Prezident [Islom Karimov] yaqinda $$Navoiy kon-metallurgiya kombinati$$ va $$Navoiy shahri$$ning tashkil topganiga 50-yil to‘lishi munosabati bilan yo‘llagan tabrigida Uchquduq shahrini ham alohida tilga olib, «cho‘l qo‘ynidagi mo‘jiza, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi», deya ta’rifladi.
Darvoqe, «Uchquduq, Uchquduq…» deb qo‘shiq bo‘lib ketgan asriy Qizilqum qo‘ynidagi afsonaviy bu shahar ham yaqinda o‘zining 50-yilligini nishonladi. Bir paytlar faqat o‘tovu pastqam, ko‘rimsiz uylardan iborat bo‘lgan bu joyda qorako‘lchi cho‘ponlargina istiqomat qilgan. Bugun esa turli millat va elatga mansub 30 mingga yaqin kishi og‘a-inidek farovon turmush kechirmoqda. Mustaqillik yillari shaharning markaziy xiyoboni, bosh maydon va ma’muriy idora hamda turli tashkilot binolari mukammal infratuzilma asosida qayta qurildi. Bunda Navoiy kon-metallurgiya kombinatining amaliy ko‘magi katta bo‘ldi. Qariyb 10 ming kishi qo‘lni-qo‘lga berib ishlayotgan Shimoliy kon boshqarmasi, Ko‘kpatasdagi 3-gidrometallurgiya zavodi shaharning asosiy iqtisodiy tayanch nuqtalaridir.
Birgina Yoshlar yilining o‘zida bu yerda 28 ta yangi-yangi muhtasham inshootlar qad ko‘tardi. Biri-biridan chiroyli sport komplekslari va turar-joy binolari ko‘rgan ko‘zga quvonch bag‘ishlaydi. 360 o‘rinli uy-joy kommunal xo‘jaligi binosi, «Shalqar» qo‘rg‘onidagi 160 o‘rinli 12-umumta’lim maktabi, «Gornyak» supermarket savdo majmuasi singari o‘nlab inshootlar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi.
Uchquduqning ertasi bundan-da porloq. Qariyb 340 kilometrga cho‘zilgan va Uchquduq tumani hududini kesib o‘tgan Navoiy-Sulton Uvays-Nukus temir yo‘li aholi uchun farovon turmush manbai bo‘lib qoldi. Xalqaro ahamiyatga molik mazkur yo‘ldan hozirgacha 1,5 million tonnadan ziyod xalq xo‘jaligi yuklari, qazilma boyliklar tashib o‘tildi. 300 kilometrga cho‘zilgan$$ Navoiy-Zarafshon-Uchquduq magistral asfalt yo‘li$$ ham shahar ijtimoiy hayotida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
O‘tgan yil davomida dehqon bozori, 26 ta markazlashgan savdo majmuasi, 100 o‘rinli poliklinika, 110 o‘rinli markaziy kasalxona foydalanishga topshirildi. Markaziy pochta va telegraf majmui, yangidan qurilgan bolalar bog‘chasi, mebelsozlik, yog‘och o‘ymakorligi korxonalari barpo etildi. Olis ovul va o‘tovlardagi qorako‘lchilikka ixtisoslashgan mo‘jaz korxonalarni aytmaysizmi!
Bularning hammasi Uchquduqning bugungi jamolini o‘zida ko‘z-ko‘z qilib turibdi.