Main text: Yelkasida xurjuni bor, yoshi yetmishdan oshgan, qarashlari g‘am-tashvishli chol bozorning go‘sht rastasiga kirib kelib, peshtaxta oldida turgan norg‘ul yigitdan:
— Bolam, tozalangan mol oyog‘ini qayerda sotadi? - deb so‘radi.
— Ha, ota, iligichcha yegingiz keb qoldimi? Bular xolodetsni iligichcha deyisharkan, - dedi yigit xoxolab kulgancha.
-- Yo‘q, bizga choyu non ham bo‘laveradi. O‘g‘lim traktor bilan zovurga ag‘darilib, oyog‘ini sindirib qo‘ydi. Do‘xtirlar bugun aparasta qilib, menga molning oyog‘idan sen aytgan o‘sha iligichchani pishirib kelishni buyurishdi, dedi kinoyadan malollanib chol.
Molning oyog‘i, mana, bizda bor-da! — deb peshtaxta tagidan bir juft oyoqni olib cholga ko‘rsatdi yigit.
Chol xursand bo‘lib, oyoqlarni darrov belbog‘iga tugdi-da, narxini so‘radi.
-- Ota, bittasi olti mingdan, o‘n ikki ming so‘m berasiz, - dedi yigit pinagini buzmay.
Men boshda bu odam cholni hali ham mazax qilishda davom etayapti, deb o‘yladim. Sodda chol esa bu yulg‘ichning maqsadidan bexabar, jiddiy:
-- Hoy, bolam! Biz tomonda o‘n ikki mingga bir butun qo‘y beradi. Hamma qimmatchilik Toshkentda ekan-da. Ozroq insof bilan ayt, - dedi.
Ey, ota! Hozir odamlarda insof qolibdimi! Mayli, soqolingiz oqi hurmati, sizga to‘rt ming so‘mdan beraman. Ikkovi sakkiz ming so‘m bo‘ladi.
Chol olayotgan narsasi zahardan ham qimmatligini bilsa-da, izlagan narsasi topila qolganligidan rozi bo‘ldi, shekilli, pulini sanay boshladi. Qayta-qayta sanab adashib ketdi. Cholni tezroq aldab, birni o‘nga sotish payidan bo‘lgan qallobning toqati-toq bo‘lib:
Ota, pul sanashni ham bilmas ekansiz, qani, menga bering-chi, deb cholning qo‘lidan pulini yulib olib sanab bo‘lgach: - bu pulingiz to‘rt ming so‘m ekan, yana to‘rt ming so‘m berasiz, - dedi.
Chol barcha cho‘ntaklarini kavlashtirib, pul topolmasdan:
— Pulim yetmas ekan , mayli… - deyishi bilan sotuvchi uning aynib qolishining oldini olib:
— Bo‘pti, ota, men sizga bir yaxshilik qilay. Siz bugun oyoqni pishirib o‘g‘lingizga olib boring. Men har kuni bozordaman. Qolgan pulni ertaga xuddi shu yerga olib kelib berasiz. Rozimisiz? dedi u go‘yo cholga juda katta iltifot ko‘rsatganday.
Senlarda insof qolmagan bo‘lsa, men endi nima ham qilardim? Shu palla oyoq qidirib qayoqqa ham boraman? Rozi bo‘lmasdan ilojim yo‘q, roziman, deb oyoq tugilgan belbog‘ni ola solib, chol shoshilganicha odamlar ichiga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Cholning orqasidan "Hoy ota, to‘xtang, hoy ota" deb ancha joygacha qidirib bordim, lekin uni topa olmadim. Bu ishga jur’atsizlik qilib ertaroq aralashmaganimdan o‘zimni qattiq koyidim. Lekin endi koyinishning foydasi yo‘q, vaqt o‘tgan edi. Qallob atrofida o‘tirgan besh-olti odam esa bir bechorani himoya qilish o‘rniga uni mazax qildirib, talatib, tomoshabin bo‘lib o‘tirdi. Keyinchalik bilsam, ular qallobning hamtovoqlari ekan. Bu odam qilib qo‘ygan ishidan pushaymondir, deb o‘ylagan edim, yo‘q, aksincha, u bu qilig‘ini birinchi marta qilayotgan emas ekan. U o‘zining kechagi ishlari haqida, go‘yo qahramonlik ko‘rsatgandek, og‘iz ko‘pirtirib maqtana boshladi:
Voy, boboyi tushmagur! Bir kunda shu cholga o‘xshagan sodda, go‘llarning bir nechasini qarmog‘imga ilintirib turaman. Kecha bir chet ellik xonimga bir juft oyoqni o‘n dollarga pulladim. Cholga ham qani, nima der ekan, deb sinash uchun hazilakam shu narxni aytgan edim, bechora uni chin deb qabul qildi.
— O‘zing ham o‘lgudek noinsofsan, Nig‘matillo, - deb gapga aralashdi kallafurush ^^Jambul^^ xola, — bechora cholga oyoqni ikki ming so‘mdan berganingda ham o‘n marta qimmatiga sotgan bo‘larding. Arzimagan narsani hozir yigirma baravar qimmatiga pullayapsan. Sening oldingda hech qanday qallob ham ip esholmay qoldi, axir borib bir kun u dunyoda — Xudo oldida bu qilg‘iliklaring uchun javob berasan-ku!
— Ey, ^^Jambul^^ xola! [Nig‘matillo]ga harom moydek yoqadi, ko‘rmaysizmi, u borgan sari tirsillab semirib ketayapti, uni balo ham urmaydi, u balo bilan ham til topishib oshno bo‘lib oladi, jannatga ham pora berib kirib ketadi, - dedi hazilomuz hamtovoqlaridan biri.
Baribir, bolalarim, insof sari baraka! Mana, mening bozorga chiqqanimga qirq yil bo‘libdi. Xo‘jayinim avariyada halok bo‘lgach, boquvchisiz qoldim. Kalla-pocha tozalab sotib, yetti bolani voyaga yetkazdim. Hozir ham odamlar "^^Jambul^^ xola tozalagan kalla bo‘lsa olaman", deb qidirib kelishadi. Nechta kalla-pocha tozalab kelsam ham qoldirmay olib ketishadi. Chin, sidqidil mehnat qilsang, bir kunmas bir kun mehnating albatta ro‘yobga chiqar ekan. Senlar o‘zlaring mehnat qilmaganlaringga yarasha, xaridorning ko‘zini bog‘lab, boshini aylantirib birni o‘nga pullash payiga tushasanlar. Bunday qilib topganning qut-barakasi bo‘larmidi? Harom yo‘l bilan topilgan pul oxir-oqibatda albatta o‘nglanmaydigan bir falokatga olib boradi, u hech qachon buyurmaydi, haromga ketadi. Aroqxo‘rlikka ruju qilasanlar, yomon yo‘lga yurasanlar. Bu yo‘l bilan million topganingda ham hech qachon rohat-farog‘atda yashay olmaysan. Harom senga tinchlik bermaydi, u albatta teshib chiqadi. Kallapaz [Oxun] eslaringdami? Uning sovet pulidan millioni bor edi. Pulini o‘ris og‘aynilari tunab ketishgach, o‘zi ham kuyib tamom bo‘ldi. Qirq to‘rt yoshida aroq ichib o‘tirib yuragi to‘xtab qoldi. Xudo davlat bersa halolidan bersin. Ana [Sarvar Qodirov] — mahallamizdan chiqqan, [Nig‘mat]ning sinfdoshi, xudo yorlaqagan yigit, ilm yo‘lidan ketib, yangi mashina o‘ylab chiqardi. Xudo unga davlat ham, shuhrat ham berdi. Bolalari ham o‘qimishli. Bir o‘g‘li Amerikada o‘qishni bitirib, bankda katta lavozimda. Shundaylarga havasim keladi. [Nig‘matillo]ning yolg‘iz o‘g‘li esa noshud-savodsiz. Faqat otasining topgan pulini sovurishni biladi, bu bola otasidan keyin qanday tirikchilik qilarkin? dedi ko‘pdan beri aytolmay, yuragida tugib yurgan gaplarini to‘kib solgan ^^Jambul^^ xola.
[Nig‘matillo] kampirning haq gaplaridan dam oqarib, dam ko‘karib, zo‘rg‘a chidab turardi, ayniqsa, xolaning oxirgi gapi uning yuragiga pichoqdek sanchildi, o‘zini "bozor qiroli" hisoblab yurgan bu kimsa aslida kim ekanligini shu savodsiz kampirdan bildi. Nima bo‘lsa ham o‘z "ustun"ligini ko‘rsatish maqsadida lof uraketti:
— Gap bilaman deb ko‘p jovrayvermang, kampirsho! Oyoqfurushu kallafurushlarni hech kim ko‘zi tushmaydigan burchakka tiqqan kim? Akang qarag‘ay bo‘ladi. Odamlar esa bu yerga o‘rgangan. Oyog‘u kalla-pocha, qaziyu hasipning barcha masallig‘ini kechqurun bozor tugashi bilan yarim bahosiga tushirib peshtaxta tagiga olib qo‘yaman-da, bu kuniga xohlagan narxda pullayman. Bu ishlar men uchun bekorchilikda ermak bo‘lgan mayda-chuyda ishlar. Aslida men bozorda boshqa — yirik ishlar bilan shug‘ullanaman. Misol uchun, u kuni $$Qashqadaryo$$dan ko‘proq go‘sht kelib, narxni tushirib yubordi. Shartta ortiqcha go‘shtlarni yigitlarimga olib berdim, ular go‘shtlarni muzxonalarga bosib qo‘yishdi. Ertasi kuni — shanba-yakshanba qancha go‘sht bo‘lsa ketadi. Shunday qilib, ham o‘zimiz belgilagan oldingi ikki ming to‘rt yuz so‘mlik narxni tikladik, ham yigitlarimga har bir kilo go‘shtdan olti yuz so‘mdan foyda qoldi. Albatta, foydaning yarmi bizniki. Qarabsizki, aytganim aytgan, deganim degan, bozorning qiroli bo‘lib yuribman. Qani, birov menga qarshi g‘ing, deb ko‘rsin-chi? Shu zahoti quritaman. Bozorning haqiqiy egasi men bo‘laman. Men xohlagan odam bu yerda savdo qiladi.
Bozorda erkin savdoga to‘siq bo‘lib, qimmatchilikni avjiga chiqarayotganlar senlar ekan-da! Sen — bozor baloxo‘rlarini ham no‘xtalaydigan mard topilib qolar. Senlar boshga tushgan balosanlar. Xalq senlardan qancha ertaroq qutilsa, bozorda shuncha tez arzonchilik bo‘lib, odamlar emin-erkin savdo qiladi. Sen yashshamagurlarni tezroq yer yutsin, omin, ollohu akbar! deb ^^Jambul^^ xola yuziga fotiha tortib, o‘rnidan turdi.