O‘lkamizda qish, ammo bozorlarimizda to‘kinchilik... Bobodehqon yoz bo‘yi qilgan mehnati samarasini saralab, ro‘zg‘orini butlashni, o‘zi ham, xaridorni manfaatdor qilishni o‘ylaydi. Ayniqsa, shu kunlarda poytaxt bozorlari yanada gavjum. Yaqinda ularni aylanib yurib, xayolimni savdo-sotiq emas, balki u yerda bo‘lgan odamlar — sotuvchi-yu xaridorlarning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan munosabati, muomalasi, ishonchi, halolligi — qo‘yingki, savob yo‘lidagi xayru saxovatlari tortdi.
Mana, $$“Chorsu” bozori$$. Oziq-ovqat, meva-cheva, sabzavot — hammasi bor. Lekin, nazarimizda, mo‘l-ko‘lchilik ichkaridan ko‘ra tashqarida ko‘proq namoyon edi. Ichkarida ayrim peshtaxtalar bo‘m-bo‘sh bo‘lishiga qaramay, olib-sotar ham, dehqon ham u yerga kirishni xushlamaganday...
— Ichkarida ertadan kechgacha o‘tirib nima qilaman, — deydi Baxmallik onaxon. — Mana, 30 yashik olma olib kelgandim. Qutisini 6000–6500 so‘mdan ko‘tarasiga sotdim. Maydalab sotishga vaqtim ham yo‘q, toqatim ham...
— Ichkarida sal qimmatroq sotarmidingiz? — so‘rayman o‘smoqchilab.
— To‘g‘ri-kuya, yana bir tomoni bor. Mana bular peshtaxtalarni egallab olganlarga qarab ishora qildi u, — yo‘l berishmaydi. Mashinada kirib kelishingiz bilan: “Ko‘tarasiga sotsang — sotding, bo‘lmasa, boshqa yerda sot”, — deb do‘q-po‘pisa qiladiganlari ham bor. Hatto tanish-bilishlarini yetaklab ...kelib, pasportingni tekshiradi. Hammasi joyida bo‘lsa-da, “u-bu” deb so‘roq qilishaverib, na tinchingga qo‘yadi, na savdoga... Ba’zilar bor, “bolam-chaqam” deb shu yo‘lga kirgan. Qaysi kuni yoshgina bir kelinchak: “Erim uchta bolam bilan tashlab ketgan deb yig‘ladi. Ko‘nglim buzildi. Yoqimtoygina ekan. Rahmim kelib, “Kel, savob bo‘lar,” deb bir yashik olmani arzon-garovga berib yubordim...
Onaxonning gaplari to‘g‘ri, — gapga aralashdi yonidagi sherigi. — Ammo shu yil bahorda yoshgina bir ayol o‘zining dard-hasratlarini shunday alam bilan gapirdiki, bilasizmi, “sel” bo‘lib oqib ketganimdan 2 quti olmamni nasiyagа berib yuborganimni bilmay qoldim. Yiğlanib-siqtanib iltimos qildi-da. So‘ng ancha fursat ortidan elib-yugurishimga, qo‘l bilan berib, oyoq bilan chopishimga to‘g‘ri keldi. Lekin, hamma harakatim zoe ketdi... Olibsotarlarning ana shunaqa diyonatsizlaridan Xudo saqlasin...
Shunday kezlarda beixtiyor o‘ylab qolasiz: olibsotar kim? Yoki bozorda o‘zini “savdogar” deb hujjatlashtirgan va peshtaxtasi o‘rnini sotib olgan hamma sotuvchi ham savdogarmi? Nazarimizda, ayni shu savolga javob topish, ularni farqlash payti keldi. Buning uchun mavjud qonunlarda belgilab qo‘yilgan tartib-qoidalar va alohida moddalar ham bor. Har qalay, kuyunib ketgan bir xaridor aytganidek, olibsotar “mahsulot yetishtiruvchi bilan xaridor o‘rtasidagi shumg‘iya” degan ta’rifga o‘rin qolmasligi, ular “o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmondа hozir” bo‘lmasligi kerak.
Shundagina nafaqat bozorlarda, balki savdo-sotiq amalga oshirilayotgan boshqa katta-kichik shahobchalarda ham odamlarning bir-birlariga bo‘lgan muomalasi, mehr-oqibati, ishonchi va halol-pokizaligi uyg‘unlashadi. Shundagina ular bir-birlarining ko‘nglini xira qilmaslikka, aldamaslikka, ro‘y-rost gapirishga odatlanishadi. Bir-birimizning ko‘zimizga samimiy tikilsak, yuzlarimizda ochiq chehraning taftini sezsak — qanday soz... Zero, mehr-muruvvat degani ana shunday insoniy ziynatlardan boshlansa, ajab emas.
Total words
386
Unique words
312
Annotated anthroponyms
0
Toponyms
1
TTR
0.808
Hapax
270
Distribution
Top frequency chart
Dataset