🔍

Article

YAKUNLANGAN ASRNING BUYUK IXTIROLARI

By Navbahor Imomova • in 2001

Mashhur olim [Benjamin Kan] nihoyasini topgan XX asrni «Ixtirolar va buzg‘unchilik asri» deb ta’riflaydi. To‘g‘ri, asr buyuk kashfiyotlarga to‘la davr bo‘ldi. Avtosanoatning vujudga kelishi, telekommunikatsiyaning yaratilishi, kompyuterlar kashfiyoti, genetika sohasidagi olamshumul tadqiqotlar bilan bir qatorda ulardan-da qudratliroq bo‘lgan atom bombasining yaratilishi o‘tgan yuz yillikni insoniyat tarixidagi eng muvaffaqiyatli va bir paytning o‘zida eng xavfli hamda xatarli davrga aylanishiga sabab bo‘ldi deb fikr yuritadi olim. O‘tgan asrimiz ot aravalar va siyohli qalamlar bilan boshlangan bo‘lsa, asr oxirida biz samolyot va avtomashinalarning yuzlab turlariga ega bo‘ldik. Ko‘z oldimizda har bir daqiqa sayin yangiliklar yuz bermoqda. Shunday sanoqsiz kashfiyotlar ro‘y berayotgan bir paytda inson hayoti qay darajada xavfsizlanayapti, degan savolga javob berish afsuski, oson emas. Farmatsevtika olamida tinimsiz tadqiqotlar olib borilishiga qaramasdan, yer yuzida turli kasalliklar epidemiyalar avj oldi. Ilm- fan va texnika sohasida buyuk o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bir paytda bu tadqiqotlar kishilar o‘rtasidagi ijtimoiy kelishmovchiliklarga barham bermayapti, ustiga-ustak bugun shu kashfiyotlar bir lahzada sayyoramizni butunlay yo‘q qilib yuborish darajasida tayyor turganligini ham eslatib o‘tish joizdir. Yaxshisi, o‘tgan yuz yillik davomida hayotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etgan buyuk ixtirolar qaysi sohalarda bo‘lganligiga e’tiborni qaratsak. Ingliz jurnalisti [Richard Ingem] «o‘z nihoyasiga yetgan asr davomida kashfiyotlar ko‘p bo‘ldi, ammo ularning ichidan ayrimlari asrning eng ulug‘ ixtirosi degan nomga sazovordir», deb fikr yuritadi. 1903-yil asrning ilk kashfiyoti – uchish bo‘ldi. Velosiped ishlab chiqaruvchi aka-uka Raytlar birinchi marta motor yordamida uchish operatsiyasini amalga oshiradi.
Asrning ikkinchi ixtirosi bu televideniyening vujudga kelishidir, deb yozadi [Richard Ingem]. Televizorning yaratilishi shotlandiyalik muhandis Jon lochi Verd nomi bilan bog‘liq. U 1923-yil o‘zining «Sakkiz chiziqli» tadqiqotini boshlaydi. 1930-yilda esa televizor Yevropaning savdo rastalarida paydo bo‘ldi. 1932-yilda Bi-bi-si jahondagi birinchi muntazam televizion ko‘rsatuvlarni boshladi.
Uchinchi kashfiyot bu farmatsevtika sohasida penitsillin dorisining kashf qilinishi bo‘ldi. Inson sog‘lig‘ini saqlash yo‘lidagi bu tadqiqot o‘zining samarali natijasini butunlay isbotladi. Bu shifobaxsh modda 1928-yil yana bir shotlandiyalik tadqiqotchi [Aleksandr Fleming] tomonidan ishlab chiqildi.
Asrning to‘rtinchi ixtirosi bu atom energiyasi bo‘ldi. Atom asrining boshlanishi 1942-yillarga to‘g‘ri keladi. Birinchi atom bombasi 1945-yil 16-iyulda (Nyu-Meksika ning) $$Los-Alamos shahri$$da tayyorlandi.
