🔍

Article

Italiyalik Ramazon ota Oʻzbekistonga qaytdi. Faqat 60 yildan soʻng

By Ismat NUSRATOV, Bahriddin SATTOROV • in 2001

Biz bo‘lgan voqeani o‘zimiz tasvirlab bermoqchi edik. Lekin [Ramazon] ota bosib o‘tgan taqdir so‘qmoqlari shu qadar chigal, tahlikali va g‘amangiz ediki, buning evini qilib yoza olish ko‘limizdan keladimi yoki yo‘q, deb chuqur istiholaga bordik. U kishi dona-dona qilib gapirib berdi. Biz faqat tingladik, u kishining taqdir qo‘shig‘ini kuylashiga xalaqit bergimiz kelmadi.
Qaysi kuni eshitib qoldim, televizorda bir kishidan «Siz yigirmanchi asrdan rozimisiz?». deb so‘rashdi. Bu gap, ochig‘i, mening dardimni qaytadan yangilab yubordi. Bu savol u kishiga emas, go‘yo men uchun mo‘ljallanganday tuyuldi.
Yigirmanchi asrning qanday zulmu zulmati bo‘lsa, qanday ozoru aziyati bo‘lsa, mendan so‘rang, degim keldi. Yigirma to‘rt yoshimda uyimdan chiqib ketgan- man. Oilali edim, ikki qizim bor edi. Ikkinchi jahon urushini harbiy xizmatdaligimda Ukrainada qarshi oldim.
Urushning ilk davrlari juda ham dahshatli kechgan. Bizning armiya xiyla ojiz edi. Shuning uchun ham dastlab juda ko‘p yo‘qotishlar berdik. 1941-yilning oxirlarida asirga tushdim. Biz asirlarni avval Polsha, keyin $$Germaniya$$da, 1944-yilda Italiyaning harbiy lagerlarida saqlashdi.
Bizni ittifoqdosh $$Amerika$$ qo‘shinlari ozod qildi. Ozodlikka ozodmizu lekin yurtimizga qaytolmaymiz. SSSRda asir tushib qaytgan harbiylarni o‘limga mahkum etishayotganmish, degan gaplarni eshitib qoldik. Ba’zilar ishonmay yurtlariga qaytishdi ham. Lekin oradan ko‘p o‘tmay «uzunquloq» gaplar chin bo‘lib chiqdi: qaytganlarni sotqin, deb o‘limga mahkum qilishganmish. Shundan keyin yurtga qaytish boshimni kundaga qo‘yish bilan barobar ekanini angladim. Taqdirga tan berib, Italiyada qolishga majbur bo‘ldim. Shu orada kasalxonada hamshira qiz - ^^Palmida^^ bilan tanishib qoldim. Oila qurdik. Rahmatli ^^Palmida^^ bir umr $$O‘zbekiston$$ni orzu qilib yashadi. U $$O‘zbekiston$$ni men orqali tanidi. Unga o‘z vatanidek mehr qo‘ydi. Lekin taqdir ekan, undan qochib qutulolmas ekanmiz, nasib qilmadi. Men-chi? Meni aytmaysizmi, tushlarimda ko‘rib chiqardim qishlog‘imni, qizlarimni, onamni… $$O‘zbekiston$$ni. ^^Palmida^^ga ular haqida har kuni aytib berganimdanmi, uning ham mehri menikidan kam emasdi. Vatan sog‘inchi yomon bo‘larkan. Uni nimaligini Vatandan ajralganingdan keyin bilarkansan. Bir umr bolalarimni deb, $$O‘zbekiston$$ni, deb yashadim. Nahotki ularni endi ko‘rolmasam, nahotki atigi bir marta bo‘lsin, borish nasib qilmasa — tunu kun ana shu haqda o‘yladim. [Stalin] o‘lganidan keyin umid uchqunlari chaqnadi; ishonch paydo bo‘ldi, Forishga tinimsiz xat yozdim. Lekin birorta xatimga javob ololmadim. Bor umidim so‘ndi, Boray, desam nafaqat imkon, ishonch ham yo‘q. Keyin bilsam, $$Forish$$ga mendan «qora xat» borgan, uydagilar umidini butkul uzgan, u ham kamlik qilganidek, 50-yillarda oilamni qishloqdan $$Qozog‘iston$$ cho‘llariga ko‘chirma qilishgan ekan.

Xatlarim javobsiz qolgach, yana o‘ttiz yetti yil kutdim. Bir lahza bo‘lsin qizlarimni, qishlog‘imni, demakki, $$O‘zbekiston$$ni unutganim yo‘q. Hamisha uning yodi bilan yashadim. Tasavvur qiling, Italiyaday katta mamlakatda endi hech kimi yo‘q yolg‘iz notavon edim. Tunu kun faqat Ollohga yolvorardim. Yurtga qaytishni, demak, mustaqillik va ozodlikni hech kim meningday kutmagan bo‘lsa kerak, hech kim uni eshitib meningday suyunmagan, meningday to‘yib-to‘yib yig‘lamagan va yurtiga oshiqmagan bo‘lsa kerak. Agar o‘sha televideniye muxbiri mendan «XX asrdan rozimisiz?», deb so‘raganida oltmish yil chekkan azob-uqubatlarimga qaramay «Ha, undan mingdan ming roziman, U menga 84 yoshga to‘lganimda qizimni, nevaralarimni, $$O‘zbekiston$$imni qaytarib berdi. Men rozi bo‘lmay, kim rozi bo‘lsin» degan bo‘lardim.

Asli forishlik [Ramazon ota Asimov] ana shu yerga kelganida bir oz tin oldi. Ko‘zlariga yosh xalqalandi. Ozodlik daragini eshitgan Ramazon ota bu gal $$O‘zbekiston$$ga xat yozdi. $$Mustaqil O‘zbekiston$$ ham bu gal o‘z farzandini begona qilmadi. Aksincha, Vatan $$Mirzacho‘l tumani$$da yashayotgan qizi ^^Bozorgul^^dan bo‘lgan nevarasi [Komiljon]ni xayri-xushlik bilan Italiyaga jo‘natdi. Bobo va nabira oltmish yillik ayriliqdan so‘ng $$Italiya$$da yuz ko‘rishdi. Va [Komiljon] bobosini Vatanga olib qaytdi. Ramazon ota esa umrining qolgan kunlarini $$Mirzacho‘l$$da nabiralari bilan birgalikda o‘tkazishga ahd qildi.

Biz u kishi bilan birgalikda, biroz bo‘lsa ham bu chigal va o‘ta murakkab taqdirning qat-qatida yashiringan ozodlikning ta’mini totdik, onaday, boladay aziz Vatanning mehrini tuydik, XX asrning oltmish yilini Vatandan ayro, farzanddan mosuvo o‘tkazgan, lekin 84 yoshlik chog‘ida ularning hammasini topgan bir insonning yana undan — XX asrdan rozi-rizo ekanligining guvohi bo‘ldik. Bizningcha, Vatanga ham, ozodlikka ham, siz bilan biz xayri-xush qilayotgan XX asrga ham bundan ortiq baho berib bo‘lmas, bundan ortiq bir nima deb bo‘lmas…

Total words

616

Unique words

452

Annotated anthroponyms

9

Toponyms

15

TTR

0.734

Hapax

364

Distribution

Top frequency chart

Dataset