🔍

Article

Oq toʻsh qaldirgʻochlar sogʻinchi

By Aliqul XONIMQULOV, «Xalq so‘zi» muxbiri. • in 2004

Odam bolasining ko‘ngli ezgulikka esh bo‘lib yashaydi. Qo‘yi qo‘zilasa, loysuvoq tomining tepasida qizg‘aldoq ochilsa, subhi sodiqda suv to‘la chelak ko‘tarib yurgan ayolni ko‘rsa, u xursand bo‘lib ketadi. U bularning barini yaxshilikka yo‘yadi.
Ko‘ngil deganlari quyosh botganda andak anduh cheksa, quyoshni ko‘rganda misoli yosh boladay quvonib ketadi. U umid bo‘lib, u ezgulik bo‘lib sizu bizning qo‘limizdan yetaklab yuradi. Tundan tongni, qoradan oqni, alafdan gulni afzal ko‘rishimizning boisi ham ana shu ko‘ngildir.

Bundan besh-olti yil muqaddam $$Yuqori Sarmich qishlog‘i$$da barpo etilgan bir bog‘ to‘g‘risida yozgandim. [Mamarayim To‘raqulov] degan yigit o‘zi barpo etgan bu bog‘ga «Mustaqillikning bir yilligi» deb nom bergandi. Ana shu bog‘ga ham mana o‘n ikki marotaba bahor mehmon bo‘ldi. Tanalari atigi shahodat barmoqdek nihollar endilikda qo‘qon aravaning gupchagidek yo‘g‘onlashib ketdi. O‘n ikki yildirki, o‘rik shohlari yo‘lovchiyu sarmichliklarga tishlaganda sharbat sizadigan mevalar tutayapti. Bog‘ni barpo qilgan otaning [Foziljon] va [Qobiljon] ismli o‘g‘illari allaqachon mo‘ylovlari sabza urib, ajabtovur o‘spirinlarga aylanishdi.

$$Sarmich qishlog‘i$$ va mana shu bog‘ $$O‘zbekiston$$ va $$Tojikiston$$ atalmish ikki yurtning qoq sarhadida joylashgan. Maydoni bir gektardan sal mo‘lroq bog‘ o‘rni toshloq edi. Arava-arava tosh terildi. Tuprog‘i metin edi. Metin zamin ketmonu, belkurak bilan yumshatib chiqildi. Zamin holsiz edi. Arava-arava o‘g‘it sepildi. Ba’zilar «Bu yerda bog‘ bo‘lmaydi…» deya karomat qilishgandi. Ko‘klam kelishi bilan bog‘ chamanzorga aylandi. Unga «Mustaqillikning bir yilligi» deya nom berildi. Ikki yil o‘tmasdan o‘rikzor shig‘il mevaga kirdi. Bog‘ning atrofi o‘ralmadi. Saraton kezlari bu bog‘da yo‘lovchiyu sarmichliklar to‘yib-to‘yib o‘rik yedilar. Uylariga savat-savat meva bilan qaytishdi. Bog‘ sohibi bugungi kunda Guliston davlat universitetida yoshlarga dars berayapti. Uning o‘g‘illari esa maktabdan bo‘shagan kezlari bog‘ yumushlari bilan kunni kech qilishadi…

...Chaqir qishlog‘ida [Abduhamid] ismli bir qarindoshimiz yashaydi. U o‘n bir yil farzand ko‘rmadi. Un bir yil tushlarida chaqaloq yig‘isini eshitib yashadi. Shifokorlar uni sog‘lom deb topishdi. Yigitning ota-onasi kelinlarini bir nacha marotaba uylariga qo‘yib keldi. [Abduhamid] tushmagur esa ertasiga borib xotinini qaytarib kelishni kanda qilmadi. Kelin bo‘lmish suluv emasdi, mehnatkash edi, istarasi issiq edi. Istarasi issiq kelin sigir sog‘ib, tappi yopardi. Qozon-o‘choq shuning bo‘ynida edi. Qushda bo‘lgan tinim bu juvon uchun yetti yot begona edi.

