🔍

Article

XALQ DARDI BILAN YASHAYLIK

By Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov • in 2000

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI [ISLOM KARIMOV]NING IKKINCHI CHAQIRIQ XALQ DEPUTATLARI FARG‘ONA VILOYATI KENGASHINING BIRINCHI SESSIYASIDA SO‘ZLAGAN NUTQI
Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar!
Hurmatli deputatlar!
Eng avvalo, sizlarni demokratik tamoyillar asosida o‘tgan saylovlarda Farzona viloyati ahli ishonchini qozonib, viloyat Kengashi deputatligiga saylanganingiz bilan chin yurakdan tabriklayman. Hammangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xalq farovonligi yo‘lidagi ishlaringizda omad tilayman. Ushbu fursatdan foydalanib, men sizlarga oldin ham aytgan bir haqiqatni eslatib kuymoqchiman: deputat zimmasiga juda katta vazifa va mas’uliyat yuklangan. U viloyatdagi ijtimoiy muhitga faol ta’sir ko‘rsatmog‘i, viloyat rahbarlarining, jumladan, hokimning ham faoliyatini nazorat qilishi, hokimlikning ishini xolisona baholab, kamchilik va nuqsonlar haqida ro‘yi-rost gapirishi, bularning oldini olish va ularni bartaraf etish masalalarida namuna bo‘lmog‘i lozim.

Deputatni xalq saylaydi. Xalqning, saylovchilarning ishonchini oqlash, ulardan, avvalambor, haqiqiy yurtparvarlikni, halol, fidoyi bo‘lishni, huzur-halovatdan voz kechishni, odamlarning og‘irini yengil qilish, ahvolidan xabardor bo‘lish, taqdiriga kuyinchaklik bilan yondoshish, lo‘nda qilib aytganda, tom ma’noda xalq dardi bilan yashashni talab etadi. Biz XXI asr arafasi va uning dastlabki yillarda mamlakatmizni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqdik, islohotlarni chuqurlashtirish va jamiyatni yangilash borasidagi ustuvor yo‘nalishlarni aniq-ravshan belgilab oldik. Bu ustuvor yo‘nalishlarning barchasini o‘ziga qamrab olgan eng muhim vazifa - mamlakatmiz siyosiy, iqtisodiy hayotini, davlat va jamiyat qurilishi jarayonlarini yanada erkinlashtirishdan iboratdir.
Bu aslida davlat qurilishida boshqarish ishlarini va ma’lum darajada vakolatlarni asta-sekin markazdan pastdagi boshqarish bo‘g‘inlariga berish, shuning hisobidan ularning faolligini oshirish, shu jumladan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va hokimliklar, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari, avvalo, mahalla tuzilma- lari, shuningdek, jamoat tuzilmalari vakolatlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish va ularga ko‘proq ishonch bildirish, degan ma’noni ifodalaydi.

Albatta, markaziy davlat tuzilmalari, hukumat, tegishli vazirliklar tasarrufida o‘ziga xos muhim vazifalar qolaveradi. Shu jumladan, konstitutsion tuzumni, mamlakatning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, uning sarhadlarini himoya qilish, yurt xavfsizligini saqlash, huquq-tartibot va mudofaa qobiliyatini, moliya-bank, pul muomalasini ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklariga, mulk egalarining huquqlariga, iqtisodiy faoliyat erkinligiga kafolat berish, samarali tashqi siyosat olib borish kabi vazifalar va bir qator strategik ahamiyatga molik masalalar qolishi, tabiiydir.

Lekin bir narsaga aminman: mahalla jamoalariga, uning muammo va tashvishlariga yaqin bo‘lgan idora va tashkilotlarga ko‘proq suyanish va tayanish kerak. Bu strategik siyosatimizning qat’iy yo‘nalishi bo‘lishi muqarrar.

Shuni ham xolisona tan olishimiz kerakki, bugungi kunda mahalliy hokimiyat vakillik organlariga va hokimliklarga o‘z hududlarini iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish sohasidagi amaliy faoliyat olib borish uchun berilgan zarur huquqlardan samarali foydalanish haqida ko‘p gapirishimiz mumkin. Har qanday erkinlik zamirida katta mas’uliyat ham borligini sizlar yaxshi tushunasizlar, deb o‘ylayman.

