Yaqinda matbuotda e’lon qilingan $$Vazirlar Mahkamasi##ning «Gʻo‘za urug‘chiligini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining har bir bandini qiziqish bilan, manfaatdorlik ila o‘qib chiqdim. Bu hujjatda sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilinib, g‘o‘za urug‘chiligini yanada yaxshilash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab berilgani ayni muddao bo‘ldi.
$$Sirdaryo viloyati$$dan qiyos: bu yerda paxta va g‘alla urug‘chiligini namunali yo‘lga qo‘ymasdan turib, ikkala tarmoqda ham ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. O‘zingiz ayting: yerni chuqur haydaganing bilan, ekin talab qilgan o‘g‘itni to‘liq berganing bilan g‘alvir suvdan ko‘tarilganda olgan hosiling daromadi sarflangan xarajatingdan keskin farq qilmasa, bunday mehnatdan nima foyda?
«Qiyshiq o‘tirsang ham, gaping to‘g‘ri bo‘lsin» degan naql bor. Mana, yaqinda xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Yurtboshimiz Mirzacho‘lda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga haqli ravishda tanqidiy baho berdi. Bu tanqid nafaqat bizga o‘xshagan dehqonlarning, balki rahbarlarning ham ko‘zini ochdi. Paxta urug‘chiligi to‘g‘risida gap ochgan ekanman, bir misol keltiray. O‘tgan yili mavjud yerga urug‘lik chigit ekdik. Chigit yerga qalin tushdimi yoki paxta tozalash zavodida tarozidan urib qolishganmi, ishqilib, salkam bir gektar maydonga urug‘ yetmay qoldi. Yerning nami qochmasligi uchun ana shu qolgan paykalga texnik, ya’ni oddiy chigit qadashga majbur bo‘ldik. Negaki, yetishtirilgan paxtaning hammasi ham baribir urug‘likka topshirilmaydi. Nima bo‘ldi deng? Kuzda urug‘lik chigitga qaraganda texnik chigitning hosildorligi 4 sentner oshdi. Bir xil miqdorda o‘g‘it solingan, bir xil miqdorda ishlov berilgan yerda sara chigit deb qimmat narxda sotilgan urug‘lik o‘zini oqlamagani hayratli edi. Qiziqishimning natijasi shu bo‘ldiki, zavodlarga urug‘lik paxtani aksariyat hollarda xo‘jalik va tuman rahbarlari, qolaversa, ularning tanish-bilishlari yetkazib berarkan. Yana bu ro‘yxatga gapi dadil, o‘z haq-huquqini yaxshi biladigan o‘n-o‘n besh nafar tajribali dehqonni ham qo‘shish mumkin ekan. Xo‘sh, nega bunday hol yuzaga keldi? Urug‘chilikda ham tanish-bilishchilik illati ildiz otgani bilan kelishib bo‘ladimi?
Paxta tozalash zavodidagi ro‘yxatdan nusxa olib, bir necha dalani aylanib chiqdim. Ularning ko‘pchiligida g‘o‘za degani tizzaga ham yetmasdi. Nihollardagi chanoqlar esa kichkina, ko‘pchiligi hatto to‘rt chanoq bo‘lib qolgani, ayniqsa, achinarli edi. Kuzatish, so‘rab-surishtirish, dalilu tahlillarni taqqoslash tufayli shunday xulosaga keldim: viloyatdagi paxta urug‘chiligi bilan bevosita shug‘ullanadigan, mas’uliyatli ishga javobgar idoraning ishi qoniqarsiz ahvolda.
Aslida urug‘lik chigit ekadigan dala sohiblari fermer va oilaviy pudratchilar tuman miqyosidagi tenderda, ya’ni ochiq tanlovda ishtirok etishlari, faqat g‘oliblargina o‘z dalasida urug‘lik paxta yetishtirishlari lozim. Bizda-chi?
Tanlov nomigagina o‘tkaziladi. Istagan odam tumandan yuborilgan ro‘yxat orqali yoki tanish-bilishchilik bilan urug‘lik paxta yetishtirish haqidagi hujjatga ega bo‘lishi mumkin.
Nima qilyapmiz o‘zi? Qayoqqa qarab borayapmiz? Bunaqada to‘rt-besh yildan keyin urug‘chilik deganiga putur yetmaydimi?
Sirdaryoda, bilasiz, paxtaning «AN-Boyovut-2» navi juda mashhur. Sababi — kasallikka chidamli, boshini silasang, qirq sentner va undan ham ko‘proq hosil beradi, Biroq ana shu navning chigitini biz yil sayin yo‘qotib boryapmiz. $$Sirdaryo tumani$$dagi urug‘lik chigit tayyorlashga ixtisoslashgan korxona, qolaversa, ko‘plab paxta tozalash korxonalaridagi urug‘lik bugungi kun talablariga javob bermaydi.
Ayniqsa, e’tiborsizlik tufayli navlar aralashib ketayapti, o‘zining asl xususiyatlarini yo‘qotib borayapti.
Hukumatimizga ming rahmat, urug‘chilikka mablag‘ni ayamayapti. Shunday ekan, olimlarimiz otni yanada qattiqroq qamchilashlari lozim. Ular bizning huzurimizga kelsin. Dala shiyponi ham, uyimizning to‘ri ham — shu aziz insonlarniki. Chunki $$Sirdaryo$$ga istiqbolli navlar kerak. Bitta nav o‘ttiz yil yashar, qirq yil yashar, shunday emasmi? Keyin aybdorni qidirib yursak, bir-birimizning yoqamizdan tutsak, buning foydasi bo‘larmikan?
