🔍

Article

Och qornim, tinch qulogʻim, demang

By S. OCHILOVA, Toshkent viloyati Monopoliyadan … • in 2003

"Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonun har birimizni iste’molchi sifatida o‘z himoyasiga oldi. Lekin qonunda belgilanganidek, bizga berilgan haq-huquqimizdan to‘g‘ri foydalana olayapmizmi? Qonunning mohiyatini anglab yetish, uning qanchalik foydali ekanligini hamisha ham tushunayapmizmi?
Avvalo, iste’molchining o‘zi kim?

Iste’molchi — biror mahsulot, tovarni sotib oluvchi yoki xizmatga buyurtma beruvchi fuqaro, ya’ni jismoniy shaxsdir. Demak, sizu biz — barchamiz iste’molchi hisoblanamiz. Iste’molchi sifatida har kuni savdo do‘konlaridan mahsulotlar xarid qilamiz yoki bizga maishiy, kommunal, telefon, transport va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi va ulardan ham foydalanamiz. Shuningdek, tovar sotib olish niyatida bo‘lgan fuqaroni ham iste’molchi, deb hisoblash mumkin.

Iste’molchilar yana bir narsani anglab olishi kerakki, u bozorda mustaqil. Bu shu ma’nodaki, hech bir tovar ishlab chiqaruvchi mahsulotini iste’molchiga sotib olishga yoki xizmat ko‘rsatuvchilar o‘z xizmatlarini majburlab, unga tazyiq o‘tkazishga haqqi yo‘q. Bunday holatlar qonun bilan taqiqlanadi. Iste’molchi o‘zi uchun ma’qul bo‘lgan tovarlar va xizmatlardan foydalanishi, tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi qonun bilan kafolatlangan. Bu esa iste’molchiga qanday mahsulotlar va xizmatlar zarurligini uning o‘zi mustaqil ravishda belgilashini bildiradi.

Siz biror-bir mahsulot (tovar) sotib oldingiz, unda, albatta, tegishli hujjatlarga e’tibor berishingiz zarur. Mahsulotni kim, qayerda ishlab chiqargan, sifat sertifikati bormi? Dori-darmon, oziq-ovqat va maishiy kimyo tovarlarida ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddati hamda saqlash, ishlatish shartlari ko‘rsatilganmi? Xarid qilgan mahsulot (tovar)ingizga ko‘rsatilgan xizmat uchun chek, kvitansiya yoki hujjat oldingizmi?

Hududiy boshqarmamiz tomonidan bu borada o‘tkazilayotgan monitoring va tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, bir qator holatlarda iste’molchilarning huquqlari buzilganligi aniqlandi. Lekin bu aniqlangan dalillar bo‘yicha iste’molchi shikoyat qilmasdan, «Och qornim, tinch qulog‘im» qabilida ketaverganiga nima deysiz?

Misol tariqasida keltirsak, $$Zangiota tumani$$ matlubot savdo hissadorlik jamiyatiga qarashli 13, 16 hamda Bekobod shahridagi S.T.V. "ORA" do‘konlarida sotilayotgan tuz mahsulotlari "yodlangan osh tuzi" deb ko‘rsatilgan. Lekin tuzdan namunalar olinib, laboratoriyada tahlil o‘tkazilganida, olingan tuz namunalari mutlaqo iste’molga yaroqsiz va zarur bo‘lgan yod miqdori yo‘qligi tasdiqlandi. Bu holatlarni bartaraf etish uchun tegishli huquq organlariga ma’lum qilindi.

Iste’molchi huquqini qanchalik yaxshi bilsa, o‘zining sog‘lig‘iga, mol-mulkiga, atrof-muhitga tovar va xizmatlardan foydalanish oqibatida yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar hajmini shunchalik ko‘p qisqartirishi yoki zarar yetkazilgan taqdirda uni javobgar shaxslardan undirib olishi mumkin.

Iste’molchilarni yana bir hujjatdan boxabar etib qo‘yish ayni muddaodir. Bu hujjat 2002-yil 13-sentyabrda $$Adliya vazirligi$$ ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, shahar va aholi punktlarida uy-joylarni ta’mirlash jamg‘armasi va kommunal xizmatlari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni belgilab berdi.

Bu xarajatlar nimalardan iborat? Uy xo‘jaligini saqlash, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ish haqi xarajatlari, umumiy foydalaniladigan joylarni joriy ta’mirlash, mashinalar, asbob-uskunalar, jihozlar va boshqa mol-mulklarni tiklashga amortizatsiya ajratmalari, to‘liq ta’mirlash xarajatlari hamda boshqaruv apparatlarini saqlash xarajatlaridir.

Kommunal xizmatlari nimalardan iboratligini iste’molchilarimiz yaxshi bilishadi. Ya’ni, ichimlik suvi, kanalizatsiya, markazlashtirilgan issiqlik, issiq suv, maishiy chiqindilarni tashish, gaz, elektr ta’minotidir ular.