Demoqchimanki, respublikamizning har bir viloyatida erishilayotgan yutuqlar ham, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ham, eng avvalo, shu viloyat rahbarlari, mahalliy Kengash deputatlarining ishbilarmonligi, tashabbuskorligi, izlanuvchanligi, yurtparvarligi, kerak bo‘lsa, qat’iyatliligi va mardligi bilan bevosita bog‘liqdir.

Muhtaram do‘stlar!

Yodingizda bo‘lsa, bundan uch yil muqaddam - 1997-yil 14-fevralda bo‘lib o‘tgan viloyat Kengashining sessiyasida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga xalaqit berayotgan sabablar haqida ochiq gaplashib olgan edik.

Shuningdek, bir oy muqaddam shu yerda o‘tgan saylovoldi uchrashuvida ham Farg‘ona ahlining amalga oshirayotgan ijobiy ishlari, mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasini ta’kidlash bilan birga, o‘z vaqtida hal etilmagan va hammamizni tashvishlantirayotgan bir qator muammolar mavjudligi, ularni batafsil o‘rganib, tahlil qilish va yechimini topish zarurligi xususida to‘xtalib o‘tgan edim.

Keyingi tahlillar viloyatda islohotlarning izchilligini ta’minlash, samaradorligini oshirish, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratib berish borasida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bermaganini ko‘rsatmoqda.

O‘ylaymanki, bugun bunday vaziyatdan chiqishning, viloyat iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishini ta’minlashning yo‘llarini qidirish, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, bir so‘z bilan aytganda, ishimizning samarasini oshirish - barchamizning, shu yurtda yashayotgan insonlarning, avvalo, xalqimiz ishongan deputatlarning burchidir.

Imkoniyatlar haqida gapirar ekanmiz, birinchi navbatda, quyidagi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tishimiz kerak deb o‘ylayman.

Afsuski, hozirgi paytda mavjud sanoat korxonalarining ishlab chiqarish quvvat- laridan yetarli darajada foydalanilmayapti. Oqibatda o‘tgan yili 12 ta yirik sanoat korxonasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 582 million so‘mga, 11 ta sanoat korxonasida xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish hajmi 286 million so‘mga pasayib ketdi.

Bu holni Quvasoy shahridagi “Kvars” hissadorlik jamiyati, Farg‘ona furan birikmalari va sun’iy tola zavodlari, Uchko‘prik va Buvayda tumanlaridagi tikuv-trikotaj, yigiruv-to‘quv hissadorlik jamiyatlari va “O‘zsalaman” qo‘shma korxonasi misolida ham ko‘ramiz.

Nefti-yonilg‘i materiallari, ma’danli o‘g‘it, kimyoviy tola, qurilish ashyolari, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ham o‘tgan yillarga nisbatan ancha kamaydi. Hatto respublikada tilga tushgan “O‘zsalaman” qo‘shma korxonasida poyafzal ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 17 foiz pasaydi.

5 ta sanoat korxonasi o‘tgan yilni jami 653 million so‘m iqtisodiy zarar bilan yakunladi. 1 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi tayyor mahsulot omborlarni band qilib yotganining o‘zi ham bir qator sanoat korxonalari rahbarlari bozor talablarini hisobga olmasdan, hamon eskicha uslubda ishlab kelayotganidan dalolat beradi.

Eng achinarlisi shundaki, bir qator sanoat korxonalari va hissadorlik jamiyatlarida mulk shakli o‘zgardi, ammo rahbarlarning fikrlash tarzi o‘zgarmasdan qoldi. Axir aksiyalarni sotish hisobiga korxonalarga yangi texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni kengaytirishga e’tiborsizlik bilan qaralayotgani, viloyat bo‘yicha hozirgacha 400 million so‘mlik aksiyalar sotilmay yotgani uchun kim javob beradi?

Viloyatda chet el sarmoyalarini jalb qilish, qo‘shma korxonalar tashkil etish sohasida ham jiddiy kamchiliklar mavjud. Hozirgacha 9 ta tumanda birorta qo‘shma korxona ochish rejalashtirilmagani ham buni ko‘rsatib, turibdi.

