Ana, kelayapti, ko‘chalarni to‘ldirib. Tovusdek xirom aylab. Men uni shu yerda, dorilfunun xiyobonida har kuni kelishini kutaman, ko‘ramanu, biroz yuragim taskin topgandek bo‘ladi. Ha, to‘g‘risini aytsam, men unga g‘oyibdan oshiqu-beqaror bo‘lib qolganman. Tunu- kun xayolim unda. Darsga kiramanu, leksiya ham qulog‘imga kirmaydi. Xayolim to‘zg‘ib o‘tiraveraman, surati ko‘z oldimda namoyon bo‘laveradi.
Qalbimni olib qo‘ygan o‘sha sohibjamol qiz tarix fakultetida o‘qiydi. Tanaffus bo‘ldi deguncha, o‘sha yog‘ga borib, uzoqdan uni kuzatib turaman. Uni ko‘pincha dorilfununga kelayotganda, xiyobonda kutib olardim. Bir panaroq joyga turib olib, to qiz fakultetga kirib ketgunga qadar kuzatib turardim. Tramvay bekatiga yuguraman. Leksiyalar tugashi bilan qiz binodan chiqadi, biror odam bilan gaplashmaydi, dugonalari ham yo‘qdek. Yigitlarga qayrilib ham qaramaydi, mag‘rur va masrur. Men bo‘lsam uning hajrida ich-ichimdan yonaman, ezilaman. na yurishimda, na turishimda halovat bor. Uyga qaytaman, ba’zan tong otguncha mijja qoqmay chiqaman.
Men kuyib-yonib yuribman-u, u bexabar. Qiziq, nega endi bir bahona topib dardimni aytmayman. Namuncha tortinchoq, lapashang bo‘lmasam? Bir ilojini topib, ko‘nglimni yozib olsam bo‘lmaydimi?
Ittifoqo, bir kitob kerak bo‘ldiyu, dorilfununning katta o‘quv xonasiga kirdim. Qarasam, o‘sha qiz qandaydir kitobni mutolaa qilib o‘tiribdi. Daftariga nimalarnidir yozib olmoqda. Yuragimni hovuchlab, orqadagi bo‘sh stolga borib o‘tirdim. Qiz kitobdan boshini ham ko‘tarmaydi, qiziq bir sirli dunyoga kirib ketganday. O‘quv xonasida saqlanayotgan gazetalarning oylik to‘planmasini olib atayin varaqlay boshladim. Nimani ham o‘qirdim, xayolim boshqa yoqda bo‘lsa. Oxiri yurak yutib o‘rnimdan turdimda:
Qizcha, bir daqiqaga ruchkangizni berib turmaysizmi? - dedim. Qiz menga qaramadi ham, beparvogina ruchkasini uzatdi. Oldim-u, nima ham yozardim. Papkadagi bo‘sh daftarni olib, go‘yo qizga xat yoza boshladim. Ismi nima, sharifichi, bilmayman. Shunday bo‘lsa ham, notanish qizga deb xat yozishga tushib ketibman. Bir vaqt qarasam, qiz birdan turib, bir narsadan kech qolgandek tez-tez yurib chiqib ketdi, faqat ruchkasi menda qoldi… Shu voqeadan keyin bir kuni o‘qishdan chiqib trolleybus bekatiga borsam, o‘sha men sevgan qiz turibdi. Endi gaplashib olaman, deb yoniga bordim.
— Yaxshi qiz, yigirmanchi trolleybus shu yerda to‘xtaydimi?
— Ha.
— To‘rtinchichi?
— Yaxshi yigit, nomeringiz o‘tmaydi, - dediyu, trolleybusga chiqib ketdi.
Ana xolos, turgan joyimda mulzam bo‘lgancha qotib qoldim. To‘g‘risi, sharmanda bo‘ldim.
— Endi tamoman, orzularim ro‘yobga chiqmadi, hamma yo‘llar yopilgan edi.
Dunyoning ishlari qiziq ekan. Hech o‘ylamagan, xayolingizga kelmagan, ishlar bo‘larkan.
Yangi yil arafasi edi, o‘shanda. Bir qadrdon do‘stim bo‘lardi, [Farid] degan. Kechki ishchi-yoshlar maktabida birga o‘qigan edik u bilan. Hozir $$Toshkent$$dagi mashinasozlik zavodida ishlardi. Usha do‘stim yangi yilni birga kutamiz, deb taklif etib qoldi. Juda xursand bo‘lib ketdim, o‘sha yerda ko‘p do‘stlarim bilan uchrashar ekanman deb. Yuragim negadir o‘sha yog‘ga tortganday bo‘ldi.
