Bir tanishim shunday hikoya qilgandi: «Bir kuni o‘n olti-o‘n yetti yoshga kirgan o‘g‘lim iymanib, qizarib, meni bir chetga chaqirdi. Nima desam ekan? Xullas, yechintirib ko‘rsam, ahvol chatoq.
O‘g‘lim qo‘rqib ketgan, ko‘zlari javdiraydi. Men ham vahimaga tushdim, dilim vayron bo‘ldi. «Yolg‘iz o‘g‘lim voyaga yetganida qanday dardga chalindi?!», deb kuyunaman. Hech bunday voqeaga duch kelmagan edim. Qaysi do‘xtirga olib borishni ham bilmayman. Yoshi ulug‘ otaxonlardan biriga yorilgandim: «Biror kun sabr qiling-chi», deya maslahat berdi. Noiloj ko‘ndim. Ertasi kuni uning shishi qayta boshladi. Uyqusida arimi, boshqa narsami yomon chiqqan ekan-da…
Ikkinchi hikoya bundan kam emas. «Toshkentga yo‘lovchi tashiyman», - degandi chiroqchilik bo‘z yigit, - Katta tosh yo‘l bo‘yida qo‘y go‘shtidan «jiz» pishirishadi, men bir kilosini bemalol yeb olaman. Bir gal ovqatlanib yo‘lga chiqqach, birdan qizib keta boshladim, boshim tars yorilay deydi, Do‘xtirga borsam: «Yaxshiyam o‘lib qolmabsan, senga qo‘y go‘shti mumkin emas, qon bosimingni ko‘taradi», deydi. Konimda xolesterin degan narsa haddan oshib ketganmish. Ko‘y go‘shtini ko‘rsam, o‘sha tortgan azoblarim esimga tushadi.
Agar ta’bir joiz bo‘lsa, xastalik inson uchun tengsiz qayg‘u-g‘am va kulfatdir. Tanning darddan chekadigan ozori bir taraf, ikkinchi tarafdan oila tashvishi. E’tiborsizlik bois kuchayib ketgan darddan xalos bo‘lish uchun bemor shifoxonaga yotishi va dori-darmonlar uchun ozmuncha mablag‘ kerakmi? Men istiqlol yillarida hukumatimiz tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini ko‘tarish uchun qilingan xayrli ishlar, jahon tibbiyoti tajribalari, mukammal tibbiy uskunalarning yurtimizga kirib kelganini va bu aholiga xizmat ko‘rsatish samarasi- ni oshirayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Ammo mavridi kelganda aytmoqchiman: inson barcha xastalikka o‘zi sababchi bo‘lishi mumkin, darmon o‘zining qo‘lida. Tibbiy madaniyat bu borada xaloskorlik vazifasini o‘tashini qayta-qayta ta’kidlagim keladi. Haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, ana shu mukammal va nihoyatda zarur vazifani bajarish yo‘lida qaysi jihatlarda oqsayapmiz?
To‘g‘ri, men bu bilan yuz foiz haqman, demoqchi emasman. Lekin haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Yuqoridagi birinchi misolga to‘xtalaylik. Hozirgi kunda, hatto eng chekka qishloqda ham xotin-qizlar, farzand kutayotgan ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadigan, maslahat beradigan yuqori malakali akusher-ginekologlar aholiga namunali xizmat ko‘rsatishi uchun barcha shart-sharoitlar yetarli. Ammo nasl gavhari bo‘lmish yigitlarimiz - o‘g‘il bolalar jinsiy kasalliklari haqida biz oila boshliqlari qanchalik xabardormiz? Dardni uyalib, yashirish bilan tuzatib bo‘lmaydi. Hatto ancha yil oilaviy hayot kechirgan erkaklarning barchasi ham tana a’zolarida yuz berayotgan o‘zgarishlar, o‘qtin-o‘qtin boshlanayotgan og‘riqlar, nima sababdan kuch-quvvatdan ayrilayotgani sabablarini bilaverishmaydi.
Ibn Sino bobomizning bu haqda yozgan risolasi, hindlarning uch ming yil oldin bitilgan «Kamasutra» asari mag‘zini chaqadiganlar ko‘p emas. Shukrki, bu borada ilmiy ishlar qilinayapti, ommabop kitoblar chop etilmoqda.
Nafaqat poytaxtda, balki viloyat markazlarida ham andrologiya shifoxonalari, poliklinikalari ochilgan. Deyarli barcha sanatoriylarda androlog-erkak jinsiy xastaliklarini davolaydigan mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Demak, bu borada axborot va targ‘ibotni ko‘paytirish kerak, farzandlarimiz salomatligini yoshligidan nazoratga olishimiz lozim.