Ro‘yxatdan o‘tgan 59 ta qo‘shma korxonaning 38 tasigina faoliyat ko‘rsatyapti, xolos.

Ishbilarmon va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay shart-sharoit yaratib berish, imtiyozli kreditlar bilan ta’minlashga ham yetarli e’tibor berilmayotir. Natijada viloyat bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan 14 ming 317 ta kichik va o‘rta biznes korxonalarining 6,5 mingtasi turli sabablar bilan tugatilgan, 1 ming 644 tasi vaqtincha faoliyat ko‘rsatmayapti.

Ishlab turgan bunday korxonalarning ko‘pchiligi esa ishlab chiqarish bilan emas, balki ko‘proq savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanmoqda.

Qadrli birodarlar!

Biz aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida ko‘p gapiramiz. Lekin viloyat bo‘yicha yangi ish joylarini tashkil etish hamon eng asosiy va dolzarb muammolardan biri bo‘lib turibdi. Bu masalani hal etishga mutasaddi tashki- lotlar jiddiy e’tibor berayotgani yo‘q. Viloyatda 1999-yili bor-yo‘g‘i 31 ming ish joyi tashkil etildi, xolos, Holbuki, bu yerda ishsizlar soni amalda bundan bir necha barobar ko‘p.

Yana bir achinarli hol. 1998-yilga nisbatan umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari qurilishi ikki barobar, qishloqlarga gaz tarmoqlarini o‘tkazish esa 15 foiz kamaygan. 1996-2000-yillarga mo‘ljallangan qishloq infratuzilmasini rivojlantirish dasturi bo‘yicha belgilangan Oxunboboyev, Yozyovon, So‘x tumanlarida gaz tarmoqlarini tortish rejasi zo‘rg‘a 50- 80 foiz atrofida bajarildi.
Viloyatda ko‘p yillardan beri qurilishi tugallanmagan 127 ta obyekt mavjud. Shundan 26 tasi sog‘liqni saqlash, 29 tasi esa xalq ta’limi muassasalari ekanligi achinarli hol.
Hurmatli deputatlar!
Qishloq xo‘jaligining mamlakatimiz iqtisodiyotidagi o‘rni qanchalik yuksakligi to‘g‘risida gapirib o‘tirish ortiqcha, deb o‘ylayman. Bu soha viloyat iqtisodiyotining ham asosiy tarmog‘i hisoblanadi.

Lekin qishloq joylarda islohotlarni chuqurlashtirish borasida qabul qilingan huquqiy va me’yoriy hujjatlarning yetarli darajada hayotga tatbiq etilmayotgani, mulkka egalik masalalari o‘z yechimini topmayotgani, dehqonlar mehnatini xo‘jalik faoliyatining pirovard natijalari bilan bog‘laydigan iqtisodiy mexanizm amalda qo‘llanilmayotgani, ayniqsa, moddiy manfaatdorlik tamoyillari buzilayotgani qishloq xo‘jaligi rivojiga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.

Afsuski, viloyat hokimligi, bu sohaga mutasaddi rahbarlar zamon talabini his etmayaptilar. Buni quyidagi holatlar ham tasdiqlab turibdi.

So‘nggi to‘rt yilda eng asosiy tarmoq - paxtachilikda shartnoma rejalarini bajar- maslik viloyatda odat tusiga kirdi. 1996-yili bu ko‘rsatkich 80,3 foizni, 1997-yili 98 foizni, 1998-yili 77,5 foizni, 1999-yili 85,7 foizni tashkil etdi. Viloyat bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik besh yil davomida 4 sentnerga pasaydi.

Utgan xo‘jalik yilida paxtachilik bilan shug‘ullanadigan 14 ta tumandan atigi 2 tasi — Oltiariq va Farg‘ona tumanlarigina shartnoma rejasini bajardi, xolos.

