$$Sirdaryo viloyati$$ tashkil bo‘lganidan (1963) so‘ng qadimda $$Mirzacho‘l$$ nomi bilan atalib kelinayotgan shaharga Xizr alayhissalom oralaganday bo‘la bordi. Elga el kelsa davlat, deganday har tomondan odamlar oqib kela boshladi. O‘sha yillari temir yo‘l bekatining shunday biqinida [Nikolay] zamonida qurilgan ko‘rkam bir bino mehmonxonaga aylantirildi. Viloyat gazetasi $$«Sirdaryo$$ haqiqati» tashkil topdi. [Akmal Po‘lat] — muharrir, [Sulton Akbariy] — muharrir o‘rinbosari, [Olim Qo‘chqorbekov] bo‘lim mudiri. [Gʻafur Gʻulom], [Komil Yashin], [Rahmat Fayziy]larning qadami uzilmaydi. [Hamid (Gʻulom)] aka yosh ijodkorlarning eng yaqin do‘stiga aylandi. [Mirtemir] og‘a gazeta qoshida tashkil etilgan «Mushoira» adabiy to‘garagining rahnamosi. ^^Halima Xudoyberdiyeva^^, [Toshmamat Ro‘ziboyev], [Hakimjon Xalilov], ^^Oynisa Ortiqboyeva^^, [Hamroqul Rizo], ^^Bahor Xolbekova^^ va boshqa o‘nlab olovqalb yoshlar yangi viloyatning gul desa gullari, sayroqi bulbullari. Kaminaning qush qanotidekkina «Istar ko‘ngil» nomli she’riy to‘plamchasi bilan «Qorasoch» dostoni yorug‘lik yuzini ko‘rgan kezlar. Qush yo‘q yerda qurbaqa bulbul, degan gap — gap. $$Mirzacho‘l$$ shoyirining oldi ham o‘zim, orti ham o‘zim. Uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarning men bilan hisoblashmay hech iloji yo‘q. Bu yog‘ini o‘zingiz tushunib turibsiz… [Isoq O‘ktamov] ham O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi (u vaqtlari shunday atalar edi) viloyat bo‘limining mas’ul kotibi, ham Krupskaya nomli kolxoz (hozirgi «Beshbuloq» jamoa xo‘jaligi)ning raisi. Ana shu Isoq aka mening soyai saltanatimga sal soya solib turganday bo‘ladi. Obro‘yi osmon qadar baland. Manaman degan yozuvchilar bilan atoqli san’atkorlarning qadami kolxozdan arimaydi. Bir kuni akademik shoir [G‘afur G‘ulom] hazratlari shaharga bebliski (norasmiy) kelib, haligi yuqorida aytib o‘tilgan mehmonxonaga qo‘nadilar. Mehmonxonaning mehmon qabul qiladigan ^^Gulya^^ (^^Gavhar^^) ismli bir xodimasi bo‘lar edi. O‘lguday suluv. Suv ichsa tomog‘idan ko‘rinadigan ofati bir jon. Kechagina chariq kiyib yurgan [To‘ra] shoir bugun galstuk taqib, shlyapa kiyib yuriy. Yarashsa-yarashmasa, qovushsa-qovushmasa, ishi bo‘lsa-bo‘lmasa tez-tez mehmonxona atrofida paydo bo‘lib qola. Haligi ^^Gulya^^ bor-ku, o‘sha ^^Gulya^^ [To‘ra] shoyirni $$Mirzacho‘l$$ning eng zo‘r poeti deb bilar ekan. Shunday qilib [G‘afur G‘ulom]day buyuk kishining Gulichkaga ishi (ishqi emas) tushadi, deng. Gulichka esa bu buyuk insonni o‘zbeklarning shunchaki bir noskash, chapani choli deb biladi. Mehmonxona uchib-qo‘nuvchilar bilan tirband ekan. Haligi ^^Gulya^^si tushmagur [G‘afur] og‘aga mesta yuq, deb turib oladi. U kishining jahli chiqib, man akademik shoir [G‘afur G‘ulom] bo‘laman deydilar. Gulichka ham bo‘sh kelmay, podumayesh, [G‘afur G‘ulom] tugel Suleymanip bulsag‘iz-da mesta yuq, degan gapidan qaytmaydi. [G‘afur] og‘a hayron. Bu Suleymanip degani qanaqangi falokat ekan deb.
Endi u kishi joy qolib, Suleymanip masalasi bilan shug‘ullanishga tushadilar. Ana-mana deguncha [G‘afur] akaning $$Guliston$$da ekanligi hamma yog‘ga yoyiladi. Va [To‘ra] shoirni oyog‘ini yerga tegizmay topib keladilar.
[Akmal Po‘latovning] keng-ko‘rkam xonasi. Hamma shu yerda. To‘rda esa [G‘afur] og‘a. Rahmatli [Akmal] aka o‘ta bag‘ri keng, ko‘pni ko‘rgan, katta-katta qozonlarda osh yegan kishi edilar. Hamda ustoz [Mirtemir] Hazratlarining sensirashib gaplashadigan og‘aynilari edilar. Meni yaxshi tanir edilar. [Akmal] akaning xonasiga kirishim bilan kulgi ko‘tarildi. Men kelguncha mening kimligimni [G‘afur] akaga tushuntirib bo‘lgan ekanlar. Bundan tashqari ko‘pchilik ham hazillashib, ham masxara qilishib, meni Sirdaryoning [G‘afur G‘ulom]i, birlar esa Sirdaryoning ot qulog‘i der edilar. Bu laqablarim [G‘afur] og‘aga aytib o‘tilgan chog‘i, og‘a meni yoniga chorladilar-da, mayli, Sirdaryoning [G‘afur G‘ulom]i bo‘lsang bo‘la qol, biroq «ot qulog‘i» bo‘la ko‘rmagin, deb bag‘riga bosdilar.
Ming afsuski, o‘shanda paytdan foydalanib, ulug‘ shoirga og‘zimga nos-posi bilan bir tupurtirib olsam bo‘lar ekan. Bunaqa duduqlanib yurmagan bo‘lar edim.
[G‘afur G‘ulom]ning nazariga juda erta tushib qolishim, Cho‘li Malikiy degan laqabni orttirib olishim shundan. Ana endi [To‘ra] shoyirning birgina Gulichka emas, shahardagi manaman degan saltanatli sanamlar oldidagi obro‘-e’tiborini, izzat-ikromini bir ko‘rsangiz edi…