🔍

Article

MAQSADGA ERISHISH UCHUN QAT’IY VA AMALIY HARAKAT ZARUR

By Sharbat ABDULLAEVA, O‘zXDP Markaziy Kengashi … • in 2012

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida har bir siyosiy partiya o‘z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib faoliyat yuritadi. O‘zXDPning g‘oyalari, maqsadi aniq va jamiyatning o‘ta dolzarb masalalariga qaratilgan.
Agar «^^Adolat^^» SDP o‘z Saylovoldi dasturida ijtimoiy adolat, qonun ustuvorligiga asoslangan huquqiy demokratik davlatni barpo etish g‘oyasini ilgari surgan, bunda yuqori malakali mutaxassis va ishchilar, ilm-fan va muhandis-texnik ziyolilar vakillari, pedagoglar, shifokorlar yordami-ga tayanishini qayd etgan bo‘lsa, undan farqli o‘laroq, O‘zXDP iqtisodiyotda band bo‘lmagan ammo mehnatga layoqatli kishilar, xususan, ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan yoshlar, kam ta’minlangan oilalar, imkoniyati cheklanganlar va pensionerlar, ijtimoiy soha-xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar kabi ijtimoiy qatlam vakillari manfaatini ifodalashni asosiy maqsadi qilib belgilagan.

Partiyamiz O‘zLiDePning liberalizm g‘oyalarini e’tirof etadi. Shu bilan birga, partiyamiz ularni ideallashtirish mumkin emas, deb hisoblaydi va bunga qarshi kurashadi.

O‘zXDP siyosiy raqibidan farqli ravishda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish asosida ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti g‘oyasi bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Bozor iqtisodiyoti, eng avvalo, ijtimoiy tus olishi lozim. Buning uchun iqtisodiyotni qonun bilan, xususan, moliyaviy va soliq vositalari orqali tartibga solish talab qilinadi. Shu yo‘l bilan daromadlarning bir qismini ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga qarata-di. Bu eng yuqori va eng past daromadlar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirishning samarali mexanizmlaridan biridir.

O‘zXDP liberal-demokratlarning ishsizlikni bartaraf etishga oid bugungi qarashlari bilan ham to‘la kelisha olmaydi. Masalan, bandlik masalasini ular o‘ylaganidek, faqatgina tadbirkorlik orqali oqilona hal qilib bo‘lmaydi. O‘zXDP buni imkoniyatsiz deb hisoblaydi. Qishloq aholisini ijtimoiy himoya qilish nuqtai nazaridan qaraganda, barqaror ish joylari yaratishni rag‘batlantirish, qishloq joylarda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish eng muhim vazifalardan bo‘lishi lozim.

Liberalizmning asosiy prinsiplaridan biri individualizm konsepsiyasidan kelib chiquvchi shaxs erkinligining ustuvorligi hisoblanadi. Bu mamlakatimizda qaror topgan xalqimiz qadrlaydigan mahallaviy jamoaviylik va ijtimoiy birdamlik kabi tarixiy an’analariga mos tusharmikan? O‘zXDP xalqimiz ruhiyatiga yaqin bo‘lgan ijtimoiy birdamlik tamoyilini asrash va rivojlantirish muhim, deb hisoblaydi. Ijtimoiy farovonlik manbalariga liberal-demokratlar munosabatini ham partiyamiz ularning muayyan kamchiligi, deb biladi.

