[Odiljon] ota kecha nevarasi [Alijon] aytgan so‘zlarini esladi:
— Opam siz bormasangiz ZAGSga chiqmaskan.
— Dunyoning ishlari qiziq, — o‘yladi chol, — bir palakdan yetti hosil olisharkan. Katta nevarasi boshqacha, bunisi... Kimning ta’biriga ketgan. Birida mehr bisyor, birida nafrat! Qaysisida mening hissam bor? Axir, Yaratganning o‘zi shohid-ku?
[Odil] ota bozor rastalarini aylandi, nevarasiga loyiq to‘yona izladi. Bir dasta gul va chinni servis sotib oldi-da, so‘ng manzilga harakat qildi. Chol taksiga o‘tirgandi hamki uning yelkasiga birov qo‘l tashladi.
— Assalomu alaykum, domla. [Odiljon] ota ortiga qaradi. Xira tortgan ko‘zlari [Qobiljon]ga tushdi.
— Omonmisan, o‘g‘lim. Xola yaxshilarmi, o‘zing omonmi?
[Qobiljon] xaridni katta qilibsiz, to‘ygami, degandek cholga qaradi. Ota o‘ng‘aysizlandi. Chunki [Qobiljon] hamma narsadan xabardor edi-da. Chol o‘zing bilasan-ku, degandek bosh silkitdi.
[Qobiljon]ning otasi chol bilan bir qishloqda katta bo‘lishgan, bordi-keldi, yo‘qlab turishlar yaqin kunlargacha davom etgani uchun ham yigit otani tushundi. Ota-da, hammasini kechirishga qodir.
Otaning nigohi taksi oynasiga qadalganicha, jim borar, ko‘z o‘ngidan esa o‘tmishi bir-bir o‘tardi...
[Odiljon] aka qishloqning old ziyolilaridan edi. O‘rtahol, ro‘zg‘orini muallimlikdan topgan halol mehnati bilan tebratar, boriga shukr qilardi. Bir o‘g‘il, bir qizni el koriga yarasin, deb tarbiyaladi, o‘qitdi. Esida, o‘sha yetmishinchi yillar, o‘g‘lini institutga joylash uchun bostirma ostidagi sigirini bozorga olib chiqib sotdi. Xullas, o‘g‘li o‘qishga kirdi. U kampir bilan qoq non yegan kunlari ko‘p bo‘lgan. Qo‘lida diplom bilan qaytgan o‘g‘lini ko‘rganda, endi bir qarzim qoldi, so‘ng ularning huzurini ko‘raman deb, quvongandi sho‘rlik. Qo‘shnisining qiziga ham og‘iz solgani-chi? Bo‘lmadi, [Mo‘minjon] boshqani dedi. Shunda ham uning rayiga qarshi bormadi. Qiz birovning hasmi, o‘g‘lim...
[Mo‘minjon]ning to‘yi bo‘lib o‘tdi. Lekin... ota-onaning qalbida o‘chmas jarohat qoldiki, uni boshqa birov tushunmasdi. To‘yning ikkinchi kuni [Mo‘minjon] otasi oldiga tayoqdan zada bo‘lgan kishidek chiqdi. U chimildiqdan izlagani dur emas, balki ming kishining qo‘liga tushgan siyqa tanga edi. – O‘g‘lim, javobini issigʻida ber, - dedi [Odil] ota, hammasiga chidaymiz.
Isnodga qoldik, yig‘ladi sho‘rlik kampir. O‘g‘il o‘yga tolgandek bo‘ldi. Bu uning nima bo‘lganda ham shu bilan yashayman, degani edi. [Mo‘minjon] o‘rta bo‘y, xushbichim yigit bo‘lib, juda sodda edi. U hamma narsaga ishonar, hayotni o‘zicha tushunardi. Shunisi unga balo bo‘ldi. ^^Sakina^^ tanishganidayoq, uning og‘ziga cho‘p o‘lchab olgandi. O‘sha oqshom ham u birorta yigitga qo‘lini ushlatmagandek uyalinqirar, hirsga to‘la ko‘zlari yigitning vujudini olovdek yondirardi. Bu esa [Mo‘minjon]ning ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib qo‘ygandi: sendan boshqani desam o‘lay!
Kunlar gʻir-g‘ir o‘ta boshladi. Itoatkor qulga aylangan, xotinining irodasiga butunlay bo‘ysungan [Mo‘minjon]ning ixtiyori o‘zida emasdi. Bizni baxtsiz qil- moqchi bo‘lgan ota-onangizdan alohida yashamasak, birimiz ikki bo‘lmaydi. Qildan qiyiq axtarishlari jonimga tegdi!
^^Sakinaxon^^ shunday deb turib oldi. Buning ustiga qaynonasi pishirgan taomlardan qiyiq axtarishni, uyiga og‘aynim, deb har qanaqalarni olib kelishni kanda qilmadi. Bular bora bora chuqurlasha bordi. [Odiljon] ota o‘gʻlini bag‘ridan chiqarishga rozi bo‘ldi, ammo o‘g‘liga yana bir bor uqtirdi: aqlingni yig‘ib ol, hali ham vaqt bor…
…Mashina bir silkindi, ota xayollarini yig‘ib oldi. Ko‘prikdan o‘tibmiz, yaqin qoldi. Qanday qarshi olisharkan? O‘sha jodugarga yana ro‘baru bo‘lamanmi? O‘g‘lim-chi?
— Kechqurun to‘yda uchrashamiz, domla, - dedi [Qobiljon]. Ota o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lgani uchun sekingina ha, deyaoldi, xolos. Kimdir, domla yanga qani, olib kelmadingizmi, deganda cholning boshidan suv qo‘yishgandek bo‘ldi…
O‘shanda bahor edi. Bahri buvi kelin-o‘g‘il hasratini ko‘tarolmay, olamdan o‘tdi. Ota endi butunlay yolg‘izlanib o‘z uyiga sig‘may qoldi. Zerikkanida o‘gʻlinikiga boray desa, jodugar kelini hammani undan sovutgan, qizi esa ancha olisga tushgan. Tengqurlari maslahati bilan shahardan bir beva ayolga uylandi. Uylanganda ham Bahri buvi vasiyatiga amal qildi.
Kecha to‘yga kelish oldidan kampiriga maslahat solgandi, u o‘zingiz boring, har holda pushti kamaringizdan bo‘lgan bolangizning qizi. Quruq qo‘l bilan bormang tag‘in, deb tayinladi. O‘g‘lingizga og‘irligimiz tushmasligini ham ayting, dedi. Sho‘rlik kampiri har ikkovlari uchun o‘limlikni allaqachon bekamu ko‘st tayyorlab qo‘ygani cholni yanada ezadi. Qariganida shunday odam bo‘ldimi? Axir, o‘gʻlining shu darajaga yetishida xizmati singgan emasmi? O‘sha hashamatli hovli, qo‘sha-qo‘sha mashina, obroʻ, mansab poydevori domlaning e’tiboridan so‘zlamaydimi? Aybi o‘g‘lining kelajagini o‘yladi, uydagi gapni ko‘chaga chiqarmadi! Buning evaziga qaytgani bepisandlik, mehrsizlik, so‘nmas nafrat!
Katta ko‘cha o‘rtasida o‘nlab bezatilgan mashinalar turibdi. Hovlida karnay-surnay ovozi yangraydi. Tumonat odam. Ular orasidan chol nevarasi Sarvigulni izlaydi, Ana, u quchoq ochib kelyapti. Ortidan [Mo‘minjon] ham ko‘rindi…