🔍

Article

INTEGRATSIYA — DAVR TALABI

By Mixli SAFAROV • in 2006

Fan, ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasi — Kadrlar tayyorlash milliy dasturida hozirgi ta’limning eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Prezidentimiz bu masalaning nihoyatda dolzarbligini o‘z ma’ruzalarida doimo ta’kidlab kelmoqdalar. Shu maqsadda bundan uch yil oldin $$Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Fan va texnologiya markazi$$ grantlar tizimini hayotga joriy etgan edi. Bu tadbir, rag‘batlantiruvchi omil sifatida oliy ta’lim muassasalaridagi ilmiy salohiyatni harakatga keltirdi. Professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda talabalar, magistrlar, aspirantlar, doktorantlarning ilmiy faoliyatga qiziqishlari kuchaydi. Hozirgi kunda grantlar asosida amalga oshirilgan ko‘pgina ilmiy-amaliy loyihalar mamlakatimiz iqtisodiyotida samaradorlikni oshirmoqda hamda bevosita ishlab chiqarish texnologiyasida sifat o‘zgarishlarini vujudga keltirmoqda.

Shu bilan birga, korxonalar ham oliy ta’lim muassasalaridagi amaliy tadqiqot markazlariga buyurtmalar bilan murojaat qilyapti. Xullas, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi yurtimizda dadil izga tusha boshladi. Yangi yil arafasida Toshkent davlat texnika universitetida xuddi shu masalaga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjuman keyingi 3-yil ichida Fan va texnologiyalar markazi tomonidan moliyalashtirilib, oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarga hamda korxonalar buyurtmasiga binoan xo‘jalik shartnomalari asosida bajarilgan ishlar tahliliga bag‘ishlandi. Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga bag‘ishlangan birinchi respublika ilmiy-amaliy anjumani ToshDTUda o‘tkazilayotganligi bejizga emas. Texnika universiteti respublikamizda texnik va muhandis kadrlar yetishtiruvchi tayanch oliy ta’lim markazigina bo‘lib qolmasdan, bu yerda iqtisodiyotni va boshqa ijtimoiy sohalarni texnik va texnologik takomillashtirishga yo‘naltirilgan amaliy tadqiqotchilik ishlari ham faol rivojlanmoqda. Faqat joriy yilning o‘zida universitetda Fan va texnologiyalar markazi grantlari asosida 57 ta ilmiy-amaliy loyiha, korxonalar buyurtmasiga binoan esa xo‘jalik shartnomalari asosida 88 ta ish bajarildi. Texnika universitetida 11 ta ilmiy markaz va ilmiy-ishlab chiqarish korxonalari faoliyat olib bormoqda. Biz shu oliy ta’lim muassasasida yuzaga kelayotgan ilmiy-amaliy ishlar mazmun-mohiyatini sharhlab berishni so‘rab, anjuman qatnashchisi, ToshDTU Elektron texnika materiallari^fizikasi va texnologiyasi kafedrasi rahbari [Boltaxo‘ja Umrzoqov]ga murojaat qildik. — Texnika universitetida yoqilg‘i-energetika, mineral xomashyo resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga, atrof-muhit muhofazasi, tibbiyot, axborot texnologiyalari va sanoatni avtomatlashtirishga, boshqa muhim maqsadlarga qaratilgan amaliy tadqiqotlar yo‘lga quyilgan hamda bu ishlarga yosh tadqiqotchilar keng jalb etilmoqda, — dedi suhbatdoshimiz va davom etdi; — Keling, ayrim natijalar to‘g‘risida gaplashaylik. Akademik [Nodirbek Yusupbekov] rahbarligida neftni va gazni qayta ishlash hamda ularni qazib olishni kompyuter yordamida avtomatik boshqarishga doir salmoqli ilmiy-amaliy ishlar bajarildi. Bunday ishlanmaga hozirgi kunda ehtiyoj katta. Yoki professor [Muhammadkabir Bahodirxonov] boshchiligidagi ilmiy guruh quyosh elementlarini yig‘ish va uni hayotga tatbiq etishga bag‘ishlangan loyihani muvaffaqiyatli ado etdi. Quyosh elementlari — energiya ishlab chiqarishda qo‘shimcha, samarali vosita bo‘lib, mamlakatimizning energiya ta’minoti sohasidagi imkoniyatlarini kengaytiradi. Shaxsan men o‘zim ishlayotgan ilmiy guruh nanomateriallar xususiyatlarini o‘rganmoqda. Nanomateriallar texnika va elektronika sohasida jihozlar jussasini ixchamlashtirish, “mittilashtirish”, ammo ish quvvatini bir necha barobar oshirishga xizmat qiladi. Kosmik texnikani takomillashtirishda, kompyuter texnologiyasini ravnaq toptirishda, radio-elektron asbobsozligida, tibbiyotda, biologiyada, atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishda nanotexnologiya kelajakda asosiy omil bo‘lib qoladi. Bunday materiallarga o‘tish avval Yaponiyada, keyin rivojlangan boshqa davlatlarda boshlandi. Biz ham ana shu ilg‘or yo‘nalishga murojaat qila boshladik. Va ilk natijalarga erishdik. $$O‘zbekiston$$da nanomateriallar bilan ishlashning kelajagi katta... Anjumanda bu natijalarning yirik ko‘rgazmasi tashkil etildi. Va u mehmonlarda yaxshi taassurotlar qoldirdi. Shu bilan birga, yig‘ilishda umuman respublika oliy ta’lim muassasalaridagi tadqiqotchilikning ahvoli, ilm-fan va ta’limning ishlab chiqarish bilan hamkorligini yana kuchaytirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar xususida foydali fikr almashish bo‘ldi. Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish — davr talabi. Bu vazifaning izchil va muvaffaqiyatli ado etilishidan, avvalo, taraqqiyotimiz yutadi. Oliy ta’lim muassasalarida erishilayotgan ilmiy-amaliy izlanishlar samaralari iqtisodiyot rivojiga, farovonligimiz oshishiga hissa bo‘lib qo‘shilaveradi. Ayni paytda, bu dargohlardagi iqtidorli yoshlar salohiyatini ravnaq toptirish imkoniyatlari yanada kengayadi.

Total words

548

Unique words

386

Annotated anthroponyms

3

Toponyms

2

TTR

0.704

Hapax

320

Distribution

Top frequency chart

Dataset