Xalqimizda «O‘tirgan bo‘yra, yurgan daryo» degan naql bor. Yurt kezgan, yaxshi-yomonni ko‘rgan, turli holatlarga guvoh bo‘lgan, birini ikkinchisiga qiyoslagan odamning dunyoqarashi butunlay boshqacha bo‘ladi. Bunday odamlar ko‘rgan-kechirganlariga suyanib fikr yuritadilar.
To‘qsoninchi yillarning boshi-dayoq biz istiqlolning buyuk bir ne’matidan bahramand bo‘ldik — xalqimiz uchun dunyoga chiqish yo‘llari ochildi, sobiq tuzum sharoitida bu yo‘lga qo‘yilgan g‘ovlar olib tashlandi. Rivojlangan g‘arbu sharq davlatlariga safar qilish, manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, savdo-sotiq bilan shug‘ullanish, farzandlarimiz uchun esa ularning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkoniyati yuzaga keldi. Eng muhimi, fuqarolik pasportimizda «Dunyoning barcha mamlakatlariga chiqish uchun ruxsat beriladi», degan yozuv paydo bo‘ldi. Har gal shu yozuvga ko‘zim tushganida, ich-ichimdan g‘ururlanib ketaman. Chunki istiqlolimizning ma’no-mohiyatini shu birgina jumlada ham ko‘rish mumkin edi-da. Uni o‘qib, sobiq tuzumning adoqsiz taqiqlari yodimga tushadi. Shu bir jumla istiqlolimizni istehzo bilan kutib olganlarga, ularning «O‘zlaricha mustaqillik e’lon qilib, biri ikkinchisiga ergashib, safga tizilayotgan jumhuriyatlar hech qayoqqa bora olmaydilar, milliy mahdudlikka beriladilar, ma’rifiy dunyodan uziladilar va erta-indin safimizga bo‘yin egib qaytib kelishadi», degan kaltabin da’volariga munosib javob bo‘ldi.
$$O‘zbekiston$$ milliy mahdudlikka berilmadi. Aksincha, dastlabki mustaqil qadamlaridayoq, dunyoning iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy kengliklariga, ilmiy markazlariga, ishbilarmonlik, hamkorlik chorrahalariga, tafakkur va taraqqiyot olamiga intildi. Dunyo ham, o‘zi uchun uzoq yillar davomida yopiq bo‘lgan bu muqaddas zamin sari oshiqdi. Qars ikki qo‘ldan chiqdi — bugun bu intilishning samarasini har birimiz o‘z ko‘zimiz bilan, o‘z hayotimizda, o‘z taqdirimizda, farzandlarimizning kamolida ko‘rib turibmiz. Bugun endi biror-bir tadbirkorni, olimni, rassom yoki san’atkorni yo‘qlagudek bo‘lsangiz, «Kecha $$Amerika$$ safaridan qaytib kelib, bugun Yaponiya safariga jo‘nab ketdi, u yerdan to‘g‘ri Italiyaga o‘tarmish», degan gapni eshitish oddiy voqea bo‘lib qoldi.
Ushbu mulohazalarning qog‘ozga tushishiga sabab bo‘lgan yana bir voqea. Yaqinda qadrdon do‘stlarimdan birini yangi uy bilan qutlagani borgan edim. Uning otasi umr bo‘yi daladan chiqmay mehnat qildi, bolalarini oyoqqa turg‘izdi. O‘g‘li ham dehqon, ammo tadbirkor dehqon. Hisob-kitobi aniq, nima ekishni, kimga sotishni o‘zi hal qiladi. Shu do‘stimning qizi musiqaga qiziqib qolibdi. Ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qibdi, yaxshi ustozlardan ta’lim olib, mahoratini oshiribdi. O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi jamg‘armasi tashkil etgan tanlovda sovrindor bo‘libdi. «Qizchani tabriklab qo‘yay», desam, otasi: «Kecha $$Italiya$$ga jo‘nab ketdi, yosh pianinochilarning xalqaro festivali bo‘larmish», deydi. Bu gapni u shunchaki oddiy axborotday aytdi. Chunki qizlari bir necha xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan musiqiy tanlovlarda qatnashib ulgurgan ekan.
