🔍

Article

TAVOIS yoki tovuslar yurti

By Dilshod NARZULLAYEV, O‘zMU tarix fakulteti … • in 2009

Yurtimiz shaharlari o‘zining g‘oyatda qadimiyligi, beqiyos jozibasi, jahon sivilizatsiyasi rivojida tutgan muhim o‘rni bilan bugun ham butun insoniyatni lol qoldirmoqda, «Ochiq osmon ostidagi muzey», deya ta’riflanayotgan, osori-atiqalar, ming yillik me’moriy obidalar qad rostlagan mamlakatimiz shaharlarini bir bor bo‘lsa-da ko‘rish orzusi bilan yashayotganlar yer yuzida ko‘plab topiladi.

Biroq, bizning bu kichik tadqiqotimiz shaharlarimiz haqida emas, balki har qanday shaharning vujudga kelishida, taraqqiy etishida muhim o‘rin tutgan, aniqrog‘i, asrlar davomida tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan qishloqlarimizga bag‘ishlanadi.

Davlatimiz rahbari $$2009-yilni «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili»$$ deb e’lon qila turib, butun bashariyatning ildizi, tomiri, avvalambor qishloq zaminiga borib taqalishi, ona Vatan degan ulug‘ va muqaddas tushuncha odamzod uchun go‘yoki qishloq timsolidan boshlanishini alohida ta’kidladi.

Sizga qadimdayoq tarixchi olimlar, sayohatchilar va hatto istilochilar e’tiborini o‘ziga tortgan qishloqlarimizdan biri haqida tarixiy manbalarga, mutaxassislar mulohazalariga tayangan holda hikoya qilamiz.

Bugungi kunda $$Navoiy viloyati,$$ $$Qiziltepa tumani$$ga qarashli $$Tavois qishlog‘i$$ning kiraverishida tovusga yodgorlik o‘rnatilgan. Buning o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor, albatta. Qadimdayoq bu manzilda zebu ziynat va go‘zallikni sevuvchi kishilar yashagan. E’tiborli tomoni shundaki, qishloq aholisi o‘z xonadonlarida tovus saqlagan. Arab istilochilari qishloqni egallaganlaridan keyin tabiatning bu ajoyibotini, mo‘jizasini ko‘rib, hayratda qolganlar va qishloqni «Zot ut-tovois», ya’ni «Tovuslar egasi» deb ataganlar.

Keyinchalik mahalliy aholi «Zot ut -tavois»ni qisqaroq qilib «Tovois» deb nomlangan. Arablar kelmasidan oldin «Arqud» deb atalgan bu hudud odamlari o‘zining oqil va tadbirkorligi hamda mohir savdogarligi bilan boshqalardan ajralib turgan.

Misol uchun bu yerda kuz faslida o‘n kun antiqa bozor bo‘lgan. Ya’ni, boshqa bozorlarda sotilmaydigan qoldiq yoki biror-bir aybi bor mahsulotlar - chorva mollari, kulolchilik buyumlari va boshqa narsalar aynan shu bozorda sotilgan. Bozorning o‘ziga xos qonun-qoidasi bo‘lib, sotib olingan narsani qaytarib berish mumkin bo‘lmagan. Bu yerda na sotuvchi va na oluvchining hech qanaqa sharti qabul qilinmagan. Bu haqda Narshaxiy «Buxoro tarixi» asarida shunday yozadi: «Har yili shu o‘n kunda bu bozorga Farg‘ona, Choch va boshqa joylardan kelgan savdogarlar va turli hojatmandlardan o‘n mingdan ortiq kishi hozir bo‘lishar va ko‘p manfaat topib qaytardilar. Shu sababli bu qishloqning aholisi boy kishilar edi».

