🔍

Article

ESHIMJIRONDA FIDOYI INSONLAR YASHAYDI

By Sotim AVAZ, «Xalq so‘zi» muxbiri • in 2001

Eshimjiron — Gurlanning daryo bo‘yidagi qishlog‘i. Uning hududida joylashgan va 1477 pudratchi boshini qovushtirgan shirkat xo‘jaligi «Amudaryo» deb nomlanishi xam bejiz emas. Qishloqning fayzu tarovati o‘ziga xos. Shabada epkini ulug‘vor nahrdan darak berib ohista ufurib turadi. Uylar bejirim. Yo‘llar orasta. Dalalar tekis. Bo‘sh yotgan yerni topish amri-mahol.
Eshimjironliklar qo‘llari bo‘sh qolsa, tinch o‘tira olmaydigan odamlar toifasidan. Hamma joyni yog‘ tushsa yalagudek qilib qo‘yishga intilishadi. Otiz chellari (dala chekkalari)ni, zovur va ariqlarning bo‘ylarini chiroyli bir alfozga keltirmaguncha belkurak qo‘llaridan tushmaydi. Ular yaqinda qishloqdagi ikki qabriston atrofiga devor tortadigan bo‘lishdi. Kuchi yetgani eng yuqori paxsagacha loy otdi. Mundayrog‘i loyni pishitdi. Yana birov choy shopirib, «Horma, bor bo‘l» aytib turdi. Xullas, hafta-o‘n kun ichida qurilish bitdi. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda kundalik hayot osuda kengliklar bag‘ridagi daryodek oqib turadi.
Qishloq ahli yangilikka o‘ch. Biror joyda yaxshi tajriba bor, shu dehqonchilikka katta naf keltirar ekan, deyilsa bas - o‘zlashtirmay qo‘yishmaydi. Keyin ochiq ko‘ngil bilan «barakasini bersin», deb ish boshlashadi. «Baraka» ham chakki emas. Mana, masalan, ular uch yildan buyon plyonka ostiga chigit ekishadi. Shu davr mobaynida barmoq tishlab qolgan vaqtlari yo‘q. Har yili paxtalari avgustning o‘rtalarida chiroy ochadi, Shartnomani peshqadamlar qatorida uddalashadi, Suv tanqisligi peshonani ko‘p terlatgan joriy yilni olaylik. Daryo o‘zani 500 metrgacha ichkariga tortilib ketdi. Shunda ham ular epini topishdi. Har tomchi obi hayot, hatto zovurlarning sho‘r suvi ham hisobda turdi. Nasoslar kecha-kunduz ishlatildi. Plyonka sharofati o‘laroq yerning nami uzoq vaqt saqlanib turdi.
Tayyor tajribadan foydalanish baribir osonroq. Lekin unga ozmi-ko‘pmi, o‘zingnikini, qalbing harorati-yu, orzu-umidlar cho‘g‘ini qo‘shganga nima yetsin. Ular xuddi shunday qilishdi. Baraka urug‘i plyonka ostidagi 10-12 santimetr chuqurlikka qadaldi. Buni ko‘plar «ispancha usul» ham deydi. Bo‘lsa, bordir. Ammo keksa paxtakor [Nurum] bobo ta’kidlaganidek, buni «eshimjironcha usul» deyilsa ham xato boʻlmaydi

