Main text:
Samarqand oblast Paxtachi rayonidagi “Samarqand” kolxozi 1976 yilda gektaridan 47.2 sentnerdan paxta xirmoni koʻtarib, yaxshi koʻrsatkichga erishdi. 1977 yilda hosildorlikni 50 sentnerga yetkazish tashabbusi bilan maydonga chiqdi.
Oʻtgan xoʻjalik yillarining yakuni dillarimizni quvonchga toʻldirdi. Azamat dehqonlarimiz qahramonlik namunalarini koʻrsatib ishladilar, tabiat oʻjarliklari tufayli yuz bergan qiyinchiliklarni mardlik bilan yengdilar. Moʻl hosil uchun kurash jarayonida Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining paxtakorlar haqida qilayotgan otalarcha gʻamxoʻrliklarini har qadamda sezib turdik. Samarqand oblast partiya va sovet tashkilotlari fan-texnika yutuqlari, ilgʻor tajribasini hayotga tatbiq etishda katta yordam berdilar.
Kolxozimiz 1.165 gektar maydonning har gektaridan 47.2 sentnerdan “oq oltin” xirmoni koʻtarib, yuksak sotsialistik majburiyatini sharaf bilan ado etganini mamnunlik bilan tilga olamiz. Ona-Vatanga 5 ming 510 tonna paxta armugʻon etdik.
Oʻtgan yili dilimizda juda koʻp orzu-istaklar tugʻyon urgan edi. Yilni chinakam yuqori hosil yiliga aylantirish, hosilning katta qismini “zangori kema” larda terib olish, samaradorlikni oshirib, sortni yaxshilash, yalpi daromadni koʻpaytirish kabi niyatlarimiz bor edi. Shunday zamonda yashayapmizki, inson halol mehnati bilan oʻz orzulariga yetishi, istaklarini amalga oshirishi mumkin. Buni quyidagi misollarda ham koʻrish mumkin.
Agrotexnika tadbirlarini izchillik bilan qoʻlladik. Har qarich yer, har qatra suvdan, zoʻr quvvatga ega boʻlgan oʻgʻitlardan, texnika vositalaridan hosildorlikni koʻtarish yoʻli bilan yalpi paxta miqdorini koʻpaytirishni koʻzlab foydalandik. Kolxozchi dehqonlarimiz, xususan, suvchilarimiz va mexanizatorlarimiz mehnatda ongli intizom namunalarini koʻrsatdilar, topshirilgan ish uchun masʼuliyatni toʻla his etib tashladilar. Natija chakki boʻlmadi. Bir yilda har gektar yerning hosildorligini 3 sentner oshirdik.
Sotsialistik musobaqa ilhombaxsh kuchga aylandi. Brigadalararo gʻoliblik uchun kurash boshlandi. Kolxozchilarimiz oʻziga topshirilgan ishni tez va soz bajarish, kam mablagʻ va mehnat sarflab, koʻp va yuqori sort mahsulotlar tayyorlashga harakat qildi. Shunisi quvonchliki, barcha tarmoqlarning xodimlari – paxtakorlaru gʻallakorlar, pillakorlaru bogʻbonlar – oʻz zimmasiga yuksak majburiyatlar olib, uni bajarish uchun astoydil kurashdi. Irmoqlar birlashib daryolar hosil qilganidek, hamma va har bir kishining kuch-gʻayrati jamlanib, barcha tarmoqlar, xususan, paxtachilikda misli koʻrilmagan yutuqlarga olib keldi.
^^Norxol Qurbonova^^ boshliq brigada har bir gektar yer hosilini 63.4 sentnerga koʻtardi, davlatga 476 tonna yuqori sort paxta topshirdi. Bu rekord koʻrsatgichdir. [Hayriddin Neʼmatov], [Shukur Nomozov], [Xoʻjayor Xalilov], [Olloyor Xalilov], [Toʻxtaniyoz Otaqulov]lar boshliq brigadalarda ham 51-53.5 sentnerdan paxta yetishtirildi. 1977 yilda bu koʻrsatkichlarni sira pasaytirmagan holda barcha brigadalarimizni shular darajasiga koʻtarish niyatidamiz. Shuning oʻzidangina xoʻjaligimiz boʻyicha hosildorlikni 50 sentnerga yetkazish mumkin. Bugungi shodiyona kunlarda zavqli mehnat gashtini surayotgan paxtakorlarimiz ana shunday orzularni koʻngillariga tugib qoʻydilar.
