🔍

Article

OʻZBEKISTON XALQIGA YANGI YIL TABRIGI

By Islom KARIMOV Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti. • in 2009

Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar!
Qadrli do‘stlar!
Mana shu hayajonli daqiqalarda siz, azizlarni, butun $$O‘zbekiston xalqi$$ni kirib kelayotgan yangi - 2009-yil bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning samimiy hurmat-ehtiromimni bildiraman.
2008-yil o‘z poyoniga yetib bormoqda. Aytish kerakki, yakunlanayotgan yil mamlakatimiz uchun oson bo‘lmadi. Yil davomida zahmatkash dehqonlarimiz uchun jiddiy sinov bo‘lgan qattiq qurg‘oqchilik va suv tanqisligini, iqtisodiyotning boshqa soha va tarmoqlari hamda kundalik hayotimizdagi turli qiyinchiliklarni yengib o‘tish, bir qator muammolarni hal etish uchun katta kuch va imkoniyatlarni safarbar etdik.
2008-yilda vujudga kelgan va tobora kuchayib borayotgan jahon moliyaviy inqirozi oqibatlarining oldini olish va yumshatish hisobidan iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlari va aholi farovonligiga xavf tug‘dirmaslik maqsadida o‘tgan davr mobaynida o‘ta zarur dasturlarni amalga oshirishga to‘g‘ri keldi va bu ishlar bu- gungi kunda ham izchil davom ettirilmoqda.
Ana shunday muammo va qiyinchiliklarga qaramasdan, 2008-yil mobaynida iqtisodiyotimizni bosqichma-bosqich rivojlantirish va xalqimiz hayot darajasini yuksaltirish yo‘lida salmoqli natijalarga erishdik.
Bu haqda gapirganda, so‘nggi ikki yil davomida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish suratlari 9 foizdan kam bo‘lmaganini, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori esa o‘rtacha 2 barobar ortganini, qishloq aholisining daromadlari sezilarli darajada ko‘payganini aytib o‘tish kifoya, deb o‘ylayman.
Bugungi kunda bozor va do‘konlarimiz rastalari to‘kin-sochin bo‘lib, ko‘zni quvontirayotgani, narx-navo me’yoridan oshma- gani, yangi ishlab chiqarish quvvatlari, ijtimoiy soha obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish ishlarining ko‘lami kengayib borayotgani, qishloq va shaharlarimiz qiyofasi o‘zgarib, yurtimiz, Vatanimiz tobora chiroy ochib borayotgani, albatta hammamizga quvonch va g‘urur bag‘ishlashi tabiiydir.
O‘tgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilib, erishgan marralarimizning asosiy mezoni va omillari haqida gapirganda, avvalambor quyidagi masalalar xususida so‘z yuritishni o‘rinli deb bilaman.
Birinchidan, bunday ulkan yutuqlar shu zaminda yashayotgan, millati, dini va e’tiqodidan qat’i nazar, barcha insonlarning azmu shijoati, ularning o‘z kelajagiga bo‘lgan mustahkam ishonchi, yurti- mizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni, millatlar va fuqarolararo totuvlikni saqlash yo‘lida kechani kecha, kunduzni kunduz demay qilgan fidokorona mehnati natijasidir.
Ikkinchidan, bularning barchasi mamlakatimizni demokratik yangilash bo‘yicha chuqur o‘ylangan islohotlar siyosatini iz- chil amalga oshirish, siyosiy va sud-huquq tizimini liberallashtirish, erkin iqtisodiyot va fuqarolik institutlarini yanada rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarimizning amaliy samarasidir.
Uchinchidan, bunday natijalar - mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlab yoshlarimizga berilayotgan katta e’tibor, farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida har tomonlama yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan ulkan ishlari- mizning yorqin namoyoni, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
$$2008-yilning «Yoshlar yili»$$ deb e’lon qilinishi o‘g‘il-qizlarimizning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, Kadrlar tayyorlash umummilliy dasturini hayotga joriy etish, oliy o‘quv yurtlarini, yangitdan barpo etilgan litsey va kollejlar bitiruvchilarining jamiyatimizni yangilash, Vatanimiz kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan tom ma’no- dagi hal qiluvchi kuchga aylanishi uchun mamlakatimizda yangi imkoniyat va sharoitlar tug‘dirib berdi.
To‘rtinchidan, bizning taraqqiyot yo‘lida oldinga yurishimizning asosiy tayan- chini shunda ko‘rish kerakki - hayotimiz- ning o‘zgarib borishi bilan inson o‘zgarmoqda, odamlarimizning o‘zi, ularning dunyoqarashi, hayotga, o‘z mehnati natijasiga munosabati o‘zgarib, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik tuyg‘usi, ijtimoiy va siyosiy faolligi, fuqarolik ongi va mas’uliyati kuchayib. bormoqda.
Fursatdan foydalanib, siz, aziz vatandoshlarimga mavjud muammo va qiyinchiliklarni yengib o‘tish borasida ko‘rsatgan g‘ayrat-shijoatingiz, mamlakatimizning bugungi va ertangi taraqqiyotini ta’minlashdagi fidokorona mehnatingiz uchun chin qalbimdan samimiy hurmat va minnatdorlik izhor etishni ham qarz, ham farz, deb bilaman.
Qadrli do‘stlar!
Mana shunday shukuhli damlarda, hech shubhasiz, har birimiz kirib kelayotgan yangi - 2009-yilda hayotimiz bugungidan ham yaxshiroq bo‘lishini, o‘z qobiliyat va imkoniyatlarimizning yanada to‘liq ro‘yobga chiqishini, barcha ezgu orzu-umidlarimiz amalga oshishini niyat qilamiz.
Bugun, 2009-yil ostonasida turib, yangi yil $$O‘zbekiston$$ uchun mamlakatni izchil rivojlantirish va modernizatsiya qilish, boshlagan islohot va o‘zgarishlarimizni davom ettirish va chuqurlashtirish yili, moliyaviy inqirozga qarshi samarali dasturlarni amalga oshirish, birinchi navbatda ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlash, diversifikatsiya qilish va rag‘batlantirish, shuningdek, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni, aholi daromadlari va hayot darajasini oshirib borish yili bo‘ladi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Biz 2009-yilni yurtimizda «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» deb e’lon qildik.