Usha qish oqshomida do‘stimnikiga yo‘l oldim. Borsam, [Farid]ning tengqurlari, o‘sha kechki maktabda o‘qigan qadrdonlarimiz yig‘ilishgan ekan. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, mehmonlar orasida o‘sha men sevgan, izlab topolmagan sohibjamol qiz o‘tiribdi. Egnida oq harir ko‘ylak, sochlarini ikkita qilib orqasiga tashlab olgan. Ana qoshu, ana ko‘z, qaddi-bastini aytmaysizmi. Ko‘rdimu, yuragim «shuv» etib ketdi. Uzimni noo‘rin his etaman, qayga qo‘yarimni bilmayman. Yuragim bezovta, o‘sha trolleybus bekatidagi, «yaxshi yigit, nomeringiz o‘tmaydi» degan so‘zlari yuragimga qanday qattiq bottan edi. Unga endi betlay olmayman. Biz so‘z ham ayta olmayman, tillarim lol…
Juda qiziq bo‘ldi, o‘rtog‘im ham kelib-kelib meni o‘sha qizning yoniga o‘tqazib qo‘ysa bo‘ladimi? Obbo, buyog‘i qanday bo‘ldi endi. «Noiloj» o‘tirdim, qimirlay olmaysan, u yoq-bu yog‘im tegib ketmasin deb. Yana gap eshitib qolmasam edi deb bezovtaman. Qiz bo‘lsa, menga qayrilib qaramadi ham. Go‘yo bu yerda mening suvratim o‘tirardi. O‘ng‘aysizlanaman, o‘tirgan stulim ham biroz eski ekan, qimirlasam g‘ichirlaydi.
To‘g‘rida o‘tirgan oppoqdan kelgan xushsuvrat bir ayol dabdurustdan: «Yigitcha, axir oldingizdagi qizga e’tibor qilsangizchi, suv-puv quyib bering juda bo‘lmasa», deb qolsa bo‘ladimi… Shundan so‘ng men ham dadillashdim:
— Nega hech narsa ichmaysizam, yemaysizam…
Gapimning yarmi ichimda qoldi.
— Olayapman, - dedi qiz yana beparvo.
— “Shampanskoye” quyib bering, dedi xaligi ayol yana gapga aralashib.
— Ha, ha, quyib bering, axir bugun Yangi yil-ku, - dedi yonidagi basavlat kishi.
Shampanskoyeni bir amallab, qiynalib ochdim. O‘ng‘aysiz ahvoldaman, qo‘lim titraydi. Qadahga quydim, ko‘pirib toshib ketdi.
— Kechirasiz… deyman.
— Zarari yo‘q, -- dedi qiz yana beparvolik bilan.
Keyin mening «xizmatim»ni taqdirlagandek ko‘nglim uchun bo‘lsa kerak vinodan ozginagina ho‘plab qo‘ydi.
— Sizni dorilfununda ko‘rib yuraman, tarix fakultetida o‘qiysiz, - dedim jon kirgandek biroz dadillanib.
— Ha, shunday…
«Oʻzingiz qayerda o‘qiysiz», deb so‘rarmikin, men sho‘rlikning ham hayoti bilan qiziqarmikan, deb xayolimdan o‘tkazaman. Ammo ul sitamkor hech narsa bilan qiziqmadi, biror gap so‘ramadi ham. Shunchalik ham mag‘rurlik, beparvolik bo‘ladimi. Bo‘lmasa, yonida o‘tiribman, bir qiyo boqsa nima qilibdi. Shunchalik ham past nazar bilan qaraydimi, namuncha o‘ziga bino qo‘ymasa. Biroz izzat-nafsimga tegdi, jahlim chiqdi.
Musiqa boshlandi. Hofiz yigit «Oʻylasam shu dilbarim» degan yurakni o‘ynatuvchi qo‘shiqni boshlab yubordi. Shu vaqt [Farid] kelib: «Qani, tur ^^Dilbar^^» deb qizni o‘yinga tortdi. Qiz biroz uyalib, iymanib turdi-da, o‘yinga tushib ketdi. Qizning ismi ^^Dilbar^^ ekanligini shuncha ketidan yurib, endigina bilib olgan edim.
Qiz o‘yinga turib ketishi bilan haligi to‘g‘rimda o‘tirgan basavlat kishi menga qarab ko‘zini qisdi-da, qadahdagi konyakni qizning shampanskoye solingan qadahiga qo‘shib qo‘ydi. Vino qizil bo‘lganligi uchun konyak qo‘shilgani bilinmadi ham.
