$$Xorazm$$ qadimdan noyob madaniyat, nafis san’at, yuksak ma’rifat, dono falsafa va insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan adabiyot, dunyoviy ilm o‘choqlaridan biri bo‘lishi bilan birga azaldan dehqonlar, tadbirkorlar, ishbilarmonlar yurti ham. $$Xorazm viloyati$$ zaminida kamol topgan ne-ne allomalar Vatanimiz shon-shavkatini dunyoga taratgan. Bu zamin dehqonlarining mehnatkashligi, zahmatkash va mislsiz bunyodkorlik fazilatlarini ham e’tirof etish zarur.
Zero, xorazmlik dehqonlar yerga qanchalik mehrli, saxovatli bo‘lsalar, yer ham ularga shunchalik saxovat ko‘rsatishini amaliy natijalarga erishish bilan namoyon qilayapti. Utgan yili viloyatda mo‘ljaldagidan ancha ko‘p - 323 ming tonna paxta, 130 ming tonnaga yaqin bug‘doy, 200 ming tonnaga yaqin sholi tayyorlandi. Bunday yuksak natijalarni sabzavotchilik va dehqonchilikning boshqa tarmoqlarida ham ko‘rish mumkin. Viloyatda bunday yuqori ko‘rsatkichlarga asosan yerdan unumli foydalanish, ilg‘or tajribalarga suyanish, mehnatga munosabatning o‘zgarganligi, rahbar kadrlarning javobgarlik hissi ortganligi sababli erishildi. Yutuqlarning yana bir asosiy ildizi, avvalo - dehqonlarning fidoiy ekanida, zaminga mehrida, Vatanga muhabbatida, oriyatida. Xorazmlik mehnatkashlarning yuksak xirmon yaratishi oson bo‘lmadi. Bu zaminda yer sharoitining og‘irligi hech kimga sir emas. Ular yerning sho‘rini yiliga 3-4 martalab yuvib, millionlab tonna tuzni daladan yuvib chiqarib, so‘ng yerga urug‘ qadaydi. Xorazm dalasiga keladigan suv minglab gektar yerlarning sho‘rini, drenaj oqiziqlarini o‘zida jamlab, 5-6 million odam yashaydigan viloyatlardan o‘tib, keyin bu yerga keladi.
Prezidentimiz o‘z nutqlaridan birida «... Men o‘zbek dehqoni deb aytganda, eng avvalo shunday og‘ir sharoitda hali qish zahri ketmagan bir paytda yerning sho‘rini yuvayotgan xorazmlik insonlarni tasavvur qilaman», deb ta’kidlagandilar. Bu bejiz emas Xorazm dehqoni ana shunday muammolarni yengib, manglay teri evaziga yuqori hosil olayapti. Bugun xoramzlik dehqonlarning yil sarhisobidan, mehnatlari samaralaridan ko‘ngli yorishib turibdi. Yangi yil bayrami arafasida viloyat markazi Urganch shahrida, tumanlarda hosil bayrami shodiyonalari bo‘lib o‘tdi. Tantanalar ikki kun davom etdi. Hosil bayramida nafaqat dehqonlar, viloyatning barcha mehnat jamoalari ishtirok etdilar. Bayram kunlari har xil sport musobaqalari uyushtirildi. Bezatilgan keng to‘yxonalarda katta dasturxonlar yozildi, badiiy havaskorlik to‘garaklari, xalq ansambllari, taniqli san’atkorlar bayram qatnashchilari xizmatida bo‘lishdi. [Ogahiy] nomidagi viloyat teatrida bo‘lib o‘tgan tantanali kechada viloyat hokimi [I. Yusupov] ilg‘orlardan bir guruhiga mukofotlar - «Neksiya» va «Tiko» avtomashinalari, rangli televizorlar, videomagnitofonlar, xolodilniklar, tikuv mashinalari, gilamlar, faxriy yorliqlar topshirdi. Tantanali kechada har gektar yerdan 35 sentnerdan paxta xirmoni uygan $$Shovot va Xonqa tumanlari$$, 40-50 sentnerdan hosil yetishtirgan qator xo‘jaliklar nomlari tilga olindi. Viloyatda hosil bayrami davom etayapti. Endi bu bayram har bir tumanda, har bir jamoa xo‘jaligida alohida o‘tkaziladi. Bundan ko‘rinadiki, dehqonlarning mehnatlari rag‘bat topayapti. Bu ularga ilhomlantiruvchi kuch bag‘ishlaydi. Holbuki, ular oldida kelgusi xirmonning rejalari — katta vazifalar turibdi.