[Abduhamid]ning teng-to‘shlari qo‘sha-qo‘sha farzandlar ko‘rishdi. Qo‘sha qo‘sha to‘ylar qilishdi. Uloqli, qurashli… kelin-kuyov esa umidning etagini qo‘yib yubormadilar. To‘yga atab ikkalasi qo‘y-qo‘zi boqdi. Kelinlariga atab kattagina imorat ko‘tardi. Biroq har yili uylarining shiftiga uya qurgan qaldirg‘ochlar etak-etak polapon boqib, polapon uchirsalar-da, ikkalasining qulog‘i chaqaloq yig‘isidan benasib edi.

Ota-ona to‘nlarini teskari kiydi. Kelin endi g‘isht qolipdan rostmana ko‘chganligiga amin bo‘ldi. Ketishdan bir kun avval o‘zlari yashagan uyni tozalab qoqdi. Devorlarini oqladi. [Abduhamid]ning, qaynota-qaynonasining neki kiyim-boshi bor — barini yuvib tozaladi. Tong bo‘zarmasdan o‘n bir yil yashagan xonadoni, hali hech nimadan bexabar eri, qo‘y qo‘zisiyu og‘ildagi govmishlari bilan xayr-xo‘shlashib yo‘lga chiqdi.

[Abduhamid] olti oy qaynotasinikiga qatnadi. Nihoyat, taqdirga tan berdi. Uylangach, bir yildan so‘ng o‘g‘il ko‘rdi. Yuz-ko‘ziga erta ajin tushgan yigitning lablari ziyida nim tabassum paydo bo‘ldi. Keyin mana bunday bo‘ldi. Sakkiz oyga bormay emaklab ketgan o‘g‘ilchasini ko‘tarib $$Guliston$$ga qaynotasinikiga bordi. Ular hayron. Keyin uchalasi bir xonada qoldilar. Kelinning otasi tumtaygan, onasining esa qulog‘i ding. Ko‘p o‘tmay kuyovi va qizlari o‘tirgan uydan bilinar-bilinmas kulgi eshitila boshlandi. [Abduhamid]ning sobiq qaynonasi derazaning tirqishidan mo‘ralab ajab manzaraning shohidi bo‘ldi. Qizi [Abduhamid]ning bolasini tizzasiga olib, sochlaridan o‘par, bolakay esa zo‘r hafsala bilan novvot yalardi. Uch soat shu zaylda o‘tdi. Peshayvonda kimdir qattiq-qattiq yo‘taldi. [Abduhamid] sergak tortdi. Xotini lab tishlab, «otam» deganday im qoqdi. Keyin ikkalasi bolakayning yuz-ko‘zlarini iliq suvda chaydilar. Keyin [Abduhamid] o‘g‘lini olib hovliga chiqdi. Qaynonaning ko‘zlari yig‘idan qizarib ketgan. Qaynota esa nimalardir deya so‘ylanib anorzorga kirib ketdi. Ko‘chaga chiqqanlarida [Abduhamid]ning ko‘zi derazaga suyanib turgan xotinining chehrasiga tushdi. Bolakay hayron, boyagina unga kulib-kulib novvot tutgan xolasi endi yig‘lab turardi. Yo‘lda borayotgan otasi-da yig‘lab ketardi…

… Aytishlaricha odam bolasi qarigani bilan uning ko‘ngli qarimas ekan. Ko‘ngil gul bo‘lib, rayhon bo‘lib yurakning pinjiga tikilib yashagani yashagan ekan. Ko‘ngil bir hovuch buloq suvi bo‘lib yuzu ko‘zlarga tozalik ulashishdan horimas ekan.

Bu voqea sobiq talabalarning chorak asrlik ayrilig‘idan so‘ng bo‘lgan uchrashuvda yuz bergandi. Ko‘zim to‘satdan ularga tushib qoldi. Biri dasturxonning narigi chetida, ikkinchisi esa berigi chetida o‘tirishardi. Yigirma besh yil! Bu so‘z og‘izning bir chetidan chiqib ketadi. Quvonchlar, dardlar unutiladi. Ammo ularga tikilib bir narsa — ko‘ngil deganlari sira-sira o‘lmasligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Ular jilmayishib, bir-birlariga tikilib-tikilib qo‘yishardi. Yo‘q-yo‘q, ular aslo so‘zlashmasdilar. Ularning nigohlari, dillari muloqotga kirishgan, «jilla bo‘lmasa shu diydor uchun ham shukur…» deyayotganday tuyulardi menga.