Bir xil sharoit va imkoniyatga ega bo‘lgan qator tumanlarda hosildorlikning pasayishi noxush an’anaga aylanib borayotgani juda achinarli holdir. 1997-yili har gektar maydondan 28-31 sentnerdan hosil olgan Buvayda va Dang‘ara tumanlarida o‘tgan yili hosildorlik 22-23 sentnerga tushib qoldi.
Viloyatda so‘nggi yillarda don yetishtirish ham sezilarli darajada kamayib ketgan. Don yetishtirish rejasi 1996-yili 89, 1997-yili 91,7, 1998-yili 83,2, 1999-yili esa 75,8 foiz bajarildi, xolos. Besh yil davomida sug‘oriladigan maydonlardan olinayotgan don hosildorligi gektariga 33-37 sentnerdan oshmayapti. Yozyovon va Rishton tumanlarida esa bu ko‘rsatkich atigi 25-27 sentnerni tashkil etmoqda.

Buning asosiy sabablarini agrotexnika tadbirlarining o‘z vaqtida o‘tkazilmasligi, yerlarning meliorativ holati yaxshilanmasdan, sho‘ri yuvilmasdan, ularni ekishga tayyorlamasdan urug‘ sepilayotgani, texnika vositalarining o‘rim-yig‘im mavsumiga o‘z vaqtida sifatli hozirlab qo‘yilmaganidan izlash kerak.

Bu haqda doimo kuyinib gapiramiz. Lekin ahvol o‘zgarmayapti. Bir qator tumanlarda o‘tgan yillarning xatolarini takrorlash davom etmoqda. Bag‘dod, So‘x, Buvayda, Dang‘ara, Toshloq, O‘zbekiston tumanlarida kuzgi don ekish ishlari sababsiz ravishda cho‘zib yuborilganiga nima desa bo‘ladi?

Katta imkoniyatlar borligiga qaramasdan viloyatda kartoshka, sabzavot yetishtirishda ham sezilarli o‘zgarish bo‘lmayapti, meva yetishtirish 1995-yilga nisbatan 2 yarim barobar, uzum yetishtirish esa 6,5 ming tonnaga kamayib ketgan.

Pillachilikni rivojlantirishga ham yetarli ahamiyat berilmayapti. Oqibatda o‘tgan yili 1995-yilga nisbatan 1600 tonna kam “kumush tola” tayyorlandi. Shu munosabat bilan sizlarning e’tiboringizni bir masalaga qaratmoqchiman.

Viloyat qishloq xo‘jaligidagi bunday holatning asosiy sabablaridan biri, avvalo, qishloq joylarida mulkka munosabatning o‘zgarmayotganida, xususan, yer o‘zining haqiqiy egasini topmayotganida deb bilaman. Chunki yer haqiqiy dehqonning qo‘lida bo‘lsa, undan kutilgan darajada hosil olish mumkin.
Holbuki, qishloq xo‘jaligidagi islohotlar haqida gap ketganda, rasmiy hisobotlarda Farg‘ona viloyatida 165 ta jamoa va shirkat xo‘jaligi, 2 ming 113 ta fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatayotgani, mulk o‘zining haqiqiy egasini topayotgani qayd etiladi.

Agar chindan ham shunday bo‘lsa, unumdor yer haqiqiy dehqon qo‘liga tushgan bo‘lsa, uning samarasi qani? Nega hosildorlik yil sayin kamaymoqda? Yerga ishongan, yerga suyangan dehqonning nega kosasi oqarmayapti?

Buning sababi shundaki, viloyatda avvalo qishloq xo‘jaligiga oid qonunlar pala-partish tarzda turmushga tatbiq etilmoqda, Qonun talablarining bajarilishi hech kimni qiziqtirayotgani yo‘q. Jamoa yoki shirkat xo‘jaligida ishlar jamoa xohish- ixtiyori bilan emas, balki yuqoridan tayinlangan rahbarning yakka hokimligida olib borilmoqda.

Oqibatda dehqon o‘z tajribasiga suyanib, iqlim, yer sharoitiga qarab emas, balki buyruqqa binoan ishlashga majbur bo‘lmoqda. Ish ilmiy asosda tashkil etilmaganligi, urug‘chilikka e’tibor sustligi sababli unumdor yerlardan ham past hosil olinmoqda.

Yana bir misolga e’tibor bering. Viloyat bo‘yicha 17 ta xo‘jalik sanatsiyaga tushgan edi. Davlat tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan, bu xo‘jaliklardan 14 tasi paxta, 8 tasi don yetishtirish shartnoma rejalarini bajara olmadi. Chunki bu borada ham mutasaddi rahbarlarda yangilikka intilish, mavjud muammolarning yechimini izlash, tashabbuskorlik yetishmayapti.

