🔍

Article

OʻZBEKISTON XALQIGA YANGI YIL TABRIGI

By Islom KARIMOV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti • in 2006

Aziz vatandoshlar! Muhtaram otaxon va onaxonlar, opa-singillar, do‘stlarim, birodarlarim! Mana shu fayzli va shukuhli daqiqalarda barchangizni yangi — 2006-yil bilan qizg‘in muborakbod etaman va sizlarga qalbimdagi ezgu tilaklarimni, samimiy mehr va hurmatimni bildirishdan baxtiyorman. Yangi yil arafasida, tabiiyki, barchamiz yakuniga yetib borayotgan 2005-yilning o‘zimiz va oilamiz, xalqimiz va mamlakatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati, mohiyatini beixtiyor xayolimizdan o‘tkazamiz.

Hech shubhasiz, o‘tib borayotgan yil el-yurtimiz hayotida chuqur iz qoldirayotgan yil bo‘lib qolishi muqarrar. O‘tgan vaqt mobaynida ezgu maqsadlarimiz sari — yurtimizda barqarorlikni saqlash, hayotimizni yangilash, yo‘limizda to‘siq bo‘lib turgan asoratlardan voz kechish, demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish, erkin va barchamizga teng imkoniyatlar yaratib berayotgan iqtisodiyotimizni rivojlantirish, muqaddas qadriyatlarimizga mos ma’naviyatimizni yuksaltirish yo‘lida yangi qadamlar qo‘ydik. Mamlakatimiz taraqqiyotining mezoni bo‘lmish islohotlarni yanada chuqurlashtirish, yurtdoshlarimizning mulkka egalik hissiyotini kuchaytirish, tadbirkorlik va ishbilarmonlik, biznes va fermerlik harakatiga ravon yo‘llar, keng imtiyozlar ochib berish, to‘planib qolgan ijtimoiy muammolarni yechish, aholi turarjoylarini obod etish va kommunal xizmatni tartibga solish kabi masalalarda amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz o‘z samarasini bermoqda.

Buning tasdig‘ini mamlakatimiz rivojida, avvalambor, iqtisodiyotimiz barcha yetakchi soha va tarmoqlarining barqaror o‘sish sur’atlarida, yurtimizga keng ko‘lamda kirib kelayotgan investitsiya va sarmoyalarda, zamon talabiga javob beradigan yangi korxona va ijtimoiy inshootlar litsey va kollejlarda, boshqatdan qurilgan va ta’mirlangan maktab va shifoxonalarimizda, ulkan obodonchilik ishlarimizda — muxtasar qilib aytganda, shahar va qishloqlarimiz, bugungi hayotimizning qiyofasi kundan kunga ochilib borayotganida ko‘rish qiyin emas. Ayniqsa, rizq-ro‘zimiz manbai bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, paxtachilik va g‘allachilik tarmoqlarida qo‘lga kiritgan yuksak marralarimiz, albatta, barchamizni quvontirmasdan qoldirmaydi. Bu harakatlarimizning pirovard natijasi aholimizning real daromadlari joriy yilda qariyb 22 foizga, oylik ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar o‘rtacha 40 foiz o‘sishida namoyon bo‘ldi.

Albatta, yakuniga yetib borayotgan yil biz uchun oson bo‘lmadi. Kundalik hayotimizda, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yechishda ko‘pgina qiyinchiliklarga duch keldik. Yovuz maqsadlarni ko‘zda tutib uyushtirilgan tajovuzkor terrorchi chiqishlarni bartaraf etishga, yurtimizga qarshi chetdan tashkil qilingan hamla, bo‘hton va tuhmatlarni boshimizdan kechirishga to‘g‘ri keldi. Yaratganimizga ming shukronalar bo‘lsinkim, mana shunday o‘ta tahlikali va og‘ir vaziyatda biz yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlashga, g‘arazli xuruj va ofatlarni yengishga erishdik. $$O‘zbekiston$$ni olib borayotgan mustaqil siyosatidan qaytarish, bizni kimgadir qaram qilish harakatlari behuda, puch ekanini namoyon etdik. Qadrli do‘stlar! Kirib kelayotgan yangi yilda biz istiqlolimizning o‘n besh yillik qutlug‘ to‘yini nishonlaymiz, ya’ni, sharqona hikmatga ko‘ra, ayni navqironlik, balog‘at pallasiga qadam qo‘yamiz. Yillar, zamonlar o‘tadi, balki bugun sodir bo‘lgan ko‘p voqea va hodisalar xayolimizdan ko‘tarilishi mumkin. Lekin yaxshilik va saxiylik, olijanoblik va mehr-oqibat hech qachon unutilmaydi.

Biz milliy qadriyatimiz bo‘lgan bunday pok tuyg‘ularni doimo asrab-avaylashimiz, aziz farzandlarimizni ham shunday ezgu fazilatlar sohibi etib tarbiyalashimiz kerak. Yurtimizda “Homiylar va shifokorlar yili” deb e’lon qilingan 2006-yil aynan shu kabi yuksak intilish va harakatlarga undaydi. Ishonamanki, bunday da’vat shu mo‘tabar zaminda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha vatandoshlarimiz qalbidan chuqur joy topadi. Shu ma’noda, inson va uning manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlarga doimiy e’tibor va ko‘mak berish, jamiyatimizda o‘zaro hamjihatlik, muruvvat va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, aholimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratish, el-yurt farovonligini oshirish masalalari yangi yilda ham biz uchun dolzarb va ustuvor vazifa bo‘lib qolaveradi. 2006 yil davlat byudjetida belgilab qo‘yilganidek, ishchi va xizmatchilarning umumiy ish haqi, shuningdek, stipendiya, pensiya va nafaqalar miqdorini 33 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Yaqinda qabul qilingan qarorlarni inobatga oladigan bo‘lsak, o‘qituvchi va shifokorlarning oylik ish haqi, indeksatsiyani qo‘shib hisoblaganda, o‘rtacha 1,5 marta ortadi.

Bularning barchasi xalqimizning kundalik hayotida o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatishi, yangi yilimizning yanada mazmunli bo‘lishiga hissa qo‘shishi shubhasiz, albatta. Tabiiyki, bunday yuksak maqsadlarga erishishning asosiy sharti va garovi — avvalambor, o‘z yurtimiz va xonadonlarimizda tinchlik va barqarorlikni asrash, xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq ekanini, doimo hushyor va ogoh bo‘lishimiz zarurligini yon-atrofimizdagi, dunyodagi murakkab vaziyat yaqqol ko‘rsatib turibdi. Muhtaram yurtdoshlarim! Mana shu quvonchli lahzalarda betakror diyorimizning uzoq-yaqin shahar va qishloqlarida yangi yilni katta orzu-umidlar bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, bugun $$O‘zbekiston$$ ahlini yana bir bor chin qalbimdan qutlayman. 2006-yil barchangizga, siz, qadrdonlarimga baxt va omad olib kelsin! Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! Xonadonlarimizdan fayzu baraka arimasin! Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

Total words

644

Unique words

493

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

2

TTR

0.766

Hapax

422

Distribution

Top frequency chart

Dataset