🔍

Article

HAYOT HAQIQATI

By “Xalq soʻzi” muxbiri Gʻofur Shermuhammad … • in 1999

Darhaqiqat, mustaqil mamlakatimizning buyuk kelajagi, yuksak taraqqiyoti yosh avlod qo‘lidadir. Demak, bugun biz ularga qanchalik chuqur bilim berib, har tomonlama barkamol insonlar qilib tarbiyalasak, Vatanimizning ertangi yorug‘ kunlariga shunchalik mustahkam poydevor yaratgan bo‘lamiz. Buning uchun Kadrlar tayyorlash Milliy dasturini izchil amalga oshira borib, joylarda yangi, eng zamonaviy o‘quv muassasalari bo‘lmish akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari tashkil etish nihoyatda zarur. Umuman, Prezidentimizning ushbu chiqishi teran mazmun-mohiyati, yurtimiz kelajagiga daxldorligi bilan odamlarda katta qiziqish uyg‘otdi. $$1-Toshkent pedagogika bilim yurti$$ direktori ^^Minavara ISMOILOVA^^ muxbirimizga ma’ruzadan olgan taassurotlari va ta’lim tizimini rivojlantirish xususidagi shaxsiy fikr-mulohazalari haqida muxtasar so‘zlab berdi.

— Prezidentimizning $$Vazirlar Mahkamasi$$ yig‘ilishida so‘zlagan tarixiy nutqi shaxsan menda kuchli taassurot uyg‘otdi. Ochig‘i, unda bayon qilingan fikr-mulohazalar butun xalqimizning orzu-umidlari, o‘y-xayollarining ifodasi bo‘ldi, desam yanglishmayman. Axir, biz orzu qilgan, kelajagi buyuk bo‘lgan davlat va jamiyat bugun ota-onasining issiq bag‘rida yashab, ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlar qo‘lida ekanligi hech kimga sir emas. Demak, ularning bilimi va saviyasi ham yuksak bo‘lishi lozim. Shu boisdan Yurtboshimiz kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor bermoqda.

«Men oddiy, bugungi kunda hammamiz uchun tushunarli bo‘lgan haqiqatni takror-takror ta’kidlamoqchiman, — deya uqtirdi Prezidentimiz. — Biz bugunga hayotimizning qaysi masalalari va vazifalari haqida, qaysi istiqbollari haqida gapirmaylik, boshqarish va ishlab chiqarishning barcha bo‘g‘inlarida — hamma narsa bugun kadrlarga va yana kadrlarga borib taqaladi».

Bunday sharoitda $$Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi$$ni amalga oshirish nechog‘lik ulkan ahamiyat kasb etishini yanada teranroq anglaymiz. Men mazkur dasturni tayyorlash bo‘yicha hukumat komissiyasining ishchi guruhi a’zosi edim. O‘sha kezlardayoq mamlakati.miz rahbarining ushbu masalaga ayricha ahamiyat berishiga guvoh bo‘lganman. Chunki u kishi guruh a’zolari bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida ishlab chiqilajak dastur qanday bo‘lishi kerakligi, uning mazmun-mohiyati, maqsadlari haqida o‘ta qimmatli fikrlar bildirgan edi. O‘z navbatida, ana shu takliflar Milliy dasturda o‘z ifodasini topgandir.

Yaqinda men $$«Ustoz» respublika jamg‘armasi$$ orqali 15 kun davomida $$Janubiy Koreya$$da xizmat safarida bo‘lib qaytdim. Hamrohlarimiz bilan birgalikda ushbu mamlakat ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishdik. Rostini aytganda, ularda o‘rgansa arziydigan zamonaviy yutuq va tajribalar yetarli. Xususan, koreys yoshlari orasida kompyuter savodxonligi yuqori darajada bo‘lib, mustaqil o‘z ustida ishlash ko‘nikmalari ham yaxshi shakllangan. Kollejlarda yaratilgan shart-sharoitlar namunali darajada. Lekin koreyaliklarning bunday darajaga erishishlari uchun ancha yillar kerak bo‘lganligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Vijdonan aytganda, mustaqillikka erishganimizdan buyon o‘tgan qisqa muddat davomida ta’lim sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz juda ham salmoqli. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarsak, yaqin kelajakda bu borada ham jahondagi eng ilg‘or mamlakatlar bilan bo‘ylashishimizga zarracha shubha yo‘q.

Dasturda keyingi ikki yil davomida respublikamiz bo‘yicha 187 ta akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari barpo etish, 110 ta shunday muassasani ta’mirlash vazifalari belgilab qo‘yilgan. Prezidentimiz esa shu vaqt ichida har bir tuman va shaharda yangi loyihalar asosida barcha talablarga javob beradigan zamonaviy ko‘rinishdagi kollej va litseylar qurish vazifasini kun tartibiga qo‘ydi. Eng muhimi, bu gaplar shunchaki nomiga aytilgan gaplar emas, balki, har tomonlama pishiq-puxta o‘ylangan, barcha jihatlari hisobga olingan hayotiy maqsaddan iborat. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan $$Oliy Majlis$$ning XIII sessiyasida tasdiqlangan 1999 yilgi Davlat byudjetidan ushbu maqsadlar uchun 34 milliard so‘mdan ziyodroq mablag‘ ajratilganligi ham fikrimizning yorqin dalilidir. Demak, yaqin vaqtlar ichida Vatanimizning har bir burchagida, hatto olis qishloqlarda yashayotgan yoshlar ham o‘sha yerlarda bunyod etilib, eng zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlangan shinam, ko‘rkam va salobatli kollejlarda tahsil olishadi! Istiqlol sharofati bilan mana shunday imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Yoshlarimiz buning qadri va ahamiyatini yurakdan his etib, har tomonlama barkamol, yurt taraqqiyoti yo‘lida fidoyi insonlar bo‘lib yetishishlari ham farz, ham qarzdir.

Shu o‘rinda meni benihoya to‘lqinlantirgan yana bir narsa haqida to‘xtalmoqchi edim. Prezidentimiz o‘z nutqida: «... bu kollejlar nafaqat bilim maskani, balki biz yurtimizga keladigan mehmon va sayyohlarni olib borib ko‘rsatishga arziydigan, boshqalarning havasini keltiradigan muhtasham inshootlar bo‘lishi lozim», deya alohida ta’kidladilar. Bu so‘zlar zamirida katta ramziy ma’no bor. Biz ota-bobolarimiz yaratib ketgan noyob tarixiy obidalar bilan haqli ravishda faxrlanamiz, ularni dunyoga ko‘z-ko‘z qilamiz. Lekin bugun faqat ajdodlar shuhrati bilan mag‘rurlanishning o‘zi kifoya qilmaydi. Bir necha yil davomida yurtimizda qad rostlagan ne-ne muhtasham zamonaviy imoratlar bizning bunyodkorlar ajdodlarning munosib vorislari ekanimizni isbotladi. Endilikda esa ziyo maskanlari uchun ham ana shunday salobatli koshonalar barpo etish fursati yetdi. Zotan, yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar o‘zbekning farzandi o‘qiyotgan litsey va kollejlarni borib ko‘rganlarida ko‘ngillarida hayrat hissini tuyushsin, bu tabarruk yurtning chindan ham kelajagi buyuk ekanligiga amin bo‘lsinlar.

Total words

675

Unique words

498

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

6

TTR

0.738

Hapax

408

Distribution

Top frequency chart

Dataset