Tavois Buyuk ilak yo‘lida joylashganligi va muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lganligi uchun ma’lum bir davrlarda hatto viloyat maqomiga ham ega bo‘lgan, Shuningdek, Tavois ko‘plab qirg‘inbarot urushlar, jangu jadallarni ham boshidan kechirgan Dastlab VII asr boshlarida bu yerga Qutayba boshchiligidagi arablar bostirib keladi. 730-yil 17-noyabrda Qutayba bilan turkiylar va sug‘diylarning birlashgan qo‘shini o‘rtasida Tavsisda shiddatli jang bo‘lib o‘tadi. Bu urush tarix sahifalariga «Tavois jangi» nomi bilan muhrlanadi. Millat sha’ni, or-nomusini hamma narsadan ustun bilgan ajdodlarimiz bosqinchilarga keskin qarshilik ko‘rsatadi, ammo kuchlar o‘zaro teng emasligidan yovga bas kelisholmaydi. Keyinchalik Qutayba o‘zining $$Buxoro$$dagi maxsus qarorgohini aynan mazkur qishloqda barpo etadi. Ba’zi manbalarda qishloq hududidan o‘tgan $$Abu Muslim arig‘i$$ ham $$Qutayba$$ nomi bilan bog‘lanadi.

Tavois tarixida qonli kunlar, hukmdorlarning o‘zaro to‘qnashuvlari ko‘p bor yuz bergan. [Amir Ismoil] va [Nasr ibn Ahmad] qo‘shinlari o‘rtasidagi urush ham aynan Tavoisda bo‘lib o‘tadi.

XIII asrda mo‘g‘ullar bosqini tufayli Tavois butkul vayronaga aylanadi. Ammo qishloq ahlining jonkuyarligi tufayli qishloq yangitdan qad ko‘taradi. Hatto o‘rta asrlarga kelib Tavoisda aholi gavjumlashadi va qishloq Tavoisi Bolo va Tavoisi Poyonga bo‘linadi. XIX-XX asrlarda bu mavze Bo‘yon deb xam atalgan.

Tavoisliklar o‘z qishloqlarining shonli o‘tmishi bilan hamisha faxrlanadi, Mana shu tabarruk zaminda tug‘ilib, dovrug‘ qozongan yurtdoshlarimizdan biri – [Abu Bakr Muhammad at-Tavoisiydir]. Bu kishi manbalarda fozil faqih, ishonchli roviy, deya qayd etilgan. U ulamolardan, ulamolar esa undan hadis rivoyat qilganlar. Mashhur muhaddis milodiy 955-yilda $$Samarqand$$da vafot etgan. Shuningdek, Tavoisda yana bir taniqli olim – [Mirzo Abdulazim Somiy Bo‘stoniy] ham yashab o‘tgan. U asosan kotiblik bilan shug‘ullangan. Sarkotib unvoniga sazovor bo‘lgan. Mang‘it urug‘i tarixi haqida izlanishlar olib borgan.

Nafaqat ko‘hna tarixi, balki buguni ham nurafshon Tavois $$Istiqlol yillari$$da qaytadan chiroy ochdi. «Bo‘ston» fuqarolar yig‘iniga qarashli mazkur qishloqda hozirgi kunda 791 ta oila istiqomat qiladi. Bu yerda 4-umumta’lim maktabi, $$Qiziltepa maishiy xizmat kasb-hunar kolleji$$ faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu ta’lim dargohlarida minglab yoshlar ilm-fan sirlarini o‘rganmoqda. Shuningdek, ushbu hududda zamonaviy qishloq vrachlik punkti mavjud bo‘lib, ushbu tibbiyot muassasasi tavoisliklarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Qishloq ahli shu yerda tug‘ilib, voyaga yetgan yirik tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, marhum [Rauf Sayfullayev] hamda uning farzandi - $$O‘zMU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi$$ mudiri, professor ^^Ra’no Sayfullayeva^^ bilan ham haqli ravishda faxrlanadi.

Muxtasar qilib aytganda, bir kichik maqolada $$Tavois qishlog‘i,$$ uning o‘tmishi va buguni haqida batafsil ma’lumot berishning imkoniyati yo‘q. Biz kelajakda bu izlanishlarimizni davom ettirib, qishloqlarimiz tarixini muhim tadqiqot obyektiga aylantirishni niyat qilganmiz Chunki tarix hamisha to‘g‘ri xulosalar chiqarish va o‘tmish bilan bugunni, bugun bilan kelajakni taqqoslash imkoniyatini beradi. Ha, tarix adolat tarozisi uning pallalaridagi zalvorli haqiqatlarni yuzaga chiqarish barchamizning, ayniqsa soha mutaxassislarining muqaddas vazifasidir.

Total words

732

Unique words

553

Annotated anthroponyms

6

Toponyms

12

TTR

0.755

Hapax

468

Distribution

Top frequency chart

Dataset