[Ingem] ta’kidlab o‘tgan beshinchi ixtiro bu «Solosus» deb atalgan birinchi elektro-mexanik kompyuterlarning ishlab chiqilishi bilan bog‘liq. Birinchi kompyuter britaniyalik matematik olim [Alan Tyuring] tomonidan 1943-yilda natsistlarning sirli kodini buzish maqsadida kashf etildi. Keyingi kompyuter olamidagi tadqiqotlar juda muvaffaqiyatli kechgan bo‘lib, ularning salohiyati yanada mukammallashtirildi. Kompyuterning ixtiro etilishi, shubhasiz, XX asrning eng buyuk texnologik kashfiyoti bo‘ldi.
1954-yil oltinchi buyuk ixtiro, ya’ni tibbiyot tili bilan aytganda, ikki garmon aralashmasidan tashkil topgan tabletkalar yaratildi. Bu kashfiyot $$AQSH$$lik [Gregoriy Pinkus] tomonidan qilingan bo‘lib, tabletkalar ayollar sog‘lig‘i va oilani rejalashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Yana bir buyuk ixtiro, deb fikrlaydi [Richard Ingem], bu lazer yorug‘lik to‘lqinlari stimulyatsiyasining aniqlanganligidir. Buni 1917-yilda «XX asr kishisi» deb nom olgan [Albert Eynshteyn] tushuntirib bergan edi. XX asr texnologiyasi, aynan, [Eynshteyn] kashfiyotlari asosida barpo etilganligi hech qanday isbot talab qilmaydi. 1967-yilda Janubiy afrikalik jarroh [Xristyan Barnard] birinchi marotaba inson yuragini ko‘chirish operatsiyasini muvaffaqiyatli bajardi. Keyinchalik nafaqat yurak, balki miya va shunga o‘xshash nozik organlarni ko‘chirish ishlari tibbiyot olamida ko‘plab sodir bo‘ldi va bo‘lmoqda. Xuddi shunga o‘xshash yana bir ilk tadqiqotlardan biri, bu inson embrionining ayol organizmidan tashqarida o‘stirilishi va uning dunyo yuzini ko‘rishi bo‘ldi. O‘z onasi qornidan g‘ayritabiiy ravishda tashqarida rivojlangan — [Luzi Braun] degan qiz hozir 21 yoshda.
Insonning birinchi marta koinotga parvozi ham asrimizning ikkinchi yarmida sodir bo‘ldi. Birinchi fazogir [Yuriy Gagarin] 1961-yil 12-aprelda koinotta parvoz qildi, ammo kosmos asri 1957-yil 1-oktyabrda sobiq ittifoqqa tegishli «Sputnik-1» sun’iy yo‘ldoshining uchirilishi bilan boshlangandi. Keyingi ixtiro esa bugun ko‘pchilikka tanish internet tizimidir. XXІ asr informatika asri deb atalishining sababi ham internet yaratilishi bilan bevosita bog‘liq. Internet tizimi bugun axborotlarning cheksiz ravishda almashinilishi va kommunikatsiya jarayonidagi asosiy qurol bo‘lib qoldi. Ilk marotaba Pentagonda, ya’ni $$AQSH mudofaa vazirligi$$ binosida qo‘llangan bu sirli kommunikatsion tizim loyihasi bugun dunyoning turli burchaklarida davlat sirlarini saqlash uchun emas, balki oddiy aloqa vositasi sifatida qo‘llanilmoqda. Inson tomonidan yaratilgan ixtirolar – mo‘jizakor kashfiyotlar haqida fikr yuritar ekanmiz, XXІ asr bizga yana qanday yangiliklar olib kelishi, kishilar turmush tarzida yana qanday burilishlar sodir bo‘lar ekan, deya xayollarga boramiz. Keling, yaxshisi, mashhur faylasuf [Bertrant Russel]ning bir paytlar yozgan so‘zlarini eslaylik: «Ilm-fan rivoji insonning tabiat ustidan qilgan qudratli g‘alabasi bo‘ldi va shuning uchun ham uning baxti va kelajagi uchun xizmat qilishi muayyandir. Ammo shunday bo‘lishi, inson orzusining ro‘yobga chiqishi faqatgina uning ongli tarzda fikr yuritishiga bog‘liqdir».

Total words

699

Unique words

483

Annotated anthroponyms

14

Toponyms

3

TTR

0.691

Hapax

388

Distribution

Top frequency chart

Dataset