^^Feruzaxon^^ bemoriga allanarsalarni tushuntirayotgan edi. Bo‘lim mudiri xonaga yoshgina qizni boshlab kirdi-da, "Bu singlimiz sizdan ish o‘rganishni niyat qilgan ekan, o‘zingiz ustozlik qilasiz-da", deya kuldi-yu, tezda chiqib ketdi. Shifokor tanish chehraga razm solgach, "Hozir" degandek, yana bemoriga yuzlanib, dori-darmonlar yozib berdi. Muolajalar tartibini erinmay tushuntirdi. U chiqib ketgach, jilmayib turgan bo‘lajak hamkasbiga tikildi.
— Ko‘zimga issiq ko‘rindingiz, qizim… Sizni qayerda ko‘rganman?
— Siz meni yoshligimda davolagansiz, — entikib gap boshladi ^^Go‘zaloy^^. — Bir safar hatto shifoxonaga yotqizib ham tinchimay, kelib ko‘rib ketganingiz, "Joningga jonim-a, tuzalib qolasan", deb yupatganingizni sira esimdan chiqarmayman. Qachon qabulingizga chiqsam, fonendoskopingizni qulog‘imga kirgizib, "Manam sizzi eshitib qo‘yaman", deb ko‘p tixirlik qilardim. Shunda "Katta bo‘lib, do‘xtirlikka o‘qisang, shu eshitadiganimni senga beraman, kasallarni o‘zing davolaydigan bo‘lasan", derdingiz. Mana, endi siz kabi hammaga yoqadigan, ayniqsa, bolalar yaxshi ko‘radigan do‘xtir bo‘lishni orzulab yoningizga keldim…
"Tavba, kechagina o‘zi davolab, oyoqqa qo‘ygan, "Popugim, bo‘talog‘im", deya erkalab yurgan o‘sha jajji qizaloq bugun unga o‘rinbosar bo‘lib tursa… Ajab, vaqt yildirim-a".
^^Feruzaxon^^ necha yillik o‘y-xayollarini yig‘ishtirib olguncha, qizi tushmagur yana ko‘p narsalarni eslatdi-qo‘ydi. Shifokor uning so‘zlarini tinglarkan, unda yoshligini ko‘rgandek bo‘ldi…
Uning surati. Ko‘rinishidan jarrohlarga o‘xshaydi — gavdali, jiddiy, salobatli. Aslida bolalar shifokori — muloyim, ko‘ngli toza, bemorning dardini o‘zinikidek qabul qiluvchi — pediatr. Bolalar tilida "Oq do‘xtir", "Tilla do‘xtir". Kattalar esa "Jonfido do‘xtir", "Dardingni olguvchi do‘xtir" deb ta’riflashadi, chunki u oilaviy shifokor.
Hech kim uni nabirali demaydi. Yosh bo‘lsa-da, "buvijon" bo‘lganiga bir necha yildan oshdi. O‘zi qaynona-yu qaynonasi uchun hanuz kechagina tushgan kelinchak misoli. Muhandis turmush o‘rtog‘i [Bahromjon]ning "siz" tili haligacha "san"ga bormadi. U umr yo‘ldoshini to‘g‘ri tanlaganidan shukrona qilib yuradi.
Uning siyrati. Dilida hamisha bir o‘y hukmron: "Kattalar-ku dardini doston qila oladi, qayeri bezovta qilayotganini o‘zi ham bilmaydigan bolajonlarning joni og‘rimasin-da, ishqilib…
$$Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi$$ga qarashli o‘quv-davolash kompleksi poliklinikasi oilaviy shifokori ^^Feruzaxon G‘ulomova^^ning surati va siyrati ana shunaqa. Uning fikricha, poliklinika shifokori bemorga dastlabki tashxisni to‘g‘ri qo‘ysa, bu kasalning tuzalishi sari tashlangan dastlabki qadam bo‘ladi. Feruzaxon shunday fikrlaydi va shunga amal qiladi. Qabuliga kelgan har bir bemor uning uchun yo onasi, yo otasi, yo aka-uka, yo opa-singli, yo farzandi. Undan yordam madad istab kelganlarning kasbi-kori, mavqei, qayerda ishlashi ^^Feruzaxon^^ni qiziqtirmaydi.
"Bemorning qayeri kasal, unga qanday dori-darmon berish mumkin, a’zoyi badaniga qay biri to‘g‘ri keladi? Yozib beriladigan dorilarni sotib olishga uning qurbi yetadimi?" Shifokor bemorlarini sinchiklab tekshirayotganda, uning dardini tinglayotganda shular haqida o‘ylaydi. Aksariyat shifokorlar qo‘llaydigan — davolashni bir yo‘la kuchli dori-darmonlardan boshlashni xush ko‘rmaydi. Xasta kishi bunday dori-darmonlarga o‘rganib qolib, keyinchalik uning ta’sirini sezmay qo‘yishi mumkinligini hisobga olib ish tutadi. Xalq tabobatidagi tabiiy muolaja usullarini qo‘llashga intiladi. Buni mijozlari ham yaxshi bilishadi. Shu bois poliklinikaga davo istab kelganlarning aksariyati o‘z uchastkalari bo‘lmasa ham, aynan "^^G‘ulomova^^ga" kirishni istaydi. Qizig‘i shundaki, joni og‘riganidan bir holatda mung‘ayibmi, xo‘mrayibmi kelgan bemor bu shifokor qabulidan dardini unutgandek yengil chiqib ketadi. Chunki ^^F.G‘ulomova^^ bemor dardini obdon tinglaydi, sinchiklab tekshiradi, zarur bo‘lsa, tibbiy yordam ham ko‘rsatadi. Ikkilangan holatlarida albatta boshqa mutaxassislar bilan maslahatlashishdan erinmaydi.
Bu xislatlar unga ota meros, ona meros. Chunki rahmatli otalari [Fozil Sultonov] LOR shifokor edilar. Onalari ^^Lazokat Ergasheva^^ — pediatr-endokrinolog, tibbiyot fanlari nomzodi dotsent. Hanuz bemorlarni davolaydilar. Qolaversa buvalari tabiiy giyohlar bilan davolaydigan tabib o‘tgan ekanlar. Ularning o‘gitlari ^^Feruzaxon^^ning doimo dilida, ko‘nglida, o‘y-xayolida bo‘ladi. Yelkasida inson hayot-mamoti mas’uliyati turishini u hamisha qalban his etadi. Chunki maktabda o‘qib yurgan kezlari ham, Pediatriya instituti talabasi bo‘lganda ham odamlar dardiga malham bo‘lishga intilardi. Bemorining kayfiyati, fe’li-atvori, dunyoqarashi, oilaviy sharoiti bilan qiziqardi. Kasallikning kelib chiqish sabablarini goho shularga qarab ham belgilardi. Biroq asli pediatr emasmi, baribir, qabuliga xarxasha bilan, injiqlik qilib kelgan bolajonlarni ko‘rgach, halovati buzilardi. Kasali qayerda ekanini aniqlamaguncha, joniga orom baxsh etmaguncha tinchimasdi. U haligacha shunaqa — o‘zgarmaydigan shifokor.
Qabuliga kelganlarni poliklinikada, kelolmay darddan aziyat chekayotganlarni chaqiriq bo‘yicha mahallama-mahalla, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib tekshirishdan charchamaydi.
Chaqirilmagan bo‘lsa ham o‘zi xavotirlangan ayrim bemorlarining uylariga yo‘l-yo‘lakay kirib, yana bir nazorat qilib ketadi. Shundagina uyida, oilasida bexavotir bo‘ladi.
Balki shu boisdandir bugun bir paytlar muolajalaridan davo topgan o‘sha qizaloq joniga jon bo‘lishga tayyor shifokorining yo‘lini, kasbini tanlagani…