Shu borada o‘z oldimizga qo‘ygan asosiy maqsadlar - avvalo qishloq infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yangi uy-joylar, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini qurish va yangilash, aholini ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlashni yaxshilash, odamlarimiz salomatligini muhofaza qilish, ta’lim tizimini mustahkamlash, muxtasar aytganda, qishloqlarimizda turmush va madaniyat darajasini yuksaltirish bilan bevosita bog‘liqdir.

Qishloq joylarda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ixcham korxonalar barpo etish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish asosida qishloq aholisi, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta’minlash, fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, o‘rta sinf vakillari - mulkdorlar, tadbirkor va ishbilarmonlar manfaatlarini himoya qilish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Albatta, «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» deb e’lon qilingan 2009-yilda amalga oshirish ko‘zda tutilayotgan chuqur va keng ko‘lamli barcha o‘zgarishlarning zamirida qishloq taraqqiy topsa, yurtimiz obod, hayotimiz yanada farovon bo‘ladi, degan oddiy va hammamiz uchun tushunarli bo‘lgan haqiqat mujassamdir, desak, o‘ylaymanki, xalqimizning fikru zikrini ifoda etgan bo‘lamiz.
Aynan ana shunday maqsad va vazifalarni amalga oshirish hisobidan biz pirovard natijada yurtimizning yanada go‘zal qiyofa kasb etishi va xalqimiz farovonligining yuksalishi, mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun ishonchli va mustahkam poydevor yaratishga erishamiz.
Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!
Barchangizni bag‘rimga bosib, kirib kelayotgan yangi - 2009-yil bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Yangi yilda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman!
Vatanimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

Total words

822

Unique words

574

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

3

TTR

0.698

Hapax

458

Distribution

Top frequency chart

Dataset