XX asrning so‘nggi o‘n yilligida dunyo siyosiy maydonida olamshumul voqea yuz berdi. Asr davomida yeru zaminni larzaga solib turgan, ijtimoiy taraqqiyotning sun’iy yo‘llarini zo‘rlik bilan jahon xalqlari hayotiga singdirishga uringan kommunistik diktatura kuladi va «qizil imperiya» iskanjasida yashagan xalqlar mustaqillikka erishdilar.
Jahonning siyosiy va iqtisodiy doiralarida mazkur davlatlar hayotiga qiziqish katta. Bugunga kelib, ular ushbu davlatlar liderlari orasidan XX asrning buyuk islohotchi va davlat arboblaridan biri yetishib chiqqanligini tan olishdi! Qator davlatlarda bu haqda filmlar olinmoqda, kitoblar yozilmoqda. Uning asarlari rivojlangan mamlakatlar tillarida qayta-qayta nashr etilmoqda.
Parvardigor shunday baxtni o‘zbekka nasib etdi. Bu fikrni biz emas, jahon aytmoqda. Men esa faqatgina jahon e’tirof etgan buyuk shaxs faoliyatining ayrim qirralari haqidagi o‘zimning shaxsiy fikr-mulohazalarimni bayon etmoqchiman, xolos.
Biz - o‘zbekmiz! Jahon sivilizatsiyasi xazinasiga buyuk hissa qo‘shgan xalqmiz. Insoniyat tarixida tan olingan buyuk shaxslar qatorida eng ko‘p vakili bo‘lgan sanoqli xalqlarning birimiz.
Lekin ko‘pincha o‘zi bilan hamnafas yashayotgan ulug‘ zamondoshlari haqida ochiq-oydin gapirishga iymanadigan xalqmiz. O‘zbekning ruhida bormi yoki men bilmagan, tushunmagan boshqa sabablar tufaylimi, xullas, ulug‘ odamlarimiz ulug‘ligini o‘z vaqtida aytishga tortinamiz. Go‘yo, davlat arbobi yoki alloma avval butun dunyoda e’tirof etilishi yoki hayotidan so‘ng qadrlanishi kerakday!
Holbuki, ayni kunlarda ham qator xalqlarda o‘z sohasida erishgan alohida yutuqlari uchun kimlardir buyuk davlat arbobi, buyuk qo‘shiqchi, buyuk rassom, buyuk yozuvchi, buyuk olim va hatto koptokni mohirlik bilan tepa olgani uchun buyuk futbolchi, deb ulug‘lanmoqda!
Yurtimiz va xalqimiz mustaqillik sharoitida o‘ta sermazmun rivojlanish bosqichini boshdan kechirmoqda. Bugun baralla aytish mumkinki, kelajagi buyuk, barkamol davlatning siyosiy va iqtisodiy asoslari yaratib bo‘lindi. Yaqindagina esa, bor-yo‘g‘i 9-10-yil oldin, biz $$Moskva$$ga qaram bo‘lgan davrlarda, ongu shuurimizga sizlar o‘zingizni boshqara olmaysizlar, deb qo‘yib, mustaqil davlat bo‘lishni hatto o‘ylamaslikka da’vat etishardi. Go‘yoki, bizning jahon siyosatini tebratgan buyuk davlatlarimiz, saltanatlarimiz bo‘lmagandek…
Mustaqillik boshidanoq o‘zbek xalqi buyukligini, uning ulug‘ farzandlari bor- ligini isbotlaydigan inson dunyo ko‘ziga tushdi. Va u xalqimizni mustaqillik sari dadil boshlay oldi.
Siyosiy suverenitetga erishish - favqulodda hodisa. Lekin yangi rahbar oldida uzoq yillik mustamlaka iskanjasida yashagan va ataylab bir yoqlama, o‘zini o‘zi boqib keta olmaydigan tarzda rivojlantirilgan davlatni tiklash, uning taraqqiyot yo‘lini aniqlashdek o‘ta murakkab masalalar ko‘ndalang bo‘ldi. Bugun o‘sha paytdagi qiyinchilik va kamchiliklar ayrimlarning xotirasidan chiqib ketdi. Aslida $$O‘zbekiston$$ baquvvatroq biror davlat yoki xalqaro guruh bag‘ridan «panoh izlamasdan» mustaqil davlat sifatida yashab keta olishi o‘ta murakkab edi. Fikrim tushunarliroq bo‘lishi uchun Hamdo‘stlik yoki $$Boltiqbo‘yi davlatlari$$ning uncha-muncha muvaffaqiyatga erishganlari kimlarning yordamiga tayanayotganlari yoki bunday «beg‘araz» yordamsiz harakat qilganlarining bugun nechog‘li og‘ir iqtisodiy ahvolda ekanliklariga bir e’tibor bering.
