🔍

Article

OʻZBEKISTON XALQIGA YANGI YIL TABRIGI

By Islom KARIMOV, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti • in 2000

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar! Muhtaram do‘stlar! Avvalambor, bayram dasturxoni atrofida jam bo‘lib o‘tirgan siz, azizlarni keksayu yosh barcha yurtdoshlarimni kirib kelayotgan Yangi yil ayyomi bilan chin qalbimdan samimiy mubo rakbod etaman.
Bir necha daqiqalardan keyin inson o‘ziga tasavvur qilishi ham qiyin bo‘lgan voqeaning guvohi bo‘lamiz xonadonlarimizga bir paytning o‘zida yangi yil, yangi asr, yangi ming yillik kirib keladi. Asrlar va ming yilliklar almashadigan, insoniyat yangi davrga qadam qo‘yadigan bunday noyob va tarixiy lahzalarga guvoh bo‘lish barchamizga Olloh taolo nasib etgan ulug‘ in’om, katta baxtdir. Xalqimiz ta’biri bilan aytganda, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Aziz yurtdoshlarim! O‘zining olamshumul yutuqlari va mislsiz fojialari, murakkab ziddiyatlari bilan odamzotni hayratga soladigan XX asr bilan xayrlashar ekanmiz, uning ko‘p-ko‘p haqiqatlarni ochib bergan tarixiy saboqlari beixtiyor xayolimizdan o‘tadi.
Bu davr kishilik tarixida insonning koinotga chiqishi, ilm-fanning gurkirab rivojlanishi, chinakam mo‘jizalarga yo‘l ochilishi, ishlab chiqarishni, ijtimoiy hayot va inson dunyoqarashini keskin o‘zgartirib yuborgani bilan odamzot xotirasida o‘chmas iz qoldiradi. Bu asr jahon miqyosida mustamlakachilik tuzumining barham topishi, millionlab mazlum xalqlarning ozodlik va erkinlik uchun kurash davri bo‘lgani bilan ham ahamiyatlidir.
Lekin, taassufki, insoniyat bu asrda ham og‘ir muammolar, turli sinov va xavfu xatarlardan butunlay xalos bo‘lolmadi. Dunyoning ikki marta jahon urushini boshdan kechirgani, butun-butun xalqlar hayotiga xavf soladigan milliy, mafkuraviy, diniy asosdagi qarama-qarshiliklarning, hududiy mojarolarning avj olgani, xalqaro terrorchilik, ekstremizm, ekologik xatarlar, giyohvandlik kabi illatlar insoniyat boshiga ulkan musibatlar olib kelgani ham mana shu davrning achchiq haqiqatidir. O‘tayotgan asrimizga xos bunday ijtimoiy to‘fonlar bizning o‘lkamizni ham chetlab o‘tgani yo‘q, albatta. Xalqimiz mustamlakalik zulmi va qaramlik jabrini tortdi, mustabid tuzum, kamsitish, tazyiq va qatag‘on yillarini boshidan kechirdi, ozodlik va istiqlol uchun kurash yo‘lida qancha-qancha qurbonlar berdi. Lekin har qanday og‘ir, mashaqqatli sinovlarda ham o‘z orzu-niyatlaridan, dinu diyonatidan, ulug‘ maqsadlaridan, hurriyat sari intilishidan qaytmadi. Shu bois ham xalqimiz, millatimiz uchun, shu tabarruk va mo‘tabar zamin $$O‘zbekiston$$ mening yagona va betak- ror Vatanim, degan hissiyot bilan yashayotgan har qaysi inson uchun XX asr, avvalo, mustaqillik asri bo‘lib qola- jak. Biz tarix bergan noyob imkoniyatdan foydalanib, o‘z hayotimizni, o‘z taqdi- rimizni qo‘lga oldik, o‘zligimizni angladik. O‘z kuchimiz va qudratimizga isho- nib, xalqimizning olijanob fazilatlari, sabr-matonati, fidokorona mehnati tufayli qisqa davrda shu asrning oxirgi o‘n yilligida kelajagimiz va baxt-saodatimiz poydevorini barpo etdik, yangi asrga ozod xalq, erkin millat bo‘lib, yorug‘ yuz bilan kirib bormoqdamiz. Shu ma’noda, dunyodagi ilg‘or mamlakatlar bilan birgalikda taraqqiyot yo‘lidan borish, hayotimizni isloh etish, jamiyat va davlat tizimini yangilash va erkinlashtirish, bir so‘z bilan aytganda, yurtimizni obod, xalqimiz hayotini farovon qilish borasida 2000-yil o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘ldi. O‘ylaymanki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ish- lariga befarq qaramaydigan, mana shu o‘zgarishlarni o‘z qalbidan o‘tkazadigan har qaysi inson hayotimizda ro‘y berayotgan yangilanish jarayonlarini ko‘rib beixtiyor quvonishi shubhasiz. Shahar-qishloqlarimiz, yurtimiz qiyofasi kundan kunga o‘zgarib, chiroy ochayotgani, bepoyon dalalarimizda, ishga tushirilayotgan yangi-yangi korxonalarimizda, umuman, iqtisodiyotimizning barcha sohalarida odazlarning hayotga, mehnatga munosabati o‘zgarib, mas’u- liyati ortib borayotgani bugungi kunimizning eng ustuvor xususiyatidir, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi. Ma’naviy-madaniy hayotimizni yangi ma’no-mazmun bilan boyitish, milliy qadriyatlarimizni tiklash, asl tomirlarimizga qaytish yo‘lida amalga oshirayotgan xayrli va ezgu ishlarimiz o‘zligimizni anglash va buyuk maqsadlarimizga erishishda mustahkam poydevor bo‘lmoqda. Bu borada Sog‘lom avlodni tarbiyalash, Kadrlar tayyorlash bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshirish, farzandlarimizni dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan, yetuk va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish yo‘lida qo‘ygan qadamlarimiz barchamizni quvontirmasdan qolmaydi. Ayni vaqtda yurtimizning boyliklariga ko‘z olaytirayotgan, tanlab olgan yo‘limizdan sobitqadamlik bilan olg‘a yurishimizni ko‘rolmaydigan, ko‘pmillatli xalqimizning tinch-totuv hayoti- ni, o‘zaro hurmat va ahilligimizni, jamiyatimizda hukm surayotgan mehr-oqibatni buzishga urinayotgan manfur kuchlar ham borligini unutmasligimiz kerak. Shu bois biz bu kuchlarning qabih niyatlaridan doimo ogoh va hushyor bo‘lishimiz, aziz bolajonlarimizni asrash va ularni yovuz ta’sirlardan saqlash har bir ota-onaning insoniy burchi ekanini yana bir karra anglab olishimiz darkor.