Istiqlol bois, mustaqil davlatimiz dunyoga yuz burdi. Dunyoning bizga, maqsad-muddaolarimizga, turmush tarzimizga, milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga bo‘lgan qiziqishi tobora oshib bormoqda. Buni yurtimizga mehmon bo‘lib kelayotgan sayyohlar misolida ham ko‘rish mumkin. Bir umr mehnat qilib, umr adog‘ida dunyo sayohatiga chiqqanlar orasida poytaxtimiz $$Toshkent$$ni, $$Samarqand$$ni, $$Buxoro$$ni, $$Farg‘ona vodiysi$$ni ko‘rishga oshiqayotganlar, [Amir Temur], [Imom Buxoriy,] [Bahouddin Naqshband,] [Burhoniddin Marg‘inoniy] qadamjolarini ziyorat qilishni, har sohadagi yutuqlari bilan dunyoni hayratga solayotgan mamlakatimizda mehmon bo‘lishni orzu qilayotganlar qancha.
Xalqimizda: «Mehmonning ko‘zi o‘tkir bo‘ladi», degan naql ham bor. Boshqa bir yurt, boshqa mintaqaga borgan kishi avvalo aeroportda, mehmonxonada, ko‘cha-ko‘yda, ayniqsa, bozorda ko‘rgan-eshitganlariga jiddiy e’tibor beradi. Buning boisi, bozor faqat oldi-sotdi qilinadigan joy emas, bu makon juda qadim zamonlardan buyon xalqning turmush tarzi, madaniyati, xarid quvvatini ko‘rsatadigan o‘ziga xos ko‘zgu. Sharq bozorlarida millatning ma’naviy-axloqiy qiyofasi, qadriyatlari, ezgulikka yo‘g‘rilgan urf-odatlari o‘z ifodasini topadi. O‘zga yurtlardan kelgan sayyohlar rastalarni erinmay aylanishadi, yoyma do‘konlardan sovg‘a-salom xarid qilishadi, sotuvchilarning muomalasiga, xaridorlarning rang-ro‘yiga e’tibor berishadi.
Jamiyat hayotida kechayotgan jarayonlarni, o‘tkazilayotgan islohotlarning samarasini, odamlarning turmush tarzida, ong-shuurida yuz berayotgan o‘zgarishlarni bozorda yaqqol sezish mumkin. Mamlakatimiz bozorlarining kengayib borayotgani, yangilari qurilayotgani, eskilari qayta jihozlanayotgani, sotuvchi uchun ham, oluvchi uchun ham zarur qulayliklar yaratilayotgani, peshtaxtalarda kundalik ehtiyoj tovarlari, oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘pligi to‘kin-sochinlikdan, mo‘l-ko‘llikdan, aholi xarid quvvatining oshayotganidan dalolat beradi. Bozorning o‘ziga xos ko‘zguligi ma’nosi ham shunda. Unda hamma narsa aniq-ravshan ko‘rinib turadi.
Ko‘pchiligimiz dunyoning bozorlarida bo‘lganmiz. Lekin o‘ylab ko‘ring, qaysi bir yurtnning bozorida: «Kelib qoling, dehqonchilik, arzon, pulingiz o‘zingiz bilan ketadi, eb ko‘ring, eganingizga pul yo‘q», degan so‘zlarni, «Sazangiz o‘lmasin, mayli, siz aytgan narxda bo‘la qolsin», degan lutfni eshitasiz? Mahalla oqsoqollariga ehson dasturxoni yozayotgan yoki o‘g‘il-qizini uylatayotgan shaharliqqa dehqon meva sotsa, tarozi pallalari to‘g‘ri bo‘lgach, bir juft olma yoki bir shingil uzumni qo‘shib beradi va «Biz ham duoga qo‘shilib qolaylik», deydi. Bunday mehr-oqibatni boshqa qayerda ko‘rganmiz? Yana qayerda odamlar meva-cheva, qovun-tarvuzni tanovul qilib bo‘lishgach, «Ekkanga, tikkanga, yetishtirganga rahmat», deb bobodehqonning haqiga duo qilishadi?
Hech joyda! Bu hisob-kitobli dunyoning hech bir bozorida, hech bir dasturxonida, hech bir duosida bunday go‘zal o‘zbekona muruwwatni eshitib bo‘psiz.
Bozorlarimizni, bozor madaniyatini mana shuning uchun ham asrashimiz, avaylashimiz kerak!