Paxtachilikda yuksak choʻqqilarga koʻtarilishimizda terimni kompleks mexanizatsiyalash katta rol oʻynaydi. Mexanizatorlarimiz butun yil davomida moʻl hosil uchun kurashning oldingi saflarida bayroqdor boʻlib bordilar, ularning paxta yigʻim-terim davridagi gʻayrat-shijoatiga ofarinlar aytsa arziydi.
Gʻolib mexanizatorlar roʻyxatiga koʻz tashlaymiz. Ularning safi kengaydi, malakasi oshdi, mehnatsevarligi kuchaydi. Hamma va har bir mexanizator jonbozlik koʻrsatib ishlagani tufayli umumiy hosilning 70 protsenti bunkerlardan toʻkildi. Eʼtirof etishimiz kerakki, mashina terimizda rayonimizning koʻrsatkichidan bir oz orqada qoldik. Paxtachi rayonimiz boʻyicha gektaridan 42 sentnerdan “oq oltin” olindi, davlatga 53 ming tonna durdona sotildi. Shuning 73 protsentini mexanizatorlar terib berishdi. Yangi yilda mashina terimizda rayon miqyosidan oʻzib ketishni dilimizga tugib qoʻydik. Pravleniye, partiya tashkiloti hozirdayoq bu borada konkret tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Yon qoʻshning – jon qoʻshning, degan gap bor. Qoʻshni kolxozlar ham ajoyib yutuqlarni qoʻlga kiritdilar. [Kirov] nomli kolxoz 47.5 sentnerdan xirmon koʻtarib, hosildorlikda birinchi oʻrinni egalladi. Yangi yilda barcha kolxozchilarimiz kirovchilardan oʻzib ketish uchun kurashmoqlari kerak. [Kalinin] nomli, [Karl Marks] nomli, “Kommunizm” kolxozlari ham 42-44 sentnerlik marrani egalladilar. Bu rayon partiya va sovet tashkilotlari barcha xoʻjaliklarda hosildorlikni koʻtarish uchun katta ishlar olib borganini koʻrsatadi. Sotsialistik musobaqa shartlarining kolxozlararo tekshirib borilishi ham gʻalabaning asosiy omillaridan biri boʻldi.
Keyingi yillarda brigadalar, ayrim kolxozlargina emas, balki butun rayonimiz boʻyicha hosildorlikni koʻtarish uchun kurash muqaddas burchga aylandi. Paxtachi rayonimizni respublikamiz boʻyicha hosildorlikda eng yuqori koʻrsatkichga erishuviga olib kelgan sabablardan biri ham shu boʻldi. Bizning kolxozimiz rentabellikni 1975 yildagi 37.1 protsentdan 1976 yilda 43.7 protsentga koʻtardi. Bir kishi kunining qiymati 6 soʻmdan oshib ketdi.
Mehnatning tagi rohat, deb bejiz aytmaganlar. Astoydil mehnat qilib koʻp paxta va boshqa mahsulotlar yetishtirgan dehqonlarimiz katta daromad olmoqdalar. Xoʻjaligimiz boʻyicha faqat paxtachilikdan 3 million 300 ming soʻm daromad oldik, umumiy daromad esa 3 million 700 ming soʻmga yetdi.
Kolxozchilarimizning koʻpchiligi yangi yilni yangi uylarda kutib oldilar, toʻy-tomoshalar oʻtkazdilar. Mexanizatorlarimizdan bir qismi yengil mashinalar, mototsikllar sotib oldi. Qishloqlarimizda turmush madaniyati tobora yuksalmoqda. Eng muhimi – mehnat bilan pul topishni bilgan kolxozchilarimiz, uni eng zarur ehtiyojlar uchun, ortiqcha chiqimga yoʻl qoʻymay sarflashni ham bilib oldilar, hisobdon boʻlib qoldilar.
Endigina boshlangan 1977 yilda kolxozimiz mehnatkashlari 50 sentnerlik “oq oltin” marrasini egallaydilar. Hozirdanoq ana shu orzularimiz qanot qoqmoqda, koʻklam ekish mavsumiga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda.
Yangi yilingiz qutlugʻ boʻlsin, aziz paxtakor oʻrtoqlar!
Total words
735
Unique words
524
Annotated anthroponyms
9
Toponyms
0
TTR
0.713
Hapax
417
Distribution
Top frequency chart
Dataset