🔍

Article

«Vrestling»da mag‘lub o‘ldiriladi

By Nargiza Normahamatova, ToshDU jurnalistika fakulteti … • in 1999

Chet ellarda pul topish ko‘yida nima ishlar qilinmaydi, deysiz. Hatto 15-20 metr balandlikdan pastdagi qumga kalla tashlash musobaqasi mavjud. Amerikaning oldi- qochdi filmlarida pul uchun ringga chiqib, bir-birini mahv qilayotganlarni «to‘yib» tomosha qilayapmiz. Vrestling ham ana shunday pul topish uchun o‘ylab chiqarilgan musobaqalardan biridir.

$$Amerika$$da vrestling asta-sekin ommalashib borayapti. Boks tushuvchi boksyor deyilsa, ular o‘zlarini vrestler, ya’ni olishuvchi deb ataydilar. O‘yin raund, taym kabi bo‘limlarga ajratilmaydi, ma’lum bir vaqt ham belgilanmaydi. Vrestlar nafaqat ringda, balki ringgacha bo‘lgan yo‘lakda ham olishishlari mumkin. Yosh, vazn, jinsiy tushunchalar ularga butkul begona. Ularning qonuni o‘z raqibini iloji boricha vahshiyroq usulda mag‘lub etishdan iborat. Shuning uchun uchta uchrashuvdan ikkitasi o‘lim bilan tugaydi. «Bizning olishuvlarimizga tomoshabinlarning qiziqishi ortsa ortayaptiki, kamaymayapti, - deydi «Pillar» (Ustun) degan vrestler. - Hayot, baribir, bir kunmas, bir kun tugaydi. Uni ringda, tomoshabinlarning olqishlari ostida yakunlasam nima bo‘libdi?».

Tomoshaga kirish chiptalari har gal 100 dollardan 2000 dollargacha ko‘tarilib ketadi, negaki, davangirlar bir- birlarini urib majaqlashlarini yaqindan o‘tirib tomosha qilishga ne yetsin? Buning ustiga jang boshlangach, katta pul tikilib, o‘ynaladigan garovlar ham har bir tomoshabinni ringda bo‘layotgan solishishlarni hayajon bilan kuzatishga majbur qiladi.

Vrestlerlikka odatda baquvvat, qo‘lidan urishish keladiganlarni tanlashadi. Har bir vrestlerning badaniga o‘yib yozilgan emblemasi bo‘lishi shart. Agar vrestler beshta jangda g‘olib chiqsa, o‘ziga biron hayvonni, bo‘g‘ma ilon, it va hokazoni sherik qilib olishi mumkin. Ba’zi klublarda zanjir, pichoq, olov puflaydigan to‘pponcha, arqon, kaltak va temir axlat qutilariga o‘xshash narsalarga ham ruxsat beriladi. Vrestlingning tashkilotchilari ikki munosib raqibni ringga tushirgach, o‘n daqiqa mobaynida ularni o‘z holiga tashlab qo‘yishadi. Musobaqalar hakamsiz o‘tkaziladi, chunki nazorat qiladigan qoida bo‘lmaydi. Kimdir g‘olib chiqsa, jang tugaydi. Mabodo g‘olib aniqlanmasa, har besh daqiqada yangi jangchi maydonga kiritilaveradi va bu bir soatu o‘n besh minut davom etadi. Ringda o‘n beshta jangchi to‘plangach, it egasini tanimaydigan darajadagi ur-yiqit boshlanadi. Hatto ikki-uchtasi bir bo‘lib boshqa bittasini po‘stagini qoqishi ham mumkin. Yengilgani ringdan chiqib «quyon» bo‘ladi. Hech kim indamasa, u qochib qutiladi. Lekin ko‘pincha qochoqni tutib keltirishadi va hammasi bir bo‘lib «sho‘rlik»ning dodini berishadi. Tomoshabinlarga yoqadigan joyi aynan shu yeri bo‘ladi. Ular qiyqirishib zalni boshlariga ko‘tarishadi.

Ba’zida raqibning zo‘rligiga aqli yetgan jangchi bir-ikki musht «yegach», o‘zini o‘lganga solib yotadi. Shunda g‘olib uni tomoshabinlar talabiga binoan istagan ko‘yga soladi. Yoki indamay yutuq pulini olib, keyingi jangga tayyorlanaveradi.

Vrestlerlar orasida har bir jangchining o‘z narxi bor. Mag‘lubga belgilangan pulni klub g‘olibga to‘laydi va keyinchalik bu pul summasi uning narxiga qo‘shib hisoblanadi. Eng arzon jangchi 15 ming dollar atrofidagi qiymatga ega, qimmatlari esa yuqoridagi songa yana bir necha nol qo‘shilganidan iborat.

Bu janglar doimo bir boyvachchaning homiyligida o‘tadi. [G‘olib] chiqqan jangari g‘oliblarning pulidan tashqari o‘sha boyvachchaning mukofotini qo‘lga kiritishi mumkin.

Ma’lumotlarga qaraganda, hali biror urushqoq ketma- ket o‘nta jangdan tirik chiqqan emas. Hozirgi eng kuchli deb hisoblanayotgan Vizard (sehrgar) ham endigina yettita jangdan tirik chiqqan, xolos. Lekin, shunga qaramay, o‘tgan safar ancha kuchli (175 dollarga baholangan) raqibi uning chap qo‘lini sindirishga muvaffaq bo‘ldi.

Quldorlik davridagi $$Rim$$da mavjud bo‘lgan gladiatorlar jangiga o‘xshash bu vahshiyona o‘yin bugungi kunda Amerikada paydo bo‘ldi.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, vrestling deb ataluvchi musobaqa hayvoniylikdan o‘zga narsa emas. Bu musobaqalarga ma’lum qoidalar kiritilib, sport turiga aylantiriladimi yoki yo‘qolib ketadimi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Total words

508

Unique words

411

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

2

TTR

0.809

Hapax

358

Distribution

Top frequency chart

Dataset