Muhtaram do‘stlarim, birodarlarim! Mana shu unutilmas lahzalarda har qaysi inson Olloh taolodan qalbining to‘rida ardoqlab kelayotgan eng ezgu istak va o‘ylari ro‘yobga chiqishini, o‘ziga, oilasi va farzandlariga eson-omonlik, elu yurtiga tinchlik, to‘kinlik ato etishini, omad yor bo‘lishini so‘raydi. Men ham siz million-million aziz hamyurtlarimning ana shunday orzu- umidlariga tilakdosh bo‘lib, dilingizdagi pok niyatlaringiz ijobat topishini Yaratganimizdan so‘rayman. Hech shubhasiz, yangi kirib kelayotgan yilda xalqimizning farovonligini oshirish, uning tinch va osuda hayotini asrash, yordamga muhtoj oilalarni davlat himoyasiga olish yo‘lida, tadbirkor va ishbilarmonlar uchun, izlanib yashayotgan har qaysi inson uchun imkoniyat va shart-sharoit yaratish, ularning yo‘lini ochib berishga, odamlarning o‘z mehnati natijasidan ko‘proq bahramand bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan ishlarimiz yanada kuchayadi va, inshoollo, o‘z samarasini beradi. Yangi asrning birinchi yilini Onalar va bolalar yili deb atab, yangi yilni xonadonlarimiz charog‘i, hayot davomchisi bo‘lgan munis onalar va istiqbolimiz egalari farzandlarimiz timsolida ko‘rishimiz buyuk kelajakni faqat sog‘lom va barkamol avlodgina bunyod eta oladi, degan haqiqat hayotimizda izchil va mustahkam qaror topayotganining tasdig‘idir. Biz kirib kelayotgan yilda katta iftixor va g‘urur bilan nishonlaydigan mustaqilligimizning o‘n yillik bayrami hamda tariximizdagi buyuk sanalarni munosib kutib olishga qaratilgan barcha rejalarimiz yangi yilimizning yanada mazmunli bo‘lishiga hissa qo‘shishi va uning fayzu barakasini ziyoda etishi muqarrar. Qadrli vatandoshlarim! Barchamizning nigohimiz mangulik sari oshiqayotgan soat millariga qaratilgan mana shu hayajonli daqiqalarda har biringizni xayolan bag‘rimga bosib, aytmoqchiman: Yangi yil xonadonlarimizga baxtu saodat, fayzu baraka olib kelsin! Duogo‘y otaxon va onaxonlarimizning umrlari ziyoda bo‘lsin, o‘g‘il-qizlarimizning kamolini bersin! Xalqimizning boshi omon, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin! Yangi yil, yangi asr, yangi ming yil- lik barchamizga muborak bo‘lsin!

Total words

855

Unique words

628

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

1

TTR

0.735

Hapax

534

Distribution

Top frequency chart

Dataset