🔍

Article

OʻZBEKISTON PAXTACHILIK BOʻYICHA RIVOJLANGAN MAMLAKATLAR QATORIDA EKANLIGI TAN OLINMOQDA

By “Xalq soʻzi” muxbiri A. Yoʻldoshev … • in 1996

— [Saidakbar Rahmonqulovich], suhbatimiz avvalida Paxtachilik bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi (PXMQ)ning asosiy vazifalari, bugungi kundagi nufuzi xususida gazetxonlarimizga qisqacha tushuncha bersangiz.
— PXMQ 1939-yilda dunyo paxtachilik xo‘jaligini taraqqiy ettirish sohasida xalqaro hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgandi. Oradan o‘tgan yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida bu xalqaro tashkilot a’zolari 42 taga yetdi. Ular orasida $$AQSH$$, $$Angliya$$, $$Fransiya$$, $$Germaniya$$, $$Italiya$$, $$Yaponiya$$, $$Uganda$$, $$Zimbabve$$, $$Boliviya$$ kabi kuchli taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlar bor. $$O‘zbekiston Respublikasi$$ esa PXMQ ga 1993-yilda teng huquqli a’zo bo‘lib kirgan.

Endi PXMQning asosiy vazifalari haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, avvalo shuni ta’kidlash lozimki, bu xalqaro tashkilot jahon paxta konyukturasiga oid hamma ishlarni nazorat qiladi va yordam ko‘rsatadi. Jahon paxtachiligi va unga tegishli savdo-sotiq, paxtaning ishlatilishi, zahirasi va bahosiga oid barcha aniq va statistik ishlov berilgan ma’lumotlarni to‘playdi, tarqatadi. Paxta yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi hamma mamlakatlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga oid tavsiyalar berib boradi. Paxta marketingiga taalluqli masalalar yuzasidan xalqaro anjumanlarni tashkil etadi.

— Xalqaro tashkilotning Manilada bo‘lib o‘tgan 54-anjumanida jahon paxtachiligining bugungi eng dolzarb masalalari xususida so‘z yuritilgan bo‘lsa kerak, albatta. Jumladan, $$O‘zbekiston$$ uchun foydali yangi gaplar aytildimi?

— Albatta. Masalan, paxta yetishtirishning hozirgi ahvoli va uning sifati bilan amaldagi talab hamda narx-navosi o‘rtasidagi mutanosiblik har tomonlama chuqur tahlil etildi. Bu eng muhim masala bo‘lib, u nafaqat paxta yetishtiruvchi, balki uni xarid qilib, qayta ishlab, tayyor mahsulotga aylantirib, o‘z xalqi ehtiyojidan ortiqchasini jahon bozoriga chiqarib sotadigan mamlakatlarni ham qiziqtirishi turgan gap. Bundan tashqari jahon paxtachilik sanoatini boshqarishni takomillashtirib, dunyo bozoridagi savdosini rivojlantirish imkoniyatlari va istiqboli masalalari tahlil qilinib, anchagina muhim mulohaza va takliflar bayon etildi. Paxta yetishtiruvchi shirkatlar faoliyatini va bu boradagi marketing ishlarini rivojlantirishning PXMQga a’zo bo‘lgan mamlakatlardagi ahvoli o‘rganib chiqildi. Anjuman ishi davomida g‘o‘za zararkunandalariga qarshi kurashishda genetik ustuvorlikni ta’minlashning yangi manbalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy seminarda ko‘pgina ilg‘or tajribalar o‘rtoqlashildi. Xalqaro anjuman avvalida PXMQ direktori [Laurens Shav] bilan doimiy qo‘mita raisi [Fumio Yavata]ning bir yil mobaynida (PXMQning 1994-yil 26-30-sentyabr kunlari Braziliyaning Resifi shahrida o‘tkazilgan 53-xalqaro anjumanidan keyin) bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarida bir qator qimmatli ma’lumotlar keltirildi. Janob [Shav]ning ta’kidlashicha, xalqaro tashkilot jahondagi hamma paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarda bor bo‘lgan jamiki statistik ma’lumotlarni o‘zida jamlagan. PXMQ kotibiyati butun dunyoda sotilayotgan paxta tolasining narxi va uning yaqin kelajakda o‘zgarishini taxminiy aniqlovchi yagona tashkilot sifatida bu ma’lumotlarni o‘zi chop ettiradigan turli jurnallarda bir necha tillarda vaqti-vaqti bilan bostirib, oshkoralikni ta’minlab boradi. Kotibiyat hisobidagi ayrim ma’lumotlar ko‘pchilikni qiziqtirishini hisobga olib, ularning eng muhimlarini keltirmoqchiman, Dunyo bo‘yicha paxta yetishtirish yildan yilga, ayniqsa, keyingi uch yil ichida birmuncha ko‘paydi. 1994-1995-yillarda paxta tolasining narxi eng yuqori bo‘lib, 118 sent/funtga teng bo‘ldi. Keyingi yillarda paxta yetishtirish ko‘payib borayotgani munosabati bilan 1995-1996-yillarda tolaning bahosi 86 sent/funt, 1996-1997-yillarda esa 79 sent/funt bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilinmoqda. Kotibiyat ma’lumotlariga ko‘ra 80-yillarda har gektar maydondan dunyo bo‘yicha o‘rtacha 400 kilodan paxta tolasi olingan bo‘lsa, keyinchalik, ya’ni 1991-1992-yillarga kelib 600 kiloga ko‘tarildi. Shundan so‘ng hosildorlik yana orqaga ketib, 564 kiloga tushdi. 1996-1997-yillarda ham dunyo miqyosida o‘rtacha tola hosildorligi 565 kilo atrofida bo‘lishi kutilmoqda. $$O‘zbekiston$$da esa bu ko‘rsatkich 900-1000 kiloga tengdir. Ko‘rinib turibdiki, respublikamiz paxta xomashyosidan tola olish bo‘yicha jahondagi paxta yetishtiruvchi mamlakatlar o‘rtasida eng yuqori o‘rinni egallaydi.