Viloyatdagi 76 ta jamoa xo‘jaligi shirkat uyushmalariga aylantirilgan bo‘lsa-da, ulardan 66 tasiga haligacha mulkiy pay guvohnomalari tarqatilmagan. 53 ta fermer xo‘jaligi esa har xil sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi bunday kamchiliklarning sababi avvalambor rahbar kadrlar masalasiga borib taqaladi. So‘nggi uch yil mobaynida viloyatdagi 106 jamoa va shirkat xo‘jaligi rahbari almashtirilganligi, bu borada jiddiy kamchiliklar mavjudligi hali hamon ma’muriy buyruqbozlik usullari bartaraf etilmaganligidan dalolat beradi.

Qadrli deputatlar!

Qishloq xo‘jaligi sohasining yil sayin orqaga ketayotgani albatta aholining turmush darajasiga ham salbiy ta’sirini o‘tkazadi. O‘z mehnatining samarasini ko‘rmagan, vaqtida maosh ololmagan, ro‘zg‘orini tebratishga qiynalib qolgan fuqaroning ko‘nglida albatta rahbarlar- dan norozilik kayfiyati tug‘iladi. Buni yashirishning hojati yo‘q. Shuning uchun ham barcha darajadagi rahbarlarning eng asosiy burchi mana shunday holatlarning oldini olish, har bir fuqaroning mehnat qilishi va uning samarasini ko‘rishi uchun sharoit yaratib berishdan iborat bo‘lishi kerak.

Buning uchun esa viloyatda yetarli imkoniyatlar bor.

Afsuski, yuqorida ko‘tarilgan masalalar birinchi marta tilga olinayotgani yo‘q. Viloyat Kengashining 1997-yilgi sessiyasida ham bu haqda so‘z yuritilgan, bu yangi saylangan hokimlar oldiga vazifa qilib qo‘yilgan edi.

Biroq haligacha ko‘p sohalarda muammo muammoligicha, vazifa vazifaligicha qolib ketmoqda.

O‘zingiz ayting, aziz birodarlar, men Prezident bo‘lib, menga ishonch bildirgan xalqning hayoti uchun javobgar shaxs bo‘lib, bunday holga toqat qilishim mumkinmi? Albatta yo‘q.

Hurmatli deputatlar!

So‘nggi yillarda turli sabablar bilan viloyatingizda bir necha marta bo‘lishimga to‘g‘ri keldi. Har safar mard, tanti, mehnatsevar va saxovatli farg‘onaliklar bilan uchrashganimdan, diydorlashganimdan behad xursand bo‘laman.

Ammo shu o‘rinda achchiq bo‘lsa ham bir haqiqatni aytib o‘tmoqchiman. Mening na- zarimda yil sayin Farg‘onadan fayz-baraka ko‘tarilayotgandek, viloyat avvalgi mavqeini, ilgarigi jozibasini, tarovatini yo‘qotayotgandek tuyuladi va bu ko‘nglimni g‘ash qiladi.

Bu holatning sababi nimada ekan, deb o‘ylayman, qiynalaman. Shunda, istaymanmi-yo‘qmi, gap rahbarlarga, avvalo, viloyatning birinchi rahbariga, uning ish uslubiga borib taqaladi.

Bu fikrning isbotini respublika Oliy Majlisiga o‘tkazilgan saylovlarda 3 nafar hokimning yetarli ovoz ololmasdan, deputatlikka saylanmay qolganligida ham yaqqol ko‘rish mumkin, Shuning o‘zi ham ayrim rahbarlar allaqachon xalqning e’tiboridan qolganini, ishonchini yo‘qotganini ochiq-oydin ko‘rsatmaydimi?

Xalqimizda “O‘tgan kuningni unutma, eski chorig‘ingni quritma” degan ibratli bir maqol bor. Bu - aslida kim ekanligingni, mansab kursisiga o‘tirmasdan oldin kim bo‘lganligingni, lavozimdan tushgach kim bo‘lajagingni unutma, kamtar bo‘l, qadamingni bilib bos, xalqning nazaridan qolma, deganidir.

