🔍

Article

QALB QOʻNGʻIROGʻI

By Farruh Hamroyev • in 2000

Qalbning sokin qo‘ng‘irog‘i jaranglaydi. Yangi yil kirib keldi. Mana shu damda ko‘ngilda sokinlik paydo bo‘ladi. Bu quvonch ham emas, qayg‘u ham emas. Bu ulkan tuyg‘u. Yo‘qotish va topish o‘rtasidagi nimadir bo‘lsa kerak.
Xuddi itqitib tashlangan dunyoga o‘xshaysan. Yangi yil yana seni topib olayotgandek. Xuddi asarning bir bobi tugab yangisi boshlanayotgandek. Sen yangi izlanishlar oldida turganligingni, har bir o‘tayotgan yil qalb olamingni huvillatib ketayotganligiga ishona boshlaysan.
Osmon yangilanadi. Sening osmoning u. Undagi muhabbat yulduzingning nozik qirralari qaytadan qalbga botadi. Sog‘inch yosharadi. U sening yuragingga joylashib olib iztirobli kuy chala boshlaydi. Sen sog‘inchning quliga aylanasan. Hayrat seni egallab oladi. Nahot, sog‘inch qarimaydi.
Mushtday yuragim hayajondan yorilib ketay deydi. Men nimanidir topib olganimni anglayman. Bu mangu og‘riq. Ismsiz dard. Xotirot yarasi. U meni yangi yil, yangi olam ortidan ergashib ketayotganlardan ajratib qoladi. U meni o‘z asiriga aylantirib oladi. Yurak yorilib ketmoqqa shay. Yangi umid o‘z ortidan olib ketmoq uchun men tomon kela boshlaydi. Men o‘z-o‘zimdan, o‘ylarimdan, xayollarimdan ayro tushmoq uchun barchasiga qo‘l silkib sukunat tomonga qarayman. Uni sog‘inaman. Va anglab yetamanki, ikki o‘t orasida men alla- qachon olovga aylanib bo‘lgan edim.
Yangi yil - qo‘msash. Yangi yil - unutish. Yangi yil - kutish, Yangi yil - yo‘qotish. Yangi yil - topish. Yana bir kundan so‘ng nimadir kelganiga yoki aksincha, ketganiga bir yil to‘ladi. Sen qanchalar baxtli bo‘lsang ham, boy-badavlat bo‘lsang-da saxovatda misli Hotamtoy ersangda, yana bir kundan so‘ng menga o‘tayotgan 1999-yilimni qaytarib bera olmaysan.
Nimanidir izlash, umr kitobini qayta varaqlash, taxayyul mayiga termulib o‘tirish, taxayyul tuprog‘ini taroqda tarash, tunning tovushlariga quloq tutish seni bir zum bo‘lsa ham allalaydi.
O‘tayotgan yillar seni so‘roqqa tutadi. Ha, ular beiz o‘tib ketmaydi yoki mangu yo‘qolmaydi. Ular faqat bir zumga bizdan uzoqlashadi. Ularning ulkan savoli bir umr soya singari ortimizdan ergashib yuraveradi. Sen o‘tkazib yuborgan yillaring haqida imtihon topshirasan. Hayot ayovsiz savollarga tutadi. Sinov muddati bir daqiqada kelib qoladi.
Mana shu o‘y-xayollar ichida qalb qo‘ng‘irog‘i sokin jaranglaydi. Ha, bu bir yilda bir marotaba yil yangi bo‘layotgan damlarda yuz beradi. Sukunat dunyosini, xayol osmonini, xotirot kengliklarini bosib kelayotgan qalbning sokin qo‘ng‘irog‘iga quloq tuting. U sizni, meni, barchamizni ogohlikka chaqirib jaranglamoqda. Men uning jaranggi ohanglaridan shularni anglab yetdim.

Har yilni kuzatayotganingda Vatan haqida yana bir bora o‘yga tolasan. Uning kengliklari, uning moviy osmoni, dardli qo‘shiqlari muhabbatni yana bir bora yuksaltiradi. Vatan o‘zini unutgan farzandini ham unutmaydi. Uning mehriga, e’zoziga, e’tiboriga intizor bo‘lib turaveradi. Vatan oldidagi burch yangi yilda ham barchamizni mangu tark etmasin. O‘tayotgan yil Vatan oldidagi ulkan qarzdorlik tuyg‘umizni yana qayta-qayta eslatadi. Anglatadi. Qalb qo‘ng‘irog‘i jaranglaydi, U Vatanga muhabbat. U kindik qonimiz to‘kilgan ona Yerga muhabbat. Bu qalb amri. Bu qalb istagi. Hech qachon bizni tark etmasin.

Asrimizning buyuk shoiri haqli ravishda aytganidek:

Biringiz boqiysiz, biringiz - balki puch,
Biringiz shodliksiz, biringiz o‘kinch,
Biringiz baxtlisiz, biringiz baxtsiz.
Biringiz yarador, o‘lgansiz vaqtsiz
O, orqada qolgan mening yillarim.

2000-yil kirib kelayotgan bir vaqtda tinglang - qalb qo‘ng‘irog‘i jaranglaydi. Bu ohang sizga , barchamizga yangi orzular, umidlar, baxtlar olib kelsin.

Total words

470

Unique words

318

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.677

Hapax

250

Distribution

Top frequency chart

Dataset