🔍

Article

Yashash huquqi – oliy qadriyat

By Bektosh SAYIPOV, Jizzax viloyat prokuraturasi … • in 2008

Istiqlol tufayli yurtimizda inson hayoti, uning huquqi oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Qonunchilikdagi inson manfaatlariga xizmat qiladigan keng ko‘lamdagi islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Xususan, jinoiy jazo tizimini bosqichma-bosqich liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar jamiyatimiz muhitini sog‘lomlashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir. So‘nggi yillarda qabul qilingan qator tarixiy hujjatlar inson hayoti, uning qadr-qimmati nechog‘li ulug‘ sanalishiga yaqqol isbot bo‘la oladi.

Mamlakatimiz mustaqillikning dastlabki yillaridanoq inson huquqlarini himoyalashni o‘zining bosh maqsadi qilib belgiladi. Bosh qomusimizda inson va uning qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida ulug‘landi. Sud-huquq tizimini insonparvarlik g‘oyasi singdirilgan holda liberallashtirish boshlandi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2005-yil 1-avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida»gi Farmoniga binoan mamlakatimizda 2008-yil 1-yanvardan o‘lim jazosi bekor qilindi.

Sobiq ittifoq davridagi O‘zbekiston Jinoyat kodeksida 33 ta moddada o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, 1994-yil qabul qilingan yangi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ular soni 20 taga qisqartirilib, 13 ta modda sanksiyasida o‘lim jazosi qoldirildi. Bosqichma-bosqich ular soni yana qisqara bordi. 1998-yilga kelib o‘lim jazosi qo‘llashni ko‘zda tutuvchi moddalar 8 ta qolgan edi. 2001-yilda ular soni 4 taga kamaydi, 2003-yildan esa yana 2 taga qisqartirildi. Ya’ni hozirga kelib jinoyat kodeksidagi o‘lim jazosi tayinla- nishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni jinoiy jazoga tortiladigan qilmishlar umumiy sonining bir foizdan kamrog‘ini tashkil qiladi. Bundan tashqari, o‘lim jazosi voyaga yetmaganlarga, xotin-qizlarga, 60 yoshdan oshgan kishilarga qo‘llanilmaydi.

Ko‘rinib turibdiki, o‘lim jazosining qisqarib borish davomiyligi huquqiy-demokratik rivojlanish yo‘lini tanlagan O‘zbekistonning maqsadini ifodalaydi. Chunki mamlakatimiz istiqlolning dastlab- ki onlaridanoq insonparvar, adolatli, insonga baxtli-saodatli yashash kafolatini beradigan jamiyat qurish yo‘lini tanlagan edi. Xususan, o‘lim jazosining Jinoyat kodeksidan tobora kam joy olishi ushbu maqsad amalga oshayotganining isboti edi.

2005-yil 1-avgustda Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilindi. Bu insonparvarlik tamoyiliga qat’iy amal qilayotgan mamlakatimizning fuqarolar konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadami bo‘ldi. Farmonga ko‘ra, 2008-yilning 1-yanvaridan boshlab o‘lim jazosi jazo turi sifatida bekor qilindi.

Ta’kidlash kerakki, dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bu jazo turidan mutlaqo voz kechish yoki ijro qilishga moratoriy qo‘llash amaliyoti kuzatilmoqda Bugungi kunda yer yuzidagi 118 mamlakatda o‘lim jazosidan butunlay voz kechilgan yoki ular amalda qo‘llanilmaydi. Shu jumladan, 23 davlat o‘lim jazosiga hukm etish yoki uni ijro qilishga moratoriy qo‘llagan. Shu ma’noda, hukumatimiz tomonidan xalqaro tamoyil hamda Asosiy qonunimizga mos keluvchi eng maqbul yo‘l tanlandi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1977-yil 8-dekabrdagi rezolyutsiyasida o‘lim jazosi borasida ko‘zda tutiladigan asosiy maqsad, bunday jazoni bekor qilish ehtiyojidan kelib chiqqan xolda, o‘lim jazosi miqdorini kamaytirib borishdan iborat bo‘lmog‘i lozimligi qayd etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7-moddasi «Insonparvarlik prinsipi deb atalib, unda «Jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson kadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi. Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kerak»ligi aytilgan. Binobarin huquq tizimida jinoyat uchun jazoning og‘ir yoki yengilligi emas, uning muqarrarligi muhim hisoblanadi. Qolaversa, o‘lim jazosi mahkum uchun hech qanday tarbiyaviy ahamiyatga ega emas. Bu jazo insonni axloqan tuzatmaydi. O‘lim jazosi inson hayotiga nuqta qo‘yadi.

Jinoiy jazo – jinoyat sodir etgan shaxslarni qayta tarbiyalash, uni jamiyat uchun xavfli harakatlar sodir etishdan tiyish, keyingi hayotini foydali tomonlarga burish vositasi. Mahkum jazoni o‘tash paytida ozodlik va inson yashashi uchun zarur bo‘lgan boshqa huquqlarning qadriga yetadi, kerakli xulosalar chiqaradi. O‘lim jazosi esa shaxsni qayta tarbiyalamaydi, balki bunday imkoniyatdan mahrum qiladi. Uning tuzalish yo‘liga kirib, xatolarni to‘g‘rilash kabi harakatlariga o‘lim chek qo‘yadi.

Fikrimcha, o‘lim jazosi jazo turi sifatida o‘zini hech qachon oqlagan emas. Dunyo tajribasida o‘lim jazosini qo‘llashning jinoyatchilikni kamaytirishga umuman bog‘liq emasligi allaqachon isbotlangan. Aksincha, uni tayinlashda yo‘l qo‘yilgan xatolar orqali ko‘plab begunoh insonlar hayotdan erta supurib tashlangan. Sobiq sho‘rolar tuzumidagi qatag‘on yillarida nohaq o‘lim jazosiga hukm qilinib qancha bobolarimiz mavh qilindi. Afsuski, o‘lim jazosining adolatsizligi aniqlansa, uni hech qachon tuzatib bo‘lmaydi. U keyinchalik tuzatib bo‘lmaydigan jazo turi sifatida ham xavfli va adolatsizdir.

Qisqa qilib aytganda, Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan 2008-yil 1-yanvardan boshlab o‘lim jazosining bekor qilinishi mamlakatimizda insonning hayoti, erkinligi va yashash huquqi daxlsiz ekanligini yana bir bor isbotladi. Qolaversa, ushbu hujjat insoniylik va bag‘rikenglikning yuksak namunasi sifatida nafaqat xalqimiz, balki jahon jamoatchiligi tomonidan katta xayrixohlik bilan kutib olindi. Zero, yashash huquqi – oliy qadriyatdir.

Total words

678

Unique words

454

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.670

Hapax

350

Distribution

Top frequency chart

Dataset