Aziz yurtdoshlarim, qadrdonlarim!
Katta hayajon va orzu-umidlar bilan kutayotgan Yangi yilimizning kirib kelishiga sanoqli daqiqalar qoldi.
Barchamizning qalbimiz pok va yorug‘ niyatlar bilan to‘lib turgan mana shu fayzli, shukuhli lahzalarda yurtimizga kirib kelayotgan Yangi yil bilan siz, azizlarni samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.
Inson zoti bor ekan, bunday paytda o‘z turmushi, oilasi, Vatani hayotida shu o‘tgan davrda ro‘y bergan voqealarni, amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qiladi.
Shu ma’noda tarixga aylanib borayotgan 1999-yil mamlakatimiz, xalqimiz uchun xayrli bo‘ldi. Zaxmatkash va bunyodkor xalqimiz mehnati tufayli iqtisodiy -ijtimoiy taraqqiyotimizda, davlatimizning kuch-qudratini, xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirish yo‘lida, xonadonlarimiz, yurtdoshlarimizning turmushi va ro‘zg‘orida - kundalik hayotimizning barcha sohalarida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi.
Yurtimiz, shahar-qishloqlarimiz kundan kunga obod bo‘lib, qiyofasi go‘zallashib, chiroy ochib bormoqda. Zamonaviy inshootlar, ulkan qurilishlar, yangi-yangi korxonalar mamlakatimiz salohiyatini yanada kuchaytirmoqda.
Olib borilayotgan islohotlarimiz samarasi oshmoqda, mulkdorlar safi kengaymoqda, odamlarimizning tafakkuri va dunyoqarashida, mehnatga muno- sabatida salmoqli o‘zgarishlar qaror topmoqda.
O‘tib borayotgan yilda ham azaliy milliy qadriyatlarimizni tiklash, buyuk ajdodlarimiz merosini e’zozlash, ma’naviy hayotimizni yuksaltirish borasida ko‘pgina ijobiy ishlar qilindi.
Xalqimiz tafakkurining bebaho yodgorligi bo‘lgan «[Alpomish]» dostonining 1000 yilligi, mamlakatimizning vatanparvar va jsur o‘g‘loni [Jaloliddin Manguberdi] tavalludining 800-yilligi tantanalari, ulug‘ bobolarimizning muqaddas qadamjolarini obod qilish, ularning qutlug‘ sanalarini nishonlash ezgu va savobli ishlarimizga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Bizning tayanchimiz va suyanchimiz, quvonchimiz va g‘ururimiz bo‘lgan yosh avlodni munosib vorislar etib tarbiyalashga qaratilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish borasida salmoqli qadam qo‘yildi.
Biz o‘tib borayotgan yilni yaxshi niyat bilan Ayollar yili, deb e’lon qilgan edik. Biz uchun eng aziz, eng mo‘tabar bo‘lgan onalarimiz, opa-singillarimiz, suyukli qizlarimizning qadr-qimmatini oshirish, ularning hayotini charog‘on etish, og‘irini yengil qilishdek xayrli ishlarimiz Yangi yilda ham albatta, davom etadi.
Bu masala davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Aziz do‘stlarim, birodarlarim!
O‘tgan yil yurtimizning tinchligi va osoyishtaligi, beg‘ubor osmonimiz biz uchun naqadar bebaho ekanini yana bir bor anglash va qadrlashga da’vat etgan yil bo‘ldi.
Osuda hayotimizga rahna solishga urinib ko‘rgan, g‘arazli va mudhish maqsadlarini amalga oshirish uchun xuruj qilgan, yovuz kuchlar o‘zining qora niyatiga yetolmadi.
Xalqimizning kelajakka - tanlagan yo‘limizning to‘g‘riligiga, erkin va ozod hayot qurish, Vatanimizni obod qilish, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etishdek oliy maqsadimizga bo‘lgan ishonchi yanada ortdi.
Odamlarimizning mana shunday olijanob umid va niyatlari qat’iyligini $$Oliy Majlis$$ va $$mahalliy kengashlar$$ga bo‘lib o‘tgan saylovlar yaqqol tasdiqladi.
Xalqimizning ana shu azmu qarorini, hayotimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga ishonchini men shu kunlarda barcha viloyatlarimizda bo‘lib, muhtaram yurtdoshlarim bilan uchrashganimda yana bir bor his etdim.
Qadrli do‘stlar!
Vatanimiz XXI asrga intilmoqda, xalqimiz yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan hamjihatlikda munosib va farovon hayot qurish, yurtimizda tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlashni o‘z oldiga eng ulug‘ maqsad qilib qo‘ymoqda.
Yangi yilni biz Sog‘lom avlod yili, deb e’lon qildik.
Buning negizida, avvalo, millatimiz va xalqimiz istiqbolini, barchamizning, mana shu muqaddas yurtda yashayotgan har bir inson va har qaysi oilaning orzu-umidlarini ko‘ramiz.
Buning zamirida buyuk maqsadlarimizning asosiy sharti bo‘lmish o‘sib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama sog‘lom qilib ulg‘aytirish, zamo- naviy bilimga, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan, iymon-e’tiqodli avlodni voyaga yetkazish kabi ezgu harakatlarni ko‘rishimiz darkor.
Men mana shu hayajonli daqiqalarda bir haqiqatni takroran aytmoqchiman: bugun qilayotgan barcha ezgu ishlarimizning asosiy maqsadi - Vatanimizning ozodligi, ko‘pmillatli xalqimizning omonligi, yurtimizning ravnaqi, mana shu muqaddas zaminimizda yashaydigan har bir oila va insonning baxt-saodatidir.
Muhtaram vatandoshlarim!
Yangi yilda hammangizga sihat-salomatlik, oilangizga tinchlik-xotirjamlik, xonadonlaringizga qut-baraka, to‘kin-sochinlik tilayman.
Yangi - 2000-yilning qadami qutlug‘, saodatli kelsin! Ko‘nglingizdan kechayotgan jamiki ezgu orzu-umidlaringiz ro‘yobga chiqsin!
Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!