Har holda, tajriba o‘zini oqladi. 60 gektar maydondagi g‘o‘za avgustning boshlaridayoq ochilib, mo‘l hosil berdi. Birinchi terimdayoq 38 sentnerdan xirmon ko‘tarildi.
— Barvaqt harakat qilmasak, biz ham dog‘da qolardik, - deydi bosh pudratchi [Gulimboy Kuchqorov]. — Kelgusi yili plyonka usulini kengroq joriy qilmoqchimiz.
Umuman olganda, eshimjironliklar o‘z so‘zlarining ustidan chiqishdi. Ming gektar maydondan 3000 tonnadan ziyod hosil olishdi. «Amudaryo» yillik shartnoma rejasini barvaqt uddalab, viloyatda tilga tushdi. Shunday qilib, eshimjironliklar paxta yetishtirishning o‘zidan 200 million so‘m daromad ko‘rishdi. Bu o‘tgan yildagiga qaraganda ancha ko‘p. Sof daromad ham shu taxlit o‘sdi. $$«Amudaryo» xo‘jaligi$$ning bundan uch yil burungi ahvolini bilasizmi? O‘shanda uning turli korxona va tashkilotlar oldidagi qarzi 200 million so‘m atrofida edi. Bugun esa u faqat daromad va sof foyda hisobini yuritmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, qishloqqa baraka yana qaytib keldi.
Buning asosiy sababi yerga, suvga va ishga munosabat tubdan o‘zgarganligida, g‘ayrat va tashabbuskorlikda.. Islohotlarning izchillik bilan amalga oshirilayotganligi yutuqlar omili bo‘lmoqda. Eshimjironliklar ekin rivojiga to‘siq bo‘layotgan zax suvlarning oldini to‘sishdi. Ya’ni, 45 kilometr uzunlikdagi zovurlar to‘liq ta’mirlandi, tozalandi. Besh kilometr uzunlikda yangi zovur qazildi. $$Sanjarko‘l massivi$$dagi katta dalani kesib o‘tgan zaxkashning foydasidan zarari ko‘proq edi. Shu sababli, u ko‘mib tashlandi. O‘rniga dala chekkasidan to‘rt kilometr uzunlikda zovur olindi. Natijada maydonlarning bonitet ballari 36 dan 55 ga ko‘tarildi.

Xo‘jalikning 1860 gektar ekinzori 760 ta kartaga bo‘lingan edi. Un-o‘n besh gektarlik katta paykallar sho‘r yuvish, chel olish tadbirlarini amalga oshirishda bir qator qiyinchiligu o‘ng‘aysizliklar tug‘dirar, ortiqcha sarf-xarajatni talab qilar edi. Qishloq faollari yig‘ilishida ana shu masala ko‘rib chiqilib, jo‘yali fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Natijada dalalar nisbatan ixchamlashtirildi, ya’ni me’yoriy holga keltirildi. Bundan pudratchilar ham, texnika jilovkorlari ham xursand.

Ekinzorlarni mahalliy o‘g‘it bilan to‘yintirish — muhim masala. «Amudaryo»da bu boradagi qat’iyat qishu yoz bo‘shashmaydi. Keyingi yillarda gektar boshiga 20 tonnadan tabiiy o‘g‘it kiritish oddiy zaruratga aylandi. Xo‘jalikning mashina-traktor parkida yangi ta’mirlash sexlari faoliyat ko‘rsata boshladi. Ularda texnika vositalarining bir qator qismlarini ta’mirlash va tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgacha 70 ta traktor kam mablag‘ sarflangan holda ta’mirdan chiqarildi. Faqat shuning o‘zidan 10 million so‘mdan ziyod mablag‘ tejab qolindi.

Eshimjironliklar salkam 500 gektar maydonda sholi, bug‘doy va lavlagi ham yetishtirishadi. Keyingi uch yil mobaynida xo‘jalikda bug‘doy hosildorligi 22 sentnerga, paxta 5 sentnerga, lavlagi 100 sentnerga o‘sdi. Bular 200 million so‘mlik daromadni ta’minlagan asosiy omillardir.

Albatta, yetakchiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Xo‘jalik barakasini oshirishda uning rahbari [Erimmat Sodiqov]ning hissasi salmoqlidir.

— Yangi o‘rta maktab hamda qishloq vrachlik punkti qurishni mo‘ljallayapmiz, - deydi u. — Chet ellik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda broyler fabrikasi bunyod etish niyatimiz ham bor.

Eshimjironliklar kelgusi yil hosili uchun taraddudni allaqachon boshlab yuborishgan. Shudgorlash ishlari barvaqt va sifatli tugallandi. $$Xorazm$$ning bir chekkasidagi olis qishloq — Eshimjiron hayotiga, bu yerda yashayotgan kishilar faoliyatiga bejiz nazar tashlamadik. Chunki Istiqlol bois nafaqat shaharlarimiz, balki qishloqlarimiz ham obod bo‘lmoqda. Mehnatkashlar turmushiga qut-baraka kirdi. Xonadonlar to‘q, farovon. Eshimjiron buning jonli misolidir.

Total words

731

Unique words

568

Annotated anthroponyms

3

Toponyms

3

TTR

0.777

Hapax

473

Distribution

Top frequency chart

Dataset