— Jahonda yalpi paxta yetish tirish , hosildorlik va tola chiqishi miqdori, narx-navosi o‘zgarib turishining asosiy sabablari haqida anjumanda aniq dalillar keltirildimi?

— Shunday nufuzli xalqaro anjumanda bu muhim masalaga atroflicha to‘xtalmaslik mumkin emas, aslida. Chunonchi, paxta maydonlari keyingi yillarda asosan unumdorligi past va ziroatchilik uchun yaroqsiz yerlar hisobiga kengayganligi bois hosildorlik pasaygani yig‘ilishda alohida ta’kidlandi. Paxta yetishtirish asosan AQSH, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Turkiya davlatlarida ko‘paygan bo‘lsa, ma’lumki, O‘zbekistonda kamaygan.

Bundan tashqari har xil zararkunanda hasharot va kasalliklar, ularga qarshi qo‘llaniladigan zaharli kimyoviy dorilar ham paxta hosilining kamayishiga sabab bo‘ladi. Zero, xalqaro anjumanning bir kuni shu sohadagi ilmiy-tadqiqot ishlariga bag‘ishlanib, «G‘o‘za zararkunandalariga qarshi kurashishda genetik ustuvorlikning ahamiyati haqida yangi ma’lumotlar» mavzusida ma’ruzalar tinglanganligi bejiz emas. $$Filippin$$, $$Suriya$$, $$Hindiston$$, $$Misr$$, $$Xitoy$$ va $$AQSH$$ olimlari olib borgan qiziqarli ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini hamma maroq bilan tingladi. Chunonchi, $$Filippin$$ paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti vakili [E. Riffen] keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra hasharotlar g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishiga kuchli zarar yetkazib, hosil cho‘g‘ining pasayishiga olib kelishi ustiga, ularga qarshi qo‘llaniladigan zaharli dori va mehnatga katta mablag‘ sarflanadi. Holbuki, g‘o‘zaning ayrim turlari, ayniqsa, maxsus genomi mavjud bo‘lganlari hasharotlarga ancha chidamli ekan. Demak, g‘o‘zaning shu turlari topilib, seleksiya ishlarida qo‘llanilsa, yangi hosil bo‘lgan navning hasharotlarga chidamliligi yuqori bo‘ladi va natijada zaharli pestitsidlarni ishlatish ehtiyoji kamayadi, g‘o‘za ham kasallikka ko‘p chalinavermay, durkun va serhosil bo‘lib o‘sadi.

— O‘zbek olimlari ham jahonning eng yirik paxta yetishtiruvchi mamlakatlaridan birining vakili sifatida ma’ruza va munozaralarda faol qatnashishdimi?

— Biz $$«O‘zbekiston Respublikasi paxtachilik$$ning hozirgi ahvoli va uning ilmiy jihatdan ta’minlanganligi» mavzusida ma’ruza qildik. Asosan, g‘o‘zani parvarishlash texnologiyasidagi yangiliklar, zararkunanda hasharot va kasalliklarga qarshi kurashda agrotexnik tadbirlarning mohiyatini ochib berdik. $$G‘o‘za seleksiyasi$$ning $$O‘zbekiston$$da qo‘llanilayotgan turlararo, tur ichidagi, uzoq va bosqichma-bosqich duragaylash, bu yo‘nalishda qo‘llanilayotgan noan’anaviy uslublar xususida alohida to‘xtaldik. O‘zbek olimlari keltirgan ma’lumotlar anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Endi PXMQ 54-xalqaro anjumani bayonotining asosiy mazmuni xususida ham qisqacha to‘xtalish lozim. Bayonotda paxta tolasini tiplari bo‘yicha yetishtirish va ishlatish, tola hosilining zararkunanda va kasalliklar tufayli sust o‘sishi, to‘qimachilik sanoati, tola savdosi va marketingini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor berilgan. 1996-yilda «Tezpishar g‘o‘za navlari: paxta necha kunda pishishi kerak?» mavzusida ilmiy-texnik seminar o‘tkazish belgilab qo‘yildi. Shuningdek, PXMQ ning navbatdagi 55-xalqaro anjumanini O‘zbekiston Respublikasi hukumatining taklifiga binoan 1996-yilning 7-11-oktyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazishga qaror qilindi.

Shunday qilib, PXMQning 54-xalqaro anjumani bizda qanday katta taassurotlar qoldirgan bo‘lsa, respublika yig‘ilishida o‘rtaga tashlangan chuqur va puxta fikr-mulohazalar ham anjuman qatnashchilarida shunday kuchli qiziqish uyg‘otdi. Pirovardida $$O‘zbekiston paxtachilik$$ bo‘yicha rivojlangan mamlakatlar qatorida ekanligini ta’kidlashdi. Bu $$O‘zbekiston paxtachiligi$$ jahonga erkin va dadil yuz tutganligidan, bu sohadagi istiqbolimiz yanada porloq va serqirra ekanligidan dalolatdir.

Total words

917

Unique words

607

Annotated anthroponyms

5

Toponyms

24

TTR

0.662

Hapax

463

Distribution

Top frequency chart

Dataset