Bir qarashda, hammasi joyida. Ammo shu bir qarashning o‘zidayoq bugungi o‘zbek bozorining sha’ni va maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan ayrim holatlar ham ko‘zga tashlanadi. Chunonchi, belgilangan joyda emas, yo‘l va yo‘laklarda, o‘tish joylarida, zinapoyalarda, rastalarga kiraverishda turib, «qo‘lbola» mahsulotlar bilan (ularning iste’molga yaroqli yoki yaroqsizligini ajratish juda qiyin) savdo qilayotganlar, bir-biri bilan joy talashib, dahonaki «jang» qiladiganlarni, afsuski, uchratib turamiz. Bozor nomi bilan bozor, bu yerda hech kim o‘z molini yomon demaydi. Nima qilib bo‘lsa-da, pullashi kerak. Har bir xaridor yoniga bittadan maslahatchi qo‘yib, «Hoy birodar, ehtiyot bo‘ling, tarozidan urib qolishadi, aynigan narsalarni ham sotishadi, hamyoningizni mahkam ushlang», deya ogohlantirishning iloji yo‘q. Bir-ikki chuv tushgan odam, uchinchisida aqlini tanib oladi. Ammo ayrim sotuvchilarning didsizlik, insofsizligiga befarq bo‘lmasligimiz kerak. Negaki, ularning behayo baqir-chaqirlarini nafaqat sizu biz, yurtimizga kelgan mehmonlar, xorijlik sayyohlar ham eshitadi. Ular yurtlariga qaytib, ko‘rganlarini boshqalarga gapirib beradi.
Yuqorida aytib o‘tgan safarimiz chog‘i $$Bryussel shahri$$ markazidagi bir bozorda bo‘lgan bir voqea meni juda hayratlantirgan edi. Do‘kondan o‘zimga yozlik ko‘ylak sotib olmoqchi bo‘ldim. Tanladim ham. Pulini to‘lamoqchi bo‘lib turgandim, ichkaridan bir kishi chiqib, ko‘ylakning bahosini ancha tushirdi. Men xursand bo‘ldim. Ammo o‘sha yerning o‘zida bildimki, men sotib olayotgan ko‘ylakning ozroq kamchiligi bor ekan. Do‘kon mudiri o‘sha kamchilik joyini menga ko‘rsatdi.
Uning fikricha, agar men yurtimga qaytganimdan keyin tanish-bilishlarimga, «Bu ko‘ylakni falon yurtnning falon magazinidan bilmay sotib oldim», desam, yaxshi bo‘lmas emish.
Bu voqeani hali-hanuz tanish-bilishlarimga aytib yuraman. Yaxshi ma’noda, albatta. Bizda ham har bir sotuvchi shunday bo‘lishi kerak, deyman. Bugun mamlakatimizda iste’molchilar haq-huquqlari jiddiy himoyaga olingan. Lekin har bir kishining o‘ziga insof bermasa qiyin. O‘zini hurmat qilgan, insofli, diyonatli odam hech qachon birovni aldamaydi, haqiga xiyonat qilmaydi.
Bundan rosa o‘n yil avval poytaxt bozorlaridan biriga kiraverishdagi peshtoqda «Tarozidan urish og‘ir gunoh» degan yozuv paydo bo‘lgani yodimda. Bunga qancha sotuvchi amal qildi yoki qilmadi — buni ayta olmayman, ammo shu yozuvga ko‘zi tushgan kishi bir seskanib olardi.
Bu mulohazalar faqat bozorlarimizga tegishli emas. Millatning sha’nini hamma joyda — mamlakat darvozalarini eslatadigan aeroportlarda, vokzallarda, mehmonxonalarda, transport vositalarida, yo‘llarda, to‘ylarda, ko‘cha-ko‘yda, o‘zaro muomalada ham saqlashimiz kerak. Toki, $$O‘zbekiston$$ haqida gap ketganda, xorijliklar bizdagi chin insoniy fazilatlar — yuksak muomala madaniyati, mehr-oqibat, oriyat, hurmat-ehtirom, ishonch va bag‘rikenglikni sanab, sanog‘iga yetmay yurishsin.
Total words
1,047
Unique words
787
Annotated anthroponyms
4
Toponyms
9
TTR
0.752
Hapax
658
Distribution
Top frequency chart
Dataset