Shahrisabzda o‘smirlar poliklinikasi tashkil etish tashabbuskor- laridan biri bo‘lgan, tajribali shifokor Malohat Ostonova bir kuni menga shunday deb qoldi:
– O‘smirlar poliklinikasi tashkil topib, maktab o‘quvchilarini tibbiy qo‘riqdan o‘tkazishni boshlaganimizda ayrim ota-onalar e’tiroz bildirishgan edi. Ayniqsa, o‘smir qizlarning onalari: «Nega qizimni tekshirarkansiz?» - deb ta’na qilishgandi. Menimcha, ota-onalar tibbiy tushunchalardan, kasalliklar boshlanishidan ozmi-ko‘pmi xabardor bo‘lsalar, oilada noxush voqealarning oldi olinadi, bolalarni sog‘lom o‘stirishga erishamiz. Ayniqsa, balog‘at yoshidagi yuqori sinf o‘quvchilari, yigit-qizlarimizni oilaviy hayotga tayyorlash, shaxsiy gigiyenaga o‘rgatish, o‘smirlikda tana a’zolaridagi biologik o‘zgarishlari haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lishlari juda muhim. Zero, ular bizning ertamiz, pushtimizning sofligi shularning tibbiy saviyasiga bog‘liq-ku. Shu bois bolalarga o‘smirlikdan boshlab umumiy tarzda tibbiy ma’lumotlar va ayrim kasalliklar haqida tushunchalar berib borish kerak.
Bu taklifga izoh shart bo‘lmasa kerak. Yuqorida keltirilgan ikkinchi hikoyani tahlil qilishdan oldin jahonda eng ko‘p tarqaladigan «Argumenti i fakti» gazetasining o‘tgan yil 39-sonida rossiyalik mashhur shifokor, professor Leonid Roshal bilan qilingan suhbatga to‘xtalaman. Keksa shifokor non va yog‘ni kam iste’mol qilishi, grechka, piyoz, baliq sevimli taomi ekanini aytgan. Taomnomasidan shirinliklarni butunlay chiqarib tashlabdi. U yana shunday ta’kidlaydi: «Sog‘lom bo‘lish uchun boy bo‘lish shart emas. Tibbiy saviya va o‘z sog‘lig‘ini nazorat qilishni bilish kerak, xolos. Oz-ozdan va tez-tez taom yeb turish kerak».
Tanidan kuch yog‘ilib turgan haligi chiroqchilik yigitning nuqul qo‘y go‘shti iste’mol qilaverib, oqibatda kasallanganiga kelsak, ko‘p kishilar sog‘lig‘iga qanday taom foyda, qaysisi zarar keltirishini hamisha ham bilavermaydi. Bugun gazeta-jurnallarda turli sabzavotlar, o‘t-o‘lanlar, taomlar qaysi dardga davo bo‘lishi xususiyati yozilayotgani yaxshi. Aslida esa tabiatning o‘zi ulkan dorixona. Asrlar davomida to‘plangan ilmlar bir zamonlar unutilgan edi. Xayriyatki, bugungi kunda bu borada tajriba- lar ommalashmoqda. Masalan, karam, turp yoki qizil lavlagi shifobaxsh. Biroq har qanday dori-darmon bir kasalga naf keltirsa, ikkinchisida asorat qoldirishi mumkin bo‘lganidek, qo‘lbola davolar ham har kimga turlicha ta’sir ko‘rsatadi.
Tibbiy madaniyat - tibbiy ilmlardan xabardor bo‘lish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish degani. Bu ham tarixiy, ham ijtimoiy hodisa. Nega? Masalan, qadim ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz ham tibbiy saviyaga ega bo‘lishgan. Ular qonni to‘xtatish, yarani yuvib-bog‘lash, ayrim dori-darmonlarni ishlatishni yaxshi bilishgan. Xalqimiz ming yillar davomida yaralgan tajriba va tibbiy ilmni yo‘qotmay keldi. Bugungi kunda esa boshqa kasb egasi yoki oddiy yumush bilan bog‘liq odamlar ham o‘nlab dorilarning qo‘llanishi, kasallik alomatlarini yaxshi biladi. Ammo dori-darmonga ruju qo‘ygan, davlatmandligi tufayli eng qimmatlarini sotib olib qo‘llayotgan kishilar uchun ham tibbiy madaniyat zarur.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi farmonining ulkan ahamiyatini ta’kidlamoq zarur. Farmonda sog‘lom turmush tarzi, tibbiy madaniyatni oilada, aholi o‘rtasida targ‘ib qilish vazifalari qo‘yilgani ham shu kunning talabi.
Ikki og‘iz so‘z shu haqda. Respublikamizda bugun yetti yuzga yaqin gazeta-jurnal chop etilayotgani - katta imkoniyat. Biroq aholining qariyb 60 foizi qishloqlarda istiqomat qilayotgani, barcha oilalarga ham gazeta-jurnallar kirib bormayotganini inkor qilmaslik kerak. Demak, zamonaning eng ta’sirchan vositasi radio va televideniye imkoniyatlaridan to‘laroq foydalanish lozim. Xulosa shuki, ma’rifat hamisha hayot uchun xizmat qiladi.
Odatda inson umri davomida ilmga, hunarga intilib yashaydi. Kiyinish, dam olish, muomala madaniyatiga o‘rganadi, komillikka intiladi. Ammo inson tibbiy saviyasini qatralab to‘playdi. Chunki oddiy dehqondan tortib akademikkacha issiq jon. Insonning umr deb atalmish hayot yo‘lining uzun-qisqaligi aslida uning tibbiy madaniyatiga bog‘liq. Demakki, misqollab to‘planadigan tibbiy saviya umrimizning, sog‘lig‘imizning soqchisidir.