Qiz qo‘shiqqa, yigit esa raqs tushishga usta edi. Biz ilk bor $$Mirzacho‘l$$ga paxta terimiga chiqqandik. Bir voqea sira esimdan chiqmaydi. Mezonlar yaltirab, qamishlar sivizg‘i chalayotgan cho‘lda oqshomi bilan qor yog‘ib chiqdi. Qizning oyog‘ida tag charmi yupqa botinka bor edi. Shunda yigit qo‘shqavat paypoqlarini yechdi-da, qizning oyoqlariga kiygazib qo‘ydi. Qizning yuzlari lovullab ketdi. U ikki qo‘llab yigitning boshidan itarar, biroq yigit baribir aytganini qildi. Ajab, ko‘ngil paypoq kiygizish bilan izhor qilinadimi? Qiz qor bosgan paykalda yurarkan, yigitga o‘g‘rincha ko‘z tashlar, miyig‘ida kulib-kulib qo‘yardi. Ehtimol, biz bilmagan dil izhori ana shundan boshlangandir. Shu-shu bo‘ldiyu ularning o‘rtasida qandaydir iliqlik, o‘shanda ham, hozir ham men tasvirlab berolmaydigan qandaydir munosabatlar boshlandi…

Men mana shu Yangi yil oqshomida $$Yuqori Sarmich qishlog‘i$$dagi [Foziljon]larni, atrofi o‘ralmagan, biron bir to‘siq qo‘yilmagan bog‘ni, tishlaganda labning ziylariga sharbat sachratadigan o‘riklarni o‘ylagim keladi.

Ajab, shu Yangi yil oqshomida [Abduhamid] nimalar qilayotgan ekan? Yerga ursa ko‘kka sapchiydigan o‘g‘li bilan ehtimol archa bezatayotgandir. O‘zi suluv bo‘lmasa-da, dili suluv, qalbi suluv kelinimiz omonmikin? [Bahrom] ismli bir qadrdonim «Yangi yilga yetib olsak bo‘ldi, u yog‘i ko‘klamga to‘rt qadam qoladi…» deya ko‘p takrorlardi. Emishki dalv oyidan so‘ng qishning ayozli kunlari sovuq urgan kesakdek umalanib ketarmish. Chindanda yangi yildan so‘ng kunlar kunlarning, haftalar haftalarning etagiga qo‘l uzatgancha yuguriklab ketadi. Ko‘p o‘tmay oftobro‘ya tepalikda qimtinibgina turgan momoqaymoqqa ko‘zimiz tushadi. Keyin maysalar yoppasiga tuproq turtkilashga tushib ketadi. Bir tong uyg‘onsangiz peshayvoningizda qaldirg‘ochlarning «vijir-vijir» qilayotganligini eshitib qolasiz.

Shu oqshom, shu kech yaqiningizga, hamsoyangizga, sizga tanish va notanish bo‘lgan odamlarga dilingiz tubidan yaxshilik tilang, ularga faqat ezgulik sog‘ining. Kim bilsin, balki sizu biz chin dildan ezgulik sog‘inganimiz uchun bir kunmas bir kun [Abduhamid]ning birinchi xotinining yuziga dog‘ tushar. Balki bir kun u o‘zining yangi xonadonida chaqaloq yig‘isini eshitar.

Bir tong, bir subhi sodiqda qo‘li qadoq, qalbi suluv kelinimizning beshikdagi bolasi oq to‘sh qaldirg‘ochlarning yallasidan uyg‘onib ketar…

Total words

993

Unique words

718

Annotated anthroponyms

17

Toponyms

7

TTR

0.723

Hapax

592

Distribution

Top frequency chart

Dataset