Endi g‘alla urug‘chiligi xususida ikki og‘iz so‘z. $$Sirdaryo$$da atigi salkam 3,5 ming tonna urug‘lik bug‘doy yetishtiriladi. Bu bilan viloyatning urug‘lik bug‘doyga bo‘lgan talabini qondirib bo‘lmaydi. Shu sababli urug‘lik chetdan, xususan, Andijondan keltiriladi. Darvoqe, andijonlik dehqonlarga balli! Ular respublikamizda g‘alla yetishtirishda o‘ziga xos maktab yaratdilar. Ammo bir savol meni qiynagandan qiynaydi: nima uchun bir necha yildan buyon $$Guliston$$, $$Oqoltin$$, $$Sardoba tuman$$larining ayrim xo‘jaliklarida ayni Andijon urug‘i qadalgan dalalarni chorva uchun mo‘ljallangan perko o‘ti bosib ketyapti? Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, g‘alla maysasi uch qarich bo‘lmasdan, mana shu o‘t katta-katta dalalarni sap-sariq guli bilan yashnatib yuborayapti. Holbuki, mazkur paykallarga ilgari perko urug‘i hech qachon ekilmagan.
Bunga kimlar aybdor? Albatta, ikki viloyatning bug‘doy urug‘chiligi ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari. Ular o‘zaro til biriktirib, ochiqrog‘i, qo‘llarini manfaat degan olovda isitib, ish bitirganliklari tufayli ana shunday xunuk hol yuzaga kelgani sir emas-ku, axir!
Bu — masalaning bir tomoni. Uning ikkinchi tomoni to‘g‘risida ham o‘ylab ko‘raylik. Yuzlab chaqirim masofadan urug‘lik bug‘doy temir yo‘l orqali keladimi, avtomobil yo‘llari orqali keltiriladimi, xarajat degan narsa bor. Bir necha ming tonna yukni tashib kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Qarab turibsizki, ana shu xarajat urug‘lik bug‘doy narxining ustiga qo‘yiladi. Kimga ziyon — yana g‘allakor dehqonga ziyon!
$$Sirdaryo$$da ham urug‘lik g‘alla yetishtirsa bo‘ladi. Buning uchun tashabbus kerak, harakat kerak. Mana shu oddiy haqiqatning ilmiy-iqtisodiy tomonlarini respublika idoralariga borib isbotlash lozim «Olma pish, og‘zimga tush» qabilida ish tutish bilan niyat ushaladimi?
Bunday deyishimning sababi bor. $$Sirdaryo$$da ham «Do‘stlik» deb nomlangan bug‘doy navi yaratilgan sho‘rga, suv tanqisligiga chidamli bo‘lgan bu nav o‘zini oqlamoqda. O‘nlab tajribali fermerlar undan 60 sentnerdan oshirib hosil yetishtirmoqdalar, Biroq uni oppoq, noni mazali bo‘lgan mana shu nav nazorat ostida bo‘lmasa, besh-o‘n yil ichida izsiz yo‘qolib, faqat nomi qoladi. Negaki, viloyatdagi «Davr-urug‘nazorat» inspeksiyasi mutaxassislari o‘z ishlariga panja orasidan qarab kelishmoqda. Ular urug‘lik uchun ekilgan bug‘doy nihollarini faqat yozga borib, ya’ni hosil pishishidan bir oy oldin nazorat qila boshlaydilar. Xo‘sh, ukajonlar, avval qayerda edilaring? Sizlarga sara don kerak ekan, nima uchun urug‘lik bug‘doy ekilgan maydonlarga qancha miqdorda fosforli va azotli o‘g‘itlar berilgani bilan qiziqmadinglar?! «Echkiga jon qayg‘usi, qassobga moy qayg‘usi» deganlari shu emasmi?
Shularni nazarda tutib, fikrimcha, g‘allachilik va paxtachilikda istiqbolli navlarni ko‘paytirish uchun viloyatda faqat urug‘chilik bilan shug‘ullanadigan ikkita-uchta xo‘jalikni tashkil etish zarur. Ularning asosiy yumushi g‘allakorlar va paxtakorlar uchun zang, shira kasalliklariga chidamli, hosildor, tomirini sho‘r qirqmaydigan, ertapishar bug‘doy va g‘o‘za navlarini yaratish, ularning eng yaxshilarini ishlab chiqarishga tatbiq etishdan iborat bo‘lmog‘i kerak.
Urug‘likka xiyonat qilganning urug‘i kuyadi, deydi qariyalarimiz. To‘g‘ri, bu muammo bugun yo ertaga hal bo‘lib qoladigan masala emas. Biroq aynan bugun shu haqda o‘ylab ko‘rmasak, ertaga kech bo‘ladi. Bu ishga nafaqat dehqonlaru ta’minotchi idoralar, balki olimlaru tegishli vazirliklar ham birday javobgar bo‘lishlari shart. Ana shunda mirzacho‘lliklarning yelkasidan yana bitta og‘ir tosh qulashiga zamin yaratiladi. Ular ham xuddi boshqa viloyat dehqonlari singari paxtachiligu g‘allachilik sohalarida o‘zlari orzu qilgan yuksak dovonlarni zabt etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.