Jamiyatda partiya g‘oyalarini keng targ‘ib etish va uning tarafdorlari sonini ko‘paytirish uchun mafkuroviy ishlarni samarali tashkil etishga e’tibor qaratish zarur, deb bilamiz. Partiyamiz Markaziy Kengashi bu borada mintaqaviy, tuman va shahar kengashlari, shuningdek, boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Bunda partiyamiz Saylovoldi dasturida, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar, 2011-2014-yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturiga muvofiq faoliyat olib borayotganini, bu borada muayyan ijobiy natijalarga erishilayotganini ta’kidlash o‘rinli. Jumladan, partiya tashkilotlarimiz o‘tkazib kelayotgan siyosiy va fuqarolik ma’rifati tizimidagi o‘quv-seminarlar Prezidentimiz ilgari surgan mamlakatimizda demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalar asosida tashkil etilmoqda. Partiyamiz Markaziy Kengashi tashabbusi bilan shu maqsadda barcha viloyatlarda sayyor seminarlar o‘tkazildi.
2011-yilda viloyat, tuman va shaharlar miqyosida 6,5 mingdan ortiq, xususan, boshlang‘ich partiya tashkilotlari darajasida 4 mingga yaqin o‘quv-seminar tashkil etilgan. Mazkur tadbirlarda yozuvchi, iqtisodchi va siyosatshunos olimlar va boshqa ko‘plab soha vakillari ishtirok etib, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirganligi muhim ahamiyatga ega. O‘quv-seminarlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyamiz fraksiyasi a’zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari doimiy ravishda ishtirok etmoqda.
Shu bilan birga, partiyamiz Markaziy Kengashi mahalliy tashkilotlardagi Axborot-resurs markazlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha ham amaliy ishlar olib bormoqda. Xususan, 2011-yil davomida ularga 612 adabiyot, 322 o‘quv uslubiy qo‘llanma yetkazib berildi.
Partiya tizimida targ‘ibotchilar ishini kuchaytirish bo‘yicha ham amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, mahalliy partiya kengashlari qo‘shidagi targ‘ibotchi guruhlar tarkibi muntazam ravishda boyitilmoqda, ularni o‘qitish, malakasini oshirishga qaratilgan qator tadbirlar doimiy tarzda ishlab chiqilmoqda. Bu borada yo‘naltirilgan o‘quvlar mamlakatimizning barcha mintaqalarida tashkil etildi.
Shunga qaramay, partiya tashkilotlari faoliyatida kamchilik va foydalanilmagan imkoniyatlar ham yo‘q emas. Jumladan, siyosiy va fuqarolik ma’rifati tizimida o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulotlarning hammasi ham yuqori saviyada tashkil etilayapti, deya olmaymiz. Mahalliy partiya kengashlaridagi Axborot-resurs markazlarining moddiy-texnik ta’minlanganligi, targ‘ibotchi guruhlar faoliyati ham bizni to‘liq qoniqtirmaydi. Afsuski, ayrim hollarda mahalliy partiya kengashlari Markaziy Kengashdan uslubiy material va amaliy yordam kutib qolmoqda. Ular bu borada o‘z imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmayapti. Ayni paytda Axborot-resurs markazlarini kitob, axborot, texnika va ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari bilan ta’minlashga barcha hududlarda hali yetarli e’tibor berilmayapti.

Bu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida partiyamiz Markaziy Kengashi siyosiy va fuqarolik ma’rifati tizimida tashkil etilayotgan seminarlarni yana-da takomillashtirish, mahalliy partiya kengashlaridagi Axborot-resurs markazlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, targ‘ibotchi guruhlar a’zolari bilan alohida ish olib borish, jumladan, ular bilan ikki kunlik respublika o‘quv-seminari o‘tkazish hamda mahalliy partiya tashkilotlarini markazlashgan tarzda ko‘rgazmali vositalar bilan ta’minlashni rejalashtirgan.
Mustahkam oila yili munosabati bilan partiyamiz Markaziy Kengashi o‘z faoliyatini $$Oliy Majlis Qonunchilik palatasi$$dagi fraksiyasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlik guruhlari vakolatidan foydalangan holda, dasturiy maqsadlariga muvofiq bir qancha muhim masalalarga yo‘naltirishni ko‘zda tutmoqda. Bunda, xususan, tegishli qonunlar va me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq aholining tibbiy sug‘urtasi tizimini bosqichma-bosqich tashkil etishni yakuniga yetkazish, onalar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, yosh oilalarga, chekka aholi punktlarida ishlayotgan o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlariga uy-joy sotib olish va qurish uchun imtiyozli kreditlar ajratishning huquqiy asosini mustahkamlash, namunali loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun imtiyozli kreditlar berish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni muhofaza qilish borasidagi me’yorlarning bajarilishini jamoatchilik nazorati o‘rnatish, elektoratimiz manfaatini samarali himoya etishda o‘zini oqlagan tajriba iqtisodiy forumlarni davom ettirish, bunda imkoniyati cheklangan kishilarga alohida e’tibor qaratish ustuvor vazifalarimizdan hisoblanadi.
Partiyamizning jamiyatda qay darajada obro‘-e’tiborga, ta’sir kuchiga ega bo‘lishi va elektorat oldida yuzi yorug‘ bo‘lishi bu vazifalar ijrosiga bevosita bog‘liqdir.

Total words

838

Unique words

537

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

1

TTR

0.641

Hapax

405

Distribution

Top frequency chart

Dataset