Prezident [I. Karimov] esa mamlakatimiz milliy taraqqiyot yo‘li asoslarini yaratish jarayonida o‘z oldiga qo‘ygan bosh maqsadlaridan biri asrlar davomida «o‘zi o‘ziga bek» bo‘lib yashagan buyuk millatning sha’niga munosib mutlaqo mustaqil, jahonning eng rivojlangan davlatlari bilan, faqat teng huquqlilik va o‘zaro manfaatli shartlar asosidagina hamkorlik qiladigan davlatni barpo etish edi. Sobiq ittifoqdosh respublika rahbarlari xorijiy davlatlardan iqtisodiy yordam so‘rashlari odat tusiga kirgan pallada rasmiy vizitlarda $$O‘zbekiston rahbari$$ning bunday mustaqil pozitsiyasi, yuksak g‘ururi jahonda hammani hayratga soldi.
Zero, har taraflama barkamol, jahon sahnasida munosib o‘rni bor, o‘tmishi buyuk bo‘lgan xalqning sha’niga mos va o‘ziga xos, siyosati, iqtisodi va e’tiqodi mustahkam, hayotining barcha jabhalarida umuminsoniy va milliy qadriyatlar uyg‘unlashgan, ma’rifatli davlat barpo etishning yo‘li bitta edi. Ya’ni bu taxlit jamiyat xorijlik «og‘alar» yordami va rahbarligida emas, balki o‘zimizning, xalqimizning fidokorona mehnati va o‘z aql-zakovatimiz hisobiga qurilishi kerak edi.
Endigina uzoq yillik mustamlaka zulmidan ozod bo‘lgan yoki bir tuzumdan boshqasiga o‘tayotgan, shu bois hali barqaror rivojlanish pallasiga yetmagan davlatlar rahbarlariga qo‘yiladigan yana bir o‘ta muhim talab mavjud. Oʻtish davridagi davlatning bosh rahbari, u prezident deb ataladimi, bosh vazir yoki qirolmi, bundan qat’i nazar, uning vazifasi milliy taraqqiyot yo‘lini belgilash bilan tugamaydi. Bosh rahbar yangi davlat barpo etish amaliyotini ham bevosita o‘zi boshqargani yoki hech bo‘lmaganda bu jarayonda faol ishtirok etgani maqsadga muvofiq. Yangi jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti yagona lider qo‘lida to‘planishi ma’qul ekanligi prezident va parlamentlari faqat bir-birlarining faoliyatiga to‘g‘onoq bo‘lish bilan shug‘ullanayotgan ayrim davlatlar hayotida ko‘rinib turibdi.
Ko‘pchilik Hamdo‘stlik davlatlarining 90-yillardagi tarixini ular prezidentlari va parlamentlarining o‘zlarini saylagan saylovchilar manfaatlari uchun emas, balki ko‘proq siyosiy va iqtisodiy hokimiyatga ega bo‘lish uchun kurashlar tarixi deyish mumkin.
Yangi jamiyat barpo etish bo‘yicha yaxlit konsepsiyaning yo‘qligi, prezident - parlament - hukumat o‘rtasida bu sohada turli-tuman, ba’zan bir-birini mutlaqo inkor etadigan qarashlarning mavjudligi ayrim mamlakatlar iqtisodiyotini olg‘a emas, aksincha, orqaga tortmoqda. Bunday holatlar yot bo‘lgan $$O‘zbekiston iqtisodiyoti$$ barqaror o‘sish pallasiga tobora yaqinlashib borayotgan bir vaqtda mazkur davlatlarda iqtisodiy tanglik, qiyinchilik va yetishmovchiliklar hayotning doimiy yo‘ldoshiga aylanib qolayotganligi kuzatilmoqda.
Hokimiyatning turli bo‘g‘inlari o‘rtasida o‘zaro munozara va kurashlar bo‘lishi tabiiy. Bu demokratiyaning muhim belgisi hisoblanadi. Lekin, davlat rahbarligi lavozimiga saylovchilar manfaatlariga xiyonat qilmaydigan shaxs kelgan mamlakatlarda g‘arazli va pinhona kurashlarga chek qo‘yiladi.
Mening nazarimda, Prezident [Islom Karimov] barkamol jamiyat barpo etish g‘oyalarini yuragining qat-qatida butun ongli umri davomida pishitib kelganday tuyuladi. Bunday deyishimning boisi 1992-yil boshiga kelib mustaqil davlat rahbari sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagan o‘n besh nafar prezidentning aksariyati ertaga nima bo‘lishi haqida o‘ylash u yoqda tursin, kundalik tashvishlardan boshi chiqmay turgan bir pallada [I. Karimov] yurtimiz istiqbolini yaqqol ko‘ra oldi: «Barqaror bozor iqtisodiyoti, ochiq tashqi siyosatga asoslangan kuchli demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish pirovard maqsad bo‘lib qolishi kerak».