Bu hammaning, ayniqsa, katta-kichik rahbarlarning doim yodida turishi kerak.

Viloyatdagi birinchi rahbarning mavqei, salohiyati, eng avvalo, iqtisodiy islohotlarni qay darajada amalga oshirayotgani, undan odamlarning qay darajada rozi bo‘layotgani bilan o‘lchanadi.

Bunyodkorlik, taraqqiyot bor joyda, xalqning ruhi ko‘tariladi, kelajakka umidi kuchayadi.

Iqtisodiyot orqaga ketayotgan joydan esa, obodonchilikni ham, keng ko‘lamdagi bunyodkorlikni ham kutish befoyda. Bunday joyda xalq ham rahbarlardan rozi bo‘lmaydi.

Keyingi yillarda Farg‘ona viloyati nafaqat sanoat, nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasi, balki qurilish va obodonlashtirish ishlarida ham boshqalardan orqada qolmoqda.

Nahotki, farg‘onalik hokimlar va boshqa rahbarlar respublikaning boshqa hududlarida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni ko‘rmayotgan, qalblarida havas uyg‘onmayotgan bo‘lsa?!

Uzoqqa bormay, ko‘nglingizga kelmasin-u, shundoq sizlarga qo‘shni bo‘lgan Andijon viloyatini olaylik. Iqlimi, yer-suvi, odamlarning tabiati, mehnatsevarligi bir xil, ammo o‘sish, o‘zgarishda katta farq bor.

Nega bunday? Nima, Farg‘ona viloyati rahbarlarining havasi, g‘ururi, oriyati yo‘qmi?

Havas bo‘lishi mumkin, lekin layoqat bo‘lmasa, xalqning boshini qovushtirishga, g‘ayratini qo‘zg‘ashga uquv, boshqacha qilib aytganda tashkilotchilik bo‘lmasa foydasi yo‘q ekan.

Esingizda bo‘lsa, biz bundan uch yil ilgari viloyatga yangi hokimni tayinlaganimizda, zimmasiga qanday mas’uliyatli vazifa yuklanayotganligini ochiq aytgan edik. Unga katta ishonch bildirgan edik. O‘tgan davr mobaynida unga kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar, maslahatlar berdik. Afsuski, u o‘z vaqtida aytilgan tanqid va takliflardan to‘g‘ri xulosa chiqara olmadi. Yirik muammolarni hal etishda loqaydlikka yo‘l qo‘ydi.

Shu sabablarga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat Kengashining birinchi sessiyasi kun tartibi muhokamasiga tashkiliy masala qo‘yilgan ekan, viloyat hokimi Noʻmon Shodiyevich Mo‘minovni vazifasidan ozod etishni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq deb hisoblayman.

O‘ylaymanki, viloyat taraqqiyoti, kelajagi, xalqning manfaati shuni taqozo etadi.

Aziz do‘stlar!

Farg‘ona xalqiga mehr-muhabbatim balandligini hammangiz yaxshi bilasiz. Men o‘zim sevgan, qadrlagan elning tinch va osoyishta, farovon va baxtli hayot kechirishini, o‘z mehnatlarining. rohatini, o‘stirayotgan farzandlarining orzu-havasini ko‘rishini chin yurakdan istayman.

Shuning uchun ham turmushdagi qiyinchiliklarni tezroq bartaraf etsak, mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirib, xalqimizning farovonligiga erishsak, har bir oila boy-badavlat turmush kechirsa, deb niyat qilaman.

Bu maqsadga erishish uchun esa ishimizdagi kamchiliklarni tezroq bartaraf etishimiz, bir tan, bir jon bo‘lib, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilishimiz, belgilagan rejalarimizni bajarishimiz, ko‘zlagan marralarimizga tezroq yetishimiz lozim.

Men, aziz farg‘onaliklar, mening kuyinib aytgan so‘zlarimdan, tanqidiy mulohazalarimdan o‘zlariga tegishli xulosalar chiqaradilar va barcha sohalarda o‘zgarish yasaydilar, deb qat’iy ishonaman.

Shu maqsad yo‘lida barchangizga kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat va omad tilayman!

Total words

2,253

Unique words

1368

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

0

TTR

0.607

Hapax

1,028

Distribution

Top frequency chart

Dataset