[Ramazon] oyi barcha musulmonlar uchun aziz va muqaddasdir. Haqiqatan, oʻn toʻrt asrdan buyon bashariyat olamini hidoyat uchun da’vat etib kelayotgan Qur’oni karim ham ushbu oyda nozil boʻlgan. Uning ilohiy koʻrsatmalariga amal qilganlar ikki dunyoda saodatli boʻlishlariga hech bir shubha yo‘qdir.
Roʻza tutish esi-hushi butun, balogʻat yoshiga yetgan har bir musulmonga buyurilgan, Shu bilan birga roʻzadan vaqtincha ozod boʻlish shartlari ham koʻrsatilgandir. Yoshi ulgʻaygan keksalar, Roʻza tutishga qodir boʻlmaganlar, kimki xasta, safarda boʻlsa, homilador, emizikli, oy koʻrgan ayollar vaqtincha roʻza tutishdan ozod qilinadi.
Negadir biz roʻza tufayli och qolishning zarari haqida ko‘proq gapiramizu, lekin surunkali, tartibsiz boʻkib ovqatlanish oʻta zararli ekanligini ko‘rmaslikka olamiz. Vaholanki, amerikalik olim [Benjamin Franklin] bundan 200-yil avval: «Inson ovqat tayyorlashni bilgan vaqtdan boshlab, o‘z tabiati talab qilganidan ikki barobar ko‘p ovqatlanadi», - degan edi. Hozirgi kunda ham bizning zamondoshlarimiz o‘z tabiati talab qilganidan 23 marotaba koʻp ovqat iste’mol qilishlari va buning oqibatida turli xil kasalliklarga duchor bo‘layotganlari ma’lum.
Mashhur arab tabibi, tabobat fanlari doktori [Muhammad Ja’far] quyidagi kasalliklarga chalingan bemorlarga roʻza tutish man etilishini qayd etgan:
1. Sil va anemiya (kam qonlik) kabi holsizlantiradigan kasalliklarga, oʻpka xastaliklariga chalingan va yurak urushi susaygan bemorlar;
2. Oshqozon-ichak kasalligiga chalinib, qayt qilib turadigan va yurak burug‘i (dezenteriya) bilan kasallanganlar.
3. Me’da, oʻn ikki barmoq ichagida kasali bo‘lganlar.
4. Isitmasi boʻlgan bemorlar. Chunki ular harorat ta’sirida koʻproq suv iste’mol qilishni istaydilar (Isitma - doʻzax oʻtlaridandir. Uni suv bilan oʻchiringlar, Hadisi sharifdan!).
5. Hafaqon kasaliga uchraganlar va qon bosimi past bo‘lgan bemorlar.
6. Kasaldan yangi oyoqqa turganlar, operatsiyadan yangi chiqqanlar jismoniy zaiflar.
7. Homilador ayollar, yosh bolali onalar, yoshi oʻtib qolgan qariyalar.
Roʻza tutish yoki tutmaslik vrachlarning din ta’limotlariga zid bo‘lmagan tavsiyalariga bog‘liqdir. Islom dini insonga yengillik tug‘dirib berishga, uni turli zararli odatlardan himoya qilishga amr etadi.
Roʻzaning fazilatlarini bayon etish uchun fasohat sohiblarining qalamlari ham ojizlik qiladi. U shunday benazir ibodatlar sirasiga kiradikim, uning zamirida insonning irodasini, ma’naviyatini mustahkamlash, uni ruhan va axloqan tarbiya etish, sabru-qanoatga o‘rgatish, nafsoniy va shahvoniy orzu-havaslarga chek qoʻyishga koʻnikma hosil qilishga odatlantirish kabi maqsadlar yotadi.
Hadisi sharifda Olloh taolo shunday degan: «Odam bolasining roʻzadan bo‘lak barcha amallari oʻzi uchundir. Roʻza esa men uchundir va men Odam bolasini roʻza tufayli mukofotlayman. Roʻza jannatdir. Jannatda bir eshik bor. Uning nomini Rayyon deb ataladi. Qiyomat kunida u eshikdan faqat roʻza tutganlar kiradilar, ulardan boʻlak hech kim kirmaydi». Uch toifa kishilarning duolari rad etilmaydi: 1. Og‘iz ochayotgan roʻzador. 2. Odil Imom. 3. Zuli koʻrganlar. Kimki [Ramazon] oyida iymon va umid bilan roʻza tutsa, uning ilgari qilgan gunohlari mag‘firat qilinadi. [Ramazon] keyingi ramazongacha qilingan gunohlarga kafolatdir, toki, ular oralig‘ida gunohi kabiralar sodir qilinmas. Yana: Roʻzani koʻz, til, quloq, oyoq va qo‘l bilan tutish kerak deyiladi. Ko‘zning roʻzasi shuki, noma’qul va nosharʼiy (shariat man qilgan narsalar) narsalarga boqmaydi. Quloqning roʻzasi shuki, noma’qul va nosharʼiy soʻzlarni eshitmaydi. Tilning roʻzasi shuki, noma’qul va noshar’iy soʻzlamaydi.
Xulosa shuki, [Ramazon] oyida iymon bilan Roʻza tutish har bir insonni ham jismonan, ham ruhan tozalaydi, uni xudbinlikdan, yomonlikdan, zararli odatlardan, gunohi kabiralardan uzoqlashtiradi, nogiron va kambag‘allarga ehtirom va ehson qilish hissini uyg‘otadi. Qalbini musulmonlarga xos ilohiy ziynat bilan boyitadi, Xudoyi taologa yaqinlashtiradi. Har bir kattayu kichik odamning eng yovuz va dahshatli dushmani nafs vasvasasidan ruhan tozalanishiga sabab bo‘ladi.