Bu ish men uchun ancha erish tuyuldi. «Chakki ish qildi», deb ko‘nglimdan o‘tkazdim. Bir ko‘nglim qadahni to‘kib tashlay qolay, tag‘in qiz mendan ko‘rmasin,» deb o‘yladim. Keyin mulohazaga bordim, balki qiz shundan keyin biroz ochilib o‘tirsa zora.
Soat o‘n ikkiga bong urdi. Hamma o‘rnidan turib, bir-birini Yangi yil bilan tabrik etishdi. Uy xo‘jasi «Kim orzularim ushalsin desa, oxirigacha ichib qo‘ysin», deb da’vat etdi. Qiz terlab-pishib joyiga keldi-da, limmo-lim qadahni olib menga iliq bir qarash qilib, yaxshi niyat bilan oxirigacha ichib yubordi. Qarshimdagi kishi yana menga ko‘zini qisdi. G‘ashim keldi, ijirg‘anib qo‘ydim. Har holda yaxshi ish bo‘lmadi. Axir qizning yonida men o‘tiribman, vinoni ham ochib, quyib bergan ham men. Biror kor-hol bo‘lsa hamma gap menga tegadi. Qizning o‘n gulidan bir guli ham ochilmagan. Sodda, hech narsa ko‘rmagan, ammo mag‘rur.
Yana o‘yin-kulgu boshlandi. Hofiz yurakni larzaga solib tinmay kuylardi. Shu payt qiz men tomonga biroz engashdi-da:
Negadir boshim aylanib ketyapti… dedi.
Ha, konyak o‘z kuchini ko‘rsatgan edi. Bunday kuchli ichimlikni qiz hech qachon ichmagan bo‘lsa kerak. Mast bo‘lib qolmasa edi.
Anovi… «$$Toshkent suvi$$»dan quyib bering, - qiz biroz tutilib so‘zlardi. Sun quyib berdim. Yuragi kuygan bo‘lsa kerak suvni ichib yubordi-yu, yana bezovta bo‘la boshladi. Konyakka qo‘shilgan suv uning yana kayfini oshirgan edi, chamamda.
Siz… Siz… ketasizmi? - qo‘qqisdan so‘radi qiz biroz tutilib, Nima deyishni bilmay, hayratdaman.
Mening javobimni ham kutmay, ^^Dilbar^^ stulni surib o‘rnidan turdi. Qarshimdagi kishi yana menga ko‘zini qisib qo‘ndi. Go‘yo: «ana endi qiz bilan bemalol gaplashishing mumkin, men qo‘lingga tushirib berdim» deganday. U ko‘zimga g‘alamislardek yomon ko‘rinib ketdi. «Bu odam [Farid]ga kim bo‘lar ekan, nega uni xonadoniga chaqiribdi», deb do‘stimdan ham xafa bo‘ldim. Bu ish o‘ta odobsizlik, qolaversa, nomardlik bo‘ldi. Ko‘nglim xijil edi.
— Qayga ketyapsiz, ^^Dilbar^^? so‘radim men o‘zimni unga yaqin tortib.
— Uyga, yuring… ketdik.
— Men ham turaman. Paltosini topib kiygizib qo‘yaman. Shu vaqt [Farid] keldi.
Iya, nega turib qoldinglar. ^^Dilbar^^ shu yerda qolaqol.
Menga qarab:
— ^^Dilbar^^ xolamning qizlari. Dorilfunun talabasi, - dedi.
— Tanishib oldik, - deyman mag‘rurlik bilan.
— Bo‘lmasa uni senga ishondim, eson-omon kuzatib qo‘yasan, bildingmi? - dedi [Farid] qat’iy.
Ko‘chaga chiqdik. Hammayoq oppoq qor. Sof, toza qish havosi naqadar yoqimli. Qiz anchagina kayf qilgan edi. Oyoqlarini goh uyoqqa, goh buyoqqa tashlab borar, oxiri meni qo‘ltiqlab oldi. Uning yurak urishlari menga eshitilib turganday edi. men o‘zimni ^^Dilbar^^ga eng yaqin, qadrdon kishiday his etardim shu onda…
— Men sizni dorilfununda har kuni ko‘raman. Tarix fakultetida o‘qiysiz. Ikkinchi kursda. To‘g‘rimi. Meni unchalik tanimaysiz, esingizda bo‘lsa o‘quv xonasida ruchkangizni so‘rab olgan edim. O‘sha menman. Sizni g‘oyibdan yoqtirib qolganman. Qizlar juda beparvo bo‘ladi. Yengingizda tursam ham qaramaysiz. Juda mag‘rursiz. Shuning uchun ham sizga e’tiqodim zo‘r…
Vaqti keldi deb, go‘yo dilimdagilarni to‘kib solaman. Faqat «sizni sevib qolganman» deya olmayman negadir. Hozir sevgi izhor etish vaqti emas, qiz behalovat bo‘lsa. Bunaqa vaqtda yurak dardini izhor etib bo‘ladimi, deb ko‘nglimdan o‘tkazaman.
