🔍

Article

AHOLI BANDLIGIGA YO‘NALTIRILAYOTGAN SARMOYA

By Toshtemir XUDOYQULOV, «O‘zbekiston ovozi» muxbiri • in 2013

$$O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki$$ «Obod turmush yili» Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda bank tizimining o‘rni» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazdi.
Tadbirda «Obod turmush yili» Davlat dasturida aholi ning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Markaziy bankning kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashni muvofiqlashtirish departamenti direktori [Aktam Sayfullayev] bugungi kunda tijorat banklari tomonidan doimiy ravishda kichik biznes subyektlarini, ayniqsa, oilaviy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes rejalari moliyalashtirish masalalariga katta e’tibor qaratilayotganini to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, joriy yil ham kichik biznes subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga, avvalambor, ularning biznes loyihalarini imtiyozli shartlarda kreditlashga alohida ahamiyat berilayotgani va ushbu maqsadlarga barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 6 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Ushbu mablag‘larning 1,2 trillion so‘mini mikrokreditlar tashkil etadi. Bunda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes rejalari moliyalashtirishga 53,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Oilaviy biznes, xususiy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirishga esa 110,1 milliard so‘m, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda qoramol sotib olish uchun shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga 106 milliard so‘m, ayollar tadbirkorligini har tomonlama rivojlantirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 540 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Joriy yil tijorat banklari tomonidan yurtimizdagi 8 ta tumanida xomashyoni chuqur qayta ishlovchi to‘qimachilik majmualari, 45 ta tumanida esa tikuvchilik-trikotaj mahsulotlari tayyorlaydigan ixcham, zamonaviy korxonalar barpo etish uchun 155,3 milliard so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, tijorat banklarining investitsiyalari mintaka korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan loyihalarni moliyalashtirishga ham katta e’tibor qaratiladi. Ushbu yil respublikamiz bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi hamda oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni ko‘paytiruvchi yangi korxonalar barpo etish, mavjudlarini rekonstruktsiya va modernizatsiya qilish maqsadida 288 ta loyiha amalga oshiriladi. Bunga tijorat banklari tomonidan 47 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bundan tashqari, tijorat banklari yo‘naltiradigan 145,9 milliard so‘m kredit hisobidan har bir tumanda kamida 10 ta parranda xo‘jaligi, 500 ta asalari oilasi, har bir mintaqada esa 30-40 ta baliqchilik xo‘jaligi tashkil etiladi. Natijada, o‘n mingdan ortiq qishloq aholisi doimiy ish bilan ta’minlanishiga erishiladi.
O‘tgan yili boshlangan «Yesh oilalarga uy-joylar» dasturining ijrosi bu yil ham izchil davom ettiriladi. Xususan, shu yil oxirigacha ko‘p xonadonli 105 ta uy-joy barpo etiladi. Bunga 262,3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, «Qishloq qurilish bank» kredit resurslari hisobidan namunalik loyihalar asosida 10 mingta uy-joy quriladi. Qishloq infratuzilmasini o‘zgartirish, zamonaviy savdo-maishiy va boshqa turdagi xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurish uchun 16 milliard so‘mga yaqin kredit ajratish mo‘ljallangan. Qishloq aholisining uzoq muddat foydalaniladigan mahalliy uy-ro‘zg‘or buyumlarini sotib olishi uchun ajratiladigan iste’mol kreditlari miqdori o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur loyihalar mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish maqsadida joylarda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amaliy uchrashuv va seminarlar, biznes-forumlar o‘tkazilmoqda. Bunda, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.Tadbirda, shuningdek, «Qishloq qurilish bank», «Ipotekabank», «Mikrokreditbank»larning mas’ul xodimlari o‘z ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.

Total words

472

Unique words

305

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

1

TTR

0.646

Hapax

219

Distribution

Top frequency chart

Dataset