🔍

Article

QALBGINAMNING QUVONCHI

By Xudoyberdi TOʻXTABOYEV, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi • in 2005

Pastu-baland adirlar etagiga joylashgan, ikki yonini sharaqlab oqadigan sersuv soylar yuvib tushadigan, boru-yo‘g‘i o‘ttiz xonadon yashaydigan bu yam-yashil qishloqchani negadir Qo‘rg‘oncha deb ataydilar. ^^Robiya^^ xola ham boshqalar qatori shu manzilda umrguzaronlik qiladi. Dovu-daraxtlarga ko‘milgan katta bog‘da yakkayu yolg‘iz yashaydi. Yo‘q, unchalik yolg‘iz ham emas. Xudoga shukur, ko‘zday qo‘shnilari bor. Kunchiqar tarafida xuddi o‘ziga o‘xshagan oriq, qotma, yoshi ham saksondan oshib qolgan, nikohlari bir kunda bo‘lib o‘tganidan hamisha faxrlanib yuradigan ^^Bibiqiz^^ xola bor. Qibla tomonida bo‘g‘irsoqdek dum-dumaloq, sergapgina, kuydi-pishdigina [Anorvoy]ning oilasi yashaydi. O‘g‘il-qizlar chiqib turishadi. O‘t yulishadi, meva terishadi.

Xola, odatda, barvaqt turadi. Havoning musaffoligi, qushlarning tongni qarshilab basma-bas sayrashiga, gullarga qo‘ngan shudring tomchilarini rango-rang tovlanishiga, hamma-hammasiga Ollohga shukronalar aytib bomdod o‘qiydi, joynamozda uzoq o‘tiradi. Erining, olamdan bevaqt ketgan arslondek o‘g‘li-yu, oydek kelinining ruhi, arvohlariga fotiha o‘qiydi, Ollohdan gunohlari bo‘lsa kechirib, ularga jannatdan joy berishini so‘raydi. Keyin hozirda yashab turgan yakkayu yolg‘iz nabirasini o‘ylab ketadi. Ko‘ksi qizigandek bo‘ladi, Xira, nursiz ko‘zlarida yiltirab yosh tomchilari ko‘rinadi. «E Ollohim, - deya kaftini ochib iltijo qiladi, — yakkayu yolg‘izimni o‘zing ehtiyot qil, ishlariga kushoyish ber, mendan keyin xonadonimning chirog‘ini yoqishni shu nabiramga nasiba-yu ro‘zi qil. Olti yoshida qoluvdi-ya, Ollohim, yo‘l berding, o‘qitdim, mevalarga yaxshi hosil berding, pullab uyladim. Mayli, oyda-yilda kelmasa ham, tani-jonini omon qil! Ollohim, unga yaxshi farzandlar berding, borib ko‘rolmasam nima qilay? Ularning ham jonini omon saqla…»

Xola xo‘rsina-xo‘rsina o‘rnidan turib ichkari kiradi. Qobiljonginasining sim kalovoti bor, o‘shanda katta bo‘lgan. Internatda, undan keyin institutda o‘qiganida ham qachon kelsa shu kalovotda yotar edi. Yumshoq ko‘rpalar, oppoq choyshablar to‘shab qo‘yilgan. Mana shu yumshoq bolishlarga uning boshi teggan, sochlarining hidi kelib turibdi. Xola yostiqlarni ohista-ohista siladi, qayta-qayta hidladi, yana quyilib yig‘i keldi. Devorda, shundoqqina sim kalovot yonida [Qobiljon]ginasining talaygina suratlari bor. O‘shalarni qayta-qayta silab, kaftini ko‘zlariga surdi.

Ko‘cha eshik sharaqlab ochildi. Bu [Anorvoy], albatta. Semirib ketgan, bir qanotiga sig‘maydi, Ikkovi qanotini tepib ochadi. Oyoqni yurishga-yu tepishga chiqargan deb kuladi.

