qachongidan ulug‘vorroq ishlarga yuz tutdi. O‘z sahifalarida badiiy asarlarni, qizg‘in bahs-munozaralarga, katta o‘zgarishlarga turtki bo‘lgan nazm va nasr, adabiy tanqidchilik, milliy qo‘shiqchilik, kino, teatr va matnshunoslikka oid maqolayu davra suhbatlarini yoritish bilangina cheklanmay, ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarni ham dadil va oshkora ko‘tarib chiqa boshladi. Ayni chog‘da, paxta yakkahokimligiga, o‘lkamizda yuzaga kelgan ekologik nomutanosibliklarga, yurt boshiga yog‘ilgan zahriqotillarga, sobiq sho‘ro armiyasi safida xizmat qilayotgan yigitlarimizning ham ma’nan, ham jismonan kamsitilishiga qarshi o‘t ochdi. Orolni va $$Bo‘stonliq$$ni qutqarish haqida bong urdi. Sirasini aytganda, ilgari nafaqat muhokama qilish, hatto tilga olishni tasavvur doirasiga sig‘dirib bo‘lmaydigan mavzular dadillik bilan mushtariylar hukmiga havola etildi.

Bu an’ana gazetaga jurnalist va publitsist [Ahmadjon Meliboyev] Bosh muharrir bo‘lib kelgandan keyin ham izchil davom etdi. U ustozlar yo‘lini tutib, gazeta yo‘nalishi va mavqeini saqlab qolishga intildi. Shu bois “O‘zAS”ning qo‘shni respublikalar va chet ellarda ham muxlislari ko‘paydi. O‘tgan asrning 90-yillari arafasida adadi 850 ming nusxaga yetdi. O‘sha kezlarda “Tarix va taqdir”, “O‘tmish saboqlari”, “Merosimizni o‘rganamiz”, “Biz kimmiz?”, “Ilm o‘zni bilmakdir”, “Tilga e’tibor — elga e’tibor”, “Teran tomirlar”, “Oltin kalom”, “Juma o‘gitlari”, “Odob, adab va odam”, “Inson, axloq va qonun”, “Ona sayyora — qo‘riqxona” singari ruknlar ostida e’lon qilingan maqolalar o‘zbek publitsistikasining yorqin namunalari sifatida tarixda qoldi. Shubhasiz, Mustaqillik Adabiyot gazetasi sahifalariga yangicha ruh va yangicha nafas olib kirdi. U endilikda adabiyot va san’at olamidagi yutuqlar va mavjud muammolarni tilga olish bilan bir qatorda, ijtimoiy-madaniy hayotimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlarni ham uzluksiz yoritib kelmoqda. Ziyoli xalqiga, jumladan, adabiyot va san’at namoyandalariga Yurtboshimiz va hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar mazmun-mohiyatini ommaga yetkazish, yosh iste’dodlarni kashf etishdek sharafli ishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ana shu bois “Muharrir minbari”, “Bizning sharh”, “O‘zbeklar va dunyo”, “Istiqlol va iqtisod”, “Ikki fikr”, “Bahs”, “So‘z — xazina”, “Nom — nomus” ruknlari ostidagi chiqishlar ijtimoiy salmoqdorligi va ta’sirchanligi bilan o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Biz ziyolilarning yaqin do‘sti, chin sirdoshi va beminnat maslahatgo‘yi bo‘lgan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ni yarim asrlik to‘yi bilan chin dildan qutlaymiz, gazeta xodimlari hamda muxlislariga ijodiy barkamollik tilaymiz.

Total words

492

Unique words

403

Annotated anthroponyms

15

Toponyms

4

TTR

0.819

Hapax

360

Distribution

Top frequency chart

Dataset