🔍

Article

SIYOSIY ISLOHOTLAR — DAVR TALABI

By SIYOSIY ISLOHOTLAR — DAVR TALABI • in 2002

Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida jamiyatning barcha tizimlarida, jumladan, siyosiy, davlat qurilishi va boshqaruv sohalarida ham tub yangilanishlar, Yurtboshimiz [Islom Karimov] ta’kidlaganidek, avvalo, fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy faoliyatini kuchaytirish va insonning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarishi uchun tegishli shart-sharoit yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoni davom etmoqda.

Bularning hammasi ko‘p jihatdan Prezidentimizning 2000-yil 2-iyundagi "Jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarida islohotlarni erkinlashtirish va chuqurlashtirish, mamlakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Dasturlarni amalga oshirish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgani samarasidir.

$$O‘zbekiston Respublikasi$$ Prezidenti huzuridagi Islohotlar va investitsiyalar bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengashning davlat boshqaruvi tizimini demokratiyalashtirish va siyosiy islohotlarni chuqurlashtirish komissiyasi tomonidan o‘tgan yilda bu borada qanday ishlar amalga oshirilgani haqida mazkur komissiya raisi, $$Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz$$ direktori [Akmal SAIDOV] O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

Dastavval shuni ta’kidlash joizki, mamlakatimiz erkin demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etishdek buyuk maqsad sari o‘ziga xos va o‘ziga mos taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlayotganiga o‘n yildan oshdi. Yurtimizda ana shu tamomila yangi siyosiy tizim izchillik bilan bosqichma-bosqich shakllanib borayotganining natijasi o‘laroq, hamyurtlarimizda hozirgi yangi zamonning mohiyatini yanada chuqurroq tushunishga intilish va siyosiy islohotlarda faol ishtirok etishga bo‘lgan ishtiyoq tobora ortmoqda.

Shu bois Komissiyamiz joriy yilda, avvalo, har bir fuqaromizning davlat va jamiyat qurilishining o‘ta muhim masalalarini muhokama etish, xususan, qonun hujjatlarini tayyorlash jarayonida faol qatnashish huquqini ta’minlash maqsadida yangi qonun loyihalarini umumxalq muhokamasiga chiqarish tajribasini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.

Bu borada $$Oliy Majlis$$ to‘rtinchi sessiyasida "Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilingani ayni muddao bo‘ldi. Mazkur qonun jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalariga daxldor qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga xizmat qilmoqda. O‘tgan yil mobaynida parlament tomonidan uchta muhim hujjat — "Prokuratura to‘g‘risida" (yangi tahriri), "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida" hamda "Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘g‘risida gi qonunlar umumxalq muhokamasidan so‘ng maromiga yetkazilgan holda qabul qilindi.

$$Oliy Majlis$$ yettinchi sessiyasi qaroriga muvofiq esa Shaharsozlik kodeksi loyiha- si, "Kredit uyushmalari to‘g‘risida", "Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida", "Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida" va "Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunlar loyihalari umumxalq muhokamasiga havola etildi.

Kezi kelganda shuni aytish lozimki, umumxalq muhokamasi jarayonida tegishli qonun loyihalarining maxsus nashrlarda, ommaviy axborot vositalarida keng chop etilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘rinda, ayniqsa, "Xalq so‘zi" va "Narodnoye slovo" gazetalarining umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalarini kitobcha shaklida, qabul qilingan qonunlarni esa gazetaga ilova sifatida nashr etish tajribasi yaxshi samara bermoqda. Kelgusida $$Oliy Majlis Byulleteni$$ni ta’sis etish va unda nafaqat umumxalq muhokamasiga chiqariladigan qonun loyihalari, balki parlamentda ko‘riladigan barcha loyihalarni chop etib borish mo‘ljallanmoqda.

Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarimiz, davlat organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalarining qonun loyihalari umumxalq muhokamasida erkin ishtirok etishi hamda muhokamalarning ixtiyoriylik, tenglik, oshkoralik, hamma uchun ochiqlik va erkin fikr bildirish tamoyillariga muvofiq o‘tishini ta’minlashdan iboratdir.

Komissiya faoliyatining yana bir yo‘nalishi — fuqarolik jamiyatining o‘zagi hisoblangan mahallalar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan. Ma’lumki, fuqarolar yig‘inlari raislari va maslahatchilarining belgilangan 2,5-yillik vakolat muddatlari tugashi munosabati bilan mamlakatimizda 2001-yilning may-iyun oylarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov bo‘lib o‘tdi. Uning tashkilotchilariga uslubiy va amaliy jihatdan ko‘rsatilgan puxta yordam natijasida saylovlarda katta yoshli aholining qariyb 80 foizi ishtirok etdi.

Bugungi kunda yangi saylangan fuqarolar yig‘inlari raislari va maslahatchilari faoliyatida zarur huquqiy asos bo‘lmish "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunni takomillashtirish va uning joylardagi ijrosini o‘rganish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qonunda ko‘zda tutilgan ayrim qoidalarni yanada mukammallashtirish maqsadida Fuqarolar yig‘inlarining namunaviy nizomi, Fuqarolar yig‘inlari taftish komissiyalarining namunaviy nizomi va Fuqarolar yig‘inlari ma’muriy komissiyalarining namunaviy nizomi kabi muhim hujjat loyihalari ishlab chiqildi va tasdiqlash uchun tavsiya etildi.

Shuningdek, milliy mutaxassislar va TASIS loyihasi ekspertlari ishtirokida "XXI asr mahallasi" konsepsiyasi loyihasi tayyorlandi. Ushbu loyiha matni $$Oliy Majlis$$ning $$Demokratik institutlar$$, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan ma’qullandi.

Davlatimiz rahbarining Bosh qomusimiz Konstitutsiyamizning to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda:

“…mahallaning eng demokratik boshqaruv usuli va tizimi ekanini inobatga olib, bunday ijtimoiy idoraning o‘rni va ta’siri davlat idoralariga nisbatan kuchayib va kengayib borishi, hayotimizdagi mohiyati tobora o‘sib borishining tarafdoriman" degan so‘zlari istiqbolda bu sohadagi ishlarimizda muhim dasturulamal bo‘lishi tabiiy.

Pirovardida shuni aytmoqchimanki, sanab o‘tilgan amaliy ishlar jamiyatni erkinlashtirish, ayniqsa, siyosiy sohani rivojlantirish va isloh qilishning hozirgi bosqichidagi asosiy vazifalarni hayotga tatbiq etish borasidagi sa’y-harakatlar natijasidir. Zero, bugungi kunda, Yo‘lboshchimiz ta’kidlaganidek, hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirish yo‘li o‘z mohiyat e’tiboriga ko‘ra mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha o‘zgarishlarning asosiy bog‘lovchi bo‘g‘iniga aylandi.

Total words

719

Unique words

491

Annotated anthroponyms

2

Toponyms

7

TTR

0.683

Hapax

387

Distribution

Top frequency chart

Dataset