Ayrim davlatlar rahbarlariga milliy taraqqiyot yo‘lini aniqlab olishlari uchun yana kamida 3-4-yil va xorijlik siyosatdonlarning anchagina yordami kerak bo‘ldi. Ba’zi birlari o‘z mamlakatlari kelajagini to‘g‘ri belgilay olmay, tarix sahnasidan tushib qolishdi, ya’ni qayta saylanishmadi. Kuchli lider chiqmagan, urush, siyosiy boshboshdoqlik, hokimiyat uchun o‘zaro kurash avj olgan ayrim davlatlar hali ham o‘z taraqqiyot yo‘lini topa olmayotgani sir emas…
Ma’muriy-buyruqbozlik tamoyillari asosiga o‘rnatilgan mustamlaka davri iqtisodiyotini isloh qilish, ma’rifiy bozor iqtisodiyotini qurishning o‘ziga xos nazariyasini yaratish va amalga oshirishni ham taqdir Prezident [Islom Karimov] zimmasiga yuklagan ekan. Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rivojlanishning jahonga mashhur besh tamoyili asosida $$O‘zbekiston$$da davlat bosh islohotchi sifatida maydonga chiqdi. Bu esa totalitar iqtisodiyot asoslari sindirilayotgan, yangisi endigina shakllanayotgan sharoitda jamiyatda boshqaruv tizimining samaradorligini ta’minladi. Shuningdek, bozor munosabatlari shiddat bilan hayotga kirib kelayotgan sharoitda inflyatsiya, ishsizlik, daromadlar notekis taqsimlanishi kabi bozor iqtisodiyotiga xos ayrim salbiy holatlarning aholi turmush darajasiga noxush ta’sirini kamaytirish imkoniyatini yaratdi. Davlatning bosh islohotchiligi tufayli zamonaviy korxonalar, yangi sohalar paydo bo‘ldi, ular yordamida va mavjud tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan mustaqil davlatning mustaqil iqtisodiyoti asoslari barpo etildi.
Hamdo‘stlik davlatlarining ko‘pchiligida o‘zini o‘zi stixiyali suratda boshqaradigan bozor iqtisodiyotini barpo etish yo‘lidagi urinishlari samarasiz tugadi. Mamlakatlari rahbarlariga shunday maslahat bergan, davlatni iqtisodiyotda mutlaqo aralashtirmaslik siyosatini olg‘a surgan, iqtisod fanini laboratoriya sharoitida yoki xorij adabiyoti yordamida o‘rgangan, ishlab chiqarish jarayonini ko‘rmasdan ham uni boshqara oladigan «buyuk iqtisodchilar»ning xayoliy nazariyalari chil-parchin bo‘ldi.
Dunyoning eng nufuzli Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, mashhur iqtisodchilarning bir qarashda o‘ta jozibali ko‘rinadigan, mamlakat iqtisodiyotini 500, 300, hatto 100 kun ichida qayta qurish kabi g‘oyalari aslida puchligini idrok qilish uchun Yurtboshi jahon iqtisodiy taraqqiyoti qonuniyatlarini, uning nazariy asoslari va amaliyotini chuqur bilgan Buyuk iqtisodchi bo‘lishi kerak edi. Bunday baxt nasib etmagan mamlakatlarning bugungi og‘ir iqtisodiy ahvolidan boxabarmiz.
Totalitar tuzum davrida mulkning 90 foizdan ortig‘i davlatga tegishli edi. Bunga barham berish va mulkchilikning turli shakllaridan foydalanish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Qator davlatlar mulkni davlat tasarrufidan chiqarishning shoshilinch usullarini tanlashdi. Masalan, uning vaucher usulini amalga oshirgan Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda mamlakat iqtisodiy asosini tashkil qiladigan eng yirik korxonalar arzon-garovga boyvachchalar, uyushgan jinoyatchilar, korxonalarning ayrim nopok rahbarlari va boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirish orqali xorijiy firmalar qo‘liga o‘tib ketdi.
Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, $$Rossiya$$da narxni sun’iy ravishda pasaytirish tufayli birgina neft sanoati korxonalarini xususiylashtirishdan hukumat eng kamida 150 milliard $$AQSH$$ dollari miqdorida zarar ko‘rdi («Trud» gazetasi, 18-noyabr 1999-yil). Buning ustiga xususiylashgan korxonalar daromadlari bugun xalqning emas, «yangi xo‘jayin» - larning cho‘ntagini to‘ldirmoqda.
Taassufki, Hamdo‘stlik mamlakatlarining ayrimlarida nohaqlik va adolatsizlikdan norozi ishchilar bilan «yangi xo‘jayin»lar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar ham yuz bermoqda, mulk uchun kurashda halok bo‘lgan qurbonlar ko‘paymoqda.
Aytish joizki, mazkur davlatlar rahbarlari ular tanlagan xususiylashtirish usullari shunday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini o‘z vaqtida tushunishmadi…
Mustaqillik yillarida Yurtboshimizning rivojlangan davlatlar rahbarlari va yirik siyosatdonlar bilan yuzma-yuz muloqotlarining guvohi bo‘ldik. Mazkur uchrashuvlarda Prezidentimiz davlat rahbari va yuksak salohiyatli Yo‘lboshchi ekanligini yaqqol ko‘rsata oldi. To‘g‘risini aytganda, muloqotlarda qatnashganlarning o‘zlari $$O‘zbekiston Prezidenti$$ning intellektual jihatdan o‘ta yuksak shaxs ekanligiga tan berishardi.
Prezidentimiz bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida yana bir jozibali usul - «shok terapiya»sidan foydalanish xalqimiz mentalitetiga mos kelmasligini tushuna oldi. Iqtisodiy islohotlar chuqur ijtimoiy larzalarsiz, jamiyat a’zolarining tayyorgarlik darajasi va psixologiyasiga mos keladigan evolyutsion yo‘l bilan bosqichma-bosqich amalga oshirila boshlandi.
Bir paytning o‘zida aholida bozor munosabatlari tushunchasining shakllanmaganligi, ko‘p bolali oilalar sonining yuqoriligi kabi omillar hukm surgan sharoitda Yurtboshimiz tomonidan kuchli ijtimoiy himoya siyosati ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
Prezident [Islom Karimov] xususiyatlaridan yana biri uning yangi jamiyat barpo etish Konsepsiyasi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar strategiyasi va taktikasi masalalari bo‘yicha fikrlari, g‘oyalarining o‘zaro uyg‘unligi, bir-birini to‘ldirib turishi, ularda yaxlitlik va eng muhimi, barqarorlik mavjudligidir. Uning g‘oyalari chuqur o‘ylanganligi, obdon pishitilganligi va asoslanganligi tufayli sharoitga qarab o‘zgarib turmaydi, izchillik bilan amalga oshiriladi.
Yaqinda xalqimiz $$Oliy Majlis$$ va mahalliy hokimiyat organlariga o‘zining eng fidoiy, eng munosib farzandlarini sayladi. Ayni kunlarda mamlakat Prezidenti lavozimiga saylov kampaniyasi qizg‘in davom etmoqda.
Saylovoldi uchrashuvlarida Yurtboshimizning istiqbolimizni ko‘ra biladigan rahbar ekanligi yana bir karra namoyon bo‘lmoqda. Uzoqqa bormaylik, ko‘p hollarda jahonning eng yirik davlatlari prezidentlarini ham bir-biridan keskin farq qiladigan uch xil qiyofada ko‘ramiz: saylovga qadar, saylov arafasida va saylovdan keyin. Bu borada jahon siyosat sahnasida kam uchraydigan yo‘lboshchi hisoblanadi. U saylovchilarning qo‘shimcha ovozlariga ega bo‘lish maqsadida o‘z xalqiga asossiz va’dalar berayotgani yo‘q.
Aksincha, Prezident va ayni paytda Prezidentlikka nomzod [I. Karimov] saylovoldi uchrashuvlarida asoslari pishiq-puxta qurilgan davlatni kelgusi besh yilda shiddatli rivojlantirish dasturi bilan chiqmoqda. Uning g‘oyalari saylovchilar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yo‘lboshchimizning yangi dasturi $$O‘zbekiston$$ni dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoriga kirishiga asos yaratadi, xalqning turmush darajasi keskin oshishiga olib keladi. Uchrashuvlarda [I. Karimov] yurtimiz eng olis qishloq va tumanlarining muammolarini ham naqadar chuqur bilishi, ularni hal etish ustida uzoq mehnat qilganligi sezilib turibdi.
Prezident [Islom Karimov]ga soxta obro‘ mutlaqo kerak emas. Yuqorida sanalgan holatlarning har birida Yurtboshimiz imonli, e’tiqodli, dili bilan tili bir davlat arbobi ekanligi yaqqol sezilib turibdi. XX asrning taniqli davlat rahbarlari, islohotchilari va iqtisodchilari safidan munosib o‘rin olishga muvaffaq bo‘lgan Islom Karimov o‘z yurtini buyuk kelajak sari dadil boshlab ketayotgan buyuk shaxs ekanligini nainki xalqimiz, balki jahon jamoatchiligi ko‘rib turibdi.