Keyin yana davom etdim:
— Siz ko‘chada ketayotganda hech kimga qaramaysiz, Biror yigit bilan so‘zlashganingizni ham ko‘rmaganman. To‘g‘rimi?
^^Dilbar^^ «ha» degandek bo‘ldiyu, keyin boshini yelkamga tashladi.
Chetroqqa chiqib… skameykaga o‘tiraylik, - dedi qiz.
Skameykadagi qorni tozalab, keyin ^^Dilbar^^ga qarab: «O‘tiring», dedim. Qiz o‘tirdi-yu, boshini yana yelkamga qo‘ydi. Men bu yog‘i nima bo‘lishini bilmasdim. Imkoniyatdan foydalanib, ^^Dilbar^^ga yuragimdagi gaplarni yotig‘i bilan tushuntirmoqchi bo‘ldim. Hammasini kamtarlik bilan hikoya qila boshladim. Lekin qiz hech narsa eshitmasdi. Uning to‘zg‘ib ketgan parishon sochlarini yig‘ib qo‘ymoqchi bo‘lgan edim, qo‘limni ushlab qizib turgan yuzlariga bosdi… Sumbul sochlarining bo‘yi dimog‘imga urildi. Vujudimni allaqanday tuyg‘u chulg‘ab oldi. Demak, u mening gaplarimga tushundi, yuragimdagining hammasini payqadi, deb o‘yladim. O‘zimda yo‘q xursandman, go‘yo baxt osmondan tushib qolgandek… Ha, endi o‘zim sevgan, yetisha olmay yurgan qiz bilan yaqindan sirdosh bo‘lib qoldim, agar do‘stlarim u bilan gaplashib turganligimni ko‘rishsa bormi, qoyil qolishsa kerak. Xullas, men o‘zimcha murodu maqsadimga yetgandek, kelajagim, shirin daqiqalar haqida o‘ylardim.
Soatga qaradim, ikkidan oshib ketibdi. Kun g‘oyat sovuq, zarga o‘xshagan yaltiroq, yengil qor maydalab yog‘ardi. Ust-boshlarimiz oppoq bo‘lib qolgan. ^^Dilbar^^ o‘zini menga butunlay tashlab olgan, qizning ixtiyori menda edi… Yuragim gupillab urib ketdi. Vijdonim ezildi, qizni uyg‘otdim: «Turing, ketamiz», dedim. Ichimda bo‘lsa: «Bu shirin daqiqalar yana qaytib kelarmidi, uyg‘onmasa yaxshi edi», - deyman. Shu ahvolda qancha bo‘lsa ham o‘tirishga tayyor edim…
Xullas, ^^Dilbar^^ni zo‘r-bazo‘r uyg‘otdim. Qiz menga bir qaradi-yu, taajjublandi, uyqu aralash ko‘zlarini uqalab, «xayr» deb shosha-pisha jo‘nab qoldi…
Ertasi kuni dorilfununga keldim, butun aqlim, vujudim ^^Dilbar^^ning xayoli bilan band edi. Bo‘lajak iliq, do‘stona uchrashuv haqida o‘ylardim. Dorilfunun eshigi oldida ancha turdim. Qizdan darak yo‘q. Ichkari kirdim, yo‘q, Har tanaffus xabar olib turdim. O‘sha kuni u kelmadi.
Shundan so‘ng uch-to‘rt kun o‘tib ketdi. qizdan darak bo‘lmadi. Haftaning oxirida uni eshik oldida qo‘qqisdan uchratib qoldim.
— Sog‘-salomatmisiz… - iymanibgina so‘radim men.
— Yaxshiman, - dedi qiz iliq tabassum bilan.
— Nega darsga kelmay qo‘ydingiz?
— Bir oz tobim qochdi… Sizga katta rahmat, o‘sha kecha meni deb ancha aziyat chekdingiz, nima bo‘lganini o‘zim ham bilmayman… kechiring.
— Hechqisi yo‘q…
Mana, yaxshi tanish bo‘lib qoldik, shu yakshanba biznikiga keling, - keyin yerga qarab uyalibgina qo‘shib qo‘ydi: To‘yimiz bo‘lyapti.
Shunday dedi-yu, qiz qo‘limga taklifnoma tutqazdi…