Kommunal xizmatlar va foydalanish (ekspluatatsiya) xarajatlari o‘z muddatida to‘lab borilmasa, har bir o‘tkazib yuborilgan kunga 0,5 foiz penya to‘lanadi. Lekin bunda olinadigan penya miqdori ko‘rsatiladigan xizmatning haqidan oshmasligi lozim.

Agarda iste’molchi kommunal xizmatlar va foydalanish xarajatlariga (ekspluatatsiya) oldindan haq to‘lagan bo‘lsa, tarif o‘zgargan bo‘lishiga qaramay, iste’molchi bilan qayta hisob-kitob qilinmaydi. Lekin xizmatlar uchun oldindan to‘lanadigan haq 12 oydan ko‘p bo‘lmasligi lozim. Ushbu ko‘rsatilgan davrdan oshsa, unda qayta hisob-kitob qilinadi.

Hozirda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari uy-joy mulkdorlari shirkatlariga aylantirilgan. Lekin bugungi kunda iste’molchilarimiz shirkatning umumiy mol-mulki nimalardan iboratligini biladilarmi?

Shirkat a’zosining mulki uning uy-joyidir. Shirkatning esa umumiy mol-mulki zinapoya to‘siqlari, zinapoyalar, liftlar, lift shaxtalari va yo‘laklar hamda tomlar, texnik qavatlar, binoning mexanik, elektr, santexnika va kvartiralar tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq kvartiraga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa muhandislik asbob-uskunalari, uylar yonidagi ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish vositalariga ega bo‘lgan yer uchastkalari hisoblanadi.

Iste’molchilarimiz bilishlari kerakki, bu xizmatlar uchun to‘lanadigan haq o‘zlari yashab turgan xonadonlarga yetkazib beriladigan issiqlik, issiq suv, ichimlik suvi, kanalizatsiya, gaz va maishiy chiqindilarni tashish xizmatlari uchun to‘lanadi. Bundan tashqari, to‘lanadigan ekspluatatsiya xarajatlari aholi yashab turgan uylarning tom qismini, yerto‘lalarni, turli xil quvurlarni, uy yo‘laklarini ta’mirlashga va shunga o‘xshash xizmatlarga sarflanadi. Shu sababli aholi tomonidan xizmatlarga o‘z vaqtida haq to‘lab turilishi katta ahamiyatga egadir.

Biroq xizmat haqini to‘lagan iste’molchi ham talabchan bo‘lmog‘i lozim. Ya’ni u o‘z huquqidan foydalanishni bilishi shart. Masalan, joriy yilda Angren shahar, $$Qiziltog‘ shaharchasi$$da yashovchi fuqarolar tomonidan qish mavsumida issiqlik va issiq suv ta’minoti bo‘lmaganligi to‘g‘risida shikoyat tushdi. Ushbu ariza o‘rganib chiqildi va tegishli choralar ko‘rildi. Xususan, yetkazib berilmagan issiqlik va issiq suv uchun 3368,2 ming so‘m iste’molchilarga qaytarildi.

Yana bir misol. $$Yangiyo‘l tumani$$, $$[U. Musayev] nomidagi jamoa xo‘jaligi$$ga qarashli $$«Qo‘shtepa» mahallasi$$ fuqarolaridan shikoyat tushdi. Unda ayrim xonadonlar yilning oxirigacha to‘lovlarni to‘lab qo‘yganiga qaramasdan, gaz o‘chirilganligi haqida yozilgandi.

Boshqarmamiz ushbu shikoyatni ham darhol o‘rganib chiqdi va mahallaning gaz bilan ta’minlanishini yo‘lga qo‘ydi hamda ishlatilmagan gaz uchun to‘langan 41,2 ming so‘m haqni iste’molchilarga qaytartirdi.

$$Yangiyo‘l tumani$$ $$"Do‘stlik" jamoa xo‘jaligi$$dagi mahallalar ahllaridan esa qish mavsumida tabiiy gazning yetkazib berilmayotganligi, lekin haqi to‘liq undirib olinayotganligi bayon etilgan xat oldik. O‘rganganimizda yuqorida ko‘rsatilgan faktlar tasdiqlandi va iste’molchilar tomonidan ishlatilmagan tabiiy gaz uchun hisoblangan 6000,0 ming so‘m aholi foydasiga qaytarildi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, biz iste’molchilarimizning haq-huquqlari buzilmasligi tarafdorimiz. Mabodo u sodir etilsa, bilingki, unga sabab bo‘lgan omil, albatta, o‘rganib chiqiladi. Iste’molchining haq-huquqi tiklanadi. Yana qaytaraman, buning uchun iste’molchilar och qornim, tinch qulog‘im, deya loqaydlik qilmasdan, talabchan bo‘lishlari juda muhimdir.

Total words

828

Unique words

544

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

8

TTR

0.657

Hapax

410

Distribution

Top frequency chart

Dataset