Boy xola, qani suyunchini chiqaring, - quvnoq ovoz eshitildi hovlidan.
Xola qo‘liga tayanib o‘rnidan turar ekan:
Jonim senga suyunchi, maqtanchog‘im, - deb qo‘ydi. So‘ng shosha-pisha ko‘ylagining uzun yengi bilan ko‘z-yoshlarini arta boshladi.
— Iye, yana yig‘ladingizmi? - shoshib so‘radi Anorvoy.
— Ha, endi qarilik-da, bolam.
— Ey, Boy xola, sakson yoshingizda yong‘oqning ustiga chiqib qarg‘alar bilan meva talashasiz-u, sizni kim qari deydi. Qari deganning qornini mana shu pichog‘im bilan yorib tashlayman… Qani, suyunchini chiqaring tezroq. Boy xola, men kecha nabirangizni ko‘rdim!

Xolaning nursiz ko‘zlari yonib, tirishu, ajin qoplagan yuzlari nurlangandek bo‘ldi:

— [Qobiljon]ginamnimi, voy tilingga novvotey. Qayerda ko‘rding?
— Tuman markazida.
— Markazda?
— Ha, markazda ko‘rdim.
— [Qobiljon]imni o‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi?
— Ha, mana shu charaqlab turgan ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Ikkinchi qavatning yo‘lagidan sekin o‘tib borayotgan edim, eshik ochilib to‘satdan Qobiljon chiqib qolsa bo‘ladimi. Qo‘lida sigaret tutab turibdi. Avvaliga ishonmadim. O‘ngimmi, tushimmi deyman. [Qobil]misan desam, amaki, sekinroq, ha, menman, deydi. Yugurib borib bag‘rimga bosay desam, qo‘lini uzatib ichkarida nozik odamlar bor, deya omonatgina so‘rashdi. Qachon kelding desam, uch-to‘rt kun bo‘lib qoldi, deydi. Nega to‘ppa-to‘g‘ri qishloqqa bormading desam, komissiya bo‘lib kelganman deydi.
— Qanaqa komissiya? - xavotirlanib so‘radi xola.
— E, boy xola, o‘qimagansiz-da, komissiya degani bu tekshiruvchilar degani bo‘ladi.
— Ishqilib, bolaginamning rangi-ro‘yi tuzukkinami?
— Ikki beti bog‘ingizda pishadigan anor donasidek qip-qizil, sochlari silliq taralgan, bo‘ynida ketvorgan shoyi galstuk, tuflilari yaraqlaydi, xuddi kinolardagi artistlarnikiga o‘xshaydi.
— Bobosi rahmatlik bizdan ham katta odam chiqar ekanmi, deb orzu qilar edi. Ishqilib, boraman dedimi?
Harakat qilaman dedi.

Xolaning ko‘ksidan iliq bir to‘lqin durkun-durkun mavjlanib o‘tayotgandek edi. To‘satdan oyoqlaridan darmon ketib borlig‘ida yengil qaltiroq turdi. Yonginasida turgan eski o‘g‘irni yiqitib ustiga o‘tirdi. Haligi iliq to‘lqin quvonchdanmidi, nurga aylanib yuzu-ko‘zlarini yoritib yuborgandek bo‘ldi. Xola kulimsiradi…
— Xudoga shukur, bolaginamni kamolga yetkazibsan… Endi nima qildik, [Anorvoy]?
— Endi va’dangizning ustidan chiqasiz, boy xola.
— Voy, nima deb va’da bergan ekanman?
— [Qobil]im kelsa qo‘y so‘yaman degan edingiz-ku.
— Ha, xudo bitta — gapim bitta. Aytganman. Tengqurlarini chaqirib ziyofat ham qilaman deganman.
— Qo‘chqorning kattasini so‘ya qolaylik. Shoxi o‘sib ketgan. Bolalarni suzayapti.
— Kichkinasini so‘ysang go‘shtga to‘ymay qolasanmi, mechkay? -- so‘radi ^^Robiya^^ xola.
— Qorin katta-da, boy xola, - [Anorvoy] kulib qorniga shapillatdi-da davom etdi.

Xolaning bor vujudiga kuch quyilib o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qoldi. Bir uyga kiradi, nima uchun kirganini anglamay darrov orqasiga qaytadi, bir qo‘shnilarnikiga yuguradi, Bibiqiz o‘rtog‘iga «Hoy, suyunchi bering, [Qobil]ginam kelyapti, tumanning kattasi bo‘lib kepti», deb maqtanadi. Shu so‘zlarni aytayotganida yuzlari gul-gul yonganday bo‘ladi. ^^Savri^^ kampir bo‘lsa xushxabarni eshitgach:

— Xayriyat, yetimchangiz tirik ekan! - deb sevindi, — endi to‘y ham qilib berarsiz.
— Xudo xohlasa kattasini qilaman. Karnay ham chaldiraman.
Bir nafasda O‘rmon bobodan qolib huvillab yotgan katta hovli qo‘ni-qo‘shnilarga to‘ldi. Fayzli bo‘lib qoldi. [Anorvoy]ning o‘g‘il-qizlari yugurib chiqishib, biri hovliga suv sepgan, boshqasi supurgan, so‘rining ustidagi eski kigiz o‘rniga yangi gilamlar solib, atlas ko‘rpachalar to‘shagan. Qo‘yni [Anorvoy]ning o‘zi so‘ydi. Yog‘li patirlar yopildi, katta qozonga sho‘rva solindi.

^^Robiya^^ xolaning shodligi qalbiga sig‘may boradi. Yenglarini shimarib olgan, goh o‘choq boshiga chiqadi, goh yolg‘izginam kelib qolsa bexabar qolmay deb ko‘chaga yuguradi, kaftini peshonasiga soyabon qilib uzoq-uzoqlarga tikiladi. Palovga tayyorgarlik ko‘ra boshlashdi.

^^Robiya^^ xola yolg‘izginam o‘zi bilan nozik mehmonlarni boshlab kelsa, o‘shalar oldida uyalib qolmasin deya ichkari kirib, katta yog‘och sandiqni ochib qora gulli shoyi ko‘ylagini kiydi, hoji buva sovg‘a qilgan oq harir ro‘molini o‘rab, rahmatli erining zamonidan qolgan tovonida g‘archi bor mahsi-kovushini kiydi. Hovliga negadir uyalinqirab chiqdi. Yoshi-qarining nigohi o‘ziga qadalganini sezib, xuddi birovning kiyimini kiyib chiqqandek, battarroq xijolat bo‘la boshladi.

— Voy, bo‘y, - dedi [Anorvoy] cho‘zib va hammaga eshittirib, — Boy xola, zagsga ketayotgan yosh qizlardek bo‘lib ketibsiz-ku.
— Xolajon, chindan ham juda yosharib ketibsiz, - dedi xizmat qilayotgan kelinlardan biri.
— Nabiram keladi-yu, nega yosharmas ekanman, tandir kosovdek qop-qora bo‘lib tursam, yaxshi bo‘lmasdi-da.
[Anorvoy] xuddi tashqariga chiqmoqchiday hozirlanib:
— Men ketdim bo‘lmasa, - dedi yana hammaga eshittirib.
— Voy sho‘rim, yana qayoqqa? - shoshilib tashvishli so‘radi xola.
— Kal [Nishon]ni aytib kelaman, quvnoq javob qaytardi [Anorvoy],
— Sho‘ring qurg‘ur chol, o‘ttiz yildan buyon sizga sovchi qo‘yadi. Shu bugun to‘ylaringni o‘tkazib qo‘ya qolaylik.

Qizu-juvonlar sharaqlab kulib yuborishdi. Boshqalar ham qo‘shildi. Hovlini quvonchli qah-qaha qoplagandek bo‘ldi.

Kech kira boshladi. Qorong‘u tushdi. Qo‘rg‘oncha osmoniga charaqlab yulduzlar chiqdi. Sho‘rva ichildi. Palov suzildi. Qo‘shnilar tarqala boshlashdi. Ichkari uyda yozilgan katta dasturxon atrofida ^^Bibiqiz^^ kampir bilan ^^Robiya^^ xola yolg‘iz qolishdi… Ehtimol, Qobiljonginasining ishi bitmagandir, ehtimol, sheriklari boshqa kun borarmiz deya yo‘lini to‘sishgandir… Bordi-yu, og‘rib qolgan bo‘lsa-chi? Yo‘q, yo‘q, xudo saqlasin. Kampirlar galma-gal marhum erlarini eslashdi. Ko‘p yaxshi insonlar bo‘lgan ekanlar, iloyo go‘rlari nurga to‘lsin.

Suhbat tong otguncha davom etdi, mijja qoqishmadi. Bomdod o‘qishdi. Ikki kampir yana kun bo‘yi ko‘cha poylashdi. Kechga tomon yana qozonga sho‘rva solishdi. Anorvoy oshga zirvak qilgan bo‘ldi.

Yana darak bo‘lmadi.
— Boy xola, nabirangizga ham osonmas, atrofida poyloqchilar bo‘lsa ham ajabmas, - dedi Anorvoy ma’yuslanib qolgan kampirning ko‘nglini ko‘tarib.
— Bilaman, - xo‘rsindi xola, — ishqilib, o‘ziga gap tegmasa bo‘ldi.
Uchinchi kun ham tayyorgarlik ko‘rib, betoqat kutishdi. Yo‘q, yana darak bo‘lmadi. Ishqilib, Qobiljonga bir gap bo‘lmagan bo‘lsin-da. Xola tuni bilan ^^Anorvoy^^ni uxlatmadi, o‘t tashishdan boshqasiga yaramay qolgan eski mashinasini oyoqqa turg‘aztirdi. Mashina tarillab orqasidan tutun chiqarganini ko‘rib xolaning dilidagi kechagi xavotirlanish, o‘ksinishdan kelgan g‘amginlik o‘rniga charog‘onlik, xushnudlik quyilib kela boshladi. Go‘sht qovurganda, qatlama pishirayotganida, bog‘dan uzum olib chiqayotganida [Qobiljon] bularni ko‘rib qanchalik quvonishi mumkinligini o‘ylab, ko‘ngli yana ham yayraganini his qildi. Xayolan qo‘llari bilan nabirasining bug‘doy rang yuzlaridan silar, keng peshonasidan o‘pib bag‘riga bosar, qop-qora sochlaridan hidlab-hidlab olar, ingichka qoshlarining chimirilib turishi, yuzining cho‘ziqligi, peshonasining kengligi, ko‘zlarining hamisha charaqlab turishi bamisoli marhum o‘g‘li [Ma’rufjon]ning xuddi o‘ziga o‘xshaganligi uchun xayolida bag‘riga bosayotgani o‘g‘limidi, nabirasimidi anglamas edi. To moliya idorasiga yetib borgunlaricha shu xayoliy uchrashuvdan kelayotgan ruhiy lazzati, masrurlik deb atalmish jannatiy holat uni tark etmadi. Olam go‘zallashib ketgandek edi.

«Moskvich» moliya idorasi oldida silkinib to‘xtagach, Anorvoy xolani avaylab tushirib yonidagi uzun kursiga o‘tqazib, o‘zi xuddi suyunchi olishga oshiqqan yosh boladek, yugurgilab ikkinchi qavatga chiqib ketdi. Orqasiga oppoq ko‘ylagi ustidan tomog‘ini bo‘g‘ib qizil galstuk taqqan yoqimtoygina yigit bilan qaytdi.

— O‘rtoq [Qobil Ma’rufovich] ketganlar, - dedi yigit negadir xijolatnoma ohangda.
— Voy, qayoqqa ketadi?! - Xola shoshib o‘rnidan turdi. - Aldama bolam, men buvisi bo‘laman!
Bir haftalik tekshiruv kecha tugabdi, aktlar yozilibdi, yaxshigina kuzatish marosimi bo‘libdi, o‘rtoq [Qobil Ma’rufovich] shirakayf ekanlar, hammalari bilan o‘pishib xayrlashibdilar. Keyin maxsus mashinada jo‘nab ketishibdi. Uch mashinada tuman chegarasigacha kuzatib borishibdi.

^^Robiya^^ xola qaytib o‘rniga o‘tirdi. Xo‘rsindi. Yuqoriga ko‘tarilib borayotgan yigitchaning ortidan ancha mahal tikilib turdi. Ich-ichidan g‘alati bir qaltiroq turgandek bo‘ldi, sovuqqotgandek sezdi o‘zini. [Anorvoy] bilan bir-birlariga tikilib qolishdi. Uzoq tikilishdi.

Keyin dov-daraxtlarga ko‘milgan sokin $$Qo‘rg‘oncha qishlog‘i$$ga jo‘nab ketishdi. Xola bora-borguncha ishqilib, yolg‘izginamga bir balo bo‘lmagan bo‘lsin-da, Ollohim, o‘zing panohingda asra, deya duo qilib bordi.

Total words

1,335

Unique words

937

Annotated anthroponyms

31

Toponyms

1

TTR

0.702

Hapax

749